Mansurxon Toirov. Poyezddagi bir o‘zbek (2013)

Bu uchrashuv chamasi yigirma yillar avval ro‘y bergan edi…
Andijonlik bir qadrdonimning volidasi qazo qilganini eshitib, ko‘ngil so‘rab kelish niyatida yo‘lga otlandim. Men chipta olgan poyezd Mos­kvadan kelib, Toshkent orqali, Andijonga ketar ekan. Plaskart vagonning pastki o‘rindig‘idan joy egallagach, u yoq-bu yoqqa ko‘z yugurtirdim. Bo‘lmada mendan boshqa faqat bir qariya bo‘lib, u qarshimdagi o‘rindiqda gazeta o‘qib o‘tirardi; chehrasida vodiyliklarga xos kamtarlik, samimiylik barq urib turibdi. Soqoli ham epaqali, taomilga yarasha – ikki en uzunlikda bo‘lib, moshguruch tusda edi. Egnida yoshiga yarasha kiyim-bosh, ko‘kragini qo‘sha-qo‘sha orden bezagan. Qariya boshlab qo‘ygan maqolasini o‘qib bitirdi chog‘i, gazetani bir chetga tashlab, “Yo‘l bo‘lsin! Vodiyni bir aylanib kelay, debsiz-da?” deya gap ochib qoldi. Men nima maqsadda yo‘lga chiqqanimni aytdim. “Ha, savob ishga bel bog‘labsiz. Kam bo‘lmaysiz”, deb qo‘ydi bosh irg‘ab qariya. Bir oz undan-bundan gaplashib o‘tirib, suhbatimiz ham qovushdi-qoldi. U kishi birga jang qilgan olis yurtdagi do‘sti bilan diydorlashib qaytayotgan ekan. “Eh-he, biz u bilan qancha olovlarni birga kechib o‘tganmiz”, deb chuqur xo‘rsinib qo‘ydi otaxon…
– Noshukurlik, kibr-havo – odamzod boshiga yog‘i­ladigan barcha g‘am-kulfat, urush-qirg‘inlarning zahar-zaqqum bulog‘i, – deya so‘z boshladi u bir dam o‘tgach. – Zamaxshariyning “Dovud alayhissalom bir g‘orga kirdi va u yerda o‘lib yotgan kishi boshida bir lavhaga ko‘zi tushdi. Unda bunday deb yozilgan ekan: “Men falonchiman, ming yil podshohlik qildim, mingta shahar barpo etdim, haramimda mingta ma’shuqa tutdim, mingta qo‘shinni mag‘lub qildim. Shunday zamon bo‘ldiki, non keltirgani bozorga bir xalta dirham chiqardim. Non yo‘q ekan. So‘ng bir xalta dinor chiqardim – non yo‘q. Ke­yin bir xalta gavhar chiqardim – non yana yo‘q. Oxiri shu gavharni maydalab og‘zimga soldim-da, o‘sha joyimda tirishib o‘ldim. Kim tongda uyg‘onsa-yu, bir dona noni bo‘lsa va o‘zini yer yuzining eng boy odami deb sanamasa, Olloh unga ham xuddi menikidek o‘lim ravo ko‘rsin”, degan mazmundagi rivoyatini tez-tez eslab turaman. Bu rivoyat kishini noshukurlik va kibr-havodan qaytaradi, a labbay, nima deysiz?
– Otaxon, kamina ham Zamaxshariyning muxlislaridan. Biroq siz aytgan rivoyatni eshitmagan ekanman. Hozir uni tinglab, ko‘p ta’sirlandim. Zamaxshariyning har bir asari – ma’nolar xazinasi. Shom hokimi Muzaffariddin Muso kimki Zamaxshariyning “Al-Mufassal” asarini yod olsa, unga besh ming kumush tanga va bosh-oyoq sarupo hadya etishini e’lon qilgan ekan. Bir necha kishi “Al-Mufassal”ni yod olib, mukofotga ham sazovor bo‘lgan. Zamaxshariyning boshqa asarlari ham bundan kam baholangan emas…
Qariya ham, men ham bir muddat o‘z xayolimiz bilan band bo‘ldik. Nigohim goh hamrohimning ordenlar bezab turgan ko‘ksiga qadalsa, goh vagon oynasidan lip-lip o‘tayotgan tun manzarasidan zavq olardi…
– Otaxon, bular qanaqa orden? Ularni qaysi janglarda olgansiz? Malol kelmasa, gapirib bersangiz, – deya iltimos qildim.
