Nurilla Choriyev. Yo‘l qarayotgan kishi (2012)

Boshimni zo‘r ishga berib qo‘yibmen.
Cho‘lpon

Har gal ona qishlog‘im, ota yurtim Izilloqqa borib qaytar ekanman, ikki ko‘zim ortimda «qoladi»: …bolasiga mehribon barcha onalar kabi enam yo‘lto‘rvamni hech kimga ishonmay o‘zi hozirlaydi, albatta, cho‘lpon yulduzining shu’lasiga yopib olingan sutli non soladi.
Ostonada otamning qo‘llari duoga ochiladi. Tangridan menga yo‘l so‘raydi, yo‘ldosh so‘raydi “… muroding hosil bo‘lsin”, deb kuzatadi.
Enam-chi, enam ortimdan ergashib tomorqamizning adog‘igacha keladi, undan ko‘chaning boshiga chiqadi.
Men-chi, mening sururli ko‘nglim enamning ergashganidan o‘zini noqulay sezadi. “Ena, qaytsangiz-chi”, degan gapim tishimga tegadi, biroq tilimga chiqmaydi, qadam tashlayman. Hozir ro‘paramdan Ulash buvami, Oylar momom chiqib: «Uv-v… Nurilla, sen shaharga qatnay boshlaganingda tishim chiqmagandi. Haliyam qatnayapsanmi?», deb aytadigandek tuyuladi. Qadamimni ildamlatib, asov toychoqday yo‘rtib ketaman. Yelkamga osilgan yo‘lto‘rvam nortuyaning o‘rkachiday silkinadi. Shunda uzoqdan qulog‘imga: «Toshkan olis-da-a, bolam!», degan tanish sas keladi. Ortimga qayrilaman. Yonimda, shundoq yonginam-da, mendan bir qadam keyin paxta egatlari orasida qartaygan, mushtdek jussali Enam jilmayib turadi. Shartta qaytgim, enamni dast ko‘tarib olgim, yo‘lto‘rvani uloqtirib otgim, otamning qo‘lidan ketmonini olgim keladi. Ammo onamning: “Bor, bolam! Boraver, yo‘ling oydin, yigit piri yo‘ldoshing bo‘lsin! Qayrilma, qanotim!”, degan so‘zlaridan o‘ta olmay odimlab ketaman…
Tobora qishloqdan olislayman, keta-keta ortimga qarayman: enamning yonida otam yo‘l qaraydi. Ulash buva bilan Oylar momo ham nevaralari bilan tikilib turishadi. Shu zaylda ular qishloqqa, men esa yo‘lga singib ketamiz…
Buni azim Toshkentga o‘zining aytar so‘zi bilan kelgan, ko‘nglini kezib yurgan tengqurlarimning borib qaytar yo‘li shu, desam adashmayman.
Ortimdan qarab qolgan qora ko‘zlar bir dam yoddan ko‘tarilmaydi. Ayniqsa, qo‘lga qalam oldim deguncha qulog‘imga ularning: «Xo‘sh, shoir, Toshkanda nima gaplar? Bizning she’rni yozdingmi? Ishqilib, Izilloqni uyaltirib qo‘yma, kitobingni o‘qigan kishi ha, meni yozibdi desin, o‘qigan odamning ko‘ngli o‘ssin, yarasi bitsin, bolam!», degan gaplari jaranglaydi.
Ochig‘i, bu tilakmi, talabmi yoki pand-nasihat — aniq bilolmadim, biroq yelkamdagi yo‘lto‘rvamdan bir necha hissa og‘ir… Ehtimol, mas’uliyat deganlari shudir. Ne bo‘lganda ham uning zalvori meni bosdi: «o‘qigan kishi…» mening yozganlarim haqida nima deydi? O‘zi, mening qoralamalarimni ukam enamga o‘qib bera oladimi? Singlim otam bilan ular haqida suhbatlasha oladimi? Bu kabi savollarning chek-chegarasi yo‘q…
Quroli so‘z bo‘lgan ijodkorlarga bugun zulmatning nurga do‘ngan kuni. Negaki, ularning ijodiy erkinligi ta’minlangan, qalami bor har kishi, bilganini istaganicha, qurbati yetganicha yozayotir. Ammo o‘zini «bir hovuch ahli adab» odamlari orasida, deb biladiganlar ichidayam turmush tashvishlaridan baland turmay, dil va qalam rostligiga putur yetkazayotganlar «turnaqator». Ular bir bora, bu imkoniyatni taqdir: «Yurak, sensan mening sozim, tilimni nayga jo‘r etding…», deb zor qaqshab o‘tgan avlodga ravo ko‘rganida, ular o‘zbekni, o‘zlikni, o‘z ko‘nglini qanday ifodalagan bo‘lardi, deya o‘ylab ko‘rsalar…
Nazarimda, tengqurlarim ayni shunday savollarga «dam shu damdir o‘zga damni dam dema», deb javob izlaydigan payti. Biroq ularning biroz aybg‘anasi bordek. Bugun bitta hikoyaning kiftini keltirgan yozuvchi, ikkita she’r qoralagan o‘zini shoir sanayotir. Shuning uchun ham tevarak puch pista cha³³andek oson ´³iladigan, ´ta sodda “she’rlar”, uchi-keti yo‘q aljirashlardan iborat “hikoyalar” bilan boyib ketdi. Bu kunda: «Ona tilim, sen ruhimning qanoti», deb hayqirgan shoir hayot bo‘lganida bormi unga taqlid qilib yuziga ustara tekkizmaydigan, she’r deb uch pulga qimmat “so‘zpo‘chog‘ini” sotib, undan ham kambahoga didsiz xonandaning malayiga aylangan mardumni ko‘rib NE DERDI, buni bilmayman…
Balki: “Vaqt — ulug‘ hakam. Ruhing uyg‘onsin”, dermidi… unisi ham bizga qorong‘u. Ayoni shuki, bugun adabiy jarayonda, ta’bir joiz bo‘lsa, sukut fasli. Muhtaram ustoz adiblar, shoirlar, adabiyotshunoslar — hammasi yangi asariga tartib berish bilan avorayu sarson. Yoshlar ham bo‘sh kelgani yo‘q. Tarjimai hollar, mumtoz adabiyot namoyondalarinikidek o‘qiladi. Chiqargan kitoblarini tartib bilan yoysa, quloch yetmaydi. Eng qizig‘i shuki “O‘zining nazdidagi bu mashhur va alloma shoir”ni ota-onasi va unga kitob chiqazib bergan vallomat noshirdan boshqa biror zog‘ tanimaydi, bilmaydi ham.
Bu esa, uzoq manzilni ko‘zlab yo‘lga chiqqan yo‘lovchini bir lahza bo‘lsa-da, o‘yga toldirishi, mushohadaga chorlashi tabiiy. Negaki, nagohon taqdirkarvon sizning Boychiboringizni mayib baytal minganlar bilan hamroh etsa, o‘z-o‘zingizdan ularning qadamiga qarashingizga to‘g‘ri keladi. Va shu asnoda: «…em bo‘lib ketsak shu qumursqalarga», deysan. Bejizga iste’dod tulporga mengzalmagan. Otning orasida tulpori qancha kam bo‘lsa, shoirlar ichida iste’dodlilari undan-da noyob zamon keldi, chamamda. Yo‘ldagi yo‘ldoshingizga achinasiz, rahmingiz keladi. Baribir mayib baytallilar manzil sari qorama-qora kelaveradi. Chunki bojni ham sen to‘laysan, qaroqchi ham seni tunaydi. Biroq ularning o‘zlari ham biladiki, Murodtepaga chiqishga faqat va faqat sening Boychiboring yaraydi…
Shu o‘rinda, mingani Boychibor emas, Shapaqi ekanini anglamay to‘qson alpning qatorida borman, degan qalmoqshoh holidan so‘zlasak…
Rosa bir yil ilgari «Sharq ziyokori» kitoblar do‘konida bulg‘or qalampiridek, keladigan burni qizargan, ko‘zlari ola-kesak, qorindor bir odamga duch keldim. Tili jag‘iga joy bo‘lmayotganidan, biroz «otgan»ini payqash mushkil emasdi. Kitob olmoqchi bo‘lganimni bilib uch tomlik kitob tavsiya etdi. Bu ishi yoqmaganidan undan uzoqlashdim: «uka, kim bilan gaplashayotganingni bilassanmi, o‘zi», deb yana o‘sha kitobni qo‘limga tutdi. Kitobning qattiq muqovasini ochib qay ko‘z bilan qarayin, achchiq qalampirdek ingichka burunli, olmayuzli, olifta bir yigitni ko‘rdim. Bu qarshimdagi kimsaning yoshligi edi. Hech indamay taqdim etilgan asarni rastada qoldirib tashqariga chiqdim. Ortimdan kelib: «Uka, bitta kitob olsang, o‘lib qolasanmi yo puling yo‘qmi?», deb kistasidan pul chiqasib, ariqqa tashladi. Bir «mergan»ga teng bo‘lishni o‘zimga ep ko‘rmay ketdim. Ertasiga shu kitobni oldim. Uni saylanma deganlarga, uvol bo‘lgan qog‘ozga achindim.
