Abdusattor Jumanazar. Matn va… butun savolga yarimta javob (2010)

“Mabdai nur” va “Kimyo” asarlari muammosi tufayli Boborahim Mashrab tarixiga doir birlamchi va eng muhim manbalardan biri sifatida “Tazkirai qalandaron” asariga e’tibor qaratilgandi. Taxminga ko‘ra, u “Qissai Mashrab” va boshqa manbalarga nisbatan ishonchliroq dalillarga serob bo‘lishi kerak edi.

Bu asarni Muhsin Zokirov ilmiy muomalaga kiritib, u haqda: “XVII—XVIII asrlarda yozilgan tarixiy manbalar Mashrabning hayoti va ijodiy faoliyatini mufassal o‘rganishda bir qator chalkash fikrlar tug‘diradi. Ammo Ishoq Bog‘istoniy qalamiga mansub “Tazkirai qalandaron” asarining topilishi bir qancha chigal muammolarni aniqlash va ular to‘g‘risida dadil fikr yuritish imkoniyatini vujudga keltirdi,” deb yozadi (Erk va ma’rifat kuychilari; Tazkirai Qalandaron).

Rostdan ham u Boborahim Mashrab hayoti va ijodiga aniqliklar kiritdimi?

Bu asarga to‘qnash kelib men hayron qoldim. Tekshirishlar uning asl matni yo‘qligini ko‘rsatdi. Undan ayrim parchalar M.Zokirovning “Erk va ma’rifat kuychilari” (1984) asari hamda “Sharq yulduzi” jurnalida “Tazkirai qalandaron” (1990) nomi bilan chop etilgan ekan. Abdurashid Abdug‘afurov, Abduqodir Hayitmetov, Ismatulla Abdullayev kabi yirik mutaxassislar bu “manba”dan chetlab o‘tishni ma’qul ko‘radilar. Ularning bunga to‘la haqqi bor edi. Chunki ular ko‘rib, o‘rganib, tahlil qilishi lozim bo‘lgan va mazkur soha talablariga javob beradigan manbaning o‘zi yo‘q edi.

Bunday munosabatga qaramay, so‘nggi 20 yil mobaynida u mashrabshunoslikda Maliho Samarqandiyning “Muzakkir ul-ashob”i va mashhur “Qissai Mashrab”dan ham muhimroq manba darajasiga ko‘tariladi. Ma’lumotlari oldingi safga chiqa boshlaydi. Bir kuni imtihonlarga tayyorlanayotgan maktab o‘quvchisi menga “Ma’naviyat yulduzlari” va “Adabiyot” (Umumiy o’rta ta’lim maktablarining 9-sinf uchun darslik-majmua) kitoblarini ko‘rsatdi.Ularda Boborahim Mashrabga oid ikki xil ma’lumot berilgan edi. Gangib qolgan o‘quvchi ularning qay biri to‘g‘ri ekanini so‘radi. Boshim qotdi. Chunki ulardan birovini to‘g‘ri deyishga yetarli asosim yo‘q edi…

9-sinf adabiyot darsligida Mashrab haqida shunday deyiladi: “Oldinlari Mashrab 1640 yoki 1647(1657 yozilsa to‘g‘ri bo‘lardi — A.J.). yillarda tug‘ilgan deb hisoblanar va bu ma’lumotlar qator ilmiy manbalarda ko‘rsatilgan ham edi. Bog‘istoniyning “Tazkirai qalandaron” asarini sinchiklab o‘rganish natijasida aniqlangan keyingi ma’lumotlarga ko‘ra Boborahim Valibobo o‘g‘li Mashrab 1653 yilda Namanganda kosib oilasida tug‘ilgan” (Q.Yoldoshev, V.Qodirov. J.Yoldoshbekov. Adabiyot. T., Yangiyol Poligraph strbice, 2006 y.,123.)

