Xosiyat Bekmirzayeva. “Hurlar kelur erdilar anga…” (2009)

O‘z saltanatida obodonchilik ishlarini boshlab yuborgan Bobur podshoh salaflari izidan borib, hammomlar qurilishiga alohida e’tibor beradi. Chunki Hindistonda “hammom yo‘q” (“Boburnoma”, Toshkent, 1989) edi. Bu yurtda hammom madaniyatini Bobur podshoh joriy etgan, deb ikkilanmay aytish mumkin. “Hindustonning yana uch ishidan mutazarrir erduk: bir issig‘idin, yana bir gardidin, yana bir tund yelidin. Hammom har uchalasining dafii ermish”, “…namozi shom namozi xufton orasida Do‘lpur qo‘rg‘oniga kirib, charog‘ bila Abdulfath solg‘on hammomni sayr qilib…”, deb yozadi Bobur. Yana “Boburnoma”da o‘qiymiz: “Panjshanba kuni jumodil-avval oyining uchida bog‘ning janubiy tarafida (ya’ni Do‘lpurdagi Nilufar bog‘ida — X.B.) hammomg‘a yer tayin qilib, hammom yerini tuzattilar. Buyurdumkim, bu tuzalgan yerda hammomning kursisini qo‘porg‘ondan so‘ng, hammom tarxini solg‘aylar. Bu hammomning bir uyida dahrdardah havz buyurdum”.
“Boburnoma”dan bu mazmundagi iqtiboslarni ko‘plab keltirish mumkin. Aslida, gap bunda emas. Bizni hammom poetik timsolining buyuk ustozlar badiiy ijodidagi in’ikosi qiziqtiradi. Hazrat Alisher Navoiy va Bobur mirzoning davlat arbobi hamda hukm-farmon sifatida hammomlar qurilishiga alohida e’tibor berganlari bejiz emas edi, albatta. Alisher Navoiyning kichik zamondoshi G‘iyosiddin Xondamir o‘zining “Makorim ul-axloq” kitobida: “…karomat egasi Amir mansabdorlik kunlarida …hammomlar qurgan”, deb yozadi. “Hammomlarning sanog‘i quyidagicha: “Shifoiya” yonidagi hammom; Ziyoratgoh hammomi; Tarnob hammomi; Darrai Zangi hammomi; Tuvuchi hammomi; Chihlduxtaron hammomi; Panjdeh hammomi; Fayzobod hammomi; Saidobod hammomi”, deya Xondamir ularni bir-bir sanab ko‘rsatadi. Bu dalilni Bobur mirzo ham o‘zining “Boburnoma” asarida tasdiqlaydi. Chunonchi, Samarqand qal’asi bayonida Bobur mirzo: “Ulug‘bek mirzoning imoratlaridin… Yana ushbu madrasa va xonaqohga yovuq bir yaxshi hammom solibtur”, deya qayd etadi.
Hammom tarifidagi she’rlar o‘tmishda hammomnoma yoki hammomiya, deb nomlangan. Bunday she’rlar dastlab fors adabiyotida paydo bo‘lib, XIV asrdan so‘ng turkiy tilda ijod qilgan shoirlar tomonidan ham yaratilgan. Turkiyalik adabiyotshunos Iskandar Poloning yozishicha, “Hammomnomalar ko‘proq qasida shaklida yaratilgan. Lekin g‘azal, qit’a, masnaviy, ruboiy shakllarida bitilganlari ham bor… Hammomnomalarning aksariyatida hodisa shoirning hammomga kelishi bilan boshlanib, sevimli mahbubga uchrashish, hayratga tushib shu go‘zalni madh qilish bilan davom topadi”. Iskandar Polo hammom mavzuida qalam tebratgan shoirlar haqida so‘zlarkan, Muhammad Fuzuliyning ushbu baytini misol keltiradi:

Qildi u sarv sahar noz ila hammomga xirom,
Sham’i ruxsori ila bo‘ldi munavvar hammom.

Hammom poetik detal yoxud poetik timsol sifatida buyuk zotlarning ijodida ham o‘z aksini topgan. Hammom timsoli tilga olinganda, daf’atan hazrat Navoiyning hammamizga ma’lum va mashhur qit’asi yodga keladi:

Kamol et kasbkim, olam uyidin
Senga farz o‘lmag‘ay g‘amnok chiqmoq.
Jahondin notamom o‘tmak biayih
Erur hammomdin nopok chiqmoq.

