Qozoqboy Yo‘ldosh. Olimning nasri (2011)

Tariximizda o‘tgan allomalarimiz to‘g‘risida hujjatlarga tayanib, ulardan iqtiboslar keltirib asar yaratish tajribasini, adashmasam, akademik Aziz Qayumov domla boshlab berdi. Olimning “Ajoyib kishilar hayotidan” turkumidagi “Abu Rayhon Beruniy” va “Abu Ali ibn Sino” qissalari o‘zbek adabiyotidagi shunday xususiyatga ega ilk asarlar. Mashhur tarixchi Bo‘riboy Ahmedovning “Amir Temur” romani to‘lig‘icha hujjatlar asosiga qurilgan. Xullas, bugunga kelib o‘zbek adabiyotida hujjatli prozaning, ilm kishilari tomonidan yaratilayotgani bois, “olimlar nasri”, deb nomlash mumkin bo‘lgan o‘ziga xos bir ko‘rinishi yuzaga keldi. Bu asarlar o‘quvchilarning ko‘ngli, sezimlariga qaraganda ko‘proq tafakkuriga ta’sir ko‘rsatish niyatida yozilganidan ularda turli-tuman tarixiy, ma’rifiy hujjatlarga tayanish ustuvorlik qiladi. Demak, hujjatlarga asoslanib yaratilgan, badiiy obraz tasviridan ko‘ra ilmiy-ma’rifiy ma’lumotlarni berish birlamchi o‘rin tutadigan asarlar sirasi yuzaga keldi.

Ko‘rinadiki, yangi estetik hodisa paydo bo‘ldi. Endi ana shu hodisa zamiridagi qonuniyatni topish va bu ijodiy hodisaga doir tendentsiyalar xususida fikrlashish lozim bo‘ladi. Istiqloldan keyingi yillarda Pirmat Shermuhammedovning “Buyuk Xorazmiy” (1994), “Xorazm malikasi yoxud Amir Temurning kelini” (2006), “Mirzo Ulug‘bekning qizi yoxud Robiya Sultonbegim qissasi” (2008), “Dahoning tug‘ilishi yoxud Abu Rayhon Beruniy qismati” (2009), “Yaxshilar bahori yoxud Mahmud Zamaxshariy dahosi” (2010) singari asarlarning dunyoga kelishiyoq ushbu ma’rifiy-estetik hodisalarni ilmiy-estetik jihatdan izohlab, shu yo‘sindagi bitiklarga baho berish xususida o‘ylab ko‘rishni taqozo qiladi.

Har qanday hujjatli nasriy asar qarshisida uning kompilyativ bitik bo‘lib qolish xatari turadi. Chunki hujjatli proza muallifi turli manbalardan yig‘ilgan hujjatlarga tayanadi va ular bilan ish ko‘radi. Agar u hujjatlarni badiiy maqsadiga bo‘ysundira olmay, ularning yetoviga tushib qolsa, turli hujjatlardagi ma’lumotlar bir-biriga quralgan, yangi kompilyatsiya qilingan bitik yuzaga kelib qolishi mumkin.

Hujjatli nasr tarixiy shaxs, tarixiy hodisa yoki ijtimoiy voqelikni to‘lig‘icha yoki qisman hujjatli materiallarga tayangan holda badiiy tadqiq etishga qaratiladi. Ko‘rinadiki, badiiylik hujjatli nasr uchun ham eng asosiy va birlamchi belgidir. Ayni vaqtda, u sof badiiy nasrdan badiiy to‘qimaning minimal holatdaligi, tayanilgan hujjat va tarixiy ma’lumotlarning o‘zi muhim ijtimoiy qimmatga egaligi, qahramonlar tabiatidagi o‘ziga xos belgilarni ko‘rsatishga ortiqcha urinilmasligi bilan ajralib turadi. Shuningdek, hujjatlarga badiiyat nuqtai nazaridan yondashilgani, hayotiy dalillar tarixiy istiqbolda ko‘rsatilgani, qahramonlarning keyinchalik nechog‘li mashhur bo‘lganining tasviri berilishi jihatidan hujjatli nasr jurnalistikadagi hujjatli maqola va ocherk, fandagi ilmiy tadqiqot hamda baliiy adabiyotdagi tarixiy nasrdan farqlanib turadi. Hujjatli nasrda personajlar ifodasiga badiiy tasvir talabi asosida yondashilsa-da, hujjatlarga suyanish, uning teran ilmiy talqinini berish va faqat mavjud materiallar doirasida badiiy tadqiq etish lozim bo‘lganidan undan tarixiy va ilmiy aniqlik talab etiladi.

