Ozod Sharafiddinov. Buyuk inson, buyuk yozuvchi (2012)

Mening hayotimda bir qator kunlar, yillar, sanalar bor: o‘shalarni unutilmas sanalar deb bilaman. Shulardan biri – 1940 yilning 1 mayi. Buning unutilmasligi sababi shundaki, shu kuni men Oybekning “Qutlug‘ qon” romanini sotib olgan edim. “Qutlug‘ qon” romani o‘sha vaqtda juda qimmat – 11 so‘m turardi. 11 so‘m, hozir bilmadim, necha ming so‘mga to‘g‘ri keladi, har holda juda qimmat edi. Odatda, kitoblar 1 so‘m bo‘lardi, 50 tiyin-60 tiyin turardi, lekin Oybekning romani, yanglishmasam, 11 so‘mu 25 tiyin edi. Shu kitob ko‘zimga yaxshi ko‘rindi. Voqea shunday bo‘ldiki, biz 1 mayda maktabdan bayram namoyishiga chiqqan edik. Namoyishga chiqishdan oldin maktabda bizga forma berishgan edi – “Yosh armiyachilar” degan. Shu formaga 100 so‘mdan pul yig‘ilgan edi. (Uydan olib kelib bergan edik.) Shu puldan 20 so‘mcha ortib qolgan ekan, uni qaytib berishdi. Biz namoyishdan qaytib, Navoiy ko‘chasidan kelayotgan edik. U vaqtda Navoiy ko‘chasi hozirgidek emas, boshqacha edi. Kinostudiyaning yonida Shayxontahur dahasining darvozasi bor edi, zinadan chiqilardi. Darvoza mahobatli, naqshinkor, juda go‘zal bo‘lib, tepasi gumbaz bilan tutashgan edi. Shu gumbazning tagida 2-3 ta do‘kon bo‘lgan. Namoyishdan chiqib, sekin sayr qilib, qayerda nima bor ekan, deb aylanib, tomosha qilib kelayapmiz. Hamma vaqt ham Shayxontahurga bormaysan, kishi. (Biz Eski shaharda turardik.) Keyin shu gumbazning tagiga kirsam, kitob do‘koni bor ekan. Kitob olish niyatim yo‘q edi, uni-buni ko‘rdim. Qarasam, “Qutlug‘ qon” degan roman turibdi. Ana shuni bir ko‘ray, desam, do‘konchi olib berdi. Varaqlab ko‘rdim, jigarrangroq muqovasida bir cholning qo‘lini ko‘tarib turgan surati, o‘zbekcha kiyingan, boshini qiyiq bilan bog‘lagan. Ichini varaqladim, endi darrov nimani bila qolardim? Do‘konchi aytdi: “O‘g‘lim, – dedi, – shu kitobni olgin, – dedi. – Kecha kelgan edi, bugun tamom bo‘layapti. Ertaga qolmaydi bu kitob”, – dedi. Ha, qolmas ekan, deb oldim. Olib, uyga olib ketdim. O‘qiy boshladim. Bu endi shunaqangi g‘alati kitob ekanki, bilasizmi, bir o‘ziga tortib olgandan keyin qo‘yib yubormas ekan. Kunduzi ham, ovqat paytida ham, ish paytida ham, o‘qish paytida ham partaning tagiga qo‘yib, kechasi ham chiroqni allamahalgacha yoqib, xullas, ikki-uch kunda o‘qib chiqdim, shu kitobni. Endi, shunaqa bir ajoyib, shunaqa bir maroqli, shunaqa bir o‘zbekona, yurakka yaqin, hammasini o‘zim ko‘rib turgandek his qildim.
Romanning boshlanishida Yo‘lchi qishloqdan keladi tog‘asinikiga, Mirzakarimboynikiga. Supaga o‘tiradi. Bizning uyda ham supa bor edi, o‘sha paytlarda. Mening nazarimda, xuddi shu yerda Yo‘lchi o‘tiribdi. Shu yerda Mirzakarimboy, shu yerda xotini, bolalari o‘ynab yurishibdi. Men ham shu Yo‘lchining qatorida bir joyda o‘tirgandek, go‘yo ularning gaplarini eshitayotgandek. Shu, aralasha olmasam ham, gaplarini eshitib, miriqib o‘tirgandek his qildim, o‘zimni. Va bundan keyingi sahnalarda ham shunaqa bo‘ldi.