Ustod yorug‘ dunyoga kelgan har bir kishining komilik kasb etmog‘i ehtiyoj darajasidagi zarurat, deya uqtiryapti. Qit’ada qiyosiy tashbeh usulidan foydalanilgan. Hammom o‘zida foniy dunyo timsolini in’ikos etgan.

Hammomg‘a azm aylagach ul sho‘xi sitamgar,
Hammom yuzi aksi bila bo‘ldi munavvar.

Mavlono Lutfiy mana shu matla’ bilan boshlanuvchi hammom haqida olti baytli, tasvirga boy, voqeband g‘azal bitganki, g‘azalni o‘qish davomida baytma bayt hammom tasviri ko‘z oldingizda namoyon bo‘ladi.

Guldek tanidin chunki araq bo‘ldi ravona,
Hammom gulob isi bila bo‘ldi muattar.

Alisher Navoiy “Majolis un nafois”da Lutfiyning mahoratiga tahsin aytib, “…zamon shuarosi borcha tatabbu’ qildilar”, deydi. Navoiyning bu fikrlari bejiz emas. Bobur she’riyatidagi hammomga bag‘ishlangan asarlar Lutfiyning mana shu birgina g‘azalida jamlangandek taassurot uyg‘otadi.

Suv g‘ayratidinkim tanig‘a tegdi damodam,
Jonim bori suv bo‘ldi yu holim dag‘i abtar.

Ey koshki, men bo‘lg‘ay edim olida xodim,
To vasl tuni bo‘lg‘ay edi bizga muyassar.

Kavsar suyi, jannat guli oltun tarog‘ olg‘och,
Hurlar kelur erdilar anga bo‘lg‘oli chokar.

Hammomdagi o‘tu suvga Lutfiyning ohiyu ko‘z yoshi bas kela olmaydi. Bu tasvir Bobur ruboiysida aynan takrorlanadi:

Bu Lutfining ohiyu o‘ti ko‘z yoshidandur,
Hammomning o‘tiyu suyi, tushmas anga bovar.

Bobur o‘zigagina xos bo‘lgan rostgo‘ylik bilan yozadi:

Hammomki, ark ichinda paydo qildim,
Sog‘inmaki, suddin tabarro qildim.
Sud ushbu emasmukim, tadbir bila
Pokiza badanlarni tamosho qildim.

Arkda, ya’ni hukmdorlar oshiyonida hammom qurdirdim, bundan foyda topib boyimoqchi, deb o‘ylama. Pokdamon bokira vujudlarni bu tadbir bilan tamosha qilish foyda emasmi, axir, demoqchi bu ruboiyda shoir.

Hammomki, qildim ko‘rungizkim, ayyom,
O‘xshatti aning bori ishi manga tamom.
Ko‘z yoshiyu ko‘ngul o‘ti birla mendin,
Gulchehralar istabon yuriydur hammom.

Bobur aytmoqchiki, o‘z davrimda hammom bunyod etdim, uning faoliyati mening xuddi ishu korimga o‘xshaydi. Mening qalbim yonadi-yu, ko‘zim yosh to‘kadi. Gulchehralar shuning uchun aynan hammom istaydilar. Shoir bu ruboiyda o‘zining holu holatini hammomning faoliyatiga nisbat bergan. Darvoqe, qalb o‘rtansa, ko‘z yoshlanadi. Hammom ham o‘tu suv bilan ishlaydi. Shoirning holu holati bilan hammom faoliyati orasida ichki nozik bog‘lanish bor.
Bobur mirzoning yana bir ruboiysini ko‘zdan kechiraylik:

Hammomki, to maskani jonona emish,
Anda parilar husnig‘a devona emish.
Ul xud paridur borcha mulozimlari ham,
Alqissaki, hammom parixona emish!

Ruboiyda notanish so‘z va birikmalar ham, murakkab tushuncha ham yo‘q. Ruboiy xalqimiz orasida keng tarqalgan tasavvur asosida bitilgan. Ya’ni hammomda insu jinslar maskan quradilar, degan mish-mishlar mavjud. Mana shu tasavvurdan boxabar o‘quvchi she’r mazmuniga tushunadi.
Xulosa qilib aytganda, Bobur mirzo bu ijod namunalari orqali o‘zbek she’riyatidagi poetik timsol — hammom obrazidan unumli foydalangan.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2009 yil 7-sonidan olindi.