Navoiyning hududsiz olami (davra suhbati) (2010)

Muhtaram Yurtboshimiz “Yuksak ma’naviyat — yengilmas kuch” asarida hazrat Alisher Navoiyning ijodini o‘rganish ma’naviyatimiz yuksalishining muhim omili ekanligini ta’kidlab, shunday yozadilar:

“Ta’bir joiz bo‘lsa, olamda turkiy va forsiy tilda so‘zlovchi biron-bir inson yo‘qki, u Navoiyni bilmasa, Navoiyni sevmasa, Navoiyga sadoqat va e’tiqod bilan qaramasa.

Agar bu ulug‘ zotni avliyo desak, u avliyolarning avliyosi, mutafakkir desak, mutafakkirlarning mutafakkiri, shoir desak, shoirlarning sultonidir.

Inson qalbining quvonchu qayg‘usini, ezgulik va hayot mazmunini Navoiydek teran ifoda etgan shoir jahon adabiyoti tarixida kamdan-kam topiladi. Ona tiliga muhabbat, uning beqiyos boyligi va buyukligini anglash tuyg‘usi ham bizning ongu shuurimiz, yuragimizga avvalo Navoiy asarlari bilan kirib keladi”.

Istiqlol davrida ulug‘ shoirimiz shaxsiga, merosiga e’tiborning nechog‘li baland ekaniga barchamiz guvohmiz. Ayniqsa, mustaqillik yillarida navoiyshunoslikda erishilgan yutuqlar, bu sohaning istiqlol davrida yangi bosqichga ko‘tarilgani ulug‘ shoir ijodining har bir muxlisi uchun qadrli, albatta. Ulug‘ bobokalonimiz shaxsi, ijodiga ko‘rsatilayotgan yuksak hurmat, e’tirof hammamizning ko‘nglimizni faxr-iftixor tuyg‘ulari bilan to‘ldiradi. Shu bilan birga, hozirgi paytda hazrat Alisher Navoiy ijodiyotini tadqiq, talqin va targ‘ib qilishda olimlar, tadqiqotchilar oldida qanday muhim, dolzarb vazifalar turibdi, degan masala ham ko‘pchilikni qiziqtirishi tabiiy.

Ijodiyoti bamisoli cheksiz ummondek bu muhtaram zotning shaxsini, har bir asarini, ijtimoiy-siyosiy faoliyatini o‘rganish, hozircha nazardan chetda qolib kelayotgan jihatlariga e’tibor qaratish navoiyshunoslar oldida turgan g‘oyat muhim vazifalardandir.

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” haftaligi Navoiy ijodini o‘rganish bo‘yicha keyingi paytda amalga oshirilgan ulkan ishlarni ta’kidlagan holda, oldimizda turgan vazifalarga oydinlik kiritish maqsadida bir guruh taniqli adabiyotshunoslarni davra suhbatiga chorladi. Suhbatda navoiyshunos olimlar — Suyima G‘aniyeva, Yoqubjon Ishoqov, Ibrohim Haqqul, Shuhrat Sirojiddinov, Nurboy Abdulhakim, Qodirjon Ergash va Karomat Mullaxo‘jayeva ishtirok etdi.

Suyima G‘ANIEVA: — Istiqlolgacha bo‘lgan navoiyshunoslikning cheklangan tomonlari ko‘p edi. Masalan, diniy mavzular, tasavvufiy mavzular chetlab o‘tilardi. Lekin shunga qaramasdan Navoiy haqidagi ma’lumotlar jamlangan, o‘rganilgan.

Bugungi davr, mustaqillik sharofati bilan erishilgan ilmiy, ijodiy erkinlik navoiyshunoslik oldiga ham yangi talablarni, vazifalarni qo‘ymoqda. Ana shu vazifalardan kelib chiqsak, navoiyshunos kadrlar tayyorlashga jiddiy e’tiborni qaratish zarur. Yosh tadqiqotchi qo‘lyozmalarni, mumtoz adabiyot namunalarining matnlarini bemalol o‘qiy olishi kerak. Bu ishlarni jonlantirish uchun hozir yaxshi harakatlar qilanayotir. Chunonchi, navoiyshunoslik va mumtoz adabiyotimizning boshqa mavzulari bo‘yicha oliy maktablarda maxsus kurslar o‘qitilayapti, amaliy, nazariy masalalar yuzasidan saboqlar berilayotir. Biroq, afsuski, mumtoz adabiyotimiz, xususan, Alisher Navoiy ijodi bo‘yicha talabalarga puxta bilim beradigan yetuk, maxsus kurslarni talab darajasida o‘ta oladigan mutaxassislarimiz juda kam. Xullas, maxsus kurslarni o‘qiydigan bilimdon domlalar kerak.

Navoiy ijodini o‘zidan oldin o‘tgan shoirlar ijodiga qiyoslab o‘rganish, uning turli janrlardagi asarlarini, badiiy san’atini o‘rganish yaxshi, albatta. Lekin Navoiyni hozirgi zamon bilan bog‘lab o‘rganish masalasi oqsab qolgan. Milliy universitet, Fanlar akademiyasi bilan hamkorlikda Navoiy ijodi bo‘yicha yetuk darsliklar tayyorlashimiz kerak. Bu ishlarni har kim o‘zicha qilsa, biryoqlamalikka yo‘l qo‘yilishi ehtimoldan xoli emas. Buni navoiyshunos olimlar hamkorlikda, hamfikr bo‘lib amalga oshirishlari lozim.

