Asad Asil. Bunyodkorlik o‘zimizga bog‘liq (2009)

Men mahalla oqsoqoliman. Qishlog‘imizda so‘lim bir guzar barpo qilmoqdamiz, ichimlik suv muammolarini hal etyapmiz, o‘tmishdan qolgan chala qurilishlarni oxiriga yetkazish uchun kurashyapmiz. Shu tufayli turli joylarda, har xil yoshdagi odamlar orasida bo‘lishga to‘g‘ri keladi. Ezgu ishlarimizga xayrixoh, to‘g‘rilikni qo‘llab-quvvatlovchi, olis istiqbolni ko‘ra oluvchi bag‘rikeng insonlar juda ko‘p. Ularga umummanfaat yo‘lida murojaat qilsangiz bajonidil yordam beradilar, hech bo‘lmasa, ko‘nglingizni ko‘tarishadi, to‘g‘ri yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatishadi, foydali maslahatlarini ayashmaydi.

Bunga qarama-qarshi o‘laroq oramizda shundaylar ham borki, yo‘q bo‘lsang, berolmaydi, bor bo‘lsang, ko‘rolmaydi. Shundaylarning katta yoshdagi oqsoqollar orasida uchrab turishi esa juda-juda achinarli va xunuk holdir. Mana bir misol. Qishlog‘imiz markazida guzar yaratish jarayonida ketma-ket hasharlar uyushtirdik. Hasharlar chog‘ida o‘zimiz ham belkurak va ketmon bilan ishlar edik. Uch-to‘rt nafar yoshi o‘tib qolgan kishilar esa shundoqqina ko‘rinib turadigan pastqamlikda davra qurib, el ko‘zida maishat qilishardi. Avvaliga o‘zlari uyalishar, insofga kelib qolar, degan umidda indamadik. Bu holning hadeb takrorlanaverishi mening bardoshimni tugatdi. Ularning tepasiga bordim-da:

– Uyat emasmi, tomoqlaringiz juda qaqrab ketayotgan bo‘lsa, uy-uylaringizda ichinglar! – dedim baland ovozda barchaga eshittirib.

Mahallalarda to‘kis ish olib borish, ayniqsa, obodonchilik, ulkan qurilishlarni ro‘yobga chiqarish oson emas. Mayda-chuyda ishlarni hashar yo‘li bilan bajarib tashlash mumkin. Katta bunyodkorliklarni-chi? Aytaylik, markaziy ko‘chalarni asfaltlash, kuchli texnikalar vositasida ko‘priklarni ta’mirlash, chala qolgan ulkan binolarni bitkazish singari o‘nlab masalalarda, albatta, tuman rahbarlari bilan bamaslahat ish olib boriladi, arxitektor kabi mutaxassislar jalb etiladi.

– Bunyodkorlikni shunday amalga oshirish kerakki, yuz yil o‘tganda ham u odamlar ko‘zini quvontirib tursin! – deydi qat’iy ishonch bilan tuman hokimi Qambarali Eshonqulov, guzardagi pastqamgina qurilayotgan binolarga ishora qilib. – Buning o‘rnida maxsus loyiha asosida qomatdor binolar tiklash lozim, toki guzar haqiqiy zamonaviy guzar qiyofasini olsin! “Qishloqqa bo‘laveradi”, kabi eskicha gaplarni qo‘yinglar. Qishloqlar, mahallalarni kelgusida shahar va qo‘rg‘onlardan qolishmaydigan darajada yuksaklikka ko‘tarmog‘imiz lozim!..

Tuman hokimining ibratomuz bu qat’iyati va dadilligi qishloq bunyodkorlari ruhini ko‘tarib yubordi. Arxitektorlar tayyorlab bergan maxsus loyiha asosida qayta boshlangan ko‘rkam qurilishlar oldinma-ketin bitkazib borilmoqda. Qishlog‘imiz markazida so‘lim guzar va mashhur adib Sirojiddin – Sidqiy Xandaqliqiy majmuasi may oyiga qadar to‘la-to‘kis bitishi mumkinligiga hammamizda ishonch paydo bo‘ldi.

Men uzoq yillar davomida o‘zimcha “Atrof-muhitni muhofaza qilish yili qachon kelarkin”, deb o‘ylab yurardim. Mana, atroflicha o‘ylab, da’vat etilgan «Obod mahalla yili»ga atrof-muhitni muhofaza qilish muammolari ham albatta bevosita bog‘liqdir. Axir, toza havo, tiniq suv, pokizalik obod mahallaning asosiy va g‘oyatda muhim tarmoqlaridan emasmi?! Xullas, endi obodonchilik, umuman, har qanday boshlangan savobli ishlar yuqoridan to‘la-to‘kis qo‘llab-quvvatlanadi. Bunday jo‘shqin harakat va tashabbuslarni hech bir sun’iy to‘siq to‘xtatib qololmaydi. Zilol suv yuzidagi xaslar olib tashlanadi.

Bizning qishlog‘imizda Obod mahalla yiliga oid ishlar tobora gurkirab bormoqda. 2003 yil Xondayliqda chindan ham ulkan bunyodkorliklar yili bo‘ladi. Qishloq guzari tevaragidagi do‘konlar, dorixona, aylanma yo‘l va boshqa inshootlar to‘la-to‘kis qurib bitkaziladi.

Ha, ezgu niyatli insonlar kutgan yorug‘ kunlar keldi, orzular birin-ketin ro‘yobga chiqayapti.

“Xalq so‘zi” gazetasi,

2009 yil 14 fevral soni.