Zuhriddin Isomiddinov. Klon tarjima (2011)

Sarlavhani o‘qib, ajablansangiz ham ajab emas: tarjima ijodiy ish bo‘lsa, bunda klon qurg‘urga nima bor?

Shoshmang-da, azizim. Ilmga shak yo‘q degan gapni eshitmaganmisiz? Qurg‘ur klonlashtirish chiqdiyu turmushning tesha tegmagan sohalarigacha taralib ketdi. Hozir uni o‘z sohasiga tatbiq eta olmagan odam noshud, hayotdan orqada qolgan sanaladi. O‘tli-shudli, epchil, ishbilarmon, abjir odam esa hamma narsaning yo‘lini topadi, qoyillatadi, pirovardida qarasangiz, klon mahsulotini taqdim etib turibdi-da! Nimayam derdik, qandini ursin azamat, deymiz-da. Chunki hayotdan orqada qolgan odamning turmushi ham mundayroq bo‘ladi, unaqalarni birov tanisa, birov tanimaydi.

Kaminangiz qaydayu, klonlashtirish qayda? Bizga aravani jo‘n tortib yurish ham davlat. Holbuki, men ham hayotdan orqada qolmay deyman, ro‘zg‘orimni butlagim keladi. Endi… bizdaqa odam o‘nta ish qiladigan bo‘lsa, shuning sakkiz-to‘qqiztasi natija bermas ekan. Nima qilsam ekan, deb izlana-izlana, Og Mandino degan amirkon olimning “Yaxshi yashash siri” degan kitobchasini bir o‘rtog‘imdan ikki kunga arang so‘rab oldim. G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot uni o‘tgan yili ikki ming nusxada chop etgan ekan.

E xayriyat-e, bor ekan-ku, chorasi ham, topilar ekan-ku!!! — deya hayqirib yubordim-da, uni bosh ko‘tarmay, ya’ni yotvolib o‘qishga tushdim. Kitob degani ana mundoq bo‘pti! Ishi yurishmay, turmush tashvishlaridan zada bo‘lganlarga atalgan retseptlar, maslahatu kengashlar, asar jozibasini oshirish uchun har ikki-uch sahifada muallif yo tanish-bilishlarning boshidan o‘tgan bir chimdimu, bir chekimlik ibratli lavhalarning tizilib kelishini qarang! Har bir qoida alohida fasl qilib beriladi. U fasl boshida taqdim etilgach, bir qancha hangomalar orqali tafsillanadi, pirovardida boyagi qoida yana keladi va u aksioma kabi ko‘ngildan joy oladi.

Bu Og Mandino degani Mandino emas, bir balo ekan, o‘n beshta kitob yozibdi, ular o‘ttizga yaqin tilda ellik million nusxada chop etilibdi va son-sanoqsiz odamlar hayotini yengillashtirishga, ozdir-ko‘pdir ko‘maklashibdi. Ammo yigirma millionlik o‘zbek kitobxoniga ikki ming nusxa kitob nimayam bo‘lardi? Shuni o‘ylab shekilli, rosa bir oy deganda “Davr-press” nashriyoti ham uni yana shuncha nusxada chop etdi. Endi qulog‘ingizga bir gap: shu keyingi nashrdan bir nusxasiga biz ham ilindik.

Yaxshi kitob kishiga ro‘zu shab hamroh erur, deb aytgan ekan bir mashoyix. Shundanmi, yo kitob endi o‘z mulkim bo‘lib qolgani uchunmi, otasi olib bergan yangi velosipedini har soatda artib-surtadigan bolaga o‘xshab, men ham dam-badam uning sahifalariga ko‘z yugurtiradigan bo‘lib qoldim.

Takrorlash — bilimning onasi, deb kim aytuvdi? Otasiga rahmat o‘shaning! Qayta-qayta o‘qiyverib, “Yaxshi yashash siri”dagi har bir jumlani suv qilib ichvordim. Ammo meni lol qoldirgani shu bo‘ldiki, G‘afur G‘ulom nashriyotida chiqqan kitobga mutarjimlar Asror Mo‘min, Bahodir Komil nomi bitilgan bo‘lsa, “Davr-press” kitobining mutarjimi — Nasiba Yusupova ekan! Ammo ikkala kitobning har bir abzats, har bir jumlasi egizaklardek bir xil. G‘alati-a? Mana, duch kelgan sahifani ochib qaraylik:

Har bir yashab o‘tilgan kun hayotingizda ana shunday iz qoldirishi kerak.