Shu o‘rinda sizlarni xursand qiladigan bir xabarni aytib ketmoqchiman. 1957 yildan buyon bo‘lib o‘tgan Navoiy ijodini o‘rganishga bag‘ishlangan ana’naviy ilmiy konferentsiyalarda o‘qilgan ma’ruzalar mavzulari alohida kitob bo‘lib chiqayotir.

Xullas, navoiyshunoslik ilmini yangi, yuqori bosqichga ko‘tarish uchun yangicha sa’y-harakatlar avj olishi bugunning talabidir.

Yoqubjon ISHOQOV: — Suyima opa qisqa aytib o‘tdilar, haqiqatan, mustaqillikkacha ham navoiyshunoslikda birmuncha ishlar amalga oshirilgan, xayrli ishlar qilingan. Qolaversa, Navoiy asarlarining nashrlarini tayyorlab chop ettirish, ayrim dostonlarining nasriy bayonlarini chiqarish ham ustoz navoiyshunoslarimiz, atoqli adiblarimizning jonbozliklari, mehnatlari samarasi edi. O‘sha nashrlarning ayrimlaridan bugungi kunda ham foydalanib kelyapmiz.

Biroq o‘sha davr sharoiti yo‘l bermagani bois, ayrim nashrlar muayyan qirqartirishlar bilan chiqdi. Bu kabi kamchiliklardan tashqari, Navoiy asarlarini talqin qilishda rus adabiyotshunosligining qoliplari ishga solingan. Misol uchun, Navoiyning estetik qarashlari tadqiq etilgan bir ishning o‘nlab joyida “dohiy”laru rus yozuvchilarining adabiy qarashlariga ishoralar qilinadi, ularning fikrlariga tayaniladi. Bu, albatta, o‘sha davr taqozosi edi. Zero, o‘sha vaqtda na maktablarda, na oliy o‘quv yurtlarida Sharq poetikasi o‘qitilardi. Adabiyot nazariyasiga doir ma’lumotlarni ham rus adabiyotshunoslarining kitoblaridan olardik. Shunday ekan, mumtoz adabiyotimiz, xususan, Navoiy asarlari tahliliga mutlaqo mos kelmaydigan qoliplar bilan yondashilgan.

Bugungi asosiy talab shundaki, oliy o‘quv yurtlarining gumanitar fakultetlari, hatto maktablarda ham Sharq poetikasi maxsus o‘tilishi kerak. Sharq poetikasini puxta bilmay turib Navoiy ijodini tushunib talqin qilish qiyin. Biz Navoiy ijodini tushunib talqin etish uchun Sharq poetikasinigina emas, shoir yashagan davrdagi ijtimoiy-falsafiy oqimlargacha bilishimiz kerak.

Bu davrada yosh navoiyshunoslarni tarbiyalash haqida gapirildi. Men qo‘shimcha sifatida, yosh tadqiqotchilarga Sharq poetiksini puxta o‘rgatishni asosiy masalalardan biri sifatida qo‘yish kerak, deb o‘ylayman. Ikkinchidan, ular Navoiy davridagi falsafiy, ijtimoiy, hatto diniy oqimlar haqida puxta bilimga ega bo‘lishlari shart. Qolaversa, tarixni, etnografiyani, eng muhimi, Navoiy salaflarining asarlarini bilishlari zarur. Chunki Navoiyni qiyoslaganda uning ulug‘ligi yaqqol ko‘rinadi.

Ibrohim HAQQUL: — Keyingi o‘n-o‘n besh yil mobaynida navoiyshunoslik harqalay o‘zining yangi o‘zanini topdi, oldin e’tibordan chetga surilib kelingan ko‘p mavzular tadqiqi bilan boyidi. O‘zFA Til va adabiyot instituti mumtoz adabiyot bo‘limi xodimlari diqqat-e’tiborni ko‘proq Navoiy ijodiyotiga qaratib, shoirning she’riy, nasriy, ilmiy asarlari tahlil va talqiniga bag‘ishlangan ishlarini maqola, risola, kitob shaklida e’lon qilib turishibdi.

Olis zamonlarda yaratilgan mumtoz adabiyot namunalarini to‘g‘ri, ishonarli usullarda tadqiq-talqin etish oson emas. Bugungi kun odamiga eski matnlarda ifodalangan har qanday fikr farqli ta’sir o‘tkazib, o‘zgacha taassurot uyg‘otishi tabiiy. Shuning uchun adabiy matnlarni yuzaga keltirgan davrning ijtimoiy-madaniy hayoti, fikr-qarashi, mulohaza-mushohada tarziga asoslanib, she’r yozilgan zamondagi ma’no va mohiyat doirasida so‘zga nigoh tashlashni hamma ham eplayvermaydi. Qadimiy so‘zlar bugun aynan ishlatilgani bilan, aytaylik, ularning Navoiy she’rlaridagi istilohiy, ramziy-majoziy mazmuni ko‘p hollarda nisbatan boshqa va “qatlam”li. Chunki Alisher Navoiy yashab, qalam tebratgan dunyo bilan hozirgi odam yashayotgan dunyo butunlay farqli. Demak, faqat o‘zi yashayotgan davr tushunchasi, haqiqat va hukmlari ila Navoiy matnlarini qo‘lga olib, o‘qiganda nimani anglab, nimani ko‘rsa, ularni shunga binoan baholash soxtakorlikni chuqurlashtiradi. Mabodo mendan: “Navoiyshunoslikning eng dolzarb va sharafli vazifasi hozir nima?”, deb so‘rashsa, muxtasar qilib: “Navoiyni Navoiydan yiroqlashtirmay tadqiq va talqin etish”, deya javob berardim. Chunki sho‘ro davrida Navoiy ijodiyotini tekshirishda yo‘l qo‘yilgan eng jiddiy xato va nuqsonlar xuddi ana shu talabga rioya qilinmaganidan tug‘ilgan. Bugun uni yozib bo‘lmaydi, buni gapirish mumkin emas, degan ta’qib va cheklovlar yo‘q. Lekin Navoiyning Ruhoniyat, Mohiyat, San’at dunyosiga erkin kirib borishga kuch-quvvat yetishmayotganligi har qadamda seziladi.