Ta’kidlash kerakki, hujjatli nasrga xos xususiyatlar, uning janr belgilari, tasvir tamoyillari, mavzu yo‘nalishi, ifoda vositalari kabi bir qator nazariy masalalar adabiyotshunoslikda ilmiy jihatdan yetarlicha o‘rganilmagan. Yuqoridagi mulohazalarni o‘zbek hujjatli nasri haqidagi ilk ilmiy kuzatishlar, deyish mumkin.

Pirmat Shermuhammedov o‘zi yozgan hujjatli nasriy asarlar janrini “ro‘mon-badea”, “badea-roman”, “ilmiy-ma’rifiy roman”, “ilmiy-ma’rifiy qissa” tarzida belgilaydi. Aslida hujjatli nasrning bu namunalarida deyarli bir xil tamoyillarga amal etilgan bo‘lib, tasvirda hujjatlarga tayanish yetakchilik qiladi. Albatta, biror asarning qaysi janrga mansubligini, birinchi navbatda, yozuvchining ijodiy niyati belgilaydiyu, ammo muallif janrga xos belgilarni hamisha ham to‘g‘ri tayin eta olmasligi, bu esa o‘quvchilarni chalg‘itishi mumkin. Shuning uchun hujjatli nasrning janriy mansubligini to‘g‘ri belgilash adabiyot uchun katta ahamiyat kasb etadi.

Hujjatli prozada asosiy e’tibor qahramondan tashqaridagi narsalar: material va hujjatga qaratilishi lozim bo‘ladi. Obrazli qilib aytganda, hujjatli nasrda sabab oqibatdan keltirib chiqariladi. Shundan kelib chiqqan holda, P.Shermuhammedov qalamiga mansub hujjatli nasr namunalarining janrini “ma’rifiy qissa” yoxud “hujjatli qissa” tarzida belgilash haqiqatga muvofiq bo‘ladi. O‘rni kelganda, “roman” deb atash bilan biror nasriy asarning saviyasi ko‘tarilib qolmaganidek, “qissa” deyilishi tufayli tushib ham ketmasligini ta’kidlash joiz.

Pirmat Shermuhammedov tarixning g‘oyat sirli, bundan juda ko‘p zamonlar oldin yuz bergan voqealarini badiiy tadqiq etishni xush ko‘radi. Ammo ayonki, unday davrlarga doir hujjatli ma’lumotlar juda ham kam. Ayni jihat ushbu muallifning hujjatli nasriga xos yana bir belgini tayin etadi: asl haqiqatni oydinlashtiruvchi hujjatlar kam bo‘lganidan yozuvchi xayolotga, badiiy to‘qimaga munosib o‘rin beradi. Ayni vaqtda yozuvchi tasvir fokusidagi tarixiy shaxsni uni qurshab turgan voqelikni ko‘rsatuvchi hujjatlardan uzmagan holda tekshirishni istaydi. Natijada, ijodkor xayolotini bir hujjatdagi ma’lumot bilan boshqasini bog‘lash, muvofiqlashtirish maqsadida yo‘naltirish zaruriyati paydo bo‘ladi.