Yana shu sana esimda qolganining boisi shu ediki, endi maktabdan berishgan 20 so‘mning qaytimini uyga berish kerak edi. Men 10 so‘mmi, 9 so‘mmi, hatto 8 so‘mmi berdim. 1 so‘miga ko‘chada muzqaymoq, yana bir narsalar olib yeb keldim. (5-sinfda o‘qir edim, o‘shanda.) Oradan uch-to‘rt kun o‘tgandan keyin, oyim xonalariga chaqirdilar.
– Ha, oyi, nima deysiz?
– Maktabda qaytimini berishdimi?
– Ha, berishdi.
– Olib keldingmi?
– Ha, olib keldim.
– Qancha?
– Mana, buvimga berdim, 8 so‘m.
– Nega 8 so‘m?
“Ha, endi, ul-bul…”, deb boshlagan edim, “Mana senga 8 so‘m”, deb qayish bilan urib ketdilar. (Qayishni orqalariga berkitib turgan ekanlar.) Bu voqea, kechqurun, yotish oldidan bo‘lgan edi: shim yo‘q, ishton, xolos. Qayish degan narsa juda yomon bo‘lar ekan, hozirgacha esimdan chiqmaydi. Mana shunaqa qilib qayishning zarbini yedik. “Nega so‘ramasdan kitob olasan? Bu pul o‘zingniki emas edi-ku! Birovniki edi-ku!! Olib kelib berishing kerak edi-ku!!!. O‘zing ishlab topsang, boshqa gap edi”, deb juda qattiq ranjidilar, urishdilar, so‘ramasdan pulni yo‘qotib, sarflab kelganim uchun.
O‘sha kundan menda ikkita xotira qoldi. Birinchisi, hech qachon birovning haqini, birovning pulini olmaslik. Shu paytgacha men birovning narsasiga tegingan emasman. Ikkinchisi, mana shu roman. Roman sahifalarini hozir yod aytib bera olmasman, lekin qayerda nima voqea bo‘lgan, qanday hodisa, qaysi obraz tasvirlangan, kim kim bilan uchrashgan, nima degan – hamma-hammasi yodimda turibdi. Muqovadagi rasm bilan shu obrazlar gavdalari bilan, qosh-ko‘zlari bilan ko‘z oldimda turibdi. Keyin-keyin o‘ylab qarasam (mana, adabiyotshunos bo‘ldim), asarning sodda bo‘lishligi, juda ham hayotiy bo‘lishligi, shu bilan birga unutilmas kartinalar, odamlar bo‘lishligi yozuvchining san’atiga, mahoratiga bog‘liq ekan. Juda yuksak mahoratga ega bo‘lgan yozuvchigina shunaqa obrazlarni yaratishi mumkin ekan. O‘rtamiyona yozuvchining yaratgan, chizgan obrazi “bo‘yi undoq edi, qoshi bundoq edi”, degani bilan baribir esda qoladigan bo‘lmas ekan… Shu romandan keyin yana qancha kitoblar o‘qidim (ular orasida ham esda qoladiganlari bo‘lgan), lekin Oybekning “Qutlug‘ qon”i – juda bir boshqacha roman…