Navoiy ijodiyotini o‘rganish, targ‘ibu tashviq etish, eng avvalo, ko‘ngil va muhabbat, iste’dod va mushohada malakasi. Hayotdan uzilgan, voqelikka nihoyatda keng nigoh bilan qarolmagan kishi Navoiy asarlarining qadr-qimmatini juda arzonlashtirib yuboradi. Navoiyni o‘qiganda, uning har bir kalimasi, obrazi, har bir misrasida hammaga ham nasib bo‘lmaydigan anglash hayajoni, nafosat zavqi ifodalanganini, albatta, hisobga olmoq lozim. Toki she’r tili — tafakkur tili, go‘zal ma’naviyat tili ekanligi bilinsin. Ma’no, mantiq, mushohada madaniyatini tinimsiz ravishda Navoiydan o‘rganish zarur.

Atoqli turkshunos Lev Gumilyov bir maqolasida olimning taqdiri bilan “ilmiy xodim”niki o‘zaro muvofiq kelmasligini gapirib, “Ilmiy xodim ko‘p o‘qiydi, keyin esa, boshqalarning fikrini o‘ziniki qilib bayon etib beradi”, deydi. Navoiyshunoslikda mana shunaqa chechanlik va qiyofasizlik tomir yozib ketmasligi kerak, deb o‘ylayman.

Kim qanday va qaysi nigohda qaramasin yoxud o‘rganmasin, Navoiyning shaxsiyatida ham, she’riyatida ham hech nima o‘zgarmaydi. Farq va o‘zgarish munosabatda, nuqtai nazar va bilimda. Bundan Navoiyga biror foyda yo ziyon bormi? Yo‘q. Foyda ham, ziyon ham Navoiy ijodi bilan qiziquvchilarniki. Ulardan birlari o‘zicha bilib, tushunib so‘zlasa, boshqa birovlari mohiyatga hech yaqin bormasdan gapiradi. Chinakam muxlis va muhib esa, tog‘ tepasida turib pastdagilarning ahvolini kuzatayotgan sokin orifga o‘xshaydi. Navoiyshunos birinchi galda shunday zotlar oldida mas’ullikni yodda tutmasa, adashadi.

Qodirjon ERGASh: — So‘nggi bir necha o‘n yillar davomida o‘zbek adabiyotshunosligi, shu jumladan, navoiyshunoslik salmoqli yutuqlarni qo‘lga kiritdi. Bu muvaffaqiyatlarda uzoq yillardan beri Navoiy ijodini tadqiq etib kelayotgan katta avlod vakillarining ham, o‘rta avlodga mansub olimlarning ham, ular yoniga kelib qo‘shilgan yosh kuchlarning ham o‘ziga yarasha hissasi bor.

Navoiyshunoslikning yutuqlari deganda, biz, eng avvalo, buyuk shoir ijodining ilgari o‘rganilmagan jihatlarini o‘rganishga, Navoiy ijodining yangi qirralarini ochib berishga qaratilgan tadqiqotlarni ko‘zda tutamiz. Zamon taqozosi, mafkura yoki boshqa sabablar tufayli o‘rganilmagan yoki biryoqlama talqin etilgan jihatlar, asarlar Navoiy ijodiy merosida, uning lirikasida ham, etik asarlarida ham, nasriy merosida ham mavjud edi va bugungi navoiyshunosligimiz ana shu jihatlarni o‘rganishga, navoiyshunoslikdagi ushbu bo‘shliqni to‘ldirishga muhim, dolzarb vazifa sifatida qaradi va mazkur yo‘nalishda tadqiqotlar yuzaga keldi.

Bundan tashqari, oldindan mavjud bo‘lgan yo‘nalishlar bo‘yicha ham tadqiqotlar davom ettirildi, ularning ayrimlari kengaytirildi. Jumladan, Navoiy poetikasi, asarlarining badiiy xususiyatlari, obrazlar sistemasi, tili, shoirning badiiy mahorati masalalariga bag‘ishlangan yangi tadqiqotlar yaratildi.

