Jo‘ra Xudoyberdiyev. «Devonu lug‘otut turk» qachon topilgan? (2006)

Endi aqlini taniy boshlagan bir o‘spirin otasidan o‘zi tug‘ilib o‘sgan Diyorbakir shahrida besh-olti yuz yil avval bir million qirq ming kitob fondiga ega kutubxona bo‘lganini eshitadi. Bu ma’lumot uni juda hayratlantiradi. Shu sabab bo‘lib, u kitobga, kitob sotib olishga ishqiboz bo‘ladi. Bir millionli, hech bo‘lmaganda, o‘n besh-yigirma ming fondli kutubxona tashkil etishni niyat qiladi. Qo‘liga pul tushdi deguncha, kitob sotib ola boshlaydi. To‘qqiz yoshli bu bolakay Ali edi. U umrining oxiriga qadar ana shu odatini tark etmadi. Haftada ikki-uch marta kitob do‘konlariga, rastalarga borar, tarix, adabiyot, til, madaniyat va siyosatga oid kitoblarni sotib olar edi. Shunday qilib u yigirma mingdan ortiq nodir kitoblar, qo‘lyozmalar to‘playdi. Bu millat uchun juda katta xizmat bo‘lganini, ehtimol, u xayoliga ham keltirmagandir…
Bir kuni Ali, odatdagidek, eski kitoblar sotiladigan sahhoflar bozoriga boradi. Burhonbeyning do‘koniga kirib, eski kitoblarni titkilaydi. O‘ziga ma’qul hech vaqo topmaganidan so‘ng Burhonbeydan biror yangi narsa bormi, deb so‘raydi. Sotuvchi bir kitob boru, biroq qimmat ekanini, hatto maorif vazirligi ham olmaganligini aytib, kitobni unga ko‘rsatadi.
Ali Amiriy kitobni qo‘liga olishi bilan bu asar yagona qadimiy nusxa ekanini, asarning jahonshumul ahamiyatini darhol tushunib yetadi, biroz hayajonlandi. Buni Burhonbeyga sezdirmasdan u bilan savdolashib, kitobni 33 liraga sotib oladi. Ali Amiriy shundan keyingi taassurotini maslakdoshlariga bunday hikoya qilgan edi: «Kitobni olib uyga keldim. Yeb-ichishni ham unutib, bir necha soat uning mutolaasi bilan mashg‘ul bo‘ldim. Do‘stlar, sizga bildirayapman. Bu kitob emas, Turkiston o‘lkasidur! Turkiston emas, jumlai jahondur! Turklik, turk tili bu kitob soyasida chinakam ravnaq topadi! Arab tili uchun Seyyibuyihning kitobi qanchalik muhim bo‘lsa, bu ham turk tili uchun shunchalik ahamiyatlidir. Hozirga qadar turk tilida buning kabi kitob yozilgani yo‘q. Bu kitobning haqiqiy bahosi aniqlanmoqchi bo‘lsa, jahonning xazinalari bunga teng kelolmas.
Bu kitob bilan hazrati Yusuf orasida bir o‘xshashlik bor. Yusufning akalari uni arzimas aqchaga sotdilar. Biroq uni Misrda o‘zining vaznicha keladigan javohirga pulladilar. Burhonbey bu kitobni menga 33 liraga sotdi. Men esa buni behisob olmoslarga, zumradlarga bermayman».
Bu kitob Mahmud Koshg‘ariyning hali ilm ahliga ma’lum bo‘lmagan «Devonu lug‘atit-turk» asari edi. «Devon»ning topilishi katta shov-shuvlarga sabab bo‘ldi. Hatto uni kimlardir qo‘lga kiritish payiga tushdi. Majoriston Fanlar akademiyasi asarni o‘n ming oltin pulga sotib olishni taklif etdi. Frantsuzlar «Devon»ni qo‘lga kiritish uchun quyuq va’dalar berib ko‘rdi. Biroq millat manfaatini har qanday moddiy boylikdan ustun qo‘yadigan Ali Amiriy barcha takliflarni rad etdi.