Test sinoviga abituriyentlarni tayyorlovchi qo‘llanmalarda ham xuddi shunday gaplar takrorlangan ekan (S.Matchanov, SH.Saraiyev. Adabiyot (Oliy oquv yurtlariga kiruvchilar uchun metodik qollanma). T., Yurist-media markazi, 2010 y., 172.).Bu mazkur asarning jamiyatda birlamchi manba bo‘lib, mustahkam o‘rin topganini ko‘rsatadi. Biroq “tazkira”ni o‘qiganimda unda Boborahim Mashrabning 1653 yili, yana Namanganda va yana kosib oilasida tug‘ilganini tasdiqlovchi biror ma’lumot uchramadi. Buning ustiga tazkirani manba sifatida o‘rganuvchini uning matni juda noqulay vaziyatda qoldirarkan… Bu ishda qo‘lyozma nusxa yo‘qligi tadqiqotchi imkoniyatlarini qirqib qo‘yadi. Asarga manba xulosasini berib bo‘lmaydi. Lekin uning ikkita nashri va ularga tushuntirishlar borligi uni tadqiqot maqomida o‘rganish uchun izn beradi. Shu tariqa, ikki nashr matnlarini qiyosiy qarab, undagi ma’lumotlardan foydalanishga urindik.

M.Zokirov bu asar turkiy (o‘zbek) tilida yozilgani to‘g‘risida gapirib o‘tadi. U arabiy yozuvdan kirilchaga aylantirilgan. Tarjima emas. Bu holda ikki matn so‘zsiz mos tushishi lozim. Lekin M.Zokirov negadir asarning o‘zidagi bor matnini “Sharq yulduzi”ga ham to‘liq bermagan ekan. Sahifani esa, o‘quvchida katta umid uyg‘otib, “Tazkirai qalandaron” nomi bezab turibdi. “Erk va ma’rifat kuychilari”dagi: “Boborahim asli Andijondin bo‘lub, irodati tahsil umidida Namanganga doxil bo‘lmishdi. Boborahim Andigonning Alakchiyon elatig‘a mansub mulla Vali xezimkash (o‘tinkash) farzandidur”, deb boshlanuvchi ma’lumot, Mashrab va To‘ti bekachning ishqiy mojarosi kabi hikoyatlar jurnal nashriga kirmay qolgan. Mashrabning Bozor oxund dargohidan quvilishi, Mahmud Qatag‘on tomonidan qatl etilishi kabi ikki nashrda ham uchraydigan boshqa lavhalar matnlarida jiddiy tafovutlarga duch kelamiz. Mashrab va Bozor oxund janjalida so‘zlarning rindona atvori – rind tabiati, Boz ustig‘a mo‘rolog‘ich Maymoq so‘fi – Oxiri Maymoq so‘fi, Boborahimni orog‘a olib – Rahimboboni orog‘a olib, bisyor ozurda – bag‘oyat ozurda, iloji qolmamish – ilojiqolmadi tarzida turlicha qo‘llanishi har qanday tajribali matnshunosni bu matnga yo‘latmaydi. Gap tuzilishida ahvol bundan ham achinarli. Buni ikki nashrning qariyb boshdan oxirigacha kuzatish mumkin. Matnda buncha ko‘p farqni ko‘rib, mabodo bu ish tarjima emasmikan, deb ham o‘ylagandik. Afsuski, u tabdil. Mazkur nashrlar birlamchi manba bo‘la oladimi? Tarixiy matn tahrir qilinmaydi. Bir necha nusxalar asosida tanqidiy matn tuzilishi mumkin. Bu yerda matnshunoslik qoidalariga mutlaqo rioya etilmagan. Matn istalgancha tahrir qilingan… Balki olimlarni undan yiroqlatgan sabablardan biri shu hamdir? M.Zokirov esa: “Bu asar Mashrab hayoti va ijodiy faoliyatiga taalluqli ishonchli hamda g‘oyat muhim tarixiy ma’xaz (ilk manba) bo‘lib qolishi o‘z-o‘zidan ayondir”, deb uni kitobxonga taqdim etadi. Tadqiqotchi mazkur qo‘lyozma 87 varaq, 41 bob va uning 11 bobi Boborahim Mashrabga bag‘ishlangani haqida xabar berib, varaqlarni o‘zi raqamlaganini ta’kidlaydi. Jurnal nashrida esa, biror matn qo‘lyozma nusxaning qaysi betidan olingani ko‘rsatilmaydi.

