Miraziz A’zam. Tarjimon chalg‘iganda… (2009)

Bir ildizli, bir o‘zakli tillarning qiziq va maroqli jihatlari bo‘ladi. Masalan, bir iboraning o‘zi ikki tilda ham uchraydi, biroq ikkovi ham bir ma’noda, deb o‘ylasangiz kulgili holga tushasiz. Chunonchi, turk do‘stingizga: “Falon kitobni qoldirdim”, desangiz u: “Aybi yo‘q”, deydi. Chunki u falon kitobni ola ketibdi , deb o‘ylaydi. Siz esa nega “aybi yo‘q” dedi, deb ajablanasiz. Yoki bir joyda gaplashib o‘tirganingizda turk do‘stingiz sizga “tur, tur” (“dur, dur”) desa siz “bir gap bo‘libdi, shekilli”, deb o‘rningizdan turasiz, holbuki, u sizga “to‘xta”, “qimirlama”, “bezovta bo‘lma”, “o‘tiraver”, degan bo‘ladi.

Ushbu jihatlarni anglab yetmagan tarjimonlar bu muallifning xatosi bo‘lsa kerak, deb o‘zlaricha matinga tuzatish kiritadilar. Masalan, Rashod Nuri Guntekinning “Eski bir yara” hikoyasidagi “Eskiden jandarma onbashisi imish… Attan dushmush… Ayagi kirilmush” jumlalari tarjimon tomonidan “U ilgari jandarma o‘nboshisi bo‘lgan ekan. Oyog‘i sinibdi…”, deb o‘girilgan. Oyog‘i nega singanligi tushirib qoldirilgan. Nazarimizda, tarjimon: “Otdan tushsa ham oyog‘i sinadimi hech zamonda?”, deb o‘ylagan, shekilli (“Ibtidosidan bugungi kuniga qadar Turkiya turk adabiyoti”, Anqara, 2003, 432-bet).

Sazoi Qorako‘chning “Balkon” she’ridagi:

Shocuk dushersa olur, chunki balkon
Olumum cesur korfazidir evlerde

misralarini tarjimon:

Bola tushsa o‘ladi, chunki balkon
Uylarda o‘limning
metin ko‘rfazi —

deb olgan. Tarjimon shoirning kinoyali ”jasur” so‘zini ”metin” deb berganiga e’tibor qilmagan taqdirda ham, ”dushersa” so‘zini ”tushsa” deb o‘girgani xato, ”yiqilsa” deb olishi kerak edi.

Bir safar Istanbulga borganimda, menga hamroh qo‘shib berisharkan: ”Qo‘nug‘i garajga go‘tur. Metroga mindir”, deb tayinlashdi. ”Qo‘nuq-ku, men, ya’ni qo‘noq, ammo garajda nima qilarkanmiz”, deb hayron bo‘ldim. Hamrohim meni avtovokzalga olib keldi. ”Garaj qayerda, u yerda nima qilamiz?”, deb so‘radim. ”Garaj — bu”, deya avtovokzalni ko‘rsatdi. Bizda esa ”garaj” — yengil avtomashina saqlanadigan joy. ”Metro qayerda?”, dedim. ”Metro — bu”, dedi hamrohim ikki qavatli avtobusni ko‘rsatib. Komfort jihozlar bilan yasatilgan, a’lo darajada xizmat ko‘rsatuvchi ikki qavatli avtobuslarni metro deyisharkan-da, deb ichimda kulgim qistadi. Avtobusning ichi metro desa deguday did bilan jihozlangan, har tomonlama go‘zal va qulay edi.

O‘zbek tarjimonlarini chalg‘itadigan bir muammo turk alfavitidagi ”a” hamda ”e” harflarining qo‘llanilishi bilan bog‘liq. Asos e’tibori bilan olib qaraganda, turkcha ”a” o‘zbekchada ”o”, turkcha ”e” o‘zbekchada ”a”, deb olinishi kerak. Ammo turkchadagi ”a”larning hammasini o‘zbekchada ”o” deb olib bo‘lmaydi. ”E”li so‘zlarning ham ba’zilari ”e”, ba’zilari ”a”, deb olinishi lozim. Chunonchi, ”Nazim Hikmet” o‘zbekchada ”Nozim Hikmat”, turkcha “Feride” o‘zbekchada ”Farida”, deb olinadi. Doim shunday bo‘lib kelgan. Faqat keyingi bir-ikki yil ichida, ayniqsa, ”Choliqushi” telefilmining tarjimasidan keyin ”Farida” ismi ”Feride” deb olina boshladi, hatto ”Feride” nomli o‘zbek badiiy filmi ham ishlab chiqarildi.