Qariya menga bir ko‘z tashlab, chin dildan so‘rayotganimga ishonch hosil qildi chog‘i, “Ismim To‘ychi, familiyam Yigitaliyev”, deya so‘z boshladi.
Birdan miyamga To‘ychi Eryigitov nomi keldi-da, qariyaning gapini bo‘lib, “Ie, sizni hamma biladi-ku! Nomingiz O‘zbekistonda mashhur!” dedim hovliqib. Biroq qariya vazminlik bilan hovurimni bosdi:
– Ismi-sharifimiz o‘xshash, xolos. Siz aytgan To‘ychi asli tojikistonlik cho‘pon yigit. Biz hech qachon yuzma-yuz kelmaganmiz. Uning xotirasiga qishlog‘ida haykal o‘rnatilgan, o‘qigan maktabi, yashagan sovxoziga nomi berilgan. U haqda she’r, ballada, dostonlar yozilgan. Men esa Farg‘onaning Buvaydasidanman. Urushda razvedkachi bo‘lganman. Qismimizda o‘zbek bolasi birgina men edim. Ordenlarni so‘raysiz-da, har biri bir tarix. Masalan, mana bu ordenni olishim juda qiziq bo‘lgan. Men boshliq besh askar “til” tutib kelgani dushman tarafga o‘tdik. Zim-ziyo tun. Na oy, na yulduz ko‘rinadi. Pistirmada pusib, payt poylab yotibmiz. Bir vaqt dushman askari shaqir-shuqur qilib “kotelok”larda ovqat olib o‘tdi. Biz sharpa chiqarmay izidan qorama-qora boraverdik. U, yerni kavlab yasalgan allaqanday blindajga tushib ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Blindajda komandirlar to‘plangan shekilli, degan o‘y o‘tdi xayolimdan. Sekin emaklab borib, pastga tusha boshlasam, bir qo‘l tomog‘imga g‘ippa yopishsa bo‘ladimi! Men ham dovdirab qolmay, qurol qo‘ndog‘i bilan bir urib dushmanni yer tishlatdim. Bu hodisa ko‘z yumib ochguncha bo‘lib o‘tdi. Ortimdan boshqa jangchilar ham blindajga tushishdi. Eshik ortidan kimningdir zardali ohangda gapirayotgani hamda oshpazning idishlarni taraq-turuq qo‘yayotgani eshitilardi. Men andak orqaga tisarilib, yelkam bilan eshikni turtgan edim, u gurs etib ichkariga ag‘nab tushdi. “Xende xoh!“ deyishga ham hojat qolmadi – dushman ofitserlari ikki qo‘lini ko‘tarib turardi. Besh kishi o‘n bir asirni (ular orasida oshpaz soldat ham bor) oldimizga solib qaytdik. Qismimizga yetay deb qolganda yurolmaydigan ahvolga tushdim. Dushman bo‘g‘zimga yopishganda og‘ir shikastlagan ekan. Tomog‘im shishib, ko‘zlarim baqrayib qoldi. Asirlarni shtabga yetkazishni buyurib, o‘zim “sanchast”ga burildim. Bir muddat gospitalda davolanishga to‘g‘ri keldi. Sog‘ayib chiqqandan ke­yin qismimizni qidirib topdim. Eshitsam, asirlar shtabga eltib topshirilgach, qism komandirimiz tuzuk so‘rab-surishtirmay, “til” voqeasi yuzasidan axborot bergan o‘rinbosarimni “geroy”likka taqdim qilib yuboribdi. Bu menga rosa alam qildi. Xizmatning kattasini men qilsam, yana jarohatlanib gospitalda yotsam-u, o‘rinbosarim “geroy”likni ilib ketsa! Bisotimda bor o‘rischayu o‘zbekcha so‘kishlar bilan komandirni “siylab” oldim. Komandir esa, “Bo‘lar ish bo‘ldi, boshqa chora yo‘q”, deb meni mana shu ordenga tavsiya qildi…
Darvoqe, oradan bir necha kun o‘tib, yangi “geroy” boshchiligida bizni dushman orasiga yubormoqchi bo‘lishdi. Men “Geroyingiz o‘z yo‘li bilan keta bersin, men o‘zim yakka “ov” qilaman”, dedim. Komandir noiloj rozi bo‘ldi-da, bir-ikki askar qo‘shib berdi. Biz topshiriqni ado etib qaytsak, qismimizda – motam. Topshiriqni ado etish chog‘ida “geroy”ni dushman askarlari otib qo‘yibdi. Uning jasadini qanday qilib qismga olib kelish haqida o‘ylab hammaning boshi qotgan. Axir, “geroy” jang maydonida qoldirilmaydi, u tantanali vaziyatda ko‘milishi shart. Biroq qani endi, uning jasadini olib chiqishning iloji bo‘lsa! Shu vaqtgacha olti jangchimiz bunga jazm etib, dzot o‘qidan halok bo‘libdi. “Bilmadik, yana nechta qurbon berar ekanmiz“, derdi askarlar ma’yus tortib. Yigitlarning joni uvol ketganiga achindim. “Qani, bo‘lmasa, tepamdan beto‘xtov o‘q yog‘dirib, boshimga o‘qlardan tom yasab, dushmandan pana etib turinglar-chi, men sizlarga o‘sha jasadni olib chiqib beray”, deb nemis dzoti sari emaklay ketdim. Haytovur, “geroy”ning jasadini olib chiqdim…
Otaxon ordenlar tarixini hikoya qilish asnosida, “Bir kun dushman generalini ham qo‘lga olganmiz”, deb qoldi. “Bu jasoratingiz uchun qanday orden olgansiz?” deb so‘raganimda, “Buning uchun hech vaqo berishmagan”, deb behafsala qo‘l siltadi.