«Devon» 1915-1917-yillari Istambulda chop etildi. Keyinchalik ingliz, nemis, rus, turk, ozarboyjon, uyg‘ur va o‘zbek tillariga tarjima qilindi. Turkiyshunoslikda asar haqida ko‘plab tadqiqotlar yaratildi. Bu asarni ilmiy o‘rganish va ommalashtirishda o‘zbek olimlarining ham xizmati beqiyosdir.
Shuni ham alohida ta’kidlash joizki, «Devon» bo‘yicha hozirgacha qancha ko‘p tadqiqot qilingan bo‘lsa, asar hali bundan ham ko‘p ishga mavzu berishi mumkin.
Boshqa muammolarni qo‘yib, birgina asarning topilish sanasi va joyi bilan bog‘liq fikrlarga e’tibor beraylik. Oliy o‘quv yurtlari talabalari uchun mo‘ljallab chiqarilgan «O‘zbek adabiy tili tarixi»da «Devon»ning 1914 yili Turkiyaning Diyorbakir shahrida topilgani ta’kidlangan(U.Tursunov, B.O‘rinboyev. O‘zbek adabiy tili tarixi. T., 1982, 35-bet). Ushbu «Tarix»ning qayta ishlangan nashrida ham aynan shu fikr keltirilgan (U.Tursunov, B.O‘rinboyev, A.Aliyev. O‘zbek adabiy tili tarixi. T., 1995, 66—67-betlar). Boshqa o‘zbek olimlarining ishlarida ham shunday fikr uchraydi. Tatar olimi X.Maxmutov esa asarning 1915 yili Istambulda topilganini qayd etadi (X.Maxmutov. Mangulik yodgor. Qozon, 2002, 8-bet). Mashhur turkiyshunos olim A.N.Kononov Ali Amiriy «Devon»ni Istambuldagi eski kitoblar sotiladigan bozordan 1914—1915 yillar oralig‘ida sotib olgan, degan fikrni bildirgan «O‘zbek tili va adabiyoti», 1972, 1-son, 34-bet). Ali Amiriy faoliyatini o‘rgangan turk olimi Muxtor Tevfik o‘g‘li esa «Devon» 1908—1912-yillar oralig‘ida topilgan, degan xulosaga kelgan (Muxtor Tevfik o‘g‘li. Ali Amiriy. Anqara, 1989, 72—73-betlar.).
Ma’lum bo‘ladiki, bu borada aniq to‘xtamga kelinmagan, tafovutli xulosalar turlicha.
«Devon»ning qachon va qayerdan topilgani haqidagi dastlabki ma’lumot asarning birinchi noshiri va ilk tarjimoni kilisli Rifatning «Yangi tong» gazetasida («Yeni sabah», 1945 yil 30 sentyabr, 4, 7, 11, 14, 18 oktyabr) e’lon qilgan xotiralarida uchraydi. Xotiralar Turkiyada bir necha marta qayta nashr qilingan. Unda asarning topilgan joyi sifatida sahhoflar bozori ko‘rsatilgan.
Xo‘sh, bu holda «O‘zbek adabiy tili tarixi»dagi ma’lumot qanday paydo bo‘ldi? Sahhoflar bozori qaysi shaharda? Bu savollarga aniqlik kiritilishi zarur. Asarni topgan Ali Amiriy asli Diyorbakir shahridan bo‘lgan. Shu bois, Rifat xotiralarda «diyorbakirli Ali Amiriy afandi», deb tilga olgan. Ali Amiriy «Devon»ning topilgani haqidagi ma’lumotlarni ham «Diyorbakir qiroatxonasi»da gapirib bergan. Manbalarda «Devon» topilgan sahhoflar bozori Istambul shahridagi Boyazid maydonida joylashgani qayd qilingan (Muxtor Tevfik o‘g‘li. Ali Amiriy. Anqara, 1989, 73—74-betlar). Diyorbakir qiroatxonasi ham Istambuldagi Qarababa ko‘chasida joylashgan. Ali Amiriy 1908 yili Istambul shahriga ko‘chib kelib, umrining oxiriga qadar shu shaharda yashagan. Biroq Rifat xotiralarida sahhoflar bozori va Diyorbakir qiroatxonasining Istambul shahrida joylashgani, Ali Amiriyning 1908 yili bu shaharga ko‘chib kelgani haqida ma’lumot berilmagan. Xuddi shu hol «O‘zbek adabiy tili tarixi» mualliflarini chalg‘itgan ko‘rinadi.
