Odil Yoqubov. Do‘stlarim davrasida yoxud unutilmas lahzalar (2009)

Kuz kunlarining biri edi. Kechasi allamahalda telefon jiringlab qoldi. Go‘shakni olsam, do‘stim Ozod!
— Uyqungni buzdimmi? Tabriklayman. Xalq yozuvchisi degan unvon olibsan.
— Rahmat, og‘ayni, — dedim. — Xohlasang hozir, xohlasang ertalab oftob chiqmay kelaver.
— Sen o‘z unvoning bilan bo‘lib, eshitmaganga o‘xshaysan. Zulfiya opamiz sening unvoningdan ham balandroq davlat mukofotiga sazovor bo‘libdilar. Ertalab borib, Opani tabriklaylik. Keyin sening unvoningni yuvamiz. Bo‘ladimi?
— Bo‘lganda qandoq, — dedim va hazillashdim:
— Sen kundan-kunga aqlli bo‘lib ketyapsan. Oxiri baxayr bo‘lsin!
Ertalab oftob chiqar-chiqmas Zulfiya opani tabriklagani bordik. Odam degan hovliga sig‘maydi. Opa tabiatan chiroyli ayol, yanada ochilib-sochilib, go‘zal bo‘lib ketganlar. Shu payt tashqaridan childirma, karnay-surnay ovozi eshitildi.
Hovliga shogirdlari qurshovida Mukarramaxon Turg‘unboyeva kirib keldilar. U kishi muqom qilib borib, Opaning oyoqlari oldiga cho‘kkalamoqchi bo‘ldi. Lekin opa bunga qo‘ymay hammamizni ichkariga taklif qildi. Bir mahal, Uyg‘un aka aytgandek, Yashin polvon kirib keldilar. U kishi kelishlari bilan shampan shishalari paq-paq ochilib, o‘yin-kulgi osmonu falakka chiqdi. Kulgi va qiyqiriqlar bosilgach, Ozod Yashin akaga murojaat qilib:
— Zulfiya opamizning to‘ylari, mana, juda go‘zal o‘tyapti. Endi Odilning to‘yi nima bo‘ladi. Buning unvonini qachon yuvamiz? — deb qoldi.
Yashin aka Ozodning tagdor gapiga tagdor javob berib shunday dedilar:
— Buyog‘i, mana, Odilning o‘ziga bog‘liq. Biz xizmatga tayyormiz!
Men ham bu hazil-mutoyibaga javob berishga urinib:
— Kamina xizmatga tayyorman. Qo‘y so‘y, desalaringiz — qo‘y, ho‘kiz desalaringiz ho‘kiz so‘yaman,— deb kuldim.
O‘sha kuni kechqurun “Literaturnaya gazeta”ning yangi bo‘lim boshlig‘i Axiyor Hakimov telefon qilib: “Bayram soni yetib bordimi, o‘qidingmi?” — deb so‘radi. Gazeta hali yetib kelmagandi.
— Bugun bo‘lmasa, ertaga yetib boradi. O‘qi, boshing osmonga yetadi, — dedi Axiyor.
Men: “Nima gap o‘zi?” deb so‘rasam, Axiyor:
— Yo‘q, aytmayman, gazetani o‘zing o‘qiganing yaxshi, — deb kuldi-da, trubkani qo‘yib qo‘ydi.
Qani endi tun o‘tsa-yu, tong ota qolsa!.. Bir balo qilib tong ottirdim-da, gazetaning uyga kelishini kutmay, pochtaga yugurdim. Gazetani olib ochsam… ijodim haqida katta maqola! Gap maqolada ham emas, eng muhimi — maqolani Chingiz Aytmatov yozgan! U asosan “Ulug‘bek xazinasi”ni tahlil qilib, asarga ijobiy baho bergan. Ulug‘bekni esa Kopernik, Galileylar qatoriga qo‘shgan.
