Akbarali Sabirdinov. Timsollar silsilasi (2010)

Mirtemir… Bu nom bolaligimizdan ona allasi bilan birga shoir qo‘shiqlari orqali qulog‘imizga o‘rnashgan bo‘lsa ajab emas. Uning betakror ohang, so‘z o‘yinlariga boy she’riyati borlig‘imizni sehrlab, ohangraboday o‘ziga tortgan, shuurimizga joylangan. Zamondoshlarimizning eslashlaricha, Mirtemirning “Qora ko‘zli va gul diydor, Bahor chog‘i meni yod et! Xiyobonda kezar bo‘lsang, Nahor chog‘i men yod et! Qora ko‘zli, so‘lim dildor, Senga aytay sirim oshkor, Agar kechsa kechang bedor, Sahar chog‘i men yod et!” satrlari urush yillarida yaqinlarini jangohlarga jo‘natib, ayriliq alamini tortayotgan ko‘plab qiz-juvonlar dardiga malham, jangga otlangan yigitlarga darmon bo‘lgan ekan. Hozir ham muhabbatning abadiyligini tarannum etuvchi dilbar qo‘shiqqa aylanib, ko‘ngillarimizga singgan.

“Oybekning kengligi, Abdullaning siqiqligi, Shayxzodaning chuqurligi, Mirtemirning erkaligi menga yoqadi”, degan ekan G‘afur G‘ulom. Darhaqiqat, Mirtemir she’riyati samimiyati, dilkash tuyg‘ularga boyligi bilan jozibadordir. U tilimiz boyliklaridan samarali foydalangan va ularga ijodiy yondashgani holda, o‘ziga xos kashfiyotlar qildi. Mirtemirning kashfiyot so‘zlari she’riy matnga uzukka qo‘yilgan qimmatbaho tosh yanglig‘ mos tushgan, misralarni tovlantirib yuborgan. Masalan, “Jonlarga jon, atri jahon, Tong chog‘i ham yodimdasen, Ne jononga to‘lsa dengiz Qirg‘og‘i ham, yodimdasen. Dilni jindek jizillatsa Mung dog‘i ham, yodimdasen, Ayovligim, nechun seni Ko‘rgim kelur kunda-kunda” (“Qora dengiz qirg‘og‘ida…”) misralaridagi “ayovligim” so‘zi chinakam ijodning mahsulidir. “Avaylaganim” so‘zining ushbu o‘zgacha shaklini yaratish orqali shoir buyuk muhabbatni, mahbubaga bo‘lgan yuksak ardoqni ifodalashga erishgan. Shuningdek, she’rdagi “atri jahon”, “mung dog‘i” kabi iboralar ham mirtemirona topqirlikning mahsulidir.

Shoir kam iste’molda bo‘lgan so‘zlardan ham samarali foydalandi. Bu so‘zlar o‘ynoqi oahngdorlik va tasvir aniqligini, fikrning lo‘nda ifodasini ta’minlaydi. Hamid Olimjon vafotining bir yilligi munosabati bilan yozilgan “Shoir qabrida” she’rida bu holni ko‘ramiz. She’rning “Bunda gulzor… G‘o‘ra bo‘libdi o‘rik, Bunda qush qo‘shig‘in tonggi hijjasi… Boshingni ko‘tar qoqindiq, Juda sog‘indik…” misralaridagi “bo‘g‘inlab o‘qimoq, bo‘g‘inlab talaffuz qilmoq” ma’nolarini anglatuvchi “hijja” so‘zi tonggi qush sayrashiga nihoyatda mos bo‘lsa, “qoqindiq” so‘zi ham mirtemirona mehr ifodasiga mutanosibdir.

Yurtimiz kengliklari, betakror tabiati Mirtemir she’riyatida o‘zgacha muhabbat bilan tasvirini topgan. Uning har yassi tepasida, toshlog‘ida, alvon lolalarida yurtni turli bosqinchilardan himoya qilib, shahid ketgan bobolarimiz xoki, qoni (“Lolazorlardan o‘tganda…”) bor. Shu bois, uning har qarichi aziz, muqaddas. “Oyni etak bilan to‘sib bo‘lurmi? Tutatqi bo‘lurmi yulduz cho‘g‘ida? Ayting-chi, mard odam aslo o‘larmi? Nomi qolur yurt qo‘shig‘ida…” (“Yurt qo‘shig‘i”), deya yurt ozodligi uchun jon fido etganlarning nomi adabiydir, degan xulosaga keladi.