Yutuqlar haqida gap ketar ekan, navoiyshunoslar amalga oshirgan ulkan bir ishni tilga olmaslikning iloji yo‘q. Bu Alisher Navoiy asarlarining yigirma jildlik to‘plamining nashr etilishidir. Ushbu nashr ulug‘ shoir ijodiy merosini deyarli to‘liq qamrab olgani bilan ajralib turadi. Ilgarigi nashrlarda, shu jumladan, Navoiy asarlari o‘n besh jildligida ham qisqartirib berilgan bir qancha asarlar yigirma jildlikda to‘laligicha o‘quvchilarga yetkazib berildi. Bu nashrni hech ikkilanmay navoiyshunosligimizning katta yutug‘i, o‘zbek xalqining madaniy hayotidagi katta voqea sifatida baholash mumkin.

Navoiyning ayrim asarlari alohida-alohida ham nashr etildi. Bu o‘rinda ulug‘ shoirning “Arbain”, “Nazm ul-javohir”, “Munojot” asarlari nashrini, uning forsiy qasidalari nasriy tarjimasi bilan bosilib chiqqanini yoki “Munojot” asarining hozirgi tilimizdagi bayoni chop etilganini eslatib o‘tish mumkin.

Navoiyshunosligimizning yutuqlari va muvaffaqiyatlari, eng avvalo, ana shu yuqorida tilga olingan ishlar bilan belgilanadi va ular, bizning nazarimizda, o‘zbek navoiyshunosligi keyingi yillari yangi pog‘onaga ko‘tarilganligidan dalolat beradi.

Shu bilan birga, hali Navoiy ijodini tadqiq etishda ancha muammolar, hal qilinishi lozim bo‘lgan dolzarb vazifalar mavjud.

Biz, avvalo, ulug‘ shoirning hayot yo‘li va faoliyatini yanada chuqurroq o‘rganishimiz lozim. Shoir biografiyasida ham hali yetarlicha yoritib berilmagan jihatlar bor. Xususan, Navoiyning 1469 yilgacha, ya’ni Husayn Boyqaro taxtga o‘tirib, Navoiy davlatda muhim bir mavqeni egallashiga qadar bo‘lgan davrdagi hayoti va faoliyatining ko‘p jihatlari biz uchun qorong‘i bo‘lib qolmoqda. Navoiyning shoir va shaxs sifatida shakllanishida muhim o‘rin tutgan Mashhad davri yoki uning Mashhaddan qaytgach, Hirotda o‘tkazgan kunlari, shu davrdagi faoliyati chuqurroq va atroflicha yoritilishga muhtoj.

Navoiyning davlat, siyosat, jamoat arbobi sifatidagi faoliyatini tadqiq etish ham muhim yo‘nalishlardan biri bo‘lib qolmoqda. Keyingi izlanishlar shundan dalolat beradiki, buyuk shoir va mutafakkirning bu sohadagi faoliyati juda ulkan, keng ko‘lamli bo‘lgan; shu sababli mazkur yo‘nalishda oldin yaratilgan tadqiqotlar uning barcha jihatlarini qamrab olgan, deb bo‘lmaydi. Navoiy siyosat arbobi sifatida faqat Xurosonda emas, butun mintaqada katta obro‘ va ta’sirga ega bo‘lgan. Tarixiy manbalarda uning Xuroson — Iroq, Xuroson — Movarounnahr munosabatlarida katta rol o‘ynagani, ular o‘rtasidagi munosabatlarni yaxshilash, mintaqada tinchlikni saqlashga katta hissa qo‘shganini ko‘rsatuvchi ma’lumotlar mavjud. U hozirgi O‘rta Osiyo, Afg‘oniston, Eron xalqlari tarixida, ularning siyosiy, madaniy, adabiy hayotida o‘chmas iz qoldirgan. Bularning barchasi mazkur yo‘nalishdagi tadqiqotlarni kengaytirish va chuqurlashtirishni taqozo etadi.

Buning uchun, birinchi navbatda, Navoiy yashagan davrni, uning o‘ziga xos xususiyatlarini o‘rganish zarur. Xususan, mana shu davrga oid tarixiy manbalarni o‘rganish, tarixiy sharoit, siyosiy, adabiy va madaniy hayotni tadqiq etish lozim. Zero, bu — Navoiyning ana shu jarayonlardagi o‘rni, ishtiroki va xizmatini yanada yaqqolroq tasavvur etishimizga imkon yaratadi. Bu o‘rinda Mirxond va Xondamir asarlarini nashr etishning, hech bo‘lmaganda, Husayn Boyqaro va Abusaid mirzo hukmronlik qilgan davrga bag‘ishlangan qismlarini e’lon qilishning o‘ta zarurligini ta’kidlashni istardim.

Davrni chuqur va atroflicha o‘rganish faqat Navoiy faoliyatini tadqiq etish nuqtai nazaridan emas, boshqa jihatdan ham, ya’ni uning ijodini o‘rganish nuqtai nazaridan ham muhimdir. Busiz shoir ijodini anglab yetish mumkin emas, zero, unda davr tafakkuri, qarashlari, ruhi o‘z aksini topgan.

Bir og‘iz gap yana yigirma jildlik haqida. Bu nashr yuzasidan bildirilgan fikr-mulohazalar shundan dalolat beradiki, ular matni nuqsonlardan xoli emas. Mana shundan navoiyshunosligimizning yana bir muhim, dolzarb vazifasi kelib chiqadi, ya’ni Navoiy asarlari matni ustidagi tadqiqotlarni davom ettirish, matnshunoslikka e’tiborni kuchaytirish, har qanday nuqsonlar va kamchiliklardan xoli nashrni yaratish.