Endi «Devon»ning topilish sanasi xususida. Rifat xotiralarida «Devon» hijriy 1333 sanada topilgani ko‘rsatilgan. Bu milodiy hisob bo‘yicha 1915 yil. X.Maxmutovning asar 1915 yili, A.N.Kononovning 1914—1915-yillar oralig‘ida topilgan deyishlari sababi shunda bo‘lsa kerak.
Bizningcha, bu va yuqorida keltirilgan sanalarning «Devon» topilgan vaqtga daxli yo‘qqa o‘xshamoqda. Nega? Chunki «Devon»ning bosma birinchi va ikkinchi jildlari ham hijriy 1333 yili Istambulda nashr qilingan. Bu o‘z-o‘zidan «Devon»ning 1915 yili topilganiga shubha uyg‘otadi. Chunki bir yil ichida «Devonu lug‘atit-turk»dek katta hajmli asarning ikki jildini nashrga tayyorlab, chop ettirish mushkul ekani ayon.
Bundan tashqari, xotiralarda nomi keltirilgan Maorif vaziri Amrulloh afandi ham, «Devon»ni do‘kondan sotib olish uchun Amiriyga pul berib turgan dorulfunun domlasi Foiq Reshatbey ham 1914 yili vafot etgan (Muxtor Tevfik o‘g‘li. Ali Amiriy. Anqara, 1989, 72-bet.). Mazkur dalillar «Devon»ning hijriy 1333 yili topilgani haqidagi fikrlar asossiz ekanini ko‘rsatadi.
Rifat xotiralarida «Devon»ning topilish vaqti bilan bog‘liq boshqa ma’lumotlar ham borki, hozirga qadar tadqiqotchilarning birortasi bularga e’tibor bermaganga o‘xshaydi. Ali Amiriy «Devon»ni dastlab kilisli Rifatga ko‘rsatib bunday deydi:
« — Rifat, bu kitob naqadar mashhur bo‘lsa, shuqadar yuksak, qanchalik qimmatli bo‘lsa, shunchalik bebaho. Biroq tashvishli jihati ham bor. Kitobning muqovasi chirigan, ustki qismi titilib ketgan, varaqlari qorishgan, boshi, so‘ngi o‘qib bo‘lmas darajaga yetgan. Sahifalarining raqami yo‘q. Kitob yakunlanganmi, yo‘qmi? Tartib berish imkoni bormi? Bu kabi savollar meni mahzun etar. Ajabo, kitob bekamu ko‘stmikan? …Rifat, sendan iltimos qilaman, har kuni kel. Shu kitob bilan bir-ikki soat shug‘ullan. Bu kitobda kamchilik yo‘qmi, buni aniqla.
Taklifni mamnuniyat bilan qabul qildim. Ikki oycha muntazam ravishda bir necha soatdan shug‘ullandim. Kitobni uch marta o‘qib chiqdim. Varaqlarini bir yerdan olib, ikkinchisiga qo‘ydim. Mos kelmadi. So‘zlarning o‘qilishiga, bahsning davomiga qaradim. Xullas, ishlay-ishlay kitobga tartib berdim. Sahifalariga raqam qo‘ydim».
Demak, Rifatning gaplariga ko‘ra, asar varaqlarini joy-joyiga qo‘yib tartiblashga ikki oycha vaqt ketgan. Bu orada «Devon» topilgani haqidagi xabar ziyolilar orasida keng tarqalgan. Bundan Ziyo Ko‘kalp ham darak topgan. U asarni ko‘rmoqchi bo‘lib, zudlik bilan Ali Amiriyning oldiga kelgan. Biroq Ali Amiriy unga kitobni ko‘rsatmagan. So‘ngra Ziyo Ko‘kalp Rifatning oldiga kelib bunday degan: «Bu kitobni olib, nashr etaylik, deb niyat qildim. Bu xazinaning kaliti sening qo‘lingda. Kel, menga yordam ber. Shu kitobni olaylik. Uni butun turklarga armug‘on etaylik. Qani, menga chorasini ayt!»
Shundan keyin ular orasida yana quyidagicha suhbat bo‘lib o‘tadi:
« — Talat posho bilan uchrasha olasanmi? Unga so‘zing o‘tadimi?
