Ibrohim G‘afurov. Tarjimada aniqlik kerakmasmi? (2010)

Tarjima boshdan oyoq ijodiy soha: xoh ilmiy, xoh badiiy tarjima bo‘lsin, u doimo ijodiy xarakterga ega. Ijod yaratilish bilan bog‘liq. Shuning uchun uning o‘ziga xos stixiyasi mavjud. Stixiyasiz ijod yo‘q. Shu bilan birga, ijodkorlikning o‘z tartib-nizomlari, qonun-qoidalari, nazariyalari ishlangan, belgilangan, chegaralari aniqlab chiqilgan. Tarjimaning tuzuk-quruq nazariy qoidalari XIX asrdan e’tiboran ishlana boshladi. To‘la nazariya tusini u faqat XX asrning yigirmanchi yillaridagina oldi. Tarjima nazariyasi va tarjimashunoslik fan sohasi sifatida shakllandi va shu asrda juda shiddat bilan ravnaq topdi. San’atshunoslik fanining behad qiziqarli sohalaridan biri ekanligi ma’lum bo‘ldi.

Hozirgi paytda dunyoda tarjima nazariyasining lingvistika, sotsiolingvistika, kognitiv lingvistika bilan chambarchas bog‘langan yo‘nalishlari barq urib rivojlanmoqda. Dunyo universitetlarida rang-barang qiziqarli tadqiqotlar olib borilmoqda. Bular naqadar ilmiy-nazariy jihatdan jozibali sohalar ekanligi O‘zbekiston Jahon tillari universitetida va O‘zbekiston Milliy universitetida keyingi ikki-uch yil ichida o‘tkazilgan tarjima nazariyasi va amaliyoti muammolari bilan bog‘liq ilmiy konferentsiyalarda o‘qilgan rang-barang ma’ruzalarda o‘z ifodasini topdi. Professor Gulandom Boqiyeva va professor Abduzuhur Abduazizov yetakchiligida o‘tgan bu ilmiy konferentsiyalar tarjima nazariyasi va uning qiyosiy, kognitiv lingvistika bilan uzviy bog‘langan muammolarini yechish ustida olib borilayotgan tadqiqotlar ilmiy sohaning muhim yo‘nalishlarini qamrab olayotganligini yaqqol ko‘rsatdi. Bu e’tiborli ilmiy konferentsiyalarning materiallari alohida to‘plamlar holida nashr etilgani tarjima nazariyasi sohasida yuzaga kelgan bo‘shliqni to‘ldirdi va tadqiqotlar o‘tkazishga qiziqishlarni jonlantirdi. Tarjima amaliyoti va uning nazariyasi muammolari bo‘yicha qiziqishlarni “O‘zAS” gazetasi, “Jahon adabiyoti” jurnali, “Filologiya muammolari” (O‘zDJTU ilmiy jurnali) sahifalarida birmuncha muntazam suratda yoritilayotgan turli materiallar ham jonlantirmoqda. “Jahon adabiyoti” jurnalining “Tarjima maktabi” ruknida ancha izchillik bilan yoritilayotgan materiallar zamonaviy tarjimalar tahlillari naqadar zarur ekanligini ayon ko‘rsatmoqda. Ammo juda ko‘p tarjimashunoslik muammolari hali qavat-qavat qalashib turibdi. Taniqli tarjimashunos olim Nosir Qambarov ularning ayrimlariga diqqat-e’tiborni qaratadi: “O‘zbekistonda chet tillardan mutaxassislik sifatida o‘rgatiladigan tillarni inobatga olsak, shu paytgacha ingliz, frantsuz, nemis va ispan tillaridan o‘zbek tiliga tarjima qilishning lingvistik asoslari ishlab chiqilmagan… Qilingan tarjimalarning tahlili yo‘qligi uchun aksariyat nashr etilgan lug‘atlarda so‘z ma’nolari va ularning ma’no nozikliklari e’tibordan chetda qolgan…”. Nosir Qambarov shu bilan birga, yana ikkinchi bir muhim ahamiyatli masalani ham tilga olib o‘tadi. U tarjima tahriri asoslari ishlab chiqilmaganligi va bunga mutlaqo e’tibor berilmayotgani, tarjima tahriri bo‘yicha bironta ham qo‘llanma yozilmaganligiga diqqatni qaratadi. Haqiqatan ham, hozirgi kunda chiqayotgan tarjima asarlarni o‘qiganda g‘o‘r, shira-shakarsiz, o‘ta g‘aliz, pala-partish jumlalarga har qadamda duch kelish mumkin. Bu lingvistika, stilistika, sintaksis, uslub qoidalarini yaxshi o‘rganmay turib yeng shimarib tarjimalarga kirishib ketilayotgani, tarjimaga nisbatan oson ish, deb mensimay qaralayotganining natijasidir. Ko‘p tarjimonlar o‘ziga xos iboralar, joylar nomlari, ismlar, idoralarning atamalari — realiy deb ataladigan xos milliy hodisalarni aniq qanday o‘girish to‘g‘risida yetarli tasavvur va bilimga ega emaslar. Xuddi shunday hollarni frazeologizmlar, idiomalar — turg‘un birikmalarni o‘girish tajribalarida ham kuzatish mumkin. Ayrim tarjimashunoslar esa o‘tgan asrning elliginchi-oltmishinchi yillari materiallari va qarashlaridan hali ham nari siljimaganlari ko‘zga tashlanib qolmoqda. Chet el adiblari, chunonchi, Balzak, Defo to‘g‘risida yaxshi niyat bilan ularni hozirgi o‘zbek o‘quvchilariga tanishtirish uchun maqolalar yoziladi. Lekin bu adiblarning o‘zbek tiliga tarjima qilingan asarlari, ularni kim, qachon tarjima qilganligi, tarjimalarning sifati va saviyasi qanday bo‘lganligi haqida bir og‘iz ham ma’lumot yo‘q. Unda nima uchun yozildi bu maqolalar? Olimlar, qalamkashlar tarjima bo‘yicha davra suhbatlarida so‘zlar aytishadi, lekin hech kim muayyan tarjima asari va uning tajribasi haqida aniq gap, fikr aytmaydi. Allaqachon ma’lum bo‘lgan quruq gaplarni olib qochish hozir kimga kerak va nima foyda beradi?