Shuhrat SIROJIDDINOV: — Alisher Navoiy ijodi XX asrning 20-yillaridan tinimsiz o‘rganib kelinmoqda. Ayniqsa, shoirning 525 yilligi munosabati bilan keng ko‘lamli tadqiqot ishlari amalga oshirildi. Shoir tug‘ilgan kunga bag‘ishlangan to‘plamlar, jurnallarda chop etilgan maqolalar miqyosiga qarab, 90-yillarga kelib, Navoiy bo‘yicha o‘rganilmagan hech narsa qolmadi, degan fikr paydo bo‘lgandi.

Mustaqillik sharofati bilan Navoiy ijodiga yangicha qarash boshlandi. Uning tasavvuf g‘oyalarini yuzaga chiqarish bo‘yicha ancha ishlar amalga oshirildi. Biroq bugungi kunga kelib bu yo‘nalishda ham bir xil qolipdagi tahlillardan yangirog‘ini taqdim eta olmayapmiz. Nega shunday bo‘layapti?

Buning asosiy sababi, ko‘pchilik o‘rinlarda Navoiy ijodi tadqiqi bilan, mumtoz adabiyot tahlili va talqini bilan mutaxassislar emas, shu ishga “ixlosi va ishtiyoqi” baland bo‘lgan odamlar shug‘ullanayotganligini, ularning kimo‘zarga kitob chiqarish va maqola chop etish havasiga berilib ketganliklarining guvohi bo‘lmoqdamiz. To‘g‘ri, adabiyotshunosligimiz tarixida “tashnalik” bosqichi bo‘lgan. Xalqni tezroq va ko‘proq adabiyot bilan ta’minlash, ularning ma’rifatini oshirish davr talabiga aylangan davrlar bo‘lgan. Shunday hollarda “chanqovbosdi” maqolalar, kitoblar kim tomonidan yozilishidan qat’i nazar, ma’qullangan. Alisher Navoiyning asarlarini yuzaki tahlil qilish davri ortda qoldi. Yigirma yil oldingi tahlil bugungi kun o‘quvchisi talabini qondirmaydi. Zamonaviy tahlil va talqin, zohiriy ma’noda bo‘ladimi yoki botiniy ma’noda bo‘ladimi, har ikkala holatda ham chuqur va ilmiy bo‘lishi lozim.

Mumtoz adabiyotni yaxshi tushunish uchun faqat filolog bo‘lishning o‘zi kifoya emas. Har bir adabiyotshunos ham navoiyshunos bo‘la olmaydi. Navoiyshunoslikka da’vogar olim, kasbiy malakadan tashqari, falsafa tarixi, islom, islomiy ilmlar va ularning mazmun-mohiyatidan yaxshi xabardor bo‘lishi lozim. Alisher Navoiy ijodini tahlil etishni o‘ziga munosib ko‘rgan inson faqat tasavvufiy g‘oyalarni izlasa noto‘g‘ri bo‘ladi.

Alisher Navoiy — ulug‘ alloma. Uning dunyoqarashi asosini faqat so‘fiyona g‘oyalar emas, balki dunyoviy bag‘rikenglik ham tashkil etadi. U — buyuk tarbiyachi, murabbiy. Uning g‘oyalari inson va jamiyat tarbiyasiga qaratilgan. U donishmand faylasuf hamdir. Ibn Sino, G‘azzoliy, Ibn al-Arabiy, Shahobiddin Suhravardiy, Alouddavla Simnoniylar falsafasini tushunmasdan turib, ular orasidagi mushtaraklik va ziddiyatni bilmasdan turib, hind va qadim Aleksandriya falsafa maktablarining mazmun-mohiyatidan xabardor bo‘lmay turib, Navoiy asarlarini to‘g‘ri tahlil etib bo‘lmaydi. Yoki, deylik, islomda kalom, jadal va tasavvuf atalmish ilmlarning barchasi shoir ijodida o‘z aksini topgan. Ular o‘rtasidagi farqni bilmasdan turib, shoirning g‘oyaviy pozitsiyasi, yoki aytmoqchi bo‘lgan fikrini aniqlash mushkul. Shunday ekan, Navoiy ijodi bilan shug‘ullanishni, uni talqin etish huquqini mutaxassislarga qo‘yib berish kerak.

Bugungi kunda Navoiy ijodini targ‘ib etish, bizningcha, ikki muvoziy yo‘nalishda olib borilsa, maqsadga muvofiq. Birinchisi, akademik yo‘nalish bo‘lib, Navoiy asarlari tahlili jiddiy ilmiy asosda olib borilishi kerak. Ikkinchi yo‘nalish — yuksak ma’naviyatli barkamol shaxsni tarbiyalash jamiyatimiz oldiga jiddiy va ustuvor vazifa qilib qo‘yilgan. Ayni zamonda, Navoiy ijodidagi yoshlarning ma’naviy salohiyatini o‘stirishga, jamiyat taraqqiyoti va ruhoniy-axloqiy qadriyatlarimizni mustahkamlashga ko‘maklashuvchi jihatlarni sodda va tushunarli tarzda bayon etish, har bir talqinda yoshlarimiz uchun ibrat bo‘ladigan hayotiy haqiqatlarni tushuntirib berish dolzarb masaladir.