Yaqinda bir maqola yozdim . Shunday xulosaga keldimki, bizning o‘zbek adabiyotidagi eng buyuk asarlardan biri – Oybekning “Qutlug‘ qon” romani. “Qutlug‘ qon”, bilasizmi, qaysi yillarda yozilgan? 1939 yilda bosmaga berilgan, 1940 yilda bosilib chiqqan. Oybek 1937 yilni ko‘rgan. Faqat 37 yilni emas. Agar Oybekning hayotiga nazar tashlasangiz, boshdan-oyoq tragediyadan iborat. Shubhasiz, odamning hayoti faqat tragediyadan iborat bo‘lmaydi. Albatta, quvonchli kunlari ham bo‘ladi, o‘rtoqlari bilan uchrashadi, biron joyga ziyofatga borgan, farzand ko‘rgan kunlari bo‘ladi va h.k. Quvonchli kunlari, albatta, bo‘ladi. Lekin yaxlit olib qarasangiz, Oybek hayotining fojiali, dahshatli kunlari, rozi bo‘lmagan kunlari ko‘proq. Mana, 1914 yil… Oybek necha yoshda bo‘lgan, o‘shanda? 9 yoshdami? 9 yoshida Birinchi jahon urushi boshlangan. Yana uch-to‘rt yildan keyin Oktyabr to‘ntarishi sodir bo‘lgan. Keyin grajdanlar urushini ko‘rgan, “Turkiston muxtoriyati”ni ko‘rgan. “Turkiston muxtoriyati”ni deganda, faqat muxtoriyat, “ura-ura” emas, Turkiston muxtoriyatini uch oydan keyin bostirishgani, dashnoqlarning Qo‘qonda bir kunda 10 mingta odamning kallasini olib tashlagani ko‘z oldimga keladi. 10 mingta odam-a! Aytishga oson! Shu paytda, ya’ni, 1918 yilda Oybek 13 yashar edi, hayotda ro‘y bergan voqealarni tushunardi, past-balandini bilardi. Mana bu hodisani ko‘ring: grajdanlar urushi, undan keyin “harbiy kommunizm” davri, undan keyin ochlik, NEP – “yangi iqtisodiy siyosat” davri. 1927-28 yillar – kolxozlashtirish davri. Butun mamlakat bo‘ylab millionlab odamlar uyidan haydab chiqarilib, badarg‘a qilingan, ko‘chirilgan, qamalgan, otilgan… Shunaqa bir davr bo‘lgan. Keyin yana ochlik davri. 30 yillarda dahshatli ochlik bo‘lgan, ko‘chada odamlar yurib keta turib o‘lib qolgan, ularni bir necha kunlab ko‘madigan odam bo‘lmagan. Bularning hammasini… Oybek ko‘rgan!
Bulardan tashqari, Oybek 30 yillardan boshlab quvg‘inga uchragan. Esingizda bor, 1927 yilda Cho‘lpon uchta she’riy kitobi chiqqan, besh-oltita pesalari qo‘yilgan, juda mashhur yozuvchi bo‘lib o‘sib borayotgan shoir va dramaturg edi. Shu yili gazetada bir maqola chiqqan, shu maqolada Cho‘lpon “burjua shoiri” deb atalgan va uning she’rlari sovet kishilariga yot she’rlar, deb qoralangan. Bunga qarshi Oybek maqola bilan chiqqan. Men bir narsani juda ta’kidlab o‘tmoqchi edim: biz, o‘zbeklarning bir xususiyatimiz bor, bilmadim, buni milliy xususiyat deb atash mumkinmi yo yo‘qmi? Bu ayrim odamlarga yoki juda ko‘pchilikka xosmi yo yo‘qmi? Agar biror odamning boshiga tashvish tushib qolsa, yaqinlari darrov o‘zini olib qochadi, kelib ko‘rishishga qo‘rqadi, ko‘rishmaydi. Agar ko‘chada kelayotganini ko‘rib qolsa, ko‘chaning narigi betiga o‘tib ketadi. O‘zini yordam berishdan, yaqin olishdan olib qochadi… Buni milliy xususiyat deyishga tilim bormaydi, lekin juda ko‘p