80-yillarda bir qator turk shoirlarining ismlarini turkcha yozilish tarziga yaqinlashtirib, o‘zbekchada ”Vali”ni ”Veli”, ”Malix”ni ”Melix”, ”Husni”ni ”Hyusnyu”, ”Ustun”ni ”Ustyun” deb ifodalaganimda hamkasb do‘stlarim meni qattiq tanqid qilishgandi.

Juda ko‘p xatoliklar iboralarning noto‘g‘ri tarjimasi bilan bog‘liq. Masalan, ”ona” so‘zi bilan bog‘liq iboralarda ko‘pchilik adashdi. Rashod Nuri Guntekinning ”G‘amsizning o‘limi” hikoyasi ”O sabah, ana mektebinin bahcehsinde fevkalade bir telash ve canlilik vardi”, deb boshlanadi. Buni tarjimon ”U saboh maktab bog‘chasida favqulodda besaranjomlik va jonlanish bor edi”, deb o‘girgan (429-bet). Holbuki, turkcha ”ona maktab” o‘zbekchada ”bolalar bog‘chasi” bo‘ladi. ”Eh ihtiyar talebesi alti yashinda olan bu ana mektebinin o kadar uzaklara goturilmasine imkan yoktu” jumlasi o‘zbekchada ”Eng qari talabasi olti yoshida bo‘lgan boshlang‘ich maktabning u qadar uzoqlarga olib ketilishiga imkon yo‘q edi”, deb tarjima qilingan. Aslida: ”Tarbiyalanuvchilarning eng kattasi olti yoshda bo‘lgan bu bog‘cha bolalari bilan unchalik uzoqlarga borib bo‘lmasdi”, deb o‘girilishi kerak edi.

”Istiqlol” nashriyotida chop etilgan ”Zamonaviy turk she’riyati” nomli (2006) kichik antologiya O‘zbekiston Milliy universiteti o‘zbek filologiyasi fakulteti ilmiy kengashining qarori bilan nashrga tavsiya etilgan. Ammo bu ishga turk tili mutaxassislari jalb qilinmagani, to‘plamga kiritilgan she’rlarning bisotimizda yaxshi-yaxshi tarjimalari bo‘laturib, ishni ”vilosiped kashf qilish”dan boshlashgani oqibatida yuzlarcha xatolarga yo‘l qo‘yilgan.

To‘plam Nozim Hikmatning ”Qaram kabi” she’ri bilan ochilgan. Tarjimon she’rdagi ”koshun” so‘zini o‘zbekchada ”choping”, deb olgan. To‘g‘ri, bu so‘zning ”shoshiling”, ”choping”, ”yuguring” ma’nolari ham bor. Ammo she’rdagi bu so‘z o‘zbekchada ham mavjud ”qo‘shin” (”armiya qo‘shini”) so‘zining o‘zidir. Turkchadagi ”kurshun” so‘zi esa, faqat ”qo‘rg‘oshin” ma’nosida emas, ”o‘q” ma’nosida ham keladi. O‘zbekchada ”Choping qo‘rg‘oshinni bir-bir, Eritmoqqa chaqiryapman” jumlasida muallif nima demoqchi ekanligi anglashilmaydi. Shoir armiyani o‘q quyishga chaqirmoqda. Tarjimadagi ”Choping, qo‘rg‘oshinni mumday Eritmoqqa Chaqiryapman” jumlasining ma’nosi ham tushunarsizdir.

”Kiz chocogu” she’rining ”Qizginam”, deb tarjima qilingani ham noto‘g‘ri. Aslida ”Qizcha”, deb olinishi kerak edi. Chunki she’rda gap shoirning qizi haqida emas, Xirosimaga tashlangan atom bombasidan hali dunyoga kelib shakarga to‘ymagan qizchaning o‘limi haqida borayotir. Jumla ichidagi ”kizim” so‘zi o‘zbekchada ham ”qizim” deb olingan. Holbuki, she’rdagi qahramon ”Etti yoshdagi bir qizman”, demoqda.

To‘plamda Najib Fozil Qisakurakning ”Chile” she’ri ”Azob” deb tarjima qilinganