Baxtiyor Genjamurod. Bitiklarim yuragimning manzarasi (2012)

To‘rt-besh yoshimdagi go‘daklik paytlarim… Bobom Genjamurod Nahan Qurash (Nahan Qurash u kishining laqabi – cho‘girmadan ham katta telpak degani) chordona qurib, meni oldiga olib o‘tirardi. Uning o‘g‘li Allambergan – mening otam “Alpomish”, “Qoblan”, “Edigey”, “Qirq qiz”, “Choriyor” dostonlaridan to‘lg‘ov yoki termalar, katta-kichik she’riy parchalarni yoddan kuylardi. Bobom juda kuchli, savlatli odam edi. Lekin u shuncha g‘ayratli, kuchli bo‘lgani bilan, ta’sirchan, ko‘ngli bo‘sh – yosh boladek yuragi beg‘ubor chol edi. O‘sha dostonlardagi yurakni tebratadigan misralar ko‘p bo‘lgani tufayli bobom o‘z ruhida uyg‘ongan to‘lg‘onishlarini zavqu shavqqa to‘la so‘zlar bilan izhor etib o‘tirardi.
Uning ko‘z yoshlari soqol-mo‘ylovlaridan sho‘rg‘alab bo‘ynimga tomchilaydi. Mening ham yuragimda allaqanday sezgilar bosh ko‘tara boshlaydi… Nafasimni ichimga yutib o‘tiraman. Bobomning ko‘z yoshlarining qaynoq harorati hamon bo‘ynimdan ketgani yo‘q… Balki adabiyotga ixlos o‘sha paytlardan, o‘sha sezimlardan boshlangan bo‘lishi ham mumkin.
Dastlabki she’rlarim nashr etilib, ilk kitobim she’riyat muxlislariga havola etilganda faqat o‘zimgagina ma’lum qadrli narsalarni yo‘qotib, hech kimga noma’lum yana bir aziz narsalarni topib olgandek holatlar boshimdan kechgan. Ular quvonch va shodlikdan boshqacharoq sezgilar edi… Ul tuyg‘ularni qanday nomlash kerakligini hozirgacha ham bilmayman.
Ilk kitobim “Oftobning umri” deb nomlanadi. 1987 yil Nukusda nashr etildi. So‘ng “Saraton”, “O‘q qadalgan oy” she’riy to‘plamlarim birin-ketin bosmadan chiqdi. Bundan tashqari jahon shoirlari she’rlarini qoraqalpoq tiliga tarjima qilib “Jahon lirikasidan” nomi bilan 1992 yilda nashr etganman. Lin Bo, Du Fu, Xitomaro, Sayjo, Atiko, Mikelandjelo, Robert Byorns, Valter Skott, Pushkin, Tyutchev, Blok, Yesenin va boshqa jahon shoirlari she’rlarini tarjima qilganman.
Ayniqsa, 2006 yilda Toshkentda Alisher Navoiy nomidagi Milliy kutubxona nashriyotida “O‘kuzdaryo bitiklari” nomi bilan o‘zbek tilida nashr etilgan she’rlar va dostonlar kitobim menga katta quvonch keltirgan. Chunki mana shu kitobim qo‘lyozmasini tayyorlash asnosi taniqli o‘zbek shoirlari bilan ishlash jarayoni men uchun katta adabiy muhit yaratib berdi. Kitobdagi barcha she’r va dostonlarni shoir Rustam Musurmon tarjima qildi. Atoqli shoir Azim Suyun “Made xon yohud Chin ipagidagi bitik” dostonimni o‘qib, “Ha, Vatan haqida shunday yoziladi!” deya menga maktub yozdi. Bu maktub Toshkentdagi va Qoraqalpog‘istondagi gazetalarda e’lon qilindi. Azim og‘aning doston haqida bildirgan haroratli so‘zlari mening ko‘nglimni ko‘tardi.
O‘zbekiston xalq rassomi Javlon Umarbekov “Ukuzdaryo bitiklari” kitobim muqovasi uchun o‘zining “Ikki qo‘rg‘on” asarini hadya etdi. Kitob nashri arafasida tarjimonim Rustam Musurmonning “Siz tarixni qanday rangda tasavvur etasiz?” degan savoliga: “Qoramtir, kulrang tusda” deb javob bergandim. Rustam asarlarning ruhidan kelib chiqib surat tanladi. Ikkimiz Javlon og‘adan suratni muqovada bosish uchun ruxsat oldik.
O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripov kitobimni o‘qib, iliq fikrlar bildirdi. Toshkentdagi barcha shoir do‘stlarim, ustozlarim meni qo‘llab-quvvatladilar. Ularning har biri menga og‘a-inidek tug‘ishgan bo‘lib qoldi.
…Ustoz deganda ko‘z oldimga birdan kitoblar keladi. O‘ninchi sinfda o‘qib yurgan kezlarimda uyimiz yonidagi tepadan pastga sirg‘anib, qo‘limni sindirib olganman. Qish faslida qor ko‘p yoqqanida tepalikning yuqorisidan har kuni suv sepaverib, so‘qmoqni oynadek yaltiragan muzga aylantirganmiz. O‘sha sirpanchiq yo‘lakdan pastga qarab katta tezlik bilan qushdek uchib tushayotganimda noqulay yiqildim. Natijada chap qo‘lim “vaqtincha tanaffusga chiqib qoldi”. Kasalxonada yotganimda maktabimiz kutubxonachisi Sapargul opa Jonatan Sviftning “Gulliverning sayohatlari” kitobini olib keldi. Bu kitobni o‘qish lazzatiga shunchalik berilib ketganimdan davolovchi vrachlarning achchiq-chuchuk tanbehlarini eshitishimga to‘g‘ri keldi. Kasalxonadan chiqqanimdan so‘ng maktab kutubxonasining bo‘sag‘asini to‘zdirgan o‘quvchilardan biriga aylanganman. Undan keyin – tuman kutubxonasi, madaniyat uyi kutubxonalarini ham birin-ketin ishg‘ol etganman. Insonning turmush tarzidagi barcha hodisalarning ildizlari bolalikdagi ko‘ngil kayfiyatlariga, hayratlariga borib taqaladi. Ijodkorlikni ham shunday deb o‘ylayman.
Ulug‘ inson – Ustozning ham turmushimga, ham ijodimga ko‘rsatgan ta’sirini, ayniqsa, boshimda bulutlar aylangan paytlardagi g‘amxo‘rligini butun umrim davomida unutishim aslo mumkin emas…