Turkiston kengliklarining bepoyonligi, parrandayu darrandalari, nabototu hayvonot olami bor go‘zalligi bilan Mirtemir she’rlarida aks etgan. Yurtning har fasli o‘ziga xos, betakror ranglar jilosiga ega: “Har yaproq, har novda, norasida shox Bahor og‘ushida rozi, bearmon. Gullar jilvasidan tovlanadi bog‘, Gunafsha, gulsafsar, pushti naparmon” (“Seni bolaligim…”); “Yoz keldi, jo‘ralar, o‘lkamizda yoz, Bog‘larda sayrashur qushlar xushovoz, Dalalar yam-yashil, tepalar yashil, Hovliqma jilg‘alar, oh, negadir soz!” (“Yoz”); “Janub dalalari — jimjima barqut, Unda yemishlarning tuslari gul rang. Tong otgan damlarda ufqlar yoqut, Kechasi keng osmon bulut-la kul rang” (“Qirg‘oq”); “Tolzor kuz rangida, butoqlar — Bari kiymish yoqut sarupo. Ko‘zni aldar xil-xil bo‘yoqlar. Oh, na dilrabo!” (“Qoya”) misralarida shoir tabiatidagi ranglar jilosini nozik ilg‘ab she’rlariga olib kiradi.

Mirtemir ijodida qisqa she’rlar ko‘p emas. Ular Vatanga bo‘lgan ulkan mehr bilan to‘la shoir ko‘ngli monand keng. She’rlarning ko‘pchiligi tabiatning mo‘jizaviy olamiga, undagi davom etayotgan hayot uchun kurashlar, tinimsiz harakatda va o‘zgarishdagi borliq tasviriga bag‘ishlangan. Yurtimiz sarhadlari Mirtemir she’riyatda yanada kengayib, ulkanlashib ketadi go‘yo. O‘lkamizning har bir toshiyu daryolari, hashoratu parrandalari, tabiatu nabototiga sinchkovlik bilan nazar tashlab, ularni mehr bilan she’riga olib kirgan Mirtemir singari ijodkorlarni XX asr o‘zbek adabiyotida kam uchratamiz.

Mirtemir she’riyati lirik qahramoni yurtning tanti o‘g‘loni. U go‘zal qizlarga adoqsiz muhabbati, yurtdoshlarimizga, tabiatimizga ulkan mehri bilan yagona. Uningcha, yurt qizlari go‘zallikni tabiatimizdan olgan. O‘lkamiz go‘zalligi ular husnida aks etgan: “Bu kecha uxlamay tonggacha yurdim, Tong otishin kutib, qirg‘oqda turdim. Tong otdi, tong bilan qumloq sohilda Tongdan ham chiroyli bir qizni ko‘rdim. Tong shu’lasi — sochin har bir tolasi, Yuzlari go‘yoki tog‘lar lolasi. Husni — tong husniday toza va tengsiz, Suluv tabiatning so‘lim bolasi” (“Tongdan ham chiroyli”).

Tasvir ko‘lamining kengligi, aniqligi, izchilligi, timsol va tafsillarning sanjabligi bilan ajralib turadigan shoir she’riyati xalqona ohangi va ifodasi, milliy va umumbashariy mohiyati bilan o‘quvchini sehrlaydi. Mehri daryo kishilarimizning betakror qiyofasi, saxiy tabiatimizning rangin chizgilari mirtemirona so‘z va iboralar vositasida aksini topadi.

O‘zbek mumtoz adabiyoti va xalq og‘zaki ijodi, Sharq va G‘arb adabiyotining bilimdoni bo‘lgan shoir o‘z asarlarida barhayot an’analardan samarali foydalandi. Nekbin, samimiy, dilkash tuyg‘ular favvorasi mavjlanib turgan she’riyatni adabiyotimizga tuhfa etdi. Masalan, hazrat Alisher Navoiy asarlariga xos bo‘lgan fikrni g‘azal bandlari davomida turli hayotiy obraz va detallar vositasida dalillab xulosa chiqarish xususiyatini Mirtemirning “Sehr” she’rida kuzatamiz. Oqshomda taralgan nayning navosi lirik qahramonni olis xotirotga — sevishganlar uchrashuviga yetaklaydi. Shoir tabiatning farahbaxsh, rangin, oniy, betakror manzaralarini mohir musavvir kabi chizar ekan, she’rda oy nurlariga burkangan borliq butun tarovati bilan namoyon bo‘ladi: “Oqshom salqini tushar Nay navosi taralur. Nay avjida sehrgar O‘zga olam yaralur. Sehrli manzaralar Ko‘rinur u olamdan, Daralar, sharsharalar Ko‘rinur u olamdan. Qorli tog‘ siynasidan sharqiroq soy ko‘rinur, Chinorlar tepasida yarqiroq oy ko‘rinur”.

Tasvir ana shu tarzda nay navosiga yo‘g‘rilib yuksaklikka o‘rlab boradi. Shoirning nigohi daralar, sharsharalardan qorli tog‘ cho‘qqilariga, undan oyga o‘tib, yana yerga qaytib tushadi: “To‘lin oy shu’lasida Oydek yorqin oq qoya, Chinor ko‘lankasida Kimni kutar toq soya? Soy bo‘yida shu asov Soy singari beqaror, Yo‘lga tikilar birov, Yoniq ko‘zlar kimga zor?”.

Ritorik so‘roqlarda beqaror, asov soya, yoniq ko‘zlar kimniki ekani, uning kimga zorligi ayon etilmaydi. Shu orqali tasvirda sirlilik, “tugun” paydo bo‘ladi. Bu holat esa, qiziqishimizni yanada oshiradi. Shabadali havodagi orombaxsh bo‘yni his etamiz. Soyning beqaror, asov oqishi “toq soya” holati bilan uyg‘unlashib, yuragimizda aks-sado bera boshlaydi. Shoir nigohi yana “intiq soya” tasviri bilan ko‘kka ko‘tariladi: “Oy ohista yuzmoqda Tagsiz moviy samoda, Shundog‘am sehr-bo‘y bor Shabodalik havoda”.

Spiralsimon harakatdagi tasvir pastga — intiq yurak monand titrayotgan chinor yaproqlariga, ular ostida hayajon titrog‘idagi “toq soya”ga tushib keladi: “Intiq yurakday titrar Ko‘k chinorda har yaproq, Hamon sharpasiz va bo‘sh Sirli tun, sirlik so‘qmoq. To‘lin oy shu’lasida Oydek yorqin oq qoya. Chinor ko‘lankasida Hanuz o‘sha toq soya”. Sirli tun va sirli so‘qmoq qoshidagi sirli “soya”ning mushtoq bo‘lib kutayotgani kelarmikan? Tasvir va fikr torlari tobora taranglasha boradi. Vafoning mangu haykaliga aylangan “toq soya”ning sanami nihoyat yuz ko‘rsatadi: “Tong yaqin. Hulkar yanglig‘ Yarqirab kelur sanam. Visol damlari misol Jannat bo‘lmas chinakam… Nay navosi taralur, Nay navosi taralur, Nay avjida xotirot — O‘zga olam yaralur”.

Muhabbat va vafoga bag‘ishlangan simfoniyani eslatuvchi ushbu she’r tasvir kengligi, yorqinligi, tiniqligi bilan jozibadordir. Xotirot orqali she’rda jonlangan o‘zga olam esa, nay navosidek azaliy, adabiy. Unda insoniyat tarixi, hoziri, kelajagi mujassam. She’rning timsollar, tafsillar shodasi bezangan misralari bir-birini to‘ldirib, zanjir monand bog‘lanib ketadi. Salqin oqshom. Nay navosi, sehrgar olam, daralar, sharsharalar, qorli tog‘, to‘lin oy, chinor ko‘lkasi, toq soya, moviy samo, shabodali havo, chinor yaprog‘i, sirli tun, sirli so‘qmoq, oq tuya, tong pallasi, yarqiroq sanam, visol damlari, xotirot — o‘zga olam tasvirlari uyg‘unlikda namoyon bo‘ladi. Ma’lumki, Hamid Olimjon asarlarida tabiat va inson tasviriga parallel murojaat etsa, Oybek kechinmalar tasviridan tashqi olamga chiqib boradi. Mirtemir esa tashqi olam orqali inson borlig‘iga nazar tashlaydi. Obrazlar tizimidan iborat yuqoridagi she’rni o‘qirkanmiz, Mirtemirning quyidagi so‘zlari yodimizga keladi: “Qofiyani qofiyaga urishtirishda she’r emas, juda omadi kelganda, nazm paydo bo‘ladi. Holbuki, haqiqiy she’r timsollar silsilasidan dunyoga keladi”.

Mirtemirning sehrli she’riy olami bizni ana shu tarzda tabiatning ranglari, iforlari, shu’lalari, mo‘jizalar bag‘riga olib kiradi. Tabiatning ajralmas bo‘lagi ekanimizni doimo anglatib turadi.

Atoqli adib Ch.Aytmatov: “Biz Mirtemir siymosida o‘zbek adabiyotini qadrlar edik”, deb yozgandi. Darhaqiqat, qadri baland adabiyotimizning yorqin siymosi bo‘lgan Mirtemir she’riyati ko‘plab avlodlarga mahorat maktabi bo‘lib qolishi shubhasizdir.

Akbarali Sabirdinov,

filologiya fanlari doktori

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining 2010 yil 22-sonidan olindi.