Biroq eng muhimi – tongni quvonch bilan qarshi olishda. Bosh chayqayapsizmi? Nachora, bu oddiy mashq ham sizga og‘ir tuyulayotgan bo‘lsa, agar ertalab uyg‘onib, quvonish uchun biron sabab yo‘qligini his qilsangiz, tushkunlikka tushmang. Bu hammaning hayotida bo‘ladi. Shunday kunlar bo‘ladiki, hatto dunyodagi eng quvnoq odamlar ham o‘zlarini qurshagan olam bilan muloqot qilishdan ko‘ra to‘rt devor ichida yolg‘iz qolishni afzal ko‘radilar. “Yomon” kunlar hammada, hatto eng obro‘li siyosiy arboblar, mashhur sportchilar va yirik korporatsiyalarning prezidentlarida ham uchraydi. Hammamiz ham ba’zan gavjum bekatlarda avtobus kutish, qaysar mijozlarga sim qoqish yoki qo‘pol boshliq bilan uchrashish o‘rniga boshimizni yumshoq yostiq ostiga yashirish istagi bilan uyg‘onamiz.(A.Mo‘min, B.Komil tarjimasi, 110 — 111-betlar. Farqli o‘rinlari ostini chizib ko‘rsatdik).

Ushbu sahifaning hammasini pesh tutsam, sizni qiynab qo‘yaman. Shu sababli, uning oxirgi jumlasiga bir ko‘z tashlaylik:

Agar ertalab o‘zingizga nisbatan qattiq achinish hissi bilan uyg‘onsangiz, yangi gazetani olib o‘qing. Faqat birinchi sahifasiga qaramang, aks holda… (111 — 112 b).

Biz esa Nasiba Yusupova tarjimasining 100-sahifasiga qaraylik:

Har bir yashab o‘tilgan kun hayotingizda ana shunday iz qoldirishi kerak.

Eng muhimi, tongni quvonch bilan qarshi olishda. Bosh chayqayapsizmi? Nachora, bu sizga og‘ir tuyulayotgan bo‘lsa, ertalab uyg‘onarkansiz, quvonish uchun biron sabab yo‘qligini his qilsangiz, tushkunlikka tushmang. Bu hammaning hayotida bo‘ladi. Shunday kunlar bo‘ladiki, hatto dunyodagi eng quvnoq odamlar ham o‘zlarini qurshagan olam bilan muloqot qilishdan ko‘ra to‘rt devor ichida yolg‘iz qolishni afzal ko‘radilar. “Yomon” kunlar hammada, hatto eng obro‘li siyosiy arboblar, mashhur sportchilar va yirik korporatsiyalarning prezidentlarida ham uchraydi. Hammamiz ham ba’zan gavjum bekatlarda avtobus kutish, qaysar mijozlarga sim qoqish yoki qo‘pol boshliq bilan uchrashish o‘rniga boshimizni yumshoq yostiq ostiga yashirish istagi bilan uyg‘onamiz (100- bet).

Va boyagi so‘nggi jumla:

Agar ertalab o‘zingizga nisbatan qattiq achinish hissi bilan uyg‘onsangiz, yangi gazetani olib o‘qing. Faqat birinchi sahifasiga qaramang, aks holda… (o‘sha bet).

Qoyilmisiz? Agar sizni yuqoridagi jumlada aytilgan “qattiq achinish hissi” chulg‘ab olmagan bo‘lsa, Nasiba Yusupova telepatiya orqali Asror Mo‘min va Bahodir Komil bilan muloqotga kirishib, shunday ajoyib mo‘jiza — avvalgisiga ikki tomchi suvdek o‘xshash tarjima yaratganini e’tirof etasiz. Salgina tavofut ham yo‘q emas, albatta – dastlabki o‘n-o‘n besh sahifada abzatslarning boshida, jumlalarning avvalidagi kirish so‘zlarda bir-ikkita so‘zlar o‘zgartirilgan. Ikkinchi o‘zgachalik esa “To‘rtinchi qoida” qismidagi bir she’r tarjimasida ko‘rinadi. “Davr-press” nashrida she’r o‘girmasi ostiga “N.Yusupova tarjimasi” deya izoh berilibdi. Tavba, deysiz, butun kitobni N.Yusupova o‘girgani holda, uning ichidagi she’riy parchani ham shu opaxon ag‘darganini alohida darj etish ayni she’rdan o‘zgasini boshqa birov o‘girganini ko‘rsatmaydimi?

Men, nihoyat, bu tarjimalarning biri haqiqiy mehnat mahsuli, ikkinchisi esa uning katta muvaffaqiyat bilan dunyoga keltirilgan kloni(ko‘chirmasi) ekan, degan xulosaga kelib qoldim. Xo‘sh, kim kimdan ko‘chirgan, kim kimning ijod mahsulotini o‘g‘irlab, o‘zlashtirgan?

Har ikkala tarjima nashr etilgan sana orasidagi tavofut atigi bir oy, degan edik. Buncha qisqa vaqt ichida bir qalamkash boshqasining mehnati mahsulini o‘z nomidan chiqarib yuborishi amrimahol, albatta.

Xo‘sh, unda nega N.Yusupova tarjimasini o‘g‘irlik, yoki yumshoq qilib aytganda, tayyor oshga bakovullik, deb atayapsiz, degan savol tug‘ilishi mumkin. Gap shundaki, “Yaxshi yashash siri” kitobi 2009 yili (bir yil avval) Asror Mo‘min va Bahodir Komil tarjimasida “Jahon adabiyoti” jurnalining 6 — 7-sonlarida chop etilgan ekan. Jurnal matnidan bir parcha:

Har bir kuningizni yaxshi niyat asosiga quring. Mavjud yoki xayoliy kamchiliklaringizni o‘ylab g‘am chekmang. Siz — Xudoning bandasi ekanligingiz, har qanday orzuingizni yolg‘iz iroda kuchingiz bilan amalga oshirishga qodir ekanligingizni o‘zingizga tez-tez eslatib turing. Siz hatto qanot chiqarib uchishingiz ham mumkin, faqat shunday qilishga qodir ekanligingizga ishonsangiz bas. Mag‘lubiyatni xayolingizning ko‘chasiga ham keltira ko‘rmang. Shunda dilingizdagi barcha orzularingiz amalga oshadi. Labingizdan tabassum arimasin! (7-con, 184-bet).

Bu parchani “N.Yusupova tarjimasi”ga qiyoslab ko‘rgach, kaminaning ham labidan tabassum arimay qoldi. O‘gitda aytilganidek, mag‘lubiyatni xayolining ko‘chasiga ham keltirmagan mutarjim “Xudoning bandasi” kalimasini “Tangrining quli” bilan almashtiribdi-da, bir yumalab “tarjima muallifi” bo‘lib olibdi. Mana, o‘zingiz taqqoslab ko‘ring:

Har bir kuningizni yaxshi niyat asosiga quring. Mavjud yoki xayoliy kamchiliklaringizni o‘ylab g‘am chekmang. Siz Yaratganning quli ekanligingizni, har qanday orzuingizni yolg‘iz iroda kuchingiz bilan amalga oshirishga qodir ekanligingizni o‘zingizga tez-tez eslatib turing. Siz hatto qanot chiqarib uchishingiz ham mumkin, faqat shunday qilishga qodir ekanligingizga ishonsangiz bas. Mag‘lubiyatni xayolingizning ko‘chasiga ham keltira ko‘rmang. Shunda dilingizdagi barcha orzularingiz amalga oshadi. Labingizdan tabassum arimasin!(67-bet).

2009 yili Asror Mo‘min bilan Bahodir Komil tarjimasi “Jahon adabiyoti” jurnalida bosilib chiqqach, boshqa bir qancha gazetalar ham uni to‘liq yoki qisman ko‘chirib, o‘z mushtariylariga taqdim etgandi. Chunonchi, “Inson va qonun”ning 2010 yilgi 3 — 52-sonlarida mazkur asar ko‘chirib bosilgan. Ammo bu gazetada, N.Yusupova kitobidan farqli o‘laroq, ikki mutarjimning ismi va jurnal nomi halol ko‘rsatiladi.