Umrimda bunaqa maqtov eshitmagan odam, to‘satdan yelkamga qo‘ngan “baxt qushi”dan olamga sig‘may uyga chopdim. Eshikdan kirishim bilan telefon jiringladi, go‘shakni olsam… do‘stim Ozod! U “Ulug‘bek xazinasi”ga yuksak baho berganlardan biri edi. Fikrlari Chingizning fikrlari bilan uyg‘un kelganidan u ham xursand.
— Ikki oyog‘ingni qo‘lingga olib chop bu yoqqa! — dedim…
Bir hafta, o‘n kunlardan keyin Bilimlar uyida (Navoiy teatrining yonboshida) kaminaning ijodiy kechasi bo‘ldi. Umumiy rahbarlikni Ozod o‘z qo‘liga olib, ba’zan-ba’zan notiqlarga luqma tashlab, zalni kuldirib turdi. Kechada “Hamza” teatri artistlari “Ulug‘bek xazinasi”dan parchalar ijro etishdi.
Shunday qilib, kamina ham “klassik”lar qatoriga qo‘shilib qoldim… O‘sha yillari Abdulla Qahhorning 60 yillik to‘yi o‘tadigan bo‘ldi. Yozuvchilar bog‘i odamga to‘la. Qo‘lida ketmon ushlay oladigan hamma bog‘da. Abdulla akaning o‘zlari esa chorbog‘i yonidagi bir tup gujum tagida Abdulla Oripov bilan suhbatlashib o‘tirardilar.
Abdullajon kamina bilan ko‘rishdi-da:
— Men endi hasharchilarga qo‘shilay, — deb o‘rnidan turdi.
— Katta iste’dod, — dedilar Abdulla aka. — Katta shoir! Uning “Men nechun sevaman O‘zbekistonni?” degan she’rini o‘qiganmisiz?”
— O‘qiganman, o‘qiganman. U anov bizning ko‘chalarimizda jizillab kaboblar, doshqozonlarda palovxon to‘ralar pishyapti… Kela qolinglar O‘zbekistonga! — deganday she’rlarga qarshi yozilgan-da, dedim!
— Ha, ha. Xuddi shu fikrni aytish uchun yozgan… Anov so‘nggi she’r-chi. Yodingizda bo‘lsa bir-ikki satrini o‘qib bering!
— Qaysi birini aytyapsiz?
— Anov… Muhabbat haqidagi she’ri bor-ku, to‘ylarda aytilyapti…
Abdulla aka shoirning “Birinchi muhabbatim” she’rini aytayotgan edi. Bu she’r bir-ikki o‘qishdayoq yodimda qolgan.

* * *

Abdulla Qahhorning 60 yillik to‘yini “LG” qanday nishonlashini bilish uchun Valentina Pankinaga telefon qildim.
— Biz yubileylarni, hatto yirik yozuvchilarning to‘ylarini ham katta qilib yorita olmaymiz, — dedi Pankina, so‘ng bir daqiqa o‘ylanib turgach:
— Eng yaxshisi Abdulla Qahhorning o‘zi muhim bir masalada bizda chiqish qilsinlar. Biz uni to‘ygacha gazetada chiqaraylik, — dedi.
Men bu gapni Abdulla akaga aytdim. U kishiga ham bu fikr ma’qul bo‘ldi.
— Faqat bitta shartim bor. Maqolamga qalam tekkizmay, qisqartirmay bossalar, yozib beraman. Agar qaychilab, go‘shtini axlatga tashlab, faqat suyagini chiqaradigan bo‘lsa, undan ko‘ra hech narsa bermaganlari yaxshi.
Qisqasi, hafta ham o‘tmay Abdulla aka menga telefon qilib:
— Keling, buyurtmangizni olib keting, — deb qoldilar.
Darhol yetib bordim. Maqola paxtakorlar hayoti haqida, to‘g‘rirog‘i, paxtakor ayollarimiz mehnati haqida edi.