Karomat MULLAXO‘JAEVA: — Klassik merosimiz adabiyotshunoslikning akademik maktablarini yaratishga arziydigan salmoqqa ega. Bunday maktablar allaqachon yaratilishi zarur edi. Biroq metodologik jihatdan sho‘ro davrida tazyiqlarga uchragan adabiyotshunosligimiz o‘z qaddini tiklab olishi uchun ancha vaqt kerak bo‘ldi.

Yangi asrda ham klassik merosimizni o‘rganish bo‘yicha ba’zi yirik ishlar amalga oshirildi. Fandagi mavjud yo‘nalishlar asta-sekin takomillashib bormoqda. Yoqubjon Ishoqovning “Naqshbandiya ta’limoti va o‘zbek adabiyoti”(2002), Najmiddin Komilovning “Xizr chashmasi”(2005) hamda Ibrohim Haqqulning “Navoiyga qaytish” (2007) kitoblari buning dalilidir. Ushbu kitoblardagi turkum maqolalarda Navoiy ijodi zohiriy va botiniy-irfoniy ma’nolar uyg‘unligida o‘rganilgan. Bunday tadqiq yo‘lining klassik merosimizni o‘rganishda muayyan an’anaga aylanib borayotgani quvonarli hol. Sharq she’riyatining o‘ziga xos ko‘pma’nolilik xususiyatini anglash, uni g‘oya va badiiy unsurlar tanosubida (maydalab, alohida masala yoki muammolar doirasida) o‘rganish har bir ijodkorning dunyoqarashi, badiiy mahoratini to‘g‘ri anglash va, eng muhimi, uning ijodiy laboratoriyasiga yaqinlishishga imkon beradi.

Adabiyotshunosligimizda ro‘y berayotgan o‘zgarish va yangiliklarning hozirgi holatini “O‘zbek tili va adabiyoti”, “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati”, “Filologiya masalalari” singari nashrlarda chop etilayotgan maqolalar hamda monografiyalar, ilmiy anjumanlardagi ma’ruzalar, yoqlanayotgan nomzodlik va doktorlik dissertatsiyalarining mazmun-mohiyati ko‘rsatib turibdi. Birinchi navbatda, bugungi ilm kishisi, aniqrog‘i, qanday odam olim hisoblanadi, degan savolni o‘rtaga tashlash lozim bo‘ladi. Voqean, ilmga uning mohiyatini, mashaqqatlarini anglab yetganlargina kirishi kerak, deb o‘ylayman. Bizga olimlar kerak. Keyingi paytlari esa, ilm sohasiga da’vogarlar maydonga dissertatsiya yoqlash uchungina kirayotgandek. Ko‘plab dissertatsiyalar yoqlanmoqda. Bu yaxshi, albatta. Ammo imitatsiya darajasidan nariga o‘tolmaydigan dissertatsiyalarning ko‘payib borayotgani kishini tashvishga soladi. Ular ilmning bir yerda depsinib turishiga sabab bo‘ladi. Taassufki, so‘nggi yilarning katta adabiyotshunoslik hodisasi sifatida baholashga arziydigan yirik tadqiqotni eslash qiyin. Tabiiyki, shaxs sifatida shakllanmagan odam olim bo‘lolmaydi. Aksincha, uning ko‘proq ziyoni tegishi mumkin.

O‘zbek adabiyotshunosligi oldida amalga oshirilishi zarur bo‘lgan vazifalar juda ko‘p. Bir misol. Bizda haligacha Alisher Navoiyning mukammal ilmiy biografiyasini yaratish muammosi hal etilgan emas. Navoiy qomusi yaratilayotir, deb eshitganmiz, biroq undan hanuz darak yo‘q. Ko‘p narsani iqtisodga bog‘laymiz. Bu, bir jihatdan, to‘g‘ri. Lekin ilm fidoyilikni talab etishini mingyillik tajriba isbotlab bergan-ku!

Universitetlarning filologiya fakultetlariga klassik merosimizni, xususan, Navoiy ijodini o‘rganishdan oldin Lutfiy, Atoyi, Sakkokiy ijodi bilan birga, Sa’diy Sheroziy, Nizomiy Ganjaviy, Xusrav Dehlaviy, Hofiz Sheroziydek zabardast shoirlar ijodini o‘qitishni yo‘lga qo‘yish zarur. Bu shoirlar ijodi o‘rganilmas ekan, yaxshi mutaxassislarni shakllantirish qiyin kechaveradi. Chunki Navoiyning o‘zi ham, turkigo‘y shoirlar bilan birga, forsigo‘y shoirlar ijodidan ham ta’sirlanganini, jumladan, “Muhokamat ul-lug‘atayn”da aytib o‘tgan. O‘zbek kitobxoni uchun Navoiy ulkan bir tog‘ning baland cho‘qqisidek. Chunki Navoiy ijodida tadrijiy takomillashuvni ko‘rish qiyin. U she’rdan — she’rga, asardan — asarga o‘sib, takomillashib borgan ijodkor emas. Balki ilk she’rlaridayoq mukammallikni namoyon etgan so‘z san’atkori. Agar Navoiyning ijodi o‘rganilguniga qadar bo‘lg‘usi adabiyotshunos uning salaflari ijodidan yaxshi xabardor bo‘lsa, Sharq badiiy tafakkurining yuksak cho‘qisiga intilishdan oldin tadrijiy takomilni anglab yetadi. Negaki, hududiy yaqinlik(birlik) bois, o‘sha davrlarda yaratilgan asarlarda badiiy tafakkur, tashbehu timsollarning mushtarak va bir-biriga yaqin jihatlari ko‘p. Farq, asosan, uning tildagi ifodasiga borib taqaladi. Bu — Navoiy va Jomiy ijodi misolida ko‘pchilikka ayon.