o‘zbeklarda men buni ko‘rganman, sinab ko‘rganman. Cho‘lponni “burjua shoiri” deb atash uni qamashga, qatag‘on qilishga yo‘l ochadigan ayb edi. Cho‘lpon bugun bo‘lmasa, ertaga qamalishi kerak edi. Shunda, faqat birgina Oybek maqola bilan chiqdi. Cho‘lponni “burjua shoiri”, deb bo‘lmaydi, shoirni bunaqa qilib tahlil qilish kerak emas, masalan, ruslar podsho bilan o‘rtoq bo‘lgan Pushkinni maqtab yozishadi, biz nega Cho‘lponni, shunday katta talantli shoirni bunaqa deb haqorat qilamiz, unga siyosiy ayb taqaymiz? Cho‘lponning shoirlik san’atiga qarash kerak, she’rlarining g‘oyaviy mazmuniga qarash kerak, deb uni juda qattiq himoya qildi. Shu paytda Oybek necha yoshda edi? 1927 yilda 22 yoshda bo‘lgan. 22 yoshli yigit o‘zini o‘ylamadi, meni olib borib qamab qo‘yishlari mumkin, meni so‘roq qilishlari mumkin, Cho‘lponning ketidan meni ham ta’qib qilishlari mumkin, degan gap xayoliga ham kelmadi. Haqiqat uchun, adabiyot uchun, haqiqiy adabiyot uchun o‘shanda kurashdi. Mana shunaqa yo‘llardan o‘tdi Oybek. Mana shundan keyin Oybekka ham munosabat yomon bo‘la boshladi. Oybek ham ishonchsizroq, siyosiy jihatdan ishonib bo‘lmaydiganroq bir odamga o‘xshab qoldi. Chunki sovetni maqtamadi, Cho‘lponni oqladi. U Til va adabiyot institutida ishlar edi, ilmiy ish qilar edi, uni ishdan bo‘shatishdi.
Shu o‘rinda, yana bir narsani aytay: Abdulla Qodiriy to‘g‘risida ham Oybek buyuk bir ish qilgan. 1927 yilda ziyolilarga qarshi to‘lqin boshlangan. Abdulla Qodiriy to‘g‘risida respublika partiya gazetasining ikki sonida to‘rt “podvalli” maqola chiqqan, “O‘tgan kunlar va “O‘tgan kunlar” degan. Haqiqiy o‘tgan kunlar qanaqa-yu, “O‘tgan kunlar” romani qanaqa? Hayot qanday bo‘lgan-u, roman qanday bo‘ldi? Maqola muallifi aytib chiqdiki, “O‘tgan kunlar” – o‘tmishni ideallashtiradigan roman, Abdulla Qodiriy – o‘tmishni qo‘msayotgan yozuvchi. U sovetlarni xush ko‘rmaydi. U nima uchun Otabekni qahramon qilib olgan? Kambag‘alroq, qashshoqroq odamni topsa bo‘lmasdimi? Bor edi-ku shunday odamlar?!.
Bu, masalaning o‘ta ahmoqona qo‘yilishi, vulgar sotsiologizmning eng uchiga chiqqani, kvadrati, kubi desak ham bo‘ladi. Yozuvchi xohlagan odamni qahramon qilib oladi, gap uning kimni qahramon qilib olishida emas, unga singdirilgan g‘oyada… Xullas, Oybek Abdulla Qodiriyni yoqladi, Abdulla Qodiriyning yoniga kirdi, katta yozuvchiligini, mahoratini, romanlarining badiiy qimmatini ko‘rsatib berdi. Bu ham o‘sha kunlar uchun xatarli ish edi, siyosiy jihatdan qaraganda, sho‘ro tuzumiga to‘g‘ri kelmaydigan bir gap edi.