Yana… El bir mahallar yozuvchi, deb bilgan bir chol: «asarlarini o‘n ikki tomlik qilib tartib berganini, unga bir hotamitoy chiqsa chop etishi mumkinligini aytib», sulish oladi, timshanadi. Uning shu umidsizligidan ham bilinadiki, bugun u kishining yozganlariga zaruriyat yo‘q. Ziyolilarning, kitob o‘qiydigan odamlarning nazaridan bu mardum, allaqachonlar qolgan, xalq esidan chiqazgan. Ammo bu qirchang‘ining tan olgisi kelmaydi. Tan olsa, o‘tmishidan uyalib ketadi. Shuning uchun endi o‘zi bilan o‘zi kurashib, bir saxiyning yo‘liga ko‘z tikib, umr o‘tkazishga mahkum u.
Bizningcha, qo‘liga qo‘riq olib: «Saman sariga tush, yo olapocha to‘riga tush, shapaqining zo‘riga tush», deb ot minishga shaylangan yoshlar qanday yozish emas, balki qanday yozmaslikni ham bilishi kerak. Shunda qalmoqshohlar holiga tushmaydi. Buning uchun yoshlarning ilk qadamlarini kuzatib turgan keksa Qultoy dangalini aytishi shart. Negaki, o‘zbekning adabiyotiga Ultontozu Qalmoqshohlar emas Alpomishlar kerak. Ana shundagina Murodtepadek ulug‘ bir manzilda: «Qulfi dilimni Xudo ochdi», deb Qorajon (adabiy tarjimonlar) alp kutib oladi. Qorajon Alpomishga teng emas, lekin u o‘z eli, yurti bilan tillashib tanishtira oladigan, kezi kelganda, Boychiborni poygaga qo‘shadigan kuchga ega yagona Alpdir.
Bir kun kelib: «Bor ekan, yo‘q ekan, ko‘rdim, kezdim dunyoni», deb manzilu makonga borar bo‘lsak, bizga uzoq manzildan ko‘z tikib turgan nuroniylar qarashidagi umidga, jajji bolakaylar nigohida talabga javobimiz bo‘lsin… Zero, adabiyot yo‘li Shavkat Rahmondek bo‘g‘ilib she’r o‘qiganda ham ortga tisariladigan yo‘l emas. Bu shunday sharafli yo‘ldir! Qo‘rig‘ingga Boychibor tushsin…
Bu mashaqqatli yo‘lga faqat mening yaqinlarim ko‘z tikkan, desam bo‘lmas. Aslini olganda, bu yo‘lga Boybo‘riyu Boysari, Qaldirg‘ochu Yartiboy, Kuntug‘mishu Surxayl, Qultoy va Ultontoz, Barchinoyu Tavkaoyim tikilib turibdi.
Demakki, qadamingiz qayrilmay, murodingiz hosil bo‘lish yo‘lini ko‘ring, yo‘l qarayotgan yo‘lovchi…