Bugun ko‘plab kitoblar nashr etilmoqda. Lekin bizningcha, akademik va ommaviy nashrlar ustida jiddiy ish olib borish vaqti allaqachon yetgan. Hozir qo‘limizda bo‘lgan Navoiyning 20 jildlik asarlari to‘plamini akademik nashr sifatida mukammal izohlar(joy nomlari, tarixiy nomlar, sanalar, tarixiy voqealar) bilan qayta nashr etish kerak. Mumtoz shoirlar she’rlarining nasriy bayonlari, epik asarlarning tabdillarini yaratishni sistemaga solish lozim.

Bugungi kunda adabiyotshunosligimizga Navoiyning mahorati haqida bir paytlari Maqsud Shayxzoda, Yoqubjon Ishoqov yaratgan tadqiqotlarga o‘xshash mukammal fundamental tadqiqotlar juda-juda kerak.

Nurboy ABDULHAKIM: — Navoiyshunoslik shu paytgacha erishgan yutuqlar, shubhasiz, salmoqli. “Xazoyin ul-maoniy”ning Hamid Sulaymon, “Xamsa”ning Porso Shamsiyev amalga oshirgan nashrlari, besh buyuk doston ilmiy-tanqidiy matnining yaratilishi buning dalilidir. “Xamsa”ning har bir dostoni haqida ustoz Aziz Qayumov, ulug‘ Navoiy ijodiy metodi to‘g‘risida professor Abduqodir Hayitmetov, shoirning poetik mahorati xususida Alibek Rustamov va Yoqubjon Ishoqov, buyuk mutafakkir merosining Sharq adabiyotida tutgan o‘rniga oid Suyima G‘aniyeva tadqiqotlari erishilgan yutuqlar ko‘lami naqadar cho‘ng ekanini ko‘rsatadi.

Ta’kidlash kerakki, istiqlol navoiyshunoslikning chin ma’noda yangi bosqichga ko‘tarilishiga zamin yaratdi. Mustaqillikkacha ulug‘ mutafakkir asarlarining o‘n besh jildligi nashr etilgan bo‘lsa, milliy istiqlolga erishilgach, shoir merosining yigirma jildligini mutolaa qilish imkoni tug‘ildi. Sho‘rolar zamonida to‘liq nashr etilishi mumkin bo‘lmagan “Nasoyim ul-muhabbat”, “Tarixi anbiyo va hukamo”, “Siroj ul-muslimin”, “Arba’in” singari asarlari dunyo yuzini ko‘rdi. Garchi hali to‘liq ilmiy yechimini topmagan, munozarali jihatlari ko‘p bo‘lsa-da, shoir ijodida tasavvuf talqini masalasi kun tartibiga qo‘yildi. Munojot, hamd va na’tlari o‘rganila boshladi. Bular navoiyshunoslikning muttasil rivojlanishda ekanini ko‘rsatadi.

Navoiyshunoslik erishgan yutuqlarni e’tirof etgan holda, ta’kidlash kerakki, bu borada hali yechimini kutayotgan ilmiy muammolar ham oz emas. Jumladan, ulug‘ shoir ijodining cho‘qqisi bo‘lgan “Xamsa”ning yangicha talqinlari yaratilishi zarur. Bizningcha, “Xamsa”ning kaliti bu — “Hayrat ul-abror”. Keyingi to‘rt doston mohiyatini tadqiq etish uchun “Hayrat ul-abror” to‘laqonli ilmiy inkishof etilishi, boshqa dostonlar tadqiqida ham undan foydalanilishi zarur. Faqat bugina emas. Ma’lumki, bizda kalom ilmi haddi a’losida rivojlangan. Bu boradagi moturidiya maktabi qarashlari badiiy adabiyotda, jumladan, hazrat Navoiy ijodida ham o‘ziga xos tarzda aks etgan. Fiqh ilmi yuksak darajada taraqqiy topgan. Fiqhiy masalalar badiiy talqin etilgan mumtoz asarlar ham talaygina. Binobarin, Alisher Navoiy ijodida kalom va fiqh talqini masalasi bir qancha tadqiqotlarga mavzu bo‘la oladi.