Xullas, bular hammasi bir bo‘lib, Oybek 30 yoshida ishdan haydalgan. 30 yoshli, uylangan, bola-chaqalari bor yigitning topish-tutishi yo‘q bo‘lsa, ko‘chadan biror narsa topib kelolmasa, ko‘chaga chiqishga imkoni bo‘lmasa, qayerga borsa quvilsa, odamlar yaqiniga kelishdan qo‘rqsa, qanaqa ahvolga tushadi… Oybek – buyuk inson! Uning buyukligini hatto hozir aytadigan misolim bilan ham asoslasa bo‘ladi: u hammaga zarda qilib, dunyodan, odamzoddan bezib, uyga kirib bag‘rini yerga berib yotmadi. U qog‘oz oldi, qalam oldi, o‘tirdi, ko‘rgan-bilganlarini, bolalik xotiralarini qog‘ozga tushirdi: “Qutlug‘ qon” romani maydonga keldi. “Qutlug‘ qon” romani o‘sha paytdagi o‘zbek romanlari ichida eng ulug‘i edi va bundan keyin ham, o‘ylaymanki, shunday bo‘lib qoladi. “Navoiy” romani ham shunday. Bu romanlarni jahon adabiyotining eng yaxshi asarlari bilan solishtirsa bo‘ladi. Keyin Oybek kasal bo‘lib qoldi, juda og‘ir kasal bo‘lib qoldi, o‘zi bemalol yoza olmaydigan bo‘lib qoldi. Xotirada bor, ko‘z oldida bor, ko‘nglida bor, lekin tili yo‘q, gapira olmaydi, yoza olmaydi, ayrim so‘zlarnigina ayta oladi, xolos. Lekin hamma narsa esida, xotirasida.
Yaqinda Umarali Normatovning kichkinagina xotirasi yozildi . 1964 yil 24 dekabrda, Oybekning 60 yilligi arafasida, G‘ulom Karimov, Subutoy Dolimov, men va Umarali Normatov Oybek akani ko‘rgani borgan ekanmiz. Oldin kennoyidan so‘radik, borsak bo‘ladimi, deb. Oybek aka kelishsin, degan ekanlar. Ko‘p o‘tirganimiz yo‘q, 15-20 daqiqa o‘tirdik, xolos. Shunda Oybek aka bir narsani esladilar-da: “Subutoy”, “Subutoy”, “dutor”, “Ushshoq”, “texnikum”, deb qoldilar. Bu so‘zlarni bog‘lab gapira olmasdilar. Subutoy aka texnikumda o‘qib yurgan paytida juda yaxshi musiqa chalar, musiqa kechalarida qatnashar ekan. Oybek aka shularni eslab, “Ushshoq”ni juda yaxshi chalar eding, hozir ham bir chalasanmi, demoqchi bo‘lganmikanlar yoki shularni eslaganmikanlar, bilmadim. Oradan 40 yil o‘tgan bo‘lsa-da, o‘sha bolalik xotiralari adibning esida turgan. Bunaqa voqealardan juda ko‘pi esida turgan. Shunday qilib, Oybek aka xastalik yillarida ham juda ko‘p asarlar yozdi, “diktovka” qilib yozdi…
Baribir, men ba’zan o‘ylayman, Oybek aka siymosida biz nechta Balzakni yo‘qotgan ekanmiz? Nechta Gorkiyni yo‘qotgan ekanmiz? Axir, bular dunyoning genial, mashhur yozuvchilari! Oybek ham shunday yozuvchilardan biri edi. U ikkita romani bilan buni isbot qilgan va yana jahon adabiyotini boyitishi mumkin bo‘lgan adib edi.
Oybek juda ham bag‘ri keng inson bo‘lgan. Genial odamlar, yuksak talantga ega bo‘lgan odamlar bag‘ri keng bo‘ladi. Ular dunyoga, hayotga, odamlarga siz bilan bizga nisbatan boshqacharoq qaraydi, xayr-saxovatli ishlarga ham boshqacharoq qaraydi. U kishi saxovatli bo‘lib, hammaga ming so‘m, ming so‘m berib yuboradigan millioner bo‘lgan emas. Lekin yaxshi gapi bilan, maslahati bilan yoki o‘zining iliq munosabati bilan odamlarning ko‘nglini ko‘targanki, ular hozirgacha gapirib yurishadi. Mana, bir misol, 1951-52 yillarda Botir Fayziyev degan odamning partiya gazetasida katta maqolasi chiqdi, “Navoiy” romani to‘g‘risida. “Navoiy” romani u paytda sobiq ittifoq davlat mukofotini olgan, 1946 yilda bosilib chiqqan, tilga