Yashil bulut yorilib oltin nur tushdi –
Tilla piyolali malaklar ekan.
Tamshanib qirq qultum obihayot ichdim,
Bu ne’mat osmondan, falakdan ekan.

Tasbehli hazrat Pir – nurli, asoli,
Ko‘rsatdi – olisda oq bulutli tog‘…
To‘rt tarafim – Quyosh, qibla misoli,
Qayta tug‘ilganga o‘xshadim shu chog‘…

Uzundan-uzun she’rlar yozishga, to‘g‘risi, ko‘plab kitoblar chiqarishga unchalik qiziqmaganman. Qiziqqan bo‘lsam-da, o‘zimni hayotda “og‘ir qo‘zg‘aladiganlardan” deb hisoblayman. Kitoblarimni nashr etish masalasida hech qachon shoshilmaganman. Bugungi kunda yettita kitobim, shu jumladan ikkita o‘zbekcha kitobim o‘quvchilar qo‘liga yetib bordi. Ularning umumiy nusxasi – o‘n olti ming.
…Jurnalistlarning ba’zan “Farzandlaringiz ichida shoirlikka qiziqqanlari ham bormi?” degan savoli meni o‘ylashga majburlaydi. Agar adabiyot tarixiga bir nazar solsangiz, bu savolga javob topish qiyin bo‘lardi. Juda olislab ketmay qo‘ya turaylik: Pushkin, Tolstoy, Dostoyevskiy, Blok, Yesenin, Maxtumquli, Abay, Ajiniyoz, Berdaq, Cho‘lpon, Fitrat… Xo‘sh, bu ulug‘ so‘z san’atkorlarining qay birining farzandi ota izidan yurib qalam bilan do‘stlashgan ekan, degan savol bir mahallar meni ham qiziqtirgan edi. Balki bordir… Lekin savolimga javob topa olmaganman. Dehqonning farzandi dehqon, cho‘ponniki – cho‘pon, yuristniki – yurist, junalistniki – jurnalist, generalning bolasi – general bo‘lgan holatlar ko‘plab uchraydi, xuddi uzukka ko‘z qo‘ygandek. Biroq shoirning bolasi shoir bo‘lganini ko‘rmaganman.
Qizim Nargiza va o‘g‘lim Yoqubbek jurnalistik ta’lim olgan. Yoqubbek xalqaro Erazmus Mundus hamkorlik tashkilotidan TOSCA loyihasini yutib olgani uchun hozirgi paytda Polshadagi Adam Mitskevich universitetida bir yillik ilmiy stajirovkada.
…Jahon adabiyotining ulkan bir bo‘limini turkiy adabiyot tashkil etadi. Shuning ichida o‘zbek va qoraqalpoq adabiyoti ham bor. U o‘zining yashashi uchun zarur bo‘lgan eleksirni qadimgi davrlardan olib turibdi. O‘rta Osiyo tabiati uchun Xudo tarafidan berilgan to‘rt fasl – yoz, kuz, qish, bahor yot emas. Qish fasli bo‘lmaydigan elatlar bir muchasi hali to‘liq rivojlanmagan odamga o‘xshab ketadi.
Bizning Vatanimizda yuqorida aytilgan to‘rtta faslning barchasi yashaydi. Shuning uchun turli-tuman adabiy yo‘nalishlarning hech birini o‘gay deb hisoblamasligimiz kerag-ov. Ilgarigi davrlarda adabiyotdan “yomonlik” izlovchilar juda ko‘plab uchrar edi, bunday illatlar bugungi kunda ham topiladi. Ularni qanday bartaraf etamiz?..
…Jahon adabiy jarayonida mavjud bo‘lgan har xil adabiy oqimlar va yo‘nalishlardan qo‘rqish – bu so‘z qadrini to‘g‘ri baholay bilmaslikdan kelib chiqadi. Insonning ruhiy dunyosidagi o‘zgacha holatni tasvirlash zaruriyati boshqacha ifoda yaratadigan shoirlarni dunyoga keltiradi. Buning nimasi yomon?.. Lekin san’atning barcha turlarida, shuningdek, she’riyatda ham “yolg‘onchilar” bor: “yolg‘on modernchi”lar bor. Ularning jonli sezim va tuyg‘ularga butunlay qoni yot, muzdek “qurbaqa qurullashlari”, albatta, o‘quvchilarda yomon taassurot qoldiradi. Haqiqiy modern va yolg‘on modernning orasida osmon bilan yercha farq bor…
