Nusratullo Jumaxo‘ja. Zabardast olim edi (2010)

Do‘stim Sultonmurod Olimov bilan fan nomzodligi ilmiy darajasini olish uchun fors tilidan imtihon topshirish maqsadida Fanlar akademiyasining xorijiy tillar kafedrasiga borganimizda bizni baland bo‘yli, barvasta gavdali, oq yuzli, mo‘ysafid bir domla qarshi olgan edi. Domlaning oq ko‘ylak, oq shim va oq tuflisi qiyofasining ko‘rkamligini chandon oshirgandi. Savlat va salobatiga u o‘tirib ishlayotgan yozuv stoli kichiklik qilardi. Bu filologiya fanlari doktori, professor Abdurashid Abdug‘afurov edi.

Domla biz bilan batafsil suhbatlashdi. Yoshligimizdan ikki tilda so‘zlashib o‘sgan va bunga qo‘shimcha universitetda fors tilini izchil o‘rganganimiz bois, savollarga birimiz olib-birimiz qo‘yib, biyron-biyron javob berishimiz fors tilini kitobdan o‘rgangan domlani xiyla shoshirgan bo‘lsa, ajab emas. Biroq ustozdagi vazminlik sir boy bermasdi. Domladan bir muddat tahsil olgandan so‘ng, imtihondan o‘tib, ilmiy ishlarimizga kirishib ketdik.

Keyinchalik Abdurashid aka bilan ko‘p yillar O‘zRFA Til va adabiyot institutida bir xonada o‘tirib ishlashimizga to‘g‘ri keldi. Domladan ko‘p narsa o‘rgandik. O‘zbek adabiyoti tarixining zabardast tadqiqotchisi A.Abdug‘afurovning Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Muqimiy, Furqat, Ogahiy va boshqa ijodkorlar to‘g‘risidagi o‘nlab kitoblari, yuzlab maqolalari adabiyotshunosligimiz tarixida sezilarli iz qoldirgan.   A.Abdug‘afurov mehnatsevar, o‘ta sinchkov, tolmas tadqiqotchi edi. U o‘zbek adabiyoti tarixining dunyo miqyosida o‘rganilishini kuzatishga harakat qilardi. Ayni paytda, o‘zining biror fikrini asoslashga yo biror muammoni aniqlashga bir misra, so‘z yoki dalil zarur bo‘lib qolsa, masalan, Alisher Navoiyning bepoyon merosini satrma-satr tekshirib chiqishdan erinmasdi, ish stolida uzoq va muttasil o‘tirib ishlash irodasi ibratli edi. Olimning faoliyati ilmiy ish uchun iste’dodning o‘zigina kifoya emas, balki jismoniy quvvatni ham bo‘ysundirish zarur, degan hikmatni ifodalab turardi. U ishga kelgan kunlari, hatto tushlikka chiqib ham soatlab vaqtini bekorga sarflamasdi. Kichkina choynakchada choy damlab, uyda tayyorlatib kelgan bir chimdim ovqat bilan tezgina tamaddi qilardi-da, biror partiya shaxmat o‘ynashni xush ko‘rardi. Tushlik mahali, ko‘pincha, ulfatlari va shaxmatdagi doimiy raqiblari Salohiddin Mamajonov va Naim Karimov kirib kelardilar. Shaxmat taxtasi atrofida hamisha huzurbaxsh hangomalar, hazil-mutoyibalar, badiiy ijod, adabiy muhit, ilm-fan haqida qiziqarli suhbatlar bo‘lib o‘tardi.

Domlaning, odatda, ilmiy ishlarga talabchanligi bois, ba’zilar shunday jiddiy odam “Navoiy satirasi”, “Navoiy ijodida satira va yumor” kabi tadqiqotlarni yozganligini tasavvurlariga sig‘dirisholmasdi. Aslida, Abdurashid aka o‘rni bilan juda hazilkash, tesha tegmagan mutoyibalarning kiftini keltirardi.

Biz — eshikdan kirganda o‘ngda Suyima G‘aniyeva, to‘g‘rida men, chap yonimizda (to‘rda) domla — uchalamiz bir xonada o‘tirib ishlardik. Domlaning ro‘paralarida bir piyola choy ichib, shaxmat o‘ynasa bo‘ladigan ixcham joy bor edi. Kunlardan bir kuni, odatdagiday, S. Mamajonov va N. Karimov kirib kelishdi. Endigina tamaddi qilgan domla mehmonlarga joylashish uchun izn berib, qo‘l yuvgani chiqib ketdilar. Mehmonlarning joylashishi qiyin bo‘ldi. Azbaroyi o‘zbekona sertakalluflikdan ular Suyima opadan yuqoriga o‘tib ketmaslikka harakat qilar, Suyima opa esa ularni to‘rga o‘tqazishga urinardi. Shu payt eshikka ro‘para bo‘lgan Abdurashid aka hanuz kim qayerga joylashishini bilmayotganini sezdi-da, buyuk rus hajvchisi Krilovning mashhur masalidan quyidagi satrlarni baralla aytib yubordi:

Druzya, kak vы ne sadites,

No v muzыkantax ne gadites !

Go‘yo eshikdan A.Abdug‘afurov emas, balki Krilovning o‘zi kirib kelgandek bo‘ldi. Quvnoq qahqaha ko‘tarildi.

Abdurashid muallim dissertatsiya muhokamalari va himoyalarida qilni qirq yorib mulohaza yuritar, xolis nuqtai nazarda turar, ilm-fan sha’nini qattiq turib himoya qilardi. Yengil-elpi ishlar haqida gapirmaslikka va yozmaslikka intilardi. Himoya kengashi a’zosi sifatida biror dissertantga ovoz berishni istamasa, himoyaga qatnashmay qo‘ya qolardi. Ko‘pincha, olis va mashaqqatli yo‘lni bosib kelgan tadqiqotchilar muhokamaning tezroq o‘tishiga mahtal bo‘lib qolardilar. Shunday vaziyatlarda atoqli olimlarning tashabbusiga tayanilardi. “Xo‘sh, bu dissertatsiyani o‘qishni istaydiganlar bormi, kim o‘qiydi?”, degan savol o‘rtaga tashlanardi. Shunday paytlarda “Men o‘qiyman”, deya dadil otilib chiqadigan mardlardan biri A.Abdug‘afurov bo‘lardi va tadqiqotchining ishi yurishib ketardi.

Ilmiy-adabiy jarayonda ba’zan yechimini topolmayotgan muammolar maydonga mardonavor chiqadigan yirik mutaxassislarga ehtiyoj tug‘diradi. A.Abdug‘afurov ana shunday mardi maydon shaxslardan edi. Jamoatchilik olimning dolzarb muammolarga bag‘ishlangan “Bobir” emas — “Bobur” kabi o‘nlab maqolalarini yaxshi eslaydi.

A. Abdug‘afurov ulug‘vor yoshga yetgan, tegishli ilmiy daraja hamda unvonlarga erishgan bo‘lsa ham, fikran va ruhan qotib qolganlar sirasidan emas edi. U hamisha jonli ilmiy-adabiy jarayon bilan hamqadam yashashga va faoliyat ko‘rsatishga intilardi. Ayniqsa, har yili nishonlanadigan Alisher Navoiy tavalludi kunlariga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rardi. Ilmiy anjumanda eng yaxshi ma’ruza, ayniqsa, “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasida eng yorqin maqola bilan chiqishni o‘ziga burch va sharaf, deb bilardi. Ustoz ko‘pincha bunga erishar va o‘sha kuni ko‘tarinki kayfiyatda yurardi.