tushgan. Oybek sobiq ittifoq bo‘yicha katta yozuvchi deb e’tirof etilgan, qolaversa, SSSR Yozuvchilar uyushmasining kotiblaridan, binobarin, rahbarlaridan biri bo‘lgan. Mana shunday bir sharoitda, bizning o‘zimizning mahalliy kuchlar tinch turmay, bir-birining tagiga suv quya boshlaydi. Oybekni yo‘qotish kerak bo‘ladi. (Bu to‘g‘rida Zarifa opa o‘zining “Oybegim mening” xotiralar kitobida juda batafsil, nomlar bilan yozgan, kimlar bu ishda ishtirok etgan, nimalar qilgan – men buni takrorlab o‘tirmayman.) O‘sha Botir Fayziyev orqali “Navoiy” romanini juda qattiq qoralashgan. Bu roman – millatchilik romani, bu romanda tojik xalqiga tuhmat qilinadi, roman o‘zbek va tojik xalqlari do‘stligiga nifoq soladi, degan gaplarni aytishgan. Romanda Binoiy degan shoir obrazi bor. Binoiy – tarixiy shaxs. Xondamirning “Makorim ul-axloq” degan asarida tilga olingan. Navoiy bilan Binoiy o‘rtasida jindek kelishmovchilik bo‘lgan. Oybek asarda shu voqeani bir oz tasvirlagani uchun, uni dastak qilib olib, adib sha’niga tuhmat va malomat toshlarini otishgan.
Shunday voqealardan keyin Oybek kasal bo‘lib qoldi va bir necha yil to‘shakband bo‘lib yotdi.
Botir Fayziyev esa yo‘q bo‘lib ketdi. U adabiyotshunos ham emas, bir o‘qituvchi ekan. Uni boshqalar qo‘g‘irchoq qilib o‘ynatishgan. Lekin Oybekning yiqilishiga shu odam sababchi bo‘lgan. Keyinchalik shu odam dissertatsiya yozibdi. Uning dissertatsiyasini Til va adabiyot instituti muhokama qilishni ham istamadi. Dissertatsiya yozuvchi odam toza bo‘lishi kerak. Siz Oybekning to‘shakband bo‘lishiga sababchi bo‘lib, endi uning romani haqida dissertatsiya yozasizmi, degandek, u bilan muomala qilmadik. (U ishini bizga, universitetga ham olib kelgan edi.) Oxiri nima qilishini bilmay (Nosir Fozilov maslahat beribdimi, Oybekning oldiga borgin, deb), yurak yutib Oybek akaning uyiga boribdi. Uyiga kirib (rivoyatmi, yo‘qmi, bilmayman, o‘zim ko‘rmaganman), menga aytishlaricha, eshikdan kirishi bilan Oybekning oldiga emaklab boribdi. Oybek hovlida o‘tirgan ekan. Zarifa opa qo‘liga kapkir olib, quvlab chiqaraman, deb turgan ekan, Oybek aka: “Qo‘y, tegma”, debdi. Keyin Oybek aka uning dissertatsiyasiga “mayli, himoya qilsin”, deb yozib beribdi. O‘zining tagiga suv quygan, o‘zini yiqitgan odamning dissertatsiyani himoya qilishiga rozilik beribdi. Boshqa odam bo‘lganida: “Tur, jo‘na, turqing qursin, ko‘rinma”, degan bo‘lardi. Oybekning olijanobligi bu, quyosh qadar baland olijanobligi!..
Oybek bir kitobiga juda chiroylik nom qo‘ygan “Quyosh qo‘shig‘i”, deb. Bu nomda juda gap ko‘p. “Quyosh qo‘shig‘i” – ramziy nom, uni nurga oshiq, yorqinlikka oshiq, yaxshilikka oshiq shoirning qo‘shig‘i, deb ham talqin qilishimiz mumkin.
Shunday qilib, Oybek aka o‘sha arosatda qolgan, cho‘kayotgan odamga madad qo‘lini uzatgan. O‘sha yillarda adib hovlisidagi kattagina kataklarda bir ohu bilan ikkita kaklik bo‘lgan. “Mehmon” uydan chiqib ketayotganda, Oybek uni kuzatib chiqibdi-da, bir-birini “qaqir-ququr” qilib erkalayotgan kakliklarni ko‘rsatib: “Ana, inoq, inoq!” debdi. “Bu jonivorlarning bir-biri bilan inoqligiga, bir-biriga bo‘lgan mehribonligiga qara. Axir, sen bilan biz – insonlarmiz-ku!” degandek bo‘libdi.