O‘n yildan beri “Jahon adabiyoti” jurnali chiqadi. Qanchadan-qancha jahon adabiyotining juda qimmatli namunalari o‘zbek tiliga ag‘darildi. Lekin ularning tahlili yo‘q. Yolg‘on bo‘lmasin, yaqinda “Jahon adabiyoti”ning 2009 yil sentyabr sonida Ortiqboy Abdullayev va Xolmat Samadovning «Zakovat” xazinasiga ilk qadamlar” degan yaxshi haqiqiy tahliliy maqolasi chiqdi. Unda Plutarx, Sitseron, Platon asarlarining o‘zbek tiliga qilingan tarjimalari batafsil ilmiy kuzatildi va e’tiborli mulohazalar o‘rtaga qo‘yildi. Holbuki, tarjima tahlili va tarjima matnlari tahriri masalalarini muntazam ko‘zdan kechirib borish, ilmiy xulosalarni o‘rtaga tashlash tarjimachilikni rivojlantirish, uning saviyasini yuqoriga ko‘tarish uchun g‘oyatda zarur. Albatta, bunday o‘ta aktual ishlarning o‘chog‘i “Jahon adabiyoti” jurnali hamda adabiyot, san’at gazetasi, umuman, adabiy-badiiy nashrlar bo‘lmog‘iga talab nihoyatda kuchli. Tarjimashunoslikning yangi pog‘onaga ko‘tariladigan payti yetgan.

Tadqiqotchi Muattar Jo‘rayeva “Tarjimon chizmakash emas, rassom!” sarlavhasi ostida maqola e’lon qildi (“JA”, 2009, 10-son). Maqolani o‘qib, birdan o‘zimni elliginchi yillardagi tarjima muhitiga borib qolganday, eski dardlarim yangilanganday his qildim. Maqolada tadqiqotchi atoqli adib va tarjimon Asqad Muxtorning tarjima hamda tarjimashunoslikka qarashlarini eskiz tariqasida yoritadi. U Asqad Muxtorning elliginchi yillardagi bir maqolasida bildirilgan “Tarjimondan aniqlik talab qilmang. U chizmakash emas, rassom!” degan o‘sha zamon uchun yorqin shiddatli so‘zlarini keltiradi va uni asosan o‘zining ayrim mulohazalarini tasdiqlash ma’nosida bayon etadi.

Qanday yaxshi! Ammo tarjimani ijodkorlik deb qarash undan aniqlik talab qilmaslik kerak ekan-da, degan ma’no chiqarishga hech qachon asos bermaydi. Tarjimadan agar aniqlik, nazariya tili bilan aytganda, adekvatlik talab qilinmasa, bu tarjimonni butunlay noto‘g‘ri yo‘nalishga olib kirib ketadi. Aniqlik talab qilmaslik tarjimada istagancha yo‘rg‘alashlar va “olib qochishlar”ga — ayniqsa, she’riy tarjimalarda — sabab bo‘ladi va yo‘l ochadi. Aniqlik har qanday tarjimaning bosh mezoni. Aniqlik bo‘lgandagina ekvivalentlik va uning turlari ravshan tus oladi. Aniqlik bilan ekvivalentliklar bir-birlari bilan g‘oyatda nozik bog‘lanishlar bilan chirmashib ketadi. “Anna Karenina”da Levin Anna haqida uni o‘ziga yaqin olib o‘ylaydi. Shu o‘ylar ichida bir jumla o‘tadi: “jenshinu, kotoruyu nelzya bыlo inache nazvat, kak poteryannoyu…”.

Boshni qattiq qotiradigan jumla. Qancha variantlar tuzish mumkin. Mirzakalon Ismoiliy “poteryannoyu” so‘zini o‘ylab-o‘ylab “yo‘ldan ozgan”, deb tarjima qilishga to‘xtaydi. Anna eridan ajrab, “yo‘ldan ozgan”. Ko‘p o‘tmay Vronskiyning muhabbati ham soxta ekanligini sezadi, undan batamom ko‘ngli soviydi, yana “yo‘ldan ozadi”. Jamiyat ichida boshqalar o‘ziga aslo lozim ko‘rmagan xatti-harakatlarni qiladi, chunki “yo‘ldan ozgan”…

Bu jihatdan mavjud tarjima yaxshi. Ammo o‘ylab qarasangiz, L.N.Tolstoy bunday demoqchi emas. “Yo‘ldan ozgan” deyish bu — qoralash, ayblash. Tolstoy hech qachon o‘z suyukli qahramonini bunday deb yalang‘och ayblamasdi. Hech qachon! Xo‘sh, unda nima? Tolstoy bu so‘z bilan Anna shu iztirobli vaziyatlarda es-hushini yo‘qotib qo‘ygan, sarang bo‘lib qolgan edi, demoqchi. U, haqiqatan ham, esi og‘ib to‘g‘ri yo‘lini topolmay qolgan ayol. Tinimsiz og‘ir o‘ylar, orzularining ro‘yobga chiqmaganligi uni shu ko‘yga solgan. Shu yerda aniqlik talab qilmasak, “yo‘ldan ozgan”ni hazm qilib ketaverishimizga to‘g‘ri keladi. Bu yerda esa, ayni Tolstoyning ruscha so‘ziga mos, muodil ekvivalentlarni qidirib ko‘rish, ta’rifga mos ta’rif topish naqadar maroqli. Tarjima mana shunday hodisalari bilan sof ma’nodagi ijod. Shu romanda Tolstoy ishlatgan “razvod” so‘zi “taloq” deb o‘giriladi. Qabul qilsak bo‘ladimi? Yo‘q. Bo‘lmaydi. Chunki “taloq” sof islom shariati tushunchasi. Uni Karenin va Kareninaga nisbatan qo‘llab bo‘lmaydi. Bu yerda universalroq “ajralish” tushunchasini ishlatish o‘rinli bo‘ladi. Xos so‘zlar tarjimasi juda nozik. Bu yerda sof aniqlik talab etiladi. Aniqlikka erishib bo‘lmaydigan noyob o‘rinlarda esa aniqlikka yaqinlashish kerak.

Tadqiqotchi Begoyim Xolbekova “She’riy tarjima mezoni” sarlavhali tahliliy maqolasini e’lon qildi (“JA”, 2009, 11-son). Keyingi o‘n yil ichida she’riy tarjimalar haqida e’lon qilingan noyob chiqishlardan biri. Tadqiqotchi o‘z muhokamalarida mashhur tarjimon va bolalar shoiri Samuil Marshakning bir zamonlar aytgan “…she’rni tarjima qilish mumkin emas. Har safar she’riy tarjimaga istisno sifatida qaralishi lozim”, degan fikrga suyanadi. Marshak shunday kutilmagan bahsli fikrlarni ko‘p aytgan. Lekin bu shoirona fikrlar aslo ilmiylikka da’vo qilmaydi. Har qanday she’riy asarni tarjima qilish mumkin. Tarjima qilib bo‘lmaydigan tekst yo‘q. Faqat hamma vaqt o‘ta qunt, yurak qo‘ri, zo‘r hafsala va predmetga muhabbat kerak. Biz shunday xususiyatlardan tug‘ilgan benihoya go‘zal she’riy tarjimalarni bilamiz. Begoyim maqolada juda qiziq she’riy misollarni tahlil etadi. Shotland shoiri Berns o‘z navqiron do‘sti Robert Andersonga bag‘ishlangan o‘tkir bir she’rida do‘stining sochlarini zog‘day qop-qora deb o‘xshatgan ekan. Begoyim bunday o‘xshatish shimol shoiri uchun juda tabiiyligini aytadi. Lekin uning tahlilicha Marshak bu she’rni rus tiliga tarjima qilib, o‘xshatishni “mumday qora”ga aylantiribdi. Qozoq shoiri bu she’rni Marshak tarjimasiga asoslanib, qozoq tiliga o‘girganda “ko‘mirday qora”, deb olibdi. Marshak matni asosidagi o‘zbek tiliga tarjimada esa bu o‘xshatish “tunday qora” tusiga kiribdi. Tadqiqotchi tarjimalarda yuz bergan bu o‘zgarishlarni milliy koloritdan kelib chiqib izohlashga va oqlashga intiladi. Ammo keling, mulohaza qilib ko‘raylik. Berns oppoq yuzli yigitchaning to‘sday qop-qora sochi va uning jingalalari peshonasida to‘lqinlanib turganini chizyapti. Tasavvur etsangiz, oq chehra uzra to‘lqinlangan qora sochlar haqiqatan zog‘ga — qanotini yozib yotgan zog‘ga o‘xshaydi. Tarjimonlar esa, bu obraz bizning o‘quvchilarimizga tushunarli bo‘lmaydi, degan sub’ektiv mulohaza bilan shoir obrazidan voz kechib, uning she’riga o‘z go‘zal obrazli ifodalarini kiritishgan. Natijada she’rning asl milliy koloritiga putur yetgan, she’rning original obrazli dunyosi buzilgan. Agar qunt va muhabbat bilan o‘girilganda edi, shoir obrazining ma’nosi saqlangan, shotlandcha dunyoqarash va farosat anglashilgan, she’r shotland shoirining she’riday qabul qilingan bo‘lardi. Hozirgi holida esa Bernsning yarmigina qolgan tarjimada. Bunday olib qochishlar, o‘zidan qo‘shishlar she’riy tarjimalarda ko‘p uchraydi. Ularning sababi tarjima qilib bo‘lmaslikdan emas, ixlos va e’tiborning yetishmasligidan. Marshak boshqa bir tarjimasida she’r matniga Bernsda mutlaqo bo‘lmagan Sulaymon payg‘ambar obrazini kiritib yuboradi. Bu esa, shotland shoiri asarida o‘ta qovushmagan bir holatni vujudga keltiradi. O‘zboshimchalik tarjimada og‘ir xatolarga olib boradi. Bu esa, aniqlik talab qilmaslikning natijasi.

Aniqlik talabiga rioya qilinmasa, tarjimada mas’uliyatsizlik yuzaga chiqadi. Tarjimalardagi til g‘aribliklari ham ana shu mas’uliyatsizlikdan. Albatta, tarjima nazariyasi printsiplari “temir qonun” emas. Nazariya nisbiy, shartli qoidalarni bayon etadi. Ularga ijodiy qaramoq joiz. Ularni bilmoq va ijodiy yondoshmoq tarjimonni turli mas’uliyatsizliklardan, xom-xatala ishlarni tarjima, deb atashdan saqlaydi.

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining 2010 yil 8-sonidan olindi.