— Ba’zi bir yuzaki adiblarimiz asarlarini o‘qisangiz, — deb boshlanar edi maqola, — ularda qiz-juvonlarimiz dalaga atlas ko‘ylak kiyib chiqadi va qirq daraja jazirama issiqda qo‘shiq aytib, chopiq qiladilar va zavqqa to‘la hayot kechiradilar. Dalalarimizda tunu kun childirma va karnay-surnay sadolari yangraydi… Xurram qiz-juvonlar raqsga tushganlari-tushgan… Shunda karnay va surnay ohangiga yo‘rg‘alashni bilmagan shoir va yozuvchilarimiz ham qiz-juvonlarga qo‘shilib, raqsga tushib asar yozar emishlar…
Maqola chiqqandan keyin bo‘ldi to‘polon, bo‘ldi to‘polon! Qasdiga olib, xuddi o‘sha kunlari Toshkentda, viloyatlarda terimga tayyorgarlikka bag‘ishlangan qurultoylar o‘tayotgan edi… Faqat oddiy dehqonlarimizgina emas, o‘sha mahalda katta dovrug‘ qozongan Tursunoy Oxunova bilan Valentina Tyupkolarga ham maqola chayon chaqqanday ta’sir qildi.
Tabiiy, kamina bo‘layotgan gaplarni tahririyatga aytib turdim. Pankinaga telefon qilib, vaziyat u o‘ylaganidan chuqurroq ekanini tushuntirdim.
— Qo‘y, ko‘p vahima qilaverma, bularning hammasi ko‘pik-ku! Ko‘pik esa, albatta, bosiladi, — dedi Pankina.
Darhaqiqat, o‘sha gapning ertasidan boshlab, A.Qahhor maqolasidan boshlangan ur-yiqit tanqid asta-sekin pasayib, nihoyat o‘chdi.
Kunlardan birida menga Shukrullo telefon qilib qoldi:

* * *

— Toshkentga Chingiz kelibdi. U “Toshkent” mehmonxonasida ekan. Men uni mehmonga chaqirdim, u keladigan bo‘ldi. Olib kel, gaplashib o‘tiramiz.
Men u payt Chingizni uncha yaxshi tanimas edim. Uni Pirimqul yaxshi bilar, ular Moskvada tanishgan ekan. Men unga telefon qildim. Shukrulloning iltimosini aytdim. U jon-jon deb rozi bo‘ldi. Uch kishi bo‘lib, shoirning “g‘arib kulbasi”ga kirib bordik.
Shunda Chingiz Shukrullo akadan nima yozayapsiz, oqsoqol, — deb so‘radi.
— Men xuddi shu bugun yangi dostonimni tugatib, nuqta qo‘ydim, — dedi shoir.
— Bo‘lmasa, bir bobini o‘qib bering, palov oldidan sho‘rva bo‘lsin, — dedi Chingiz.
Shukrullo aka ham xuddi shuni kutib turgan ekan, darhol o‘qishga kirishib ketdi.
“Eski shaharning eski hovlisi. Lekin bu eski hovlining o‘ziga xos betakror bir go‘zalligi bor. Hovli o‘rtasida katta supa. Supa atrofida sada rayhon va gultojixo‘rozlar o‘sadi… Kechalari bu gul va rayhonlar bilan shamol o‘ynashadi. Shunda butun hovli gul va rayhon hidiga to‘ladi. To‘g‘rirog‘i, ilgari shunday bo‘lgan. Endi-chi? Endi supa atrofidagi ariqchadan aroq shishalari-yu, mayda-chuyda axlat qoldiqlari oqib o‘tadi. Ularning qo‘lansa hidi gul va rayhon bo‘ylarini bosib ketadi. Shoir bundan larzaga tushadi. Aroq shishalarini oqizib yuborgan odamlarni qarg‘aydi. Ammo qarg‘ishi aroqxo‘rlar qulog‘iga yetib bormaydi…”
Parcha Chingizga ma’qul bo‘ldi. U shoirning yangi asariga oq yo‘l tilab, qadah ko‘tardi. Men esam, o‘qilgan parchani gazetada e’lon qilish uchun cho‘ntagimga solvoldim.