— Markaz a’zosi bo‘lganim uchun o‘tadi, albatta. Nima demoqchisan?
— Talat poshoni Ali Amiriy juda hurmat qiladi. Qachon uning nomi tilga olinsa, og‘zidan bol tomadi. Menimcha, bu kitob uchun Talat posho Amiriy afandiga ruxsat bersa, Amiriy ham kitobni darhol beradi. Faqat Talat posho bunga rozi bo‘larmikan, bilmadim?
— Talat posho ishonchli va odamshavanda insonlarni yaxshi ko‘radi. Balki bunga ko‘nar. Hamma gap buni qay tarzda amalga oshirishda. Talat posho Amiriy afandining huzuriga borsa bo‘lmas. Uni Bosh vazirlikka (Babialiy) yoki markazga (Ittihod va taraqqiy partiyasi markaziga)chaqirish ham unchalik to‘g‘ri emas».
Shu suhbatdan keyin Rifatning rejasiga ko‘ra, Ziyo Ko‘kalpning uyushtirishi bilan Ali Amiriy o‘zi hurmat qiladigan Adliya vaziri Ibrohimbeyning uyiga iftorlikka chaqiriladi. Bu tadbirga Talat posho ham taklif qilinadi. Oldindan rejalashtirib qo‘yilganidek, Talat posho Ali Amiriydan «Devon»ni chop ettirishga ruxsat berishini iltimos qiladi. U rozi bo‘lib, bu ishni shogirdlaridan kilisli Rifatga topshiradi. Rifat kitobni o‘zida qancha muddat saqlagani haqida xotiralarda bunday yozgan: «Mana shunday ehtiyotkorlik bilan bu kitobni bir yarim yilgacha muhofaza etdim. Ming qatla shukr, egasidan olganimday qaytardim».
Shu o‘rinda Talat posho faoliyatining ayrim sanalariga ham to‘xtalib o‘tish zarurati seziladi. Fikr yuritilayotgan mavzuni oydinlashtirishda buning alohida o‘rni bor. 1994 yili Istambulda nashr etilgan «Turk jumhuriyati entsiklopediyasi»ning 372—373-sahifalaridagi ma’lumotlarga ko‘ra, Talat posho o‘sha davrda Turkiyadagi eng e’tiborli shaxslardan bo‘lgan. Ittihod va taraqqiy partiyasining yetakchi rahbarlaridan, 1909—1911-yillarda Ichki ishlar vaziri, 1912 yilda Pochta va telegraf vaziri lavozimlarida xizmat qilgan. 1913 yili Bosh vazirlikka (Babialiy) tayinlangan.
Endi Ziyo Ko‘kalp va Rifat o‘rtalarida bo‘lib o‘tgan suhbatda Ziyo Ko‘kalpning «Talat posho Amiriy afandining huzuriga borsa bo‘lmas. Uni Bosh vazirlikka yoki markazga chaqirish ham unchalik to‘g‘ri emas», degan gaplarini esga olsak, ushbu suhbat Talat posho Bosh vazirlikka tayinlangan 1913 yildan oldin bo‘lmagani oydinlashadi. Bundan Muxtor Tevfik o‘g‘lining «Devon» 1908—1912-yillar oralig‘ida topilgan, degan fikri ham to‘g‘ri emasligi bilinadi.
Keltirilgan dalillardan ma’lum bo‘lmoqdaki, «Devon» topilganidan ma’lum bir muddatdan keyin Rifat asarga ikki oycha tartib bergan. So‘ngra nashrga tayyorlash uchun bir yarim yilcha o‘zida saqlagan. Asarni chop ettirish uchun ruxsat so‘ragan Talat posho 1913 yili Bosh vazir lavozimiga tayinlangan. Rifat xotiralarida nomlari keltirilgan Maorif vaziri Amrulloh afandi ham, dorulfunun domlasi Foiq Reshatbey ham 1914 yili vafot etgan. Bizningcha, bu dalillar «Devonu lug‘atit-turk» Istambul shahrida 1913 yili topilgan, deb xulosa chiqarishga asos bo‘la oladi.

Jo‘ra Xudoyberdiyev,
O‘zMU katta o‘qituvchisi
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2006 yil 8-sonidan olindi.