– Sababi, generalni “til” qilib tutib kelayotganimizda qo‘qqis bir askarimizni yo‘qotib qo‘ydik, – deya so‘zida davom etdi keyin. – Urush qonuniga ko‘ra, razvedkachi o‘likmi-tirikmi, albatta guruh bilan birga qaytishi shart. Agar biror razvedkachi “ov”dan qaytmasa, guruh ishi barbod bo‘lgan hisoblanadi. Shuning uchun hech kim bizga, generalni tutib kelibsan, deb rahmat aytmadi. Bir qultum suv ichmay, bir burda non yemay, darhol safdoshimizning o‘ligi yoki tirigini topib kelish uchun ortga qaytdik. Izlab dushman diviziyasi shtabi tomon borsak, bir xonada besh-olti nemis ofitseri uni tik turg‘izib, so‘roq qilyapti. Safdoshimiz savollarga javob qaytaryapti-yu, ko‘zini derazadan uzmaydi. Bu ham razvedka qoidasi. Mabodo askar qo‘lga tushib qolsa, hibsxona derazasidan ko‘z uzmasligi lozim. Biz – ikki kishi so‘roq o‘tkazilayotgan uy derazasining ikki yonida turib “raketa” otdik-da, ichkariga ketma-ket bir necha granata tashladik. Razvedkachimiz unga ishora qilib otilgan “raketa”ni tez payqab, o‘zini panaga olishga ulgurdi. Boshqalar esa granata parchalaridan til tortmay o‘ldi. Bu choqda boshqa sheriklarimiz eshik oldidagi soqchilarni bir yoqli qilib bo‘lgan edi. Nihoyat, qismimizga barchamiz sog‘-salomat, yana safdoshimiz bilan birga qaytdik. Lekin, tabiiyki, bunday sharoitda mukofot haqida so‘z bo‘lishi mumkin emas edi.
– Darvoqe, razvedkachimizni qutqarib olgach, yo‘lda bir kulbaga kirib nafas rostladik, – deya hikoyasini davom ettirdi otaxon sal tin olgach. – Kulbada bir kampir yolg‘iz yasharkan. Mo‘rchasida maza qilib yuvindik. Oq qayin shoxi bilan badanimizni xivichlatib, obdon bug‘lanib rohatlandik. Dasturxonga tortilgan karamsho‘rvadan ho‘play turib, “Rahmat, buvijon, mo‘rchangizga ham, sho‘rvangizga ham, ko‘pdan beri bu qadar maza qilmagan edik”, deb minnatdorlik bildirsam, birdan uvvos tortib yig‘lab yubordi boyoqish. So‘ng esa hiqillab, “Nega meni hadeb “kampir”, “buvi” deysizlar, endigina 18 yoshga to‘ldim-ku”, desa bo‘ladimi! Chindan ham, razm solib qarasak, qarshimizda yoshgina qiz turibdi. Urush g‘am-anduhi uni qarimsiq qilib qo‘ygan ekan…
Hikoya ta’sirida xayolga cho‘mganimni ko‘rib:
– Endi bunisiga quloq tuting, hozir eshitganingizning go‘yo davomi… – deb qoldi To‘ychi ota. – Olmoniyaning bir shahrida qasrdek bir uyga kirib borganim yodimda. O‘n-o‘n besh chog‘liq xonaning birortasida ham zog‘ yo‘q. Bir eshik qulf ekan, bir-ikki tepgan edim, qarsillab ochilib ketdi. Qarasam, ichkarida 18 yasharlar go‘zal bir qiz burchakka suqilib, yashirinishga urinayotir. Qiz buning iloji yo‘qligini angladi shekilli, nemischalab bir nimalar dedi-da, polga par to‘shaklarni sola boshladi. So‘ngra paryostiqlarni ham keltirib qo‘ydi, nihoyat, pana joyga o‘tib, oq harir libos kiyib chiqdi. Angladimki, bu qiz turmushga chiqish arafasida, meni niyati buzuq deb o‘ylab, taqdirga tan berib turgani ekan bu. Shu tobda ko‘zimga bizni mo‘rcha va sho‘rva bilan siylagan haligi qiz ko‘rinib ketdi-yu, o‘sha farishta haqqi bu begunoh qizga zarracha ozor yetkazmaslikka ahd qildim. So‘ng urushga la’natlar o‘qib, harbiycha chest berdim-da, shartta o‘girilib chiqib ketdim…