* * *

Ertasiga Pirimqul ikkimiz Chingizni kuzatib qo‘ydik. Oradan bir hafta o‘tar-o‘tmas, Shukrullo dostonining parchasi Chingiz yozgan mittigina so‘zboshi bilan bir bet bo‘lib, gazetada chop etildi. Garchi, Shukrullo dostoni to‘liq bosilmagan bo‘lsa ham, gazetxonlardan tabriklar keldi, xatlar ola boshladik…
Men hamon “Literaturnaya gazeta”da ishlayman. Gazeta o‘zining o‘tkir chiqishlari bilan faqat sho‘rolar yurtida emas, xorijda ham mashhur edi. Tahririyat muxbirlardan ham shunday o‘tkir chiqish va jiddiy tanqidiy maqolalar talab qilardi. Bu talab, tabiiy, mahalliy rahbarlarning jig‘iga tegar, ular muxbirlardan “katta yutuqlarimiz”ni mamlakat miqyosiga olib chiqishni talab qilishardi. Men kundalik axborotlarimda bu yutuqlar haqida ham kichik-kichik xabarlar berib turardim, albatta. Lekin kattalarimiz bu chiqishimni xushlayvermas, ular muxbirlardan “katta bunyodkorlik ishlarimiz” haqida yozishni istar edilar…
Shunday kunlarning birida yozuvchi Shukur Xolmirazev:
— Yuring, Odil aka, bizning Boysun tomonlarga borib kelaylik. Sizni Boysun tog‘lariga olib chiqamiz, biz tomonlarning odamlari ham boshqacha: to‘g‘riso‘z, mard, chapani. Ularni ko‘rasiz, tanishasiz, xullas, o‘ynab kelamiz, — deb qoldi. Taklif menga yoqdi, chunki undan besh-olti oy avval men Qashqadaryoga borib, u yerdagi gaz konchilari haqida “Chori Umirovga yordam beraylik”, degan maqola yozgandim. Maqola rahbarlarga ham, gazetaga ham yoqqan edi.
Biz uch kishi — kamina, Shukur Xolmirzayev va o‘sha mahalda yaxshi she’rlari bilan tilga tusha boshlagan Usmon Azim yo‘lga otlandik.
Qarshigacha poyezdda bordik. Qarshida yosh do‘stlarimning og‘a-inilari kutib olishdi, pachaqroq bir “villis” topib kelishdi va biz Boysun tomon yo‘lga tushdik. Hali asfalt qilinmagan notekis yo‘ldan mashinada sakray-sakray Boysunga qosh qorayganda yetib bordik. Borsak, vadavang to‘y. Har joy-har joyda gulxan lovullaydi, karnay-surnay, childirma, do‘mbira, ashula osmonu falakka yetgan.
Shukur negadir to‘y haqida lom-mim demagan edi. Borganda, bilsak, jiyanlarining o‘g‘il to‘yi ekan. Men koyib, “aytsang bo‘lmaydimi, sovg‘a-salom olarmidik”, desam, Shukur:
— Qo‘yavering, bizning shu kelishimiz o‘zi bular uchun katta sovg‘a, — deb meni tinchitdi.
O‘zbekchilik. Bir zumda Shukurning tog‘a-jiyanlari, amma-xolalari yopirilib kelishdi, Shukur bilan Usmonni quchoqlab o‘pishdi, aylanib-o‘rgilishdi. Bu shirin so‘zlardan kamina ham bebahra qolmadi. Ularda quchoqlashib ko‘rishish odat ekan.
