Ashurali Jo‘rayev. Daryodil inson edi (2011)

Shoir Mashrab Boboyevni ilk bor “Onamga xat” kitobi orqali taniganman. Aynan shu nomdagi she’rni yod olib, maktab davralarida aytib yurganman. Muallif bilan Toshkentda o‘qishni tugatib, texnologiya bilim yurtida ishlab yurgan paytda rahmatli ustozim Ne’mat Aminov orqali yuzma-yuz ko‘rishib, tanishganman. Bir safar Ne’mat aka, Mashrab Boboyev bilan bilim yurtimizga kelishgan. O‘sha paytda G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyotida mashhur rus adibi Valentin Katayevning “Xayol chechaklari” kitobi Mashrab Boboyev tarjimasida nashr etilgan edi. Kitobni qo‘ldan qo‘ymay yutoqib o‘qib chiqdim. Asar yozish uslubi, mavzusi, mazmun-mundarijasi bilan qiziqarli bo‘lib, ko‘p kitobxonlarni o‘ziga jalb etgan edi. Tarjima shu qadar ravon, shu qadar jozibali ediki, go‘yo V.Katayev uni o‘zbekcha yozganday edi. Keyinchalik yozuvchi Xayriddin Sultonovning ushbu tarjima mohiyatini teran ochib beradigan yaxshi maqolasi chop etildi.

Birinchi uchrashuvdayoq Mashrab aka bilan suhba­timiz chiqishib, gapimiz-gapimizga to‘g‘ri kelib, aka-uka bo‘lib qoldik. Bu o‘zaro iliq munosabat u kishining umrlarini oxirigacha davom etdi.

Mashrab Boboyevdan kamina ko‘-o‘p yaxshiliklar ko‘r­­di. O‘sha o‘tgan asrning 80-yillarda 2-Toshkent un zavodiga qarashli bir xonali barakda oilam bilan yashardik. Ahvol nihoyatda og‘ir va achinarli edi. Biz yashaydigan xonaning devorlarida kalamushlar bemalol yurardi. Ancha yelib-yugurishlardan so‘ng kaminaga Sergelidan to‘qqiz qavatli uyning sakkizinchi qavatidan kvartira berishdi. Uyni Ne’mat akaning mashinasida Mashrab aka bilan birga borib ko‘rdik. Yangi uy ularga ham yoqdi. Men uyning ishxonamga uzoqligini, kvartiraning balandligini gapirganimda Mashrab aka:

– Avvalo uyni berganiga shukur qiling. So‘ng bu uyga mehr qo‘ying, Ashurboy, – dedilar.

U kishining ana shu bir og‘iz ibratli so‘zi bilan uyga astoydil mehr qo‘yib, shu uyda o‘n uch yil yashadik. Ba’zan yo‘lning olisligi, haftalab liftning ishlamasligi asabga tegsa, darhol Mashrab akaning mehr haqidagi gapini eslab, yumshardik…

Yana bir unutilmas yaxshilik. 1983 yilda ustozim Ne’mat Aminov bilan Mashrab Boboyev kaminani “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasiga ishga tavsiya qilganlar. O‘shanda taniqli ijodkor Mamatqul Hazratqulov gazetaning mas’ul kotibi edi. Ular meni Mamatqul akaga, Mamatqul aka esa yana bir mashhur ustozimiz Odil Yoqubovga tavsiya etgan. Shu bilan mening Toshkentdagi sarson-sargardonligimga, uzoq chekkan azob-uqubatlarimga chek qo‘yilib, o‘n yil kutgan orzuim amalga oshdi. Tahririyatga ishga qabul qilindim. Bu yaxshiliklari uchun ulardan bir umrga minnatdorman. Iloyo, ikkovlarining ham joylari jannatda bo‘lsin!

Mashrab Boboyev katta shoir, ajoyib dramaturg va mohir tarjimon edi. Mashrab akaning she’rlari kutilmagan tashbehlari, obrazli misralari, betakror manzaralari va hayotiyligi bilan hali-hanuz o‘quvchilarni hayajonga solib keladi. U ona yurtimiz – O‘zbekistonni yuksak mehr bilan qalamga oladi:

O‘zbekiston, ona Vatan, dardingni olay!
Bilmasang ham Mashrab kimu, yumushi nadir,
U ham senga jonin fido qilmoq uchun shay.
Sanoqda yo‘q millionlar qatoridadir.

Mashrab aka qanchalar vatanparvar bo‘lsa, yurtparvar bo‘lsa, shunchalar do‘stparvar, insonparvar ham edi. Do‘sti juda ko‘p edi. Mashrab aka bilan bir ko‘rishgan, suhbatlashgan yo davrada o‘tirgan inson u kishining do‘stiga aylanardi. Mudom yaxshi odamlar bilan do‘st tutinardi, ular bilan do‘st bo‘lishga intilardi. U do‘stning qayg‘usiga sherik bo‘lar, yaxshi kunlaridan quvonchga to‘lardi. Do‘stlarga sadoqatni, vafoni, mehr va oqibatni Mashrab Boboyevdan o‘rganish kerak. Ayniqsa, Mashrab akaning ustoz Ne’mat Aminov bilan aka-ukachiligi, qadrdonligi havas qiladigan darajada ibratli edi. Ular xuddi tug‘ishgan qarindoshlarday yaqin edi. Oilaviy bordi-keldilari bor edi. Hatto farzandlarining tug‘ilgan kunlarini ham birga nishonlashardi. Mashrab aka Ne’mat akamni o‘z akasiday yaxshi ko‘rardi. Agar Ne’mat akamning yurti Buxoroda biror tadbir yo ma’raka bo‘lsa, albatta, Mashrab aka borib qatnashardi. Yoki Mashrab Boboyev tug‘ilgan Payariqda to‘y-ma’raka bo‘lsa, albatta, Ne’mat akam boshchiligida borardik. Ana shunday bordi-keldilar tufayli Payariqdan juda ko‘p qadrdonlar, do‘stlar orttirdik. Bunday safarlarda ijodkorlardan Nusrat Rahmat, Saydi Umirov, Mamatqul Hazratqulov, Asad Dilmurod, Ziyodulla Nurmatov, Orziqul Ergash, Norto‘xta Qilich va boshqa hamkasblarning birga bo‘lishlari davramizga fayz bag‘ishlardi. Joylarda bo‘ladigan uchrashuvlar qiziq o‘tardi. Bir safar Payariqqa borganimizda Ismoil al-Buxoriy qabrlarini kechasi borib ziyorat qilganmiz. Sho‘ro davrida ancha tashlandiq ahvolga kelib qolgan buyuk avliyo qabrlarini kunduz kuni borib ziyorat qilish baloga qolish bilan barobar edi. Ollohga shukr, mustaqillik tufayli Buxoriy qabri obod bo‘lib, ulkan majmua qad rostladi. Eng muhimi, bu ulug‘ bunyodkorlikni Ne’mat Aminov ham, Mashrab Boboyev ham ko‘rib, qayta-qayta ziyorat qilib ketishdi.

Mashrab aka bilan tez-tez viloyatlarga ijodiy safarlarga ham borib turardik. Bir gal 1985 yilning 9 mayida Farg‘onaga bordik. Guruhimizdagi ustoz adiblar – Said Ahmad, Hamid G‘ulom samolyotda ketishdi. Biz – Mashrab Boboyev, Yoqubjon Xo‘jamberdiyev, shoir Shaydo va kamina mashinada jo‘nadik. Mashrab aka bilan uzoq yo‘lda yurishning ham o‘ziga xos gashti, mazasi bor edi. Qamchiq dovonining va tabiatning xushmanzara joylarida to‘xtab, bir pas dam olib yo‘l yursak ham mo‘l yurib, manzilga yetib bordik. Dastlab Oltiariq, Buvayda tumanlarida uchrashuv bo‘ldi. Rishtondagi katta bog‘da bo‘lgan uchrashuvdan oldin urush qahramoni – mashhur Mamadali Topiboldiyev qabrini ziyorat qildik. O‘sha kuni Belorussiyadan ham u kishini xotirlab, bir guruh mehmonlar kelgan ekan. Mehmonlar asosan Belorussiyadagi Topiboldiyevka degan qishloqdan ekan. Har yili kelisharkan.

Tadbirga shoir akamiz Yo‘ldosh Sulaymon rah­bar­­­ligidagi farg‘onalik ijodkorlar ham kelib qo‘­shil­dilar. O‘rtada Mashrab Boboyev boshlagan tabrik she’rga ulandi va mushoira boshlandi. Bir payt kaminaga ham so‘z berildi. Shunda Mashrab Boboyevning qo‘lidagi “Bag‘ishlov” kitobini olib, davra o‘rtasidagi mikrofonga borib, bayram tilaklarini aytib, kitobdagi “Muin Bisisu” she’rini baland ovozda o‘qidim. Ushbu kattagina she’r:

Millatni kim yo‘qotdi, qizim?
Millatni kim yo‘qotdi, kim?

misralari bilan boshlanib, shu misralar bilan tugaydi. She’rni o‘qib bo‘lgach, oxirida ichkilik ta’siridan bo‘lsa kerak o‘zimdan qo‘shib: “Millatni politbyuro yo‘qotdi”, deb aytib yuborganman. Bu so‘zlar mikrofondan shunday jaranglab eshitildiki, davradagilarning ranglari o‘chdi.

Davra suv quyganday jim-jit. Biz bilan o‘tir­ganlarning ko‘pchiligi bir zumda quyon bo‘lishgan. Meni ham joyimga o‘tqizishmasdan u yerdan tezroq olib ketishgan. Ko‘zimni ochganimda oltiariqlik bir tanishimiznikida yotgan ekanman. Shunda Mashrab aka ko‘nglimni ko‘tarib:

– Endi afsuslanishdan foyda yo‘q. Aytilgan gap aytildi. Hammasi yaxshi bo‘ladi. Parvo qilmang, Ashurboy, – dedi.

Safar tugab, dovondan o‘tayotganimizda shaxsan Mashrab akaning tashabbusi bilan mening “qahra­mon­ligim”ni yuvdik. Toshkentga kelganimizdan so‘ng ham Mashrab aka kun ora telefon qilib, ahvol so‘rab turdi. Oradan bir hafta o‘tgach: “Endi hech gap bo‘lmaydi”, – dedi Mashrab aka qat’iy qilib. Haqiqatdan ham hech gap bo‘lmadi. Chunki o‘sha davrlarda oshkoralik shabadasi esa boshlagandi…

Endi bir gapni yozmasam bo‘lmaydi. Go‘yo Mashrab aka haqidagi xotiralarga nimadir yetishmayotganday bo‘ladi. U kishi yaxshigina ulfat edi. Ziyofatlarda “kam-kam, lekin tez-tez” degan iborani takrorlashni yaxshi ko‘rardi, davradagilar bilan yayrab, yashnab o‘tirardi. Lekin o‘zini o‘ylamas, sog‘lig‘ini ayamasdi. “Otamga xat” nomli she’rida o‘zi bunga iqror bo‘lib, shunday deb yozadi:

Odamning tabiati lekin juda g‘alati,
U doim taqiqlangan narsaga o‘ch bo‘ladi.
Ichma dedingiz – ichdim, chekma dedingiz – chekdim.
Ketma, dedingiz – qalbim sayoqlik qutquladi…
Yaxshi hamki, boshqa gap aytmagansiz, otajon,
Barchasining aksini qilarmidim ehtimol…

Mashrab aka ochiq ko‘ngil va mard odam edi. Ba’zan nojo‘ya gapirib qo‘ysa, darhol tan olardi va o‘sha zahoti uzr so‘rardi. U kishining “uzr, endi jon do‘stim, uzr” degan iborasi do‘stlar orasida ommalashib ketgandi…

Bu gaplarni eslamasak, Mashrab Boboyev haqidagi xotiralar go‘yo chala bo‘lib qolardi. Bu bilan Mashrab Boboyev ichkilikka rujo‘ qo‘ygan edi, degan fikrdan yiroqmiz. O‘tgan asrning 80-yillarida turli soha ijodkorlari, ayniqsa, rassomlar, kompozitorlar, yozuv­chilar, aktyorlar, kinematografchilar orasida “jin­day-jinday” olib suhbatlashish, fikr almashish urfga aylangan edi. To‘g‘rirog‘i, sobiq tuzumning sitamkor siyosatidan va bu siyosat o‘tkazgan zug‘umlardan yengil bo‘lish uchun hasratlashib, dardlashib olishardi. Davralarda, uchrashuvlarda aytolmayotgan fikrlarini bir-biriga aytib yengil bo‘lishardi. Ba’zan shunchaki fikrlashish jarayonining o‘z-o‘zidan jiddiy bahs-munozaraga aylanishi qadahlar sonini ham ko‘payib ketishiga olib kelardi. O‘sha davrlarda bunday xilvatlarda ruhni yengillashtirish odatlari ham tamoyilga kirgan edi. Bu ham ziyolilikning bir “ko‘rinishi” hisoblanardi. Afsuski, g‘arb va rus ijodkorlari ta’sirida kirib kelgan bunday “ichkilik va ijodkor” qo‘shma hamkorligi ko‘plab iste’dodlarni xarob qildi. Jumladan…

Mashrab Boboyev ajoyib she’riy kitoblar yaratish bilan birga dramaturgiya sohasida samarali ijod qildi. Uning “O‘ttiz yoshlilar”, “Er tomiri”, “Gurung” singari dramalari mamlakatimizning katta teatrlarda sahnalashtirilib, repertuarlardan tushmay keldi.

Mustaqillik yillarida Mashrab Boboyev ijodining yangi sahifalari ochildi. Ajoyib she’rlar, turkum maqolalar va teletomoshabinlar tomonidan qizg‘in kutib olingan “Ko‘ngil ko‘chalari” nomli ko‘p qismli videofilm stsenariysini yozdi. Bu asar muallifga katta shuhrat olib keldi.

Katta shoir, dramaturg va tarjimon Mashrab Boboyev nihoyatda beg‘ubor va samimiy, odamlarga yaxshilik qilib charchamaydigan daryodil inson edi. Oxiratlari obod bo‘lsin!