Bu orada To‘ychi ota manziliga ham yaqinlashib qoldi. Poyezd Buvaydaga yarim kechasi kirib borar ekan. “O‘g‘illarim kutib olishadi. Ularga yaxshi tarbiya berganman, halol luqma yedirganman”, dedi otaxon vagon oynasiga mamnun ko‘z tashlab. To‘ychi ota boya suhbat chog‘i jarima batalonida ham bo‘lgani haqida so‘z qistirib o‘tgan edi. Fursat tang bo‘lsa ham, “Otaxon, shu batalon haqida ham bir-ikki og‘iz gapirib bering”, deb tixirlik qildim. Oqsoqol bu gal ham ra’­yimni qaytarmay, so‘z boshladi:
– Goho razvedkaga yo‘l olganda, dala-dashtdan o‘tayotib, o‘zbek yigitlarini uch­ratib qolardim. Ularning bir nechasi bilan do‘st ham bo‘lib oldim. Shu qadrdonlar bilan diydorlashsam, ko‘nglim yayrab-yashnab ketardi. Kishining hovurini kishi oladi-da. Bir gal razvedkadan qaytayotib, Ahmad ismli og‘aynimga duch keldim. Negadir shashti pastroq ko‘rindi. “Ha, birodar, nima bo‘ldi, kayfiyating yo‘q?” desam, “Yangi komandir kelgan. Juda qattiqqo‘l odam. U kuni arzimagan bir ish uchun to‘pponcha chiqarib Eshmatni shartta otib tashladi”, dedi. Bu shumxabardan dilim xufton bo‘ldi. Boshqa gal uchrashganimizda Ahmadning shashti yanayam past ko‘rindi. Bilsam, komandir yana bir o‘zbek og‘aynimiz joniga zomin bo‘libdi. Ichim yonyapti-yu, biroq… qo‘limdan nimayam keladi? Axir, komandir komandir-da, urushda uning aytgani aytgan, degani degan. Oradan bir necha kun o‘tib, yana Ahmadning qismiga yo‘lim tushdi. Dahshatli bir manzara ustidan chiqdim: Ahmad tiz cho‘kkan-u, komandir unga to‘pponcha o‘qtalgan… “Nima bo‘ldi, komandir? Qo‘y, bu yaxshi yigit, otib qo‘yma tag‘in. Endi so‘zingni ikki qilmaydi”, deganimni bilaman, u birdan to‘pponchani menga to‘g‘rilab, o‘shqira ketdi: “Yo‘qol hoziroq! Bo‘lmasa, seni ham bu itga qo‘shib otib tashlayman!” G‘azabdan ko‘zimga qon to‘ldi. O‘zimni boshqarolmay qoldim. Xullas, avtomat tepkisini bosib yuboribman. 72 o‘qning bari komandirning ko‘ksidan joy oldi. Harbiy tribunal shu qilmishim uchun jarima bataloniga jo‘natdi. Bizni oldingi safga tizib qo‘yib, o‘zlari orqamizdan miltiq o‘qtalib borishadi. Ortga tisarilganni shartta otib tashlashadi. Olg‘a yurgan esa – dushman o‘qiga nishon. Xullas, “jarima bataloni” degani ikki ajal oralig‘i ekan. Bu yerda menga o‘xshash yosh, chapdast yigitlardan tashqari, avval komandir bo‘lgan qorni kattalar ham bor. Hujumga o‘tganda dushman o‘q yomg‘iriga duch kelib, yerga uzala tushib yotib olamiz. Shunda avval komandir bo‘lganlar ham bizlardek yotib oladi-yu, ammo qorindorligidan keti do‘mpayib qoladi. Dushman aynan shu yerini mo‘ljalga olib o‘q uzadi. Ketiga o‘q tekkanida ularning qanday sakrashiga qarab kulamiz deng. Shunday, uka, kulgi urushga ham qaramas ekan. Bu – xunuk kulgi, o‘lim kulgisi. Bu insonning o‘z nochorligi ustidan otgan ayanchli qahqahasi… – Shu yerga yetganda hamrohim bir oz sukut saqlab, namli ko‘zini dastro‘moliga artdi-da, menga bir iymanish bilan jilma­yib qo‘yib, so‘zini davom ettirdi:
– Jarima bataloniga tushganimga uch oycha bo‘lganida, bir kuni shtab bi­qinidagi g‘o‘la ustida o‘tirsam, avval xizmat qilgan qismimdan uch zobit shtab sari kelyapti. O‘rnimdan sakrab turib chest bersam, bee’tibor, ichkari kirib ketishdi. Bir oz fursat o‘tib, kaminani shtabga chaqirishdi. Yangi komandirlarim menga ishora qilib, “Mana, o‘sha sizlar so‘ragan Yigitaliyev”, degan edi, eski komandirlarim “Yo‘q, bu boshqa askar”, deb ketishga chog‘lanishdi. Ular ortidan ergashib chiqib, “Men qismingizda xizmat qilganman”, desam ham, qani endi ishonishsa! Shunda nima jin chalib, bisotimdagi bor so‘kish bilan ularni “siyladim”. Ittifoqo, ulardan biri “Bo‘ldi, bo‘ldi, bu o‘sha o‘zimizning Yigitaliyev. Men uni so‘kinishidan tanidim”, deb qoldi. Ma’lum bo‘lishicha, huv men otib qo‘ygan komandir, aslida, dushman oramizga tashlagan josus ekan. Jarima batalonidagi uch oylik xizmat ayanchli ahvolga solib qo‘ygani uchun ular meni darrov tanishmabdi…
Nihoyat, urush ham poyoniga yetdi. Nasib qilgan ekan, yurtimga qaytdim. Erta bahor qishloq aylanib, kimning teragi bo‘lsa, butab beraman, xizmat haqiga faqat shox-shabba bersangiz kifoya, deb ancha-muncha qalamcha to‘pladim. Ularni hovlimiz girdiga suqib chiqdim. O‘z kasbim – bo‘g‘altirlikni qildim, bola-chaqali bo‘ldim. Teraklar arraga kelgach, bir qismini sotdim, bir qismiga esa uy ko‘tarib, tom yopdim. Hozir ham dehqonchilik qilib, Toshkentning Oloy bozoriga har yili bulg‘or qalampirini birinchi bo‘lib men yetkazib boraman. Dehqonchilikdan topish-tutishim durust bo‘lgani uchun davlat nafaqasidan voz kechib yuborganman. Musulmon odam mehnatga yaroqli, toparmon-tutarmon bo‘lsa, nafaqa olib yotishi noravo deb o‘ylayman. Bir umr halol ishlab, halol yashadim. Luqmaga harom aralashsa, kasofati naslga uradi. O‘g‘illarimdan biri sal o‘jarroq chiqqan. Ba’zan gap qaytarib qoladi. Onasidan “Nega bunday bo‘ldi-ya, haromdan saqlanar edik-ku?” desam, “Bu farzandingiz falon ziyofatdan qaytganingizda bo‘lgan”, deb sababini eslatadi… Mana, poyezdimiz Buvaydaga ham yetdi. Biznikiga yuring, mehmon bo‘ling, uka!..
Men otaxonga uzrimni aytdim. U poyezddan tushib qoldi. Aytganidek, o‘g‘illari kutib oldi.
Shundan so‘ng men har gal Oloy bozorini aylanganimda bulg‘or qalampiri rastasiga ko‘z tashlab o‘tishni odat qildim. Lekin, ming afsus, o‘sha otaxonni hech uchratmadim. Uchratsam, bir to‘nli ziyofat albatta mening gardanimda edi. Chunki bundan ortig‘iga, ya’ni u haqda she’r, ballada yoki doston yozishga, u o‘qigan maktab, u yashagan xo‘jalikka nomini qo‘yib, haykal tiklashga qurbim yetmaydi…

“Tafakkur” jurnali, 2013 yil, 4 son, 44-49 betlar