Bir zumda o‘tloqqa gilam yozilib, qo‘sh-qo‘sh patnislarda nimta-nimta go‘sht, patir va bo‘g‘irsoqlar keldi… Usmon o‘sha mahalda dovrug‘ qozongan “Karvon ko‘rdim”ini o‘qib, olqish oldi. Shukur esa, so‘z berilganda meni osmon barobar maqtab so‘z navbatini kaminaga oshirdi. Men bunaqa to‘yni birinchi ko‘rishim, biz tomonlarda to‘ylar boshqacha o‘tardi. To‘y egasiga tashakkur bildirib, ikki yosh do‘stim ijodini ko‘klarga ko‘tardim.
Ertasi Shukurning volidasi, o‘sha mahalda oltmishlarga borib qolgan bo‘lsa-da, hamon ko‘hligini yo‘qotmagan ayol dasturxonni suzma deysizmi, kosa-kosa qaymog‘u hozirgina uzilgan patir nonlar deysizmi, to‘ldirib o‘tirgan ekan, qayta salomlashdik. Onaizor mendan o‘g‘lining ishlari, oilasi, farzandlari haqida so‘radi. Nabiralarini rosa sog‘ingan ekan, ularni eslab ko‘ziga yosh oldi.
Men Shukurning kelajagi porloq, uning iste’dodi noyob ekanini aytib, onaizorning ko‘nglini ko‘tarib qo‘ydim.
Onaizor:
— Iloyim, aytganingiz kelsin, — deb duo qildi.
Barcha onalarning tuprog‘i bir joydan olingan ekan-da, dedim ichimda o‘z volidamni eslab.
Yo‘lga chiqayotganimizda Shukur Boysunda bir leytenant do‘sti borligini, u ashaddiy ovchi ekanini aytgandi. Nonushta payti Shukur aytgan “katta leytenant” ham kirib keldi. U juda baquvvat va xushsurat yigit, ustiga ustak, ichi to‘la latifa ekan.
Katta leytenant kelganidan keyin shu kungi rejani tuzdik. Men shaharni, shahardan ham avval ba’zi korxonalarni, maktablarni ko‘rsakmikan, degan edim, katta leytenant:
— Shahar hech qayoqqa qochmaydi, uni erta-indin ham ko‘raverasizlar, — dedi. — Bugun toqqa chiqaylik. Men mashinamga bitta serka tashlab qo‘yganman. Uni xudo yo‘liga so‘yib, kabob qilamiz, quyon ovlaymiz, — deb turib oldi.
Bu taklif hammaga yoqdi. Shu bilan mashinaga kigiz-pigiz, qozon-tovoq solib, toqqa qarab yo‘l surdik.
Shahardan chiqqach, sal o‘tmay eski tashlandiq uyga duch keldik. Unga yaqinlashganimizda tashlandiq uydan bir gala kaptar uchib chiqib, osmonga parvoz qildi.
Leytenant darhol yerga sakrab tushib, bir-ikki marta miltiq otdi. O‘q tekkan kaptarlar tap-tap etib yerga tushdi. Biz bu manzaraga mahliyo bo‘lib angrayib qolgan ekanmiz, to‘satdan mashinada qolgan shofyor:
— Ey, voy, ketdi! Qochdi, — deb baqirib qoldi. Bundoq qarasak, katta leytenantning serkasi mashinadan otilib tushib, ortda qolgan yalanglikda yugurgilab ketyapti.
Serkaning orqasidan birinchi bo‘lib, katta leytenant yugurdi, uning ketidan shofyor, shofyor ketidan Usmon, Usmonning ortidan Shukur chopdi. Men na chopishni, na qolishni bilmay angrayib turaverdim.
Bir mahal to‘rt “ovchi”, og‘izlari quloqlarida, sho‘rlik serkani sudrab qaytishdi. Yo‘lda davom etdik. Sal o‘tmay yo‘l chapga burilib, pastlab ketdi-yu, sharqirab oqayotgan bir ariqqa duch keldik.