Bugun biz Navoiy asarlarining yigirma jildlik nashriga egamiz. Bu nashrning yutuqlariyu kamchiliklari haqida yetarli darajada yozildi. Ularga qo‘shilgan holda, qayd etish joizki, ulug‘ mutafakkir asarlarining ellik, ehtimolki oltmish jildlik nashrlariga ehtiyoj bor. Bu nashrlar mukammal ilmiy izohlar, sharhlar bilan ta’minlangan bo‘lishi zarur. Ularda Alisher Navoiy asarlarining bir-biridan farqli, zarur bo‘lsa, hatto bir-birini inkor etadigan turlicha talqinlari berilsin. Uning zamonaviy o‘zbek tilidagi tabdili ilova qilinsin. Vaholanki, bunday tajriba bizda bo‘lgan. Akademik G‘afur G‘ulomning tabdili bilan nashr etilgan Navoiy asarlari buning isboti. Bu nashrlar kamida uch xil — shaxs ismlari, geografik nomlar va etnik atamalar ko‘rsatkichlari bilan ta’minlanishi lozim. Ulug‘ mutafakkir ijodi misolida bunday ko‘rsatkichlarni astronomik atamalar, musiqiy istilohlar va hokazo tarzda kengaytirish imkoni ham yetarli. Ana shunda bir (ehtimol bir necha) jildda, muayyan asar talqiniga oid barcha yutuqlar jamlanadi. Uni mutolaa qilgan o‘quvchida bularni takrorlamagan yana o‘zgacha qarashlar ham tug‘ilishi mumkin bo‘ladi. Bu esa, shubhasiz, navoiyshunoslikning rivojiga xizmat qiladi.

Hazrat Navoiy ijodini o‘rganish haqida so‘z ketganda yana bir muammoni chetlab o‘tib bo‘lmaydi. Bu — buyuk mutafakkir asarlarining o‘qitilishi, ommalashuvi masalasi. Biz Alisher Navoiy merosini o‘qitishning barcha — maktabgacha, o‘rta, o‘rta maxsus va oliy ta’lim bosqichlari uchun bir-birini to‘ldiradigan, tizimli dasturini ishlab chiqishimiz zarur. Bu dastur ta’limning eng yangi texnika, texnologiyalariga tayanmog‘i kerak. Bugun yoshlarning kitob o‘qimay qo‘ygani haqida kuyinib gapirilyapti. Bu fikrda jon bor. Zamonaviy yoshlar kitobdan ko‘ra kompyuterga ko‘proq ishqiboz ekani rost. Modomiki shunday ekan, biz kompyuterning imkoniyatlaridan unumli foydalanishimiz lozim. Hazrat Navoiy asarlarining komillik timsoli bo‘lgan obrazlarini multfilmlarga ko‘chirishimiz, bog‘cha yoshidagi bolalarimizni shu orqali buyuk mutafakkir ideali ruhida tarbiyalashimiz darkor. Boshqa xalqlarda “Pushkin dlya detey”, “Bibliya dlya detey” singari nashrlar bor. Biz ham buyuk bobokalonimiz asarlarining bolalarbop nashrlarini amalga oshirishimiz kerak. Bu bilan ham cheklanib bo‘lmaydi. Ulug‘ shoir asarlari asosida kompyuterda turli intellektual o‘yinlar, multimedialar yarataylik. Toki farzandlarimiz shuuriga kompyuterda o‘ynay turib ham Mir Alisher orzulari, qarashlari singsin. Ana shundagina millat yoshlari ulug‘ bobokalonimiz merosidan bahramand bo‘lishi, ibratlanishi mumkin.

Yana bir fikr: Navoiyni anglash, mutaxassisligidan qat’i nazar, barcha uchun suv va havodek zarur. Shu bois, ulug‘ shoir asarlari faqat filologiya yo‘nalishlari emas, barcha sohalar talabalariga o‘qitilishi kerak.

So‘z navoiyshunoslik haqida ketadimi yoki mumtoz adabiyotning boshqa jabhalari xususidami, bundan qat’i nazar, masalaning mohiyati matnni anglash, matnni idrok etish, matn talqini va tahlili masalalariga borib taqalaveradi. Ustoz Matyoqub Qo‘shjonov bir suhbatda matnni anglamay turib, matnga muhabbat qo‘ymay turib, adib ham, shoir ham, adabiyotshunos ham bo‘lish mumkin emasligi haqida gapirgan edi. Men keyingi davra suhbatimiz matnshunoslik, uning dolzarb muammolari xususida bo‘lishini taklif etardim. Binobarin, matnni sevish, matn ustida qilni qirq yorib ishlash orqaligina mumtoz so‘z qadrini tushunish, uni idrok etish mumkin. Busiz ulug‘ Navoiyni anglash mahol.

Tahririyatdan: Genial shoir va mutafakkir Alisher Navoiy ijodini o‘rganish bilan bog‘liq masalalar juda ko‘p. Bir davra suhbati doirasida ularning hammasini qamrash imkonsiz. Suhbat ishtirokchilarining ulug‘ shoirimiz ijodining o‘rganilishiga doir fikr-mulohazalaridan eng muhimlarini e’tiboringizga havola etdik, xolos. Aslida, davra suhbatidan ko‘zda tutilgan maqsad ham navoiyshunoslikda qilingan ishlarga bir nazar tashlab, bu sohani yangi bosqichga ko‘tarish uchun amalga oshirish lozim bo‘lgan vazifalarni muhokama etishdan iborat edi.

Davra suhbatida ko‘tarilgan masalalar hamisha haftaligimiz e’tiborida bo‘ladi, ular bo‘yicha olimlar, tadqiqotchilarning maqolalari muntazam yoritib boriladi. Mumtoz adabiyot mutaxassislari, shoir va yozuvchilar, gazetxonlardan davra suhbatida tilga olingan mavzularga doir asosli fikr-mulohazalarni kutamiz.

Suhbatni Mahmud Sa’diy va Ahmad Otaboy tayyorladi.

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining 2010 yil 6-sonidan olindi.