Muhtarama Ulug‘ova. Hovli to‘la bahor edi… (2009)

Tibbiyot fanlari nomzodi Rioyaxon OLIMJONOVA yaqinda “Mening teran tomirlarim” kitobini yozib tugatdi. Unda ardoqli shoiramiz Zulfiyaxonim siymosi bilan yana bir bor uchrashamiz.
Ayajon kichkina, birov e’tibor bermaydigan narsalarda ham katta ahamiyatli hodisalarni va go‘zalliklarni ko‘ra bilardilar. Ariq bo‘ylarida o‘z-o‘zidan (birov parvarish qilmasa ham) ko‘karib, gullab yotadigan binafshani sevardilar. Har yili bahorda uning ochilishini kutardilar, shu gulni she’rlarida kuylardilar.

Eng xushro‘y, eng ko‘rkam
gullarning atrin
Na bo‘y, na husniga etolmam qiyos,
Beqiyosdir xushni elitgan bahri,
Tun yostiqda so‘lgan binafshaga xos.

Nihoyat, ma’sumam — jajji binafsha
Safsarrang gulxanin sochar iymanib
O‘ngir, ariq bo‘yin tutadi nash’a,
U buyuk borliqqa boqar jilmayib.

“Salom!”— deyman xayol
binafshasiga, —
Sensiz ko‘ngil bog‘im qolardi g‘arib!
…Hech mast bo‘lganmisiz sof nash’asiga,
Boshin xiyol egib tursa jilmayib?..

Ayajon hasadni bilmasdilar, o‘zgalar yutug‘idan quvonardilar, muxlislari, shogirdlari bayram, tug‘ilgan kunlari yo‘qlab kelishsa, “Meni hurmat qilsangiz, faqat gul keltiring”, der edilar.
Kimdir qimmatroq sovg‘a olib kelsa, ayajonning kayfiyatlari bir oz tushgandek bo‘lardi. Lekin, kelgusida shu odamga o‘zinikidan a’lo sovg‘a tayyorlab bayramdami, tug‘ilgan kunidami berib yuborar edilar.
Ayajon kirib borgan davralarda o‘zgacha bir jonlanish bo‘lardi, nigohlardan ehtirom yog‘ilib turardi.
Biz — ayajon, Omon aka va men atoqli o‘zbek shoiri G‘afur G‘ulomning yubileyiga bordik, birinchi qatordagi o‘rindiqlarga joylashadigan bo‘ldik. Shunda ayajon eng avvalo tomoshabinlar o‘tirgan zalga o‘girilib, qo‘llarini ko‘ksilariga qo‘yib, hammaga salom berdilar. Bu ehtiromga javoban yig‘ilganlar o‘rinlardan turib, qarsak chalib yuborishdi. Xalq ayajonni qayerda bo‘lmasin shunday qarshilardi.
Bir kuni divanga yonboshlab televizor ko‘rib yotgan edilar, suxandon rus shoirasi Marina Svetayevaning she’rini o‘qiy boshlashi bilan o‘rinlaridan turdilar. Men: “Ayajon, charchagan edingiz, yonboshlab eshitavermaysizmi?” desam, “Svetayevaning she’rini yotib eshitib bo‘lar ekanmi”, dedilar hayajonlanib.
Ayamiz juda nozikta’b inson bo‘lganlar, kamtarin, ammo o‘zlariga yarashiqli kiyinadilar, suhbatchog‘i so‘z va iboralarga alohida ahamiyat berganlar, hamma vaqt adabiy tilda, iloji boricha chiroyli so‘zlar edilar.
Ayajon dadajonimiz Hamid Olimjon haqida hamisha bizlarga yayrab, alohida mehr bilan gapirib berardilar. Ayajonning aytishlaricha dadajon o‘zlariga juda talabchan bo‘lgan ekanlar, ertalabdan to soat 10-11 gacha ijod qilar ekanlar. Ayajon yozgan she’rlarni birgalashib o‘qishar, kerak joyda o‘z fikrlarini aytar ekanlar. Bunday suhbatlar bizga juda yoqardi, chunki men dadamizni faqat kitobdan, yozgan she’rlaridan bilar edim-da. Umuman, ayajon bilan suhbatlashganda qalban boyigandek bo‘lardim.
1975 yil 15 noyabrda ayajonning 60 yillik yubileylari munosabati bilan juda katta anjuman o‘tkazildi. Ko‘p mamlakatlardan Zulfiyaxonimni, Hamid Olimjonni tanigan atoqli shoir va adiblar kelishdi. Ular orasida rus shoirlari Robert Rojdestvenskiy, Rimma Kazakova, boshqird shoiri Mustay Karim, qalmiq shoiri David Qug‘ultinov, qabardin shoiri Qaysin Quliyev, qirg‘iz adibi Chingiz Aytmatov, pokistonlik shoir Fayz Ahmad Fayz, hind shoirasi Amrita Pritam, dog‘istonlik shoir Rasul Hamzatov va boshqalar… Biz hurmatli mehmonlarning izzat-hurmatlarini joyiga qo‘yib kutib oldik. Shu kuni pag‘a-pag‘a qor yog‘ayotgan edi.
Yubiley tantanalari kunlarida mening oy-kunim yaqinlashib qolgan edi. Oxirgi kuzatiladigan mehmonlar aeroportdaligidayoq biz Farruxbeklik bo‘ldik. Ayajon aeroportdan to‘g‘ri tug‘uruqxonaga kelib, nevaralarini qo‘llariga olib, shodlandilar.
Shifoxonada ekanligimizda ayajon bizdan tez-tez xabar olar, “Nima berib yuboray, nima yegingiz keldi, nima mumkin ekan, bizning kichkina o‘g‘limiz qanday, yaxshi emayaptimi?” deb mehrga to‘la xatlar yuborardilar. O‘sha baxtga limmo-lim kunlardan xotira sifatida bu maktublarning har biri menga aziz. Mana, ayrimlari:
“Assalomu alaykum, mening baxtiyorginam, azizginam Rioyaxon!
Mana bugun ham ajoyib tong otayapti (Farruxbek erta tongda, osmon yuzi zangori, top-toza, biron bulut yo‘q, tip-tiniq, 1975 yil 22 noyabr soat 8.00 da tug‘ilgan — R.O), kechagi tong, ajoyib nurli, oq tong, hammamizga yangi inson tug‘ilishi, yangi umid va orzularning tug‘ilishi bo‘ldi. Tongday yangi, tongday nurli ko‘rib o‘zimni behad baxtiyor his qilganimni bilsangiz edi.
Kecha kuni bo‘yi uyda tabrik qabul qildik, sevindik, sizlarning sog‘ligingiz, baxtingizni tiladik. Sizlarni! Sizlar u yerda ikki jon, ikki aziz insonlar – bizlar bu yerda sizlarning shodligingizdan shodmiz. Bizning oilamizning, sulolamizning yangi a’zosi Sizning yoningizdagi, qulunday o‘g‘limiz Sizning bag‘ringizda. U Sizning bag‘ringizni o‘z issig‘ligi, mehri va sadoqati bilan yuz yillar isitsin. Bu issig‘lik mening, Omonning va Ulug‘bekning issig‘ligi va ota-onalaringiz baxti.
O‘g‘lim menga juda yoqdi, shunday ko‘zimda. Hammaning menga havasi kelyapti. Yaqinda hammangiz ko‘rasiz, shodlanasiz deyman. Bizning Farruxbekni erkalab qo‘ying. Ismi hammaga juda ma’qul. O‘zi ham el sevadigan yigit bo‘lib voyaga yetsin ilohim.
Shamollashdan saqlaning, yaxshi ovqatlanib, tezroq kuchga kiring. O‘pib, quchib, ayangiz Zulfiya. 23.11.1975 yil”.
Farruxbekdan keyin ikki yil o‘tib, Otabegim dunyoga keldi. Ayajon o‘zlarida yo‘q xursand bo‘ldilar.
“Qadrli Rioyaxon!
Sizga yangi baxtiyorlik, ko‘z ro‘shnolik muborak bo‘lsin. Siz hamisha tongi sahiy kelgan ayollardansiz. Tongda hamma narsa real, tiniq va boshqa soatlarga qaraganda yengil ko‘chadi. Men Sizni qiyin, mushkul, qahramonlik yo‘liga kuzatar ekanman, juda ko‘nglim to‘q va orzularga to‘la edi. Shunday, ko‘p daqiqalar o‘tmay, yana bir o‘g‘illi yoki qizli bo‘lganim haqida xushxabar kelishiga ishonar edim.
Sizlar sog‘lom sevgi bilan hayot kechirayotgan farzandlarsiz. Sizlarga endilikda hamma baxt-tole’laringiz yor bo‘lib, bu azamatlarning rohatini ko‘rib yashashni tilayman. Hademay bag‘rimiz, qo‘limiz, dilimiz, uyimiz to‘lib qoladi.
Bu kungacha Siz quvvatga, kuchga to‘lishingiz uchun, mening kichik nabiram iligi hozirdan to‘lib hayotga kirishi uchun tinch, xotirjamlikda orom olib yotishingiz va ko‘nglingiz tusaganini iste’mol qilishingiz lozim. Shod, xurramlikda, ma’sum tabassumda tongday to‘lib qo‘lingizga oling go‘dagimizni.
Qanday insonlar kamol topar ekan bu uch og‘ayni botirlardan! Insofli, iqtidorli, musaffo, saxovatli kishilar kamol topsin.
Sizni suyub, o‘pib, erkalab ayangiz Zulfiya. 20.8.1977 yil”.
Men ayajon bilan hamnafas bo‘lib, yonginalarida yigirma bir yildan ortiq vaqt yashadim. Ko‘p she’rlarining qanday sharoitda va qay kayfiyatda yozilishining guvohi va birinchi tinglovchisi bo‘lganimdan behad baxtiyorman.
Erta bahor edi, yakshanbalardan biri. Hammamiz quyosh nuridan isigan ayvonimizda o‘tirib nonushta qildik: ayajon, Omonjon aka, bolalar va nevaralar. Shu yerda suhbatlashib, dam olib o‘tirib, bizga nevara, ayajonga esa evara bo‘lgan Azizaxon(Ulug‘bekning qizi)ning boshini silab o‘tirib ayajon she’r o‘qidilar. Bolagina she’r ostida – ohangida uxlay boshladi. Yonlarida yonboshlab gazeta o‘qib yotgan Omon akaning ham ko‘zlari uyquga ketdi. Bu manzara ayajonning ilhomlarini keltirib, she’r yaraldi — “Buguningga men bo‘lay hokim”:

Hovli to‘la bahor, Ko‘k to‘la bahor,
Nafis bahor hissin chuldirar qushlar.
Hali ochilmagan gullarda ifor
Qish qirovin quvib dillarni xushlar.

Va biz — bir sulola ayvonimizda
Nur, quvonch, xotira ne’matiga rom.
Evara guvranar quchog‘imizda,
Hordiq kunimizga bag‘ishlab orom.

Bir choq buvim aytgan kuyin takrorlab,
Men go‘dakka sekin aytaman alla.
Menga munchoq ko‘zlar boqadi bodrab,
O‘g‘limni-chi, uyqu quchgan bu palla.

Qo‘lidan sirg‘ilgan gazet, oynagin,
Balandroq tokchaga qo‘yay avaylab.
Choyi sovimasin, o‘ray choynagin,
Aytay alla ichra allalar saylab.

Uxla, buguningga men bo‘lay hokim,
Kunni tunga ulay gar senga darkor.
Va tepangda ezgu tilaklar aytgum,
Shunday yonginamda to‘yib uxlab ol.

Qanday qulay bo‘lsa, shunday yotaver,
Shovqin, ovozlarni ketga qaytaray.
Sim-siyoh qosh, kiprik, soching oqlarin
Barmoqlarmas, baxtli nigoh-la taray.

Xizmating, burchlaring, his-tuyg‘ularing
Ko‘lamin anglashim bag‘ishlar g‘urur.
Elkamga ololmam aqal zarrasin,
Qodirman suyunib tilashga umr!

Ayajon umrlarining keyingi vaqtlarida she’rni oson yozardilar, o‘zlari doim shu xususiyatlarini ta’kidlaydigan bo‘lgan edilar. “She’r o‘zi quyilib keladi, bu bitilgan she’rlarni qayta ishlash kerak emas”, derdilar. “Iqrorga vaqt yetdi” she’rlarini ayajon bir o‘ltirishda yozganlar:

Ijod dengizimning mas’ud jo‘shqinin
Qo‘msab, dil bisotin ochayotirman.
Oldda bekatlarning tuyib yo‘qligin,
Notugal mashqlarim sochayotirman…

…Mulki lak-lak dilni etmakman ayon,
Bilasiz, yashadim riyodan olis,
She’riyat kechirsin, kechirsin she’rxon,
Zamona zug‘midan bo‘lmadim xolis…

…Yillar, nodir onlar,
sevgi, hijronim
Dilimni zamzamlab ketmagan uchib…
Bor bo‘lsa beshmi, o‘n muxlis she’rxonim,
Yozmoq — baxt qalamim uchini o‘pib.

Zulfiya ayajonning yana bir ezgu niyatlari, qalb tubida yashab kelgan bir orzulari… uning amalga oshgani haqida aytib o‘tishni istadim. Har gal gap kelganda ayajon: “Men dunyodan o‘tganimda, dadangizning yoniga qo‘yinglar”, deb tayinlar edilar. “Sensiz” deb atalgan she’rlarida: “Mana, bir umrni yashadim sensiz, qaytmas shodliklarning qaytishin kutib” deb yozgan bo‘lsalar, farzandlarni voyaga yetkazish uchun “Ota bo‘lib soldim men yo‘lga, Ona bo‘lib bag‘rimga bosdim” deydilar. Va doimo Hamid Olimjon ruhlari, xotiralari ularga kuch berib qo‘lladi…

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2009 yil 17-sonidan olindi.