O‘zi Til va adabiyot institutidan tashqaridagi adabiy guruhlarga borishga vaqtini qizg‘onsa ham, ularning tafsilotlaridan xabardor bo‘lishga urinardi. Ayniqsa, Yozuvchilar uyushmasi adabiy kengashlaridagi muhokamalarni ipidan ignasigacha so‘rab bilib olardi. Bu uning zamonaviy adabiy jarayonga ham juda ishqivozligidan dalolat berardi. Buning yana bir sababi keyin ma’lum bo‘ldi. Olim, ilmiy ishdan tashqari, badiiy ijod bilan ham shug‘ullanar ekan. Hayotining so‘nggi yillarida “O‘zAS”da “Ishonch qo‘ng‘irog‘i” sarlavhali hikoyasi chop etildi. O‘ziga xos hayotiy syujet asosiga qurilgan maroqli hikoya. Badiiy saviyasi uncha-muncha professional yozuvchilar asarlaridan qolishmaydi. Bu uning badiiy ijod mashqida ham toblanganidan darak berardi.

Shunday olimlar bilan bir safda ishlash biz yoshlar uchun foydali, faxrli, ayni paytda, mas’uliyatli edi. Ular bilan tez-tez fikr almashib turardik. Ilmiy-adabiy yangiliklardan bir-birimizni xabardor etardik. Ayniqsa, institutdan tashqaridagi anjumanlar, yosh shoir va yozuvchilarning chiqayotgan yangi kitoblari haqida men jon deb so‘zlab berardim. Domlaga astoydil qiziqqan kitobchalardan hadya ham etardim. Domla ham menga bir necha nodir kitoblar hadya etganlar. Ustoz foydali maslahatlari, pand-nasihatlarini ayamasdilar. Ularning maslahatlari bilan tojikistonlik professor Rahim Musulmonqulovning “Hajriy – Bobur emasmi?” sarlavhali maqolasini o‘zbek tiliga tarjima qilib, “Yoshlik” jurnalida e’lon qilganman. Qalami ravonlashgach, odam yo‘rg‘a bo‘lib qolar ekan. Bir zamon men o‘z sohamdan tashqari, til va imlo, tarix, san’at, ijtimoiy dolzarb muammolar haqida ham ko‘p yozadigan bo‘lib qoldim. Matbuotni kuzatib yurgan ustoz: “Kuchni bir nuqtaga urish kerak”, dedilar. Domlaning bu pandlari hamma vaqt qulog‘imda. Qamrovni mumkin qadar tizginlashga harakat qilaman.

Ulkan olimlar Abdurashid Abdug‘afurov va Abduqodir Hayitmetov chorak asrdan ko‘proq bir bo‘limda ishlagandilar. Bu allomalar ba’zan ilmiy muhokamalarda qattiq bahslashib ham qolishardi. Ana shunday nuqtai nazarlar to‘qnashgan vaziyatlarda chetdan qaragan kishi ular ilmda kelishmas ekanlar, degan xayolga borishi mumkin edi. Biroq bu ikki ustoz bir-birlariga suyanib qolgan edilar. Bahs-munozaraning ertasi kuni yana samimiy ko‘rishib, hamkorlikni davom ettirar, ko‘p masalalarni bamaslahat hal qilardilar.

Xazon sipohi milliy adabiyotshunosligimizning benazir ustunlari — Izzat Sulton, Matyoqub Qo‘shjonov, Begali Qosimov, Ozod Sharafiddinov, Botir Valixo‘jayev, Abduqodir Hayitmetov, Abdurashid Abdug‘afurovni birin-ketin foniy olamdan boqiy dunyoga olib ketdi. Ustoz A.Hayitmetovning janozalarida A.Abdug‘afurovni ko‘rganimda, yuzlari za’faron, o‘zlari ruhsiz, majolsiz edi. A. Hayitmetovning qirqlarida A.Abdug‘afurovning janozalari xabarini eshitdik. Ustozlarning oxiratlari obod bo‘lsin.

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining 2010 yil 19-sonidan olindi.