Yurtboshimiz Islom Karimov “Adabiyotga e’tibor – ma’naviyatga, kelajakka e’tibor” risolasida shunday degan edi: “Mening fikrimcha, yozuvchilik – bu oddiy kasb emas, Xudo bergan iste’doddir. Bu – qismat, peshonaga yozilgan taqdir. Bu kasbga hech qayerda o‘qitib, o‘rgatib bo‘lmaydi. Yozuvchilikning maktabi ham, dorilfununi ham bitta. U ham bo‘lsa, bir umr hayotning ichida bo‘lish, o‘z xalqi bilan hamdardu hamnafas bo‘lib yashash, haqiqat va adolatga sadoqat bilan xizmat qilishdir”.
Yozuvchi qismati va mas’uliyati haqida aytilgan naqadar jonli va hayotiy, hayotning o‘zi kabi haqiqiy fikrlar. Bu gaplar bizni ijodga ruhlantiradi. Shu so‘zlarni o‘qirkanman, bir paytlar Orolni ko‘rish uchun Amudaryo orqali rezina qayiqda eshkak eshib safarga chiqqanim esimga tushadi. Uzoq davom etgan bu safarning natijasida “O‘kuzdaryo bitiklari” nomli turkum she’rlarim dunyoga kelgan. Demoqchimanki, har bir asar haqiqiy bo‘lishi uchun hayotni chuqur o‘rganish zarur. Berdaq boboning o‘y-xayollari, dardu armoni qanday bo‘lganini his etish uchun Nukus – To‘rtko‘l katta yo‘li yoqalab Shippiq qal’asigacha yayov yo‘l yurib, ajdodlar ruhini ziyorat etganman. “Berdaq faryodi”, “Bu yurtning botirlari qayda?” singari she’rlarim shunday yozilgan.
Adabiyotimizni rivojlantirishga davlat darajasida e’tibor qaratilgan. Bizning vazifamiz endi belni mahkam bog‘lab ijod qilishdan iborat. Qoraqalpoqcha aytganda, qobirg‘alarimizning orasidan yurak, jigar va o‘pkamiz ko‘rinib turishi darkor… “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi va “Sharq yulduzi”, “Yoshlik”, “Jahon adabiyoti”, “Amudaryo” jurnallari adabiyotimizning rivojlanishiga katta hissa qo‘shmoqda…
Yozuvchi-shoirlarimiz dunyo mamlakatlariga ijodiy safarlarga chiqib, ulardagi so‘z zargarlari bilan jonli muloqot o‘rnatsa, o‘zga ellar xalqlarining ham qalbiga quloq tutsa – ularning yashash sharoiti, madaniy hayoti bilan tanishsa, albatta, adabiyotimiz yanada yuqori cho‘qqilarga ko‘tarilishida imkoniyatlardan biri bo‘lur edi…
…Butun umrim davomida rejalarim bilan tayinli murosaga kelolmay yashamoqdaman. Ba’zida rejalarim menga bo‘ysunmaydi, goho men rejalarimning tizginidan chiqib ketaman…
Bu yil barchaga omad yor bo‘lsin!

ADIB HAQIDA:

Baxtiyor Genjamurod 1959 yilning 11 mayida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Taxtako‘pir tumanida tug‘ilgan. 1985 yilda Nukus Davlat universitetini bitirgan. Qoraqalpoq tilida: “Oftobning umri”, “Saraton”, “O‘q qadalgan ot” she’riy to‘plamlari, “Lirika” tarjima kitobi nashr etilgan. “O‘kuzdaryo bitiklari” she’rlar, va shu nomdagi dostonlar kitobi, “Madexon yoxud Chin ipagidagi bitik”, “Qar-Oq-Alp-Oq” dostonlari Toshkentda o‘zbek tilida nashr etilgan. 2002 yilda “Shuhrat” medali bilan mukofotlangan.
She’rlari rus, koreys, turk, nemis, frantsuz, qozoq tillariga tarjima qilingan. Hozirda Nukus Davlat universitetida faoliyat ko‘rsatmoqda.

«Yoshlik» jurnalining 2012 yil 2-sonidan olindi.