Tazkira voqealari qurilishi kichik sahna asarini eslatadi. Garchi Mashrab “valiyulloh” deb ta’riflansa-da, matnda tasavvufga aloqador hech narsa yo‘q. Uni bu sohadan ancha uzoq odam yozgani seziladi. “Qissai Mashrab”da majzubhol Oshiqni, tazkirada Abdulla Qahhor asarlaridagi inqilobdan oldingi baxtsiz va chorasiz kimsaga o‘xshash shaxsni ko‘ramiz. Fe’lning qolmamish, etmish, bormish, topmish, so‘zlamish kabi shakllarda qo‘llanishi XX asr o‘zbek adabiyotidagi tarixiy-badiiy asarlar tiliga yaqinroq. Muallif Mashrabning 10 yilga yaqin hamrohi edi. Lekin u o‘zi guvoh bo‘lgan va hamxonasining shaxsiyati, so‘fiylik holini ochib beradigan biror xos lavha keltirmaydi. Barcha naqllar Pirmat Setoriy tilidan rivoyat qilinadi. Matn bilan tanishgach, nima balo, tazkira 200 yil oldin sho‘rolar buyurtmasi bilan yozilganmi, deb hayron ham qolasan. Ehtimol, matnning bunday xususiyatlarga ega bo‘lishi tadqiqotchi xizmatidandir.

Muhsin Zokirov “Erk va ma’rifat kuychilari” asarida Boborahim Mashrab hayot yo‘li va ijodi haqida mulohaza yuritib, “Mabdai nur” hamda “Kimyo” masalasiga ham to‘xtaladi. Qo‘lida “Tazkirai qalandaron”dek “manba” bo‘la turib: “Demak, endilikda “Mabdai nur”ning muallifi Ro‘ziboy Hofizi Mashrabi Soniy ekanligi mutloq ravshan bo‘lib qoldi”, deya qat’iy qarorga keladi. Tazkirada ham “Mabdai nur”ga tegishli qiziqarli ma’lumot borligi to‘g‘risida hatto bir so‘z aytmaydi. Biroq oradan olti yil o‘tib, birdan shu asarning jurnal nashrida: “Mashrabi majzubning tabarruk ash’or daftarlarin va o‘z dastxati ila kitobot qilmish “Mabdai nur”, “Kimyoyi saodat” dostonlarin xurjunidan olib, faqir nazarig‘a kelturdi”, degan ma’lumot paydo bo‘lib qoladi. Bu barcha o‘quvchilar va, ayniqsa, mutaxassislar uchun uzoq kutilgan, jar solib hayqirishga arziydigan katta Yangilik edi! Tadqiqotchi esa, negadir, buni sezmaganga oladi. Nashr so‘zboshisida bu haqda yana lom-mim demaydi. Shu bilan muammo dabdurustdan, tinchgina xotima topgandek bo‘ladi. Bu sirtdan qaraganda va manbalardan xabarsiz o‘quvchiga shunday ko‘rinardi… Mazkur muammoga aralashib qolgan har bir tadqiqotchi, hatto ular o‘zaro zid fikrlarda bo‘lsa ham, ich-ichidan ilmiy jihatdan mutlaqo qoniqarli yechim istaydi. Mutaxassisga bu asarlar qaysi Mashrabniki ekani emas, haqiqiy ahvolning ochilishi muhim va o‘quvchiga bahsning qanday yakun topishi qiziq…

Endi tahlil yo‘nalishini bir oz o‘zgartirib, asarga shubhalarsiz nazar solamiz. Bundan buyog‘i bizni ko‘proq undagi ma’lumotlar qiziqtiradi.