Mana shunaqa buyuk inson edi, buyuk yozuvchi edi Oybegimiz!
Men o‘ylaymanki, Oybek, umuman, o‘zbek adabiyoti uchun hech kim qilmagan juda katta va buyuk xizmatni qildi, o‘zbek adabiyotini zamonaviy yuksak adabiyotlar qatoriga olib chiqdi, realizmning tasdiqlanishiga yo‘l ochdi. O‘zbek adabiyoti jahondagi boshqa adabiyotlardan hech qayeri kam bo‘lmagan bir adabiyot bo‘lib qoldi. Oybek aka o‘z asarlari bilan Odil Yoqubovga, Pirimqul Qodirovga yo‘l ochib berdi, undan keyingi prozaga yo‘l ochib berdi. Uning xizmatlari nafaqat o‘tmishni ko‘rsatib bergan ikkita asarida, uning xizmatlari adabiyotimiz yo‘lini kengaytirib berganida, ravon qilib berganida, adabiyotda yuksaklik marrasini juda baland ko‘targanida. Shuning uchun, o‘ylaymanki, Oybekning nomi hozirgacha o‘zbek xalqi qalbida yashab keldi, bundan keyin ham yashaydi.
Yana bir misol. Urushdan keyingi yillarda sho‘ro mafkurasining o‘yinlari juda ko‘p bo‘lgan. Shu mafkuraviy o‘yinlar oqibatida, 15-20 yillar davomida maktablar darsliksiz qoldi. Urushdan keyingi davrda shu masalada qattiq topshiriq bo‘ldi; tegishli idoralarning qarori ham chiqdi, maktablar uchun darsliklar yaratilsin, degan. Qalin, qora muqovali bir darslik chiqdi, lekin maktablarga yetib bormadi, uni o‘tmishni ideallashtirgan, millatchilik ruhida sug‘orilgan, deb aybladilar. Kitob yig‘ishtirib olindi. Darslik mualliflari – ikki katta oila boshlig‘i G‘ulom Karimov bilan Subutoy Dolimov to‘qqiz oy ishsiz yurishdi. Ishsiz yurish – dahshat, iqtisodiy qiyinchiliklardan tashqari, odamlar ko‘ziga qanday ko‘rinasan, odamlar nima deb o‘ylaydi, bu – dushman ekan, bu – millatchi ekan, degan mish-mishlar u paytlarda juda og‘ir botar edi. Xullas, juda qiynalib qolishgan edi ular. Shunday mushkul kunlarning birida Oybek aka og‘ir kasal bo‘lishiga qaramay, universitet rektori Tesha Zohidovga: “Tesha, – debdi, – shu G‘ulom Karimov bilan Subutoy Dolimovga qaragin, shularni ishga olgin”. Shundan keyin Tesha Zohidov “xo‘p” deb, G‘ulom Karimov bilan Subutoy Dolimovni ishga olgan. Shundan keyin bu ikki adabiyotshunos olim umrlarining oxirigacha universitetda xalol xizmat qilishdi. Men ular bilan ishlash sharafiga muyassar bo‘ldim, juda ajoyib, buyuk odamlar edi ular ham…
Oybek aka mana shunday qatag‘on tegirmoni oldida turgan odamlarga ham yordam bergan, qo‘rqmagan, bular hozir quvg‘inda yuribdi-ku, bularga yon bosib bo‘ladimi, degan o‘ylarga borgan emas!
Shunday buyuk odam bo‘lgan Oybek!..