Endi tarjimadagi bittagina xatoga to‘xtalib o‘tamiz. Og Mandino bu kitobda yaxshi yashashning o‘n yettita qoidasini taqdim etgan. Bu qoidalar aslida jo‘ngina. Masalan, o‘n to‘rtinchi qoida shunday deb boshlanadi (ruschasi): «Vы osuщestvite svoyu velikuyu mechtu, yesli budete dvigatsya k ney den za dnem, poetomu stavte tseli na kajdыy den: ne slojnыe i dlitelnыe proyektы, no neobxodimыe dela, kotorыe shag za shagom privedut vas k vershine radugi».

Bu jumlani Asror Mo‘min va Bahodir Komil shunday deb o‘girishgan: “Agar ulkan orzuingiz sari kundan-kunga to‘xtovsiz intiladigan bo‘lsangiz, unga, albatta, erishasiz. Shuning uchun oldingizga yengil va uzoq muddatga mo‘ljallangan, lekin zarur ishlarni bajarishni maqsad qilib qo‘ying”(106-bet).

Bizningcha, “neslojыy” — “engil” bo‘lishi mumkin, ammo “ne slojnыy” – “engil” degani emas. Ikkinchidan, ana shu “ne…” predlogi “dlitelnыe” so‘ziga ham taalluqli. Ya’ni, “uzoq muddatga mo‘ljallanmagan” demoqchi(Siz eng katta maqsadingizga kunma-kun intilsangizgina erisha olasiz. Buning uchun esa oldingizga har kuni uncha qiyin bo‘lmagan va uzoqqa cho‘zilmaydigan, ammo zarur ishlarni bajarishni vazifa qilib qo‘ying; bu sizni muvaffaqiyat sari qadamba-qadam olib boradi).

Tarjimaning “aybg‘inasi”ni ko‘rsatishdan maqsadimiz tamom bo‘lak: N.Yusupova avvalgi tarjimadagi xatolarni ham bexato ko‘chirib olibdi: “Agar ulkan orzuingiz sari kundan-kunga to‘xtovsiz intiladigan bo‘lsangiz, unga albatta erishasiz. Shuning uchun har kuni oldingizga yengil va uzoq muddatga mo‘ljallangan, lekin zarur ishlarni bajarishni maqsad qilib qo‘ying” 117 — 118- bet).

Shu bois, men pirovardida Og Mandino tavsiya etgan o‘n yetti qoida hali biroz kamligini, hammani qoyilmaqom qilib yashashning siri aslida o‘n sakkizta ekanini payqab qoldim. Sirasini aytganda, buni ishga ijodiy yondashgan “Davr-press” nashriyoti mutarjimi kashf etib, tatbiq qilgan. Ushbu o‘n sakkizinchi qoida shunday: “Birovning narsasini, yoki mehnati mahsulotini o‘g‘irlab olishdan sira-sira xijolat bo‘lmang. Bunda eng muhimi – o‘g‘irlikni bildirmaslik uchun uni boshqa rangga bo‘yang yoki u yer-bu yeriga salgina ishlov berib qo‘ying. Ana shunda oshig‘ingiz olchi bo‘laveradi”.

Men yuqorida bu ikki kitobdan ikki-uch abzats misol keltirdim, xolos. Holbuki, “Davr-press” nashr etgan kitob boshdan-oyoq ko‘chirma ekanini to‘liq isbotlash uchun bu ikkala kitobdagi har bir jumlani pesh keltirish mumkin. Barcha jumlalar, hamma ifodalar, jami o‘xshatish, tashbeh va tasvirlar mutlaqo aynan. Basharti Og Mandinoning o‘zi tirik paytida kitob qo‘lyozmasini yo‘qotib qo‘yib, uni qayta yozib chiqishga uringanda ham buni shunchalik mahorat bilan eplay olmasdi.

Bunday hodisalar shunchaki noxush bir hol emas, u kutubxonalar kataloglari ishini chalkashtiradi, tarjimonlarning mualliflik huquqini poymol qiladi va hokazo. Buning oldini olish uchun ko‘chirmachilarni insofga chorlashdan foyda yo‘q. Yagona chora – nashriyotlar bir-birining tematik rejalarini ko‘rib chiqishiga, muvofiq ish yuritishiga erishishdan iborat. Chunki asosiy maqsad — kitobxon manfaati. Aks holda, kuni kecha yozilgan yoki davomi keyinroq yoziladigan, g‘o‘r, xom-xatala asarlar bugun chop bo‘lib, urchib, yanada ko‘payib keta berishi tayin.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2011 yil 18-sonidan olindi.