Abdulla Sher. Sonet sirlari (2009)

Sonet haqida ko‘pchilik umumiy tasavvurga ega. Sonetning faqat o‘n to‘rt qatorli she’r emas, balki murakkab hamda nihoyatda yuksak mahorat talab qiladigan she’riy shakl ekanini hamma ham bilmaydi. Zero, sonet buzilmas qonun asosida yaratiladigan g‘oyaviy-badiiy lirik asardir. Uning mumtoz namunasi har biri o‘n bir hijoli o‘n to‘rt misrani, hammasi bo‘lib ellik to‘rt hijoni o‘z ichiga oladi. U ikki qismdan tashkil topadi, birinchi qismi ikki qofiya bilan bog‘langan ikki to‘rtlik (katren)dan va ikkinchisi — erkin qofiyalangan ikki uchlik (tertset)dan iborat bo‘ladi.
Mumtoz sonetning go‘zal namunalarini Dante, Petrarka, Bokachcho, Kamoens, Ronsar, Eredia, Bodler, Mitskevich, Bryusov, Kolar, Bexer va boshqa o‘nlab mashhur shoirlar ijodida uchratish mumkin. Ayni paytda, satrlar soni va joylashuvi qonuni buzilgan, lekin sonet deb atalgan she’rlar ham uchraydi. Ularda faqat o‘n to‘rt satrli umumiy shakl saqlanib qoladi, boshqa janriy talablar esa bajarilmaydi. Masalan, V. Shekspir, J. Don singari ingliz shoirlari turli xil qofiyalangan har biri to‘rt misradan iborat uch band va ikki misradan tashkil topgan bir bandli shaklni, P.Neruda esa, katren va tertsetlarga bo‘lingan, lekin qofiyasiz o‘n to‘rt misrali she’rni sonet, deb taqdim etadilar. Bular orasida, ayniqsa, Shekspirning bir yuz ellik to‘rt she’ri sonet nomi bilan mashhur. Ular haqiqatdan ham sonetmi? Agar ularni sonet deb qabul qiladigan bo‘lsak, qat’iy qonunga asoslangan janriy talabni qayoqqa qo‘yamiz? Yoki o‘n to‘rt satrli har bir she’rni sonet deb atayverishimiz kerakmi? Bu savollarga javob topish uchun tarixga va u bilan bog‘liq adabiyot tarixiga murojaat qilishimiz lozim bo‘ladi.
Sonet atamasi italyancha «Sonetto» va provansal lahjasidagi «Sonet» so‘zlaridan kelib chiqqan bo‘lib, qo‘shiq, jarangdor qo‘shiq ma’nolarini anglatadi. U mustaqil she’riy janr sifatida dastlab Sitsiliya maktabi shoirlaridan Jakomo da Lentini tomonidan XIII asrning boshlarida qo‘llanilgan. Xo‘sh, nima uchun sonet o‘rta asrlarda, undan avval yoki keyin paydo bo‘lmagan? Bunday qat’iy qonun asosidagi badiiy asarning paydo bo‘lishiga nimalar turtki bergan? Bu borada bizning farazlarimiz quyidagicha.
Ma’lumki, o‘rta asrlarda, aniqrog‘i, uning o‘rtalarida nasroniylik Ovro‘poda hamma narsani cherkovga bo‘ysundirdi. Katolik inkvizitsiyasi Injilga mos kelmaydigan har qanday fikrni kufr deb e’lon qildi va bunday fikr egasini gulxanda yoqdi. Musulmon dunyosida esa, aksincha, hur fikrlilikka keng yo‘l ochildi va inson erkin harakat va erkin tafakkur qilishga haqli, deb hisoblandi.