M.Zokirovning ta’kidlashicha, tazkirah. 1130 yili jumodul avval oyining 15-kuni tugallangan. Bog‘istoniy esa: “Faqirul haqirning ushbu ojizona bitiklari hijratning 1130 sanasida, mohi jumodul avvalda ihtimomig‘a yetdi”, deb xabar beradi. Bu paytda muallif 60 yoshga kirgan ekan. Mazkur ma’lumotlar tazkiraning milodiy 1718 yili 15 aprelda tugallangani va Ishoq Bog‘istoniy h. 1070 yili (m. 1660) tavallud topganini bildiradi. U “Qur’oni sharif”, “Mushkvot ul-masobih”, “Sahihi Buxoriy” asarlarini o‘rganib, tariqat ilmidan saboq olish uchun “20 yoshlarida Mullo Bozor Oxundning dovrug‘ini eshitib”, Namanganga boradi. Bu 1679 yil oxiri — 1680 yil boshlariga to‘g‘ri keladi. U Bozor Oxund madrasasida Boborahim Mashrab bilan 7 yil birga tahsil oladi. Tazkiraning boshi va “birinchi lavha”da Bog‘istoniy buni alohida ta’kidlaydi. Talabalik davri oxiri va ularning ajralishi 1687 yilga to‘g‘ri keladi. Bog‘istoniy qishlog‘iga jo‘nab, bir yildan so‘ng (1688) yana qaytib kelganda Mashrab Koshg‘arga ketganini eshitadi. Tazkirada uning 7-8 yil Ofoq xoja huzurida xizmatda bo‘lgani aytiladi. Bu ma’lumotlar Mashrabning 1694—1696 yillar orasida Andijonga qaytganini ko‘rsatadi. U safardan kelganda betob onasi vafot etadi. Bog‘istoniy: “Birodarim Boborahimning modari pokizalarining janozalarida bo‘ldim”, deb u bilan uchrashganini hikoya qiladi. So‘ngra Mashrab, Pirmat Setoriy va Bog‘istoniy birgalikda bir qancha shahar va o‘lkalarni kezib chiqadi. Bog‘istoniy ulardan ayrilib, qishlog‘iga yo‘l oladi va u yerda maktabdorlik bilan mashg‘ul bo‘ladi. Oradan 20 yil o‘tib, Setoriy uning qishlog‘iga boradi va Mashrabning o‘limi haqida xabar keltiradi. Ishoq Bog‘istoniy tazkirada o‘zi va Mashrab hayot yo‘lini shunday tasvirlaydi.

Voqea shu taxlit kechgan bo‘lsa, Mashrabning Koshg‘ar o‘lkasi va qalmoq dashtlarida o‘tgan 18 yillik sargardonligi, 1689—1690 yillardagi Maliho Samarqandiy bilan uchrashuvi, onasining 1690 yili vafot etishi va fanda e’tiborli sanalgan yana bir qancha ilmiy ma’lumotlar taqdiri nima bo‘ladi? M. Zokirov xuddi shu tadqiqotida Bozor Oxundni 1678 yili vafot etgan, deydi. Mashrab esa, 1680—1681 yili uning dargohidan quvilib, Ofoq xoja huzuriga ketganmish?! Tazkira matni va M.Zokirov tadqiqotida bunday chalkashliklar shu tariqa davom etaveradi… Bog‘istoniy: “Faqir madrasa ta’limin ixtimomig‘a yetkazub, o‘z kentim Bog‘istonda joynishin bo‘lmishmen”, deb yozadi. M.Zokirov tazkiraga asoslanib: “Nihoyat, ular uch kishi: Mashrab, Pirmat Setroiy va tazkira muallifining hamrohligida yo‘lga chiqib, Xo‘jand, O‘ratepa, Shosh (Toshkent), Sayram va Turkiston viloyatlarini kezib chiqadilar. Mashrab va Pirmat Setoriy Movarounnahr tomon yo‘l oladilar, Ishoq Bog‘istoniy esa o‘z kenti Bog‘istonga qaytib, shu yerda turg‘un bo‘lib qoladi”, deb xabar beradi. Asarda Pirmat Setoriyning Mashrab o‘limidan 8 yil keyin 60 yoshida (1719 yili) vafot etgani ko‘rsatiladi. Tazkira 1718 yil 15 aprelda tugallangan bo‘lsa, qanday qilib unda 1719 yilgi voqealar haqida gap ketishi mumkin?