Tol va teraklar bilan qurshalgan kattagina soy yoqasida bir yuk mashinasi turar, daraxtlar soyasida besh-oltita harbiylar ichishib, “chaq-chaq”lashib o‘tirishardi. Bu manzarani ko‘rishi bilan leytenant:
— Brakonerlar! Hujjatsiz ov qilib yurishibdi! Hozir tekshirib ko‘ramiz! — deb qoldi. Biz bir fikrga kelgunimizcha u yerga sakrab tushdi. Biz ham ergashdik.
Maishat qilib, yonboshlab yotganlaridan biri — alpqomat, turqi sovuq harbiy (keyin bilsak komandir ekan) biz tomon yurib:
— Xo‘sh? Nima gap o‘zi? — deb o‘dag‘ayladi. Orqasidan yetib kelgan boshqa bir mayor bizni yumshatmoqchi bo‘lib:
— Xo‘sh, nima gunoh qildik? — deb so‘radi.
— Hech gap yo‘q! Hujjatlaringizni ko‘rsatinglar! — dedi katta leytenant. — Hozir ov vaqti emas! Qani ovchilik hujjatlaringiz? Qani, ov qilishga ruxsatnoma?
— Qanaqa hujjat? Qanaqa ruxsatnoma? — dedi podpolkovnik g‘azabdan xirillab. — Avtomatni ber, Alyosha? — qichqirdi u askarlarning biriga. — Men hujjatni ko‘rsatib qo‘yay bularga…
Bu orada mashinaga sakrab chiqqan bizning shofyor yuk mashinasidagi quruq pichanlarni tepkilab, harbiylar otgan quyonlarni yerga tashlay boshladi: bir, ikki, uch… quyonlar soni o‘n bittami, o‘n ikkitagami yetdi.
Shunda kamina muxbirligim esimga tushib, cho‘ntagimdan guvohnomani chiqardim.
— Men “Literaturnaya gazeta”ning maxsus muxbiri bo‘laman, — dedim, o‘zimni dadil tutishga harakat qilib: — Agar biz bilan to‘g‘ri muomala qilmaydigan bo‘lsangiz, ertaga rahbarlaringizga murojaat qilaman. Ana o‘shanda ko‘rasiz kim-kimga ko‘rsatib qo‘yarkan?
Shukur bo‘lsa, o‘zbekcha-ruscha so‘zlarni aralash-quralash qilib, bo‘ralab so‘kinardi.
Qisqasi, “Literaturnaya gazeta”ni eshitgach, boshda hovliqqan podpolkovnik birdan past tushdi.
O‘sha kuni biz tog‘ yonbag‘ridagi archazorda serkani so‘yib dam oldik-da, xushnud kayfiyatda Boysunga qaytib keldik. Bizning ishimizdan, ayniqsa, rahmatli Shukur xursand bo‘lib, boshi osmonga yetdi. Uning qalami o‘ziga xos, asarlari na tengdoshlari va na klassiklarimiznikiga o‘xshaydi. U bir yomon ko‘rib qolgan odamini uzoq vaqt yoniga yo‘latmas, xush ko‘rgan adib va san’atkorlarni umrining oxirigacha yaqin olib yurardi. O‘sha safardan keyin biz juda qadrdon bo‘lib qoldik. Kamina yetmishga kirganimda, u men haqida “O‘zbekning Chingizi” degan maqola yozdi. Nega shunday nom qo‘ydi — bilmadim. Bir safar so‘rasam:
— Ha, biz ham o‘zimizni kamsitavermaylik-da, — dedi odatdagiday o‘dag‘aylab, — nima, maqolam sizga yoqmadimi?
— Yo‘q, nega yoqmasin? Maqtov kimga yoqmaydi? — deb kuldim.
— Ha, shunday deng! Men bo‘lsam sizga yoqmabdi-da, deb o‘ylabman, — dedi…

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2009 yil 9-sonidan olindi.