Qur’oni karimda e’tiqod bilan birga ilm va axloq islomning uch ildizi sifatida talqin etildi, islom — ilm va olimlar dini, olimlar — Allohning do‘sti, deb e’lon qilindi. Natijada musulmon Sharqida ilmiy, falsafiy va badiiy tafakkur IX — XIII asrlar mobaynida misli ko‘rilmagan yuksaklikka ko‘tarildi. Bu paytda Ovro‘po esa, ko‘pchilik g‘arb mutafakkirlari e’tirof etganlaridek, «gumrohlik botqog‘iga» botib yotar edi. Ana shunday sharoitda musulmon olami, musulmon Ispaniyasi orqali, Ovro‘poni g‘aflat uyqusidan uyg‘otuvchi ma’naviy kuch, qit’alar va e’tiqodlar orasidagi tafakkur ko‘prigi bo‘lib xizmat qildi. G‘arbda «Buyuk tarjimalar davri», deb atalgan XI — XIII asrlarda Ovro‘po tarixida ulug‘ Uyg‘onish ro‘y berdi: musulmon allomalari, bir tomondan, qadimgi yunon mutafakkirlari merosini targ‘ib qilish bilan, ikkinchi tomondan, ana shu merosni tadrijiy rivojlantirgan o‘zlarining buyuk kashfiyotlari orqali Ovro‘poni gumrohlik botqog‘idan olib chiqdilar. Buni musulmon Ispaniyasining Sevilla, Qurdoba, G‘arnata amirliklarini qo‘lga kiritish jarayonida buyuk madaniyatdan hayratlangan nasroniylar qoldirgan yozma manbalarda yaqqol ko‘rish mumkin. Ularda va undan keyingi hujjatlarda cherkov namoyandalari ispan zodagon yoshlari xristian bo‘la turib, arab tili, yozuvi va she’riyatini nozik nuqtalarigacha o‘rganganliklarini, cherkov ta’limotlariga yuzaki qarab, botinan musulmonlarning «chiroyli hayot» tamoyillariga amal qilganliklarini alam bilan qayd etadilar.
Darhaqiqat, XI — XIII asrlarda va undan keyin ham musulmon madaniyati Ovro‘po uchun taqlid ob’ektiga aylandi. Xorazmiy (Alhoretm), Farg‘oniy (Alfraganus), Forobiy (Alfarabius), Ibn Sino (Avitsenna), G‘azzoliy (Algazali) singari o‘nlab buyuk olimlarning asarlari lotinchaga tarjima qilinib, g‘arb universitetlarida o‘qitildi. Qurdobalik faylasuf Ibn Rushd (Averroes) g‘arb olamida misli ko‘rilmagan shuhrat qozondi. Ovro‘poda uning nomi bilan ataladigan Averroizm ijtimoiy-falsafiy oqimi vujudga keldi. Hatto XV — XVI asrlarda ham g‘arb universitetlarida, xususan, Frantsiyadagi Sorbonna universitetining ilohiyot va falsafa fakultetlarida arab tili, arab falsafasi va Ibn Rushd falsafiy merosidan alohida-alohida imtihon olingan.
O‘sha davrlarda adabiyotda ham Ovro‘po muayyan ma’noda musulmon Sharqiga taqlidan rivojlanish yo‘lida bordi. G‘azal, qasida, muvashshah janrlari Ovro‘poga kirib keldi. Ayniqsa, g‘azal nihoyatda mashhurlik kasb etdi. Sonetni ana shu g‘azalga taqlidan yaratilgan she’riy shakl, deb taxmin qilish mumkin. Ma’lumki, g‘azalning mumtoz namunasi yetti bayt – o‘n to‘rt misradan iborat. Ayni paytda, u qat’iy qonun asosida yaratiladi: bir baytli bandlardan tashkil topadi; misralar o‘zaro faqat yagona qofiya vositasida bog‘lanadi; matla’ bilan boshlanadi va maqta’ bilan tugaydi. Matla’siz g‘azal esa boshqa she’riy shaklga — qit’aga aylanadi. Sonetda ham ana shunday qat’iy qonun mavjud, uning buzilishi (bandlarning joylashuvidami yoki katrenda qofiyaning har xil — ikkitadan ortiq bo‘lishidami) mumkin emas. Bu borada XX asrning atoqli olmon shoiri Yoxannes Bexerning «Sonet falsafasi yoxud sonet borasida kichik yo‘riqnoma» maqolasida bildirgan fikrlari alohida ahamiyatga ega. Bexer qat’iy qonun asosida yaratilmagan barcha sonetlarni inkor etib, ularni «o‘n to‘rt satrli shig‘irlar», deb ataydi va ularning sonetga aloqasi yo‘q, degan qat’iy xulosaga keladi.
Agar sonet shaklining butunlay buzilishi (katren va tertsetlarsiz, turli qofiyalar asosida yozilgan o‘n to‘rt satrli she’rlar), yuqorida aytilganidek, asosan ingliz shoirlari T.Vayet, V.Shekspir, J.Don ijodi orqali mashhur bo‘lib ketganini eslasak, tabiiy savol tug‘iladi: nimaga aynan ingliz she’riyatida shunday hodisa ro‘y berdi? Bunga javobni 1575 yili chop etilgan Jorj Haskayning «Ba’zi bir yo‘l-yo‘riqlar» nomli she’riy risolasidan topishimiz mumkin. Unda, jumladan, o‘sha davrlarda Angliyada «har qanday she’r (agar u kichik hajmli bo‘lsa) sonet deb atalishi mumkin» bo‘lgan (“Zapadno-Evropeyskiy sonet”).
Demak, ingliz shoirlari sonet atamasini asl ma’nosida qo‘llagan emaslar va uni atayin buzish uchun harakat ham qilmaganlar, balki shunchaki sonet hajmiga taqlidan «kichik she’rlar» yozganlar. Shu bois, ularning o‘n to‘rt satrli she’rlarini tom ma’noda sonet deb (shuningdek, ularga «inglizcha», «shekspircha» sifatlarini qo‘shib) aytish ham haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Bu o‘rinda, Shekspir dahosiga ta’zim qilgan holda, Arastuning Aflotun haqidagi so‘zlarini o‘zlashtirib, shunday deyish mumkin: Shekspir ulug‘, lekin haqiqat undan ulug‘roqdir.
Shunday qilib, sonet «torlikda kenglikni» bera oladigan, yuksak mahoratni talab etadigan she’riy shakl, uning buzilishi aslida ma’lum ma’noda yo shoir mahoratining yetishmasligini yoki uning qiyinchiliklardan qochishini anglatadi. Lekin yana bir muhim jihat borki, uni nazardan qochirish mumkin emas: sonetning to‘rt qismi o‘ziga xos badiiy miqyos, ular o‘z ichiga insonni, uning hayoti, sevgisi, qayg‘usi, shodligi, mardligini, uni o‘rab turgan tabiat manzaralarini sig‘dira oladi. Ya’ni sonet go‘zallik va xunuklik, ulug‘vorlik va tubanlik, fojiaviylik va kulgililik, mo‘jizaviylik va xayoliylik xususiyatlarini in’ikos ettira oladigan badiiy-estetik yaxlitlikdir. Ayni paytda, Bexerning yuqoridagi maqolasida ta’kidlanganidek, birinchi katren tezisni, ikkinchi katren aksiltezisni va tertsetlar sintezni o‘z ichiga oladi. Boshqacha aytganda, birinchi katren — muayyan hissiy holatni, moslikni, ikkinchi katren aksilholatni, nomoslikni aks ettiradi va tertsetlar ulardagi qarama-qarshilikni o‘zaro kelishtiruvchi badiiy xulosa sifatida namoyon bo‘ladi. Garchand bunday bo‘linish hamma vaqt ham aniq ko‘zga tashlanmasa-da, ular qay darajadadir ich-ichdan mavjud va sonetda umumiy dialektik tadrijning doimiy tarzda mavjud bo‘lishini ta’minlaydi. Shunday qilib, sonet ham shaklan, ham mazmunan dialektik tizimga asoslangan qat’iy shakl va uni turli ko‘rinishlardagi o‘n to‘rt misrali she’rlarda parchalab tashlash yoki buzish mumkin emas. Zero, sonetda mazmun-mohiyat shakl-hodisaga bo‘ysundiriladi, shakl mazmun ustidan hukmronlik qiladi. Shu sababdan ham, sonetda birlamchi e’tibor shaklga qaratiladi, shoir avvalo mazmunni emas, shaklni o‘ziga bo‘ysundirishi lozim bo‘ladi. Har bir sonet mazmunining shaklga solinishi esa, xuddi asov otga ilk marta egar urishdek mahorat va mehnatni talab qiladigan jarayondir.
Bundan tashqari, sonet janrining yanada murakkabroq shakli ham mavjud. U hajman yirik bo‘lib, o‘z ichiga bir mavzuga bag‘ishlangan 15 sonetni — 210 satrni oladi va «Sonetlar gultoji» yoki «Sonetlar gulchambari», deb ataladi. Sonetlar gultoji murakkab kompozitsiyaga ega. Unda har bir sonetning so‘nggi satri kelgusi sonetning birinchi satri qilib olinadi, oxirgi o‘n beshinchi sonet gardish (magistral), deb ataladi va barcha avvalgi sonetlarning birinchi satrlarini o‘z ichiga oladi. O‘n to‘rtinchi sonet magistralning so‘nggi satri bilan boshlanib, uning birinchi satri bilan tugaydi. Natijada bitta gardishga aylanma tarzda bog‘langan sonetlar gulchambar shaklini oladi. Shu bois, gardish gulchambar so‘nggida tursa ham birinchi bo‘lib yoziladi. Sonetlar gultoji mavzu yaxlitligi, kompozitsion puxtaligi tufayli 14 sonet va bir xotima-sonetdan iborat lirik-intim, lirik-ijtimoiy, lirik-falsafiy doston sifatida ham taqdim etilishi mumkin.
O‘zbek she’riyatiga sonet XX asr boshlarida kirib keldi. Uning an’anaviy namunasini ilk bor Usmon Nosirda uchratamiz. Keyin bu janrda Barot Boyqobilov, Rauf Parfi, Ergash Muhammad, Mirpo‘lat Mirzo singari shoirlar ham qalam tebratdilar. B.Boyqobilov va E.Muhammad sonetlar gultoji ham yozganlar. B.Boyqobilov va M.Mirzoning sonetlari asosan uch to‘rtlik va bir baytdan iborat o‘n to‘rt satrli she’rlardir. R.Parfida esa ikki qismli shakl buzilmaydi, lekin qofiyalar erkin. Xuddi shunday sonetlarni biz Aleksandr Faynberg ijodida ham uchratamiz. Ularni shoir erkin sonetlar, deb atagan va shu nom ostida «Volnыe sonetы» nomli o‘ttiz to‘qqiz she’rdan iborat kitob ham nashr ettirgan. Unga so‘zboshi yozgan mashhur rus shoirasi Novella Matveevaning fikrlari diqqatga sazovor. U A.Faynberg iste’dodini ta’kidlashi, uning sonet yo‘lidagi urinishlarini ijobiy baholashi barobarida, sonetning hech qachon «erkin» bo‘lishi mumkin emasligini aytib o‘tadi: «Kitob nomining o‘ziyoq antiqa, — deb yozadi shoira, — chunki sonetlar hech qachon «erkin» bo‘lmaydi». Biroq atoqli rusiyzabon shoirimiz o‘zining bundan avval nashr etilgan “Nevod” nomli tanlangan she’rlar kitobiga qat’iy qonun asosida yozilgan o‘n sonetni kiritgan. Qizig‘i shundaki, ularning birida shoir an’anaviy temir qonun iskanjasida yaratilgan asarnigina sonet deb atash mumkin va shunday sonetni yozgan shoirgina haqiqiy erkin shoir degan nomga loyiqdir, deydi hamda bu falsafiy fikrni sonet shakliga soladi.
Shunday qilib, ko‘rib o‘tgan shoirlarimiz ichida faqat U.Nosir va A.Faynberg haqiqiy sonet qonun-qoidalariga amal qilgan. Biz ham, tabiiyki, ana shu yo‘lni qo‘llab-quvvatlaymiz: yuqorida aytganimizdek, faqat qat’iy qonunga — qat’iy joylashuv va qofiyalanish tartibiga ega bo‘lgan sonetnigina e’tirof etamiz, qolgan «yangiliklar»ni, Bexer izidan borib, sonet emas, o‘n to‘rt satrli oddiy she’rlar, deb atash tarafdorimiz. Zero, g‘azalning shakliy qonun-qoidalarini buzib bo‘lmaganidek, sonet shaklini ham buzish mumkin emas. Mulohazalarimizni buyuk olmon mutafakkiri, shoir va adib, romantizm oqimining nazariyotchisi Avgust Vilhelm Shlegelning sonet nomidan yozgan satrlari bilan, fikrimizni qo‘llab-quvvatlovchi bir sonet bilan yakunlaymiz:

Men ikki katrenni bog‘layman tarang,
Ikki juft satrga bir qofiya — soz!
Ikkinchi juftligim birinchiga mos,
Biriga ulanar ikkinchi jarang.

Ikkala tertset-chi, erkin, rang-barang,
Endi qofiyalar zanjirdan xalos
Va lekin baribir tartibim mumtoz:
Qay mavzu bo‘lmasin — sevgimi yo jang.

Kimki bandlarimning qonunin buzsa,
Shunchaki ermak deb bilsa uni kim,
U gultoj kiyganlar safida bo‘lmas.

Biroq kim sehrimni anglab so‘z tuzsa,
Teranlik, kenglikni quchib tor shaklim,
Nomoslik moslikka bo‘lur hamnafas.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2009 yil 43-sonidan olindi.