* * *

Fursatdan foydalanib, Boborahim Mashrabning yoshi va vafotiga doir ma’lumotga to‘xtaylik. “Erk va ma’rifat kuychilari”da keltirilgan matnda Mashrab qatli: “Andog‘ ma’lum bo‘lmishkim, Mashrabi valiyullohqatli muddatinda tavalludlaridin ellik sakkiz sana kechub erdi”, deb ko‘rsatiladi va M.Zokirov unga: “Agar Ishoq Bog‘istoniyning “Ofoq Xo‘ja vafotidan 18 yil keyin, 58 yoshida qatl etildi” qaydini bunga taqqoslansa, masala yanada aniq bo‘ladi”, deb qo‘shimcha qiladi.

Jurnal nashrida: “Alqissa, ramazoni sharifni o‘n yettinchi kuni bavaqti namozi jum’adin so‘ng Shoh Mashrabni Mansurvor siyosat dorig‘a tortmushlar. Andog‘ ma’lum bo‘lurki, qatli om muddatinda tavalludlaridin ellik yetti sana kechub erdi,” deyiladi. Bu sanalar, albatta, o‘quvchini 1711 yilga yetaklab borayapti. H. 1123 yil ramazon oyining 17-kuni milodiyda 1711 yil 29 oktyabrdir. Ammo… matnda yana ixtilof! Mashrab qatl etilganda 58 yoshmidi yo 57? Jurnal nashriga asoslansak, Mashrabning yoshi milodiyda 55 va tavalludi 1656 yilning o‘rtalariga to‘g‘ri keladi (1123—57=1066). Maktab darsligi va qo‘shimcha o‘quv qo‘llanmalarda ko‘rsatilgandek, 1653 yil emas. 58 yoshi (m. 56) hisobga kiritilsa, u 1655 yili tug‘ilgan bo‘ladi.

Bu maqolada Mashrab tavalludi bo‘yicha bahs yuritmoqchi emasmiz. Niyatimiz, M.Zokirov uqtirganidek, tazkiradan Boborahim Mashrab haqida dadil fikr yuritish imkoniyatini topish edi. Ammo u Mashrabga doir boshqa manbalardagi ishonchli ma’lumotlarni yo‘qqa chiqarishi, matndagi farqlar, tili va matn ichidagi ma’lumotlarning o‘zaro mos tushmasligi bilan va’da qilingan imkonni bermadi. Tajribali yirik manbashunoslar bu manbani chetlab o‘tgani ham bizni hayron qoldirgandi. Ish jarayonida buning sababini tushungandek bo‘ldik.

Endi bunday xato, asosi bo‘sh ma’lumotlar darslik va qo‘shimcha o‘quv qo‘llanmalariga kirib qolishi tashvishlanarli. Oliy o‘quv yurtlari test sinovlari savollari javobida ham xuddi shu ma’lumotlar bo‘lsa kerak…

Bu “manba” asta-sekin keng tarqalib, haqiqiy manbalarni ilm maydonidan surib chiqarsa nima bo‘ladi? Shunday qorong‘i mavhumlik bilan Boborahim Mashrab tarjimai holini yoritmoqchimizmi? Darsliklar yozilishidan oldin ma’lumotlar obdon ilmiy mehnat chig‘irig‘idan o‘tkazilmaydimi?

Imtihonga tayyorlanayotgan o‘sha o‘quvchining savoli maqola oxirigacha boshimda charx urdi: “Bu ma’lumotlarning qay biri to‘g‘ri?”. Hozircha savolning yarmiga javob berishim mumkin: “Darslikdagi emas!”.

* * *

Ish tugagandi. Keyingi mavzu xayoli bilan qo‘limga endigina tushgan “Islom tasavvufi manbalari” (“O‘qituvchi” nashriyoti, 2005) kitobini varaqlardim. Bu ajoyib to‘plamni domla Hamidulla Boltaboyev nashr ettirgan ekan. Qarasam, unda bir qancha mo‘tabar va ishonchli manbalar matnlari qatorida “Tazkirai qalandaron” ham turibdi…

Abdusattor Jumanazar,

O‘zR FA Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti ilmiy xodimi

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining 2010 yil 43-sonidan olindi.