DIL E’TIROFI

2005 yili mavlono Oybekning 100 yilligi munosabati bilan adib haqida to‘la metrajli hujjatli film yaratiladigan bo‘ldi. Odatda, bunday filmlarni suratga olish chog‘ida “asar qahramoni”ni yaxshi bilgan, el-yurt tanigan kishilardan intervyu olinadi. Baxtga qarshi, adib ijodi bilan shug‘ullangan Izzat Sulton, Homil Yoqubov, Matyoqub Qo‘shjonov singari atoqli olimlar ham, adibning tengdosh qalamkash birodarlari ham hayotdan ko‘z yumgan edilar. Adabiyotshunoslik va tanqidchilik bayrog‘ini baland ko‘tarib ijod maydonida javlon urgan Ozod Sharafiddinov esa, ikki oyog‘idan ayrilib og‘ir xastalik kunlarini kechirmoqda edi. Shunga qaramay, adibning nevaralari – film rejissyori Nozim Abbosov bilan Oybek uy-muzeyi derektori Oynur Toshmuhamedova Ozod akadan, albatta, intervyu olamiz, degan ahdu paymonlarida qattiq turib oldilar. Ozod aka o‘sha kezlarda, tez-tez shifoxonada yotib, xuddi ishi qolib ketayotgan sog‘lom kishidek chala-chulpa dovolanib, Geofiziklar mahallasidagi uyiga – kitoblari, bolalari, shogirdlari bag‘riga borishga oshiqar edi. Oybekning nevaralari shunday kunlardan birini poylab, kamerayu yoritqichlarni ko‘tarib, bir avtobus bo‘lib munaqqidning uyiga yo‘l oladilar.
Shu voqeadan bir muncha avval, Ozod aka jarroh stolida yotgan paytidami yoki operatsiyadan keyingi og‘ir uyqu holatidami Oybekni ko‘rgan. U buning tushmi yo alahsirash paytimi, eslab qolmagan. Har qalay yonida Oybek paydo bo‘lib, undan gina-qudurat qila boshlagan: “Ozodjon, – degan u, – mendan xafamisan yo mening asarlarimdan ko‘ngling to‘lmaganmi, buni bilmayman. Ammo, sen G‘afur G‘ulom to‘g‘risida to‘lib-toshib yozding, Abdulla Qahhor to‘g‘risida to‘lib-toshib yozding, Mirtemir to‘g‘risida yozding, Zulfiya to‘g‘risida yozding… Xullas, sen ijodini o‘rganmagan yozuvchilar qolmadi. Ammo nechundir meni unutib yubording…”
Ozod aka hushiga kelishi yoki daf’atan uyg‘onishi bilan adibning shu so‘zlarini yana qayta eshitgandek bo‘ladi. Uyiga qaytishi bilanoq adib haqida maqola yozishga kirishadi. Nihoyat, maqola tayyor bo‘lib: “Millatni uyg‘otgan adib” nomi bilan matbuot yuzini ko‘radi. Adabiy-ilmiy hayotda voqea bo‘lgan bu maqola muallifining adib haqidagi so‘zisiz “Oybek” filmini tomoshabinga taqdim etish nodonlik bo‘lurdi. Shuning uchun ham kamina film stsenariysining muallifi sifatida Nozim bilan Oynurga hamfikr bo‘lganman.
Odatda hujjatli filmdagi intervyu juda qisqa bo‘ladi. Nozim buni yaxshi bilgan bo‘lsa-da, Oynurning qistovi bilan Ozod akaning o‘ttiz ikki daqiqalik otashin nutqini to‘la yozib olgan. (Filmga shu nutqning faqat uch-to‘rt daqiqali qismigina kirgan, xolos.)
Bundan bir necha oy ilgari Oynur Toshmuhamedova kaminaga Ozod Sharafiddinov To‘lepbergen Qaipbergenov va Aziz Qayumovning ovozlari yozilgan kassetani taqdim etib, Ozod akaning intervyusini qog‘ozga tushirib, matbuotda e’lon qilishimga ijozat bergan edi. Kamina shu imkoniyatdan foydalanib, munaqqidning hali matbuot yuzini ko‘rmagan so‘nggi yoniq nutqlaridan birini jurnalxonlar e’tiboriga havola etayotirman.

Naim Karimov,
filologiya fanlari doktori, professor

«Sharq yulduzi» jurnalining 2012 yil 2-sonidan olindi.