Pirmat Shermuhammedovning hujjatli prozasidagi tarixiy shaxslar nafaqat Turkiston, balki jahon tarixida qanchalar mashhur va qomusiy bilimga ega daho kishilar bo‘lmasin, ular hamisha vatanga intilgan, uni qo‘msagan, jahoniy shonu va shohona mulku davlatdan ko‘ra otamakon bag‘rida yashashnigina emas, balki o‘lishni ham saodat bilgan, ko‘pincha shunga erisholmaganidan armonda ketgan zotlar sifatida tasvirlanadi. Muallifning ma’rifiy qissalariga xos yana bir qirra, mening nazarimda, ularning nomlanishida partsellyatsiyaga amal qilinganidir. Partsellyatsiya asarning “Dahoning tug‘ilishi yoxud Abu Rayhon Beruniy qismati” tarzida ikki bo‘lib nomlanishi va nomning bir qismi ikkinchisiga izoh vazifasini o‘tashidir. Partsellyatsiya yo‘sinida nomlash muallifning shunchaki boshqacharoq ko‘rinishga urinishidan iborat istak bo‘lib qolmay, badiiy tasvirda asosiy e’tibor nimaga qaratilganiga ishora qilish orqali o‘quvchini muayyan badiiy           maqsadni ilg‘ab olish sari yo‘naltirishga ham xizmat qiladi.

Adib davr nuqtai nazaridan bir zamon va yaqin makonda umr kechirgan tarixiy shaxslarni bir-biriga daxldor qilishga, ularni uchrashtirib, tarixiy shaxsiyatlarni bir-birlarining nazari bilan ko‘rsatishga urinadi. Shu bois Zamaxshariyni Nozomulmulk, G‘azzoliy, Umar Xayyom, Xorazmiyni Buxoriy, Farg‘oniy bilan uchrashtiradi va buning uchun badiiy, hayotiy sabablarni topa biladi. Muallif yirik shaxsga xos jihatlar o‘zga bir yirik shaxsiyat nuqtai nazari bilan ham kuzatilsa, tasvir asosli, estetik to‘xtamlar salmoqli bo‘lishini ko‘zda tutadi.

Yozuvchi hujjatli nasr turida, badiiy-tarixiy yo‘nalishda, ma’rifiy qisqa janrida beshta asar yaratib, muayyan tajriba to‘plagach, 1994 yili yozgan “Buyuk Xorazmiy” ro‘mon-badiasini tubdan qayta ishlab, “Muhammad Xorazmiyning so‘nggi manzili” nomli ma’rifiy qissaga aylantirdi.

Yozuvchining oldingi ma’rifiy asarlarida tarixning shaxsiyatga ko‘chgan manzarasini chizishdan ko‘ra, ilmiy hodisaning tarixi, mazmuni va qamrovini ko‘rsatishga urinish ustuvor edi. Pirmat Shermuhammedov hujjatli nasrining deyarli barcha bosh qahramonlari ilmu fandan bo‘lak narsa bilan ishi yo‘q insonlar sifatida tasvirlanar, ularda na boshpana, na oila, na farzand borligiga urg‘u berilardi. “Muhammad Xorazmiyning so‘nggi manzili” asarida ulug‘ olim uy-joyli, oilali, bola-chaqali, tirikligidayoq dunyo tanigan, suhbatiga tashna bo‘lganlar sanoqsiz alloma, hukmdor saroyida e’tiborga ega amaldor, ayni vaqtda g‘urbatdan, vatan sog‘inchidan ozurdajon inson, yurtiga qaytish orzusini na ayoli va na farzandlariga zo‘rlab tiqishtirishni istamaydigan, ayni mana shu sabab fojiasi yanada ko‘lamli bir shaxs sifatida ko‘rsatilganining o‘zidayoq muallifning tasvirlash tamoyillarida muayyan ijobiy siljishlar bo‘layotgani ko‘rinadi.

Bu asar adibning 1994 yili bosilib chiqqan “Buyuk Xorazmiy” ro‘mon-badiasi bilan solishtirlganda, muallifning hujjatlarni saralash, ularni tekshirish, ma’no chiqarish, to‘xtamga kelish borasida jiddiy tadrijiy yo‘lni bosib o‘tgani seziladi. Agar ro‘mon Muhammadning tug‘ilishi bilan boshlangan bo‘lsa, “Muhammad Xorazmiyning so‘nggi manzili” ma’rifiy qissasi keksa olimning hamishalik armoni bo‘lmish ota yurt Xorazm sari so‘nggi yo‘lga tushishi bilan boshlanadi. Allomaning onasi, yaqinlari, shogirdu safdoshlari obrazlari tasviri ham tamomila yangi tamoyillar asosida amalga oshirilgan. Qissadagi chinakam badiiyat namunasi bo‘lgan: “Kuz faslining so‘nggi kunlari… Havo nam. O‘riklarning barglari qizarib, terak yaproqlari sarg‘aygan. Maysalar shudring bilan qoplangan. Daydi shamol xazonlar bilan o‘ynashadi…

Bag‘dodning janub qismida joylashgan Qatrabbul qo‘rg‘oni… Hamisha mehmonlar bilan gavjum bo‘lib turadigan keng sahnli, tosh devorlar bilan o‘ralgan hovli bugun sukunatga cho‘mgan. Tokchalarda yongan shamchiroqlarning shu’lalari Sheroz gilamlarining naqshlari bilan o‘ynashib, turli manzaralar yasaydi” singari tasvirlar tasavvurni konkretlashtiribgina qolmay, holatni, vaziyatni o‘quvchi ko‘z o‘ngida jonlantira olishi bilan ham qimmatga ega chizgilardir.

Aytish kerakki, qissada aksar to‘qima personajlarning tabiati, ularning fe’l-atvorlari ancha teran ochilgan. Qissa muallifi Xorazmiyni ko‘proq hujjatlarga tayangan holda ko‘rsatishga intiladi. Ammo ba’zan bu taomilga rioya qilmay, tasavvuriga erk berib, “Alloma umrida birinchi bor bulutlarni oyog‘i ostida ko‘rdi. Bu tushuntirish qiyin bo‘lgan ajabtovur holat edi. Baayni borliqning turmush ikir-chikirlariga o‘ralashgan tanasi pastda qolgan-u, yuksakda faqat uning abadiy ruhi uchib yurganday…” kabi tasvirlar yordamida allomaning oddiy kishilar kabi sezimlarga ega shaxs ekanini ko‘rsatadi.

“Muhammad Xorazmiyning so‘nggi manzili” asari bir qator fazilatlarga egaligi bilan o‘zbek hujjatli nasrining yaxshi namunalari qatoridan joy olishiga umid qilgan holda, asarda bir qator tasviriy, ifodaviy kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganidan ko‘z yumib bo‘lmasligini ham ta’kidlash lozim. Chunonchi, asarda kitobxonga ma’lumot beradigan, uning aqliga ta’sir ko‘rsatadigan jihatlar ko‘p bo‘lishiga qaramay, o‘quvchining ko‘ngliga ta’sir ko‘rsatib, sezimlarini muvozanatdan chiqarishga xizmat qiladigan, estetik reaktsiya uyg‘otishga turtki bo‘ladigan tasvirlar kamroq.

Taniqli yozuvchi Pirmat Shermuhammedovning “Muhammad Xorazmiyning so‘nggi manzili” singari ma’rifiy qissa va romanlari ulkan iste’dod va tinimsiz mehnat odamni yuksaltirishini, ammo inson o‘zga makonlarda naqadar ulug‘lanmasin, o‘zining so‘nggi manzili, ko‘nglidan joy olgan makoni bo‘lmish Vataniga intilaverishini bugungi globallashuv girdobida yashayotgan zamondoshlarimiz ruhiyatiga singdirishga xizmat qiladigan asarlar ekani bilan katta ahamiyat kasb etadi.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2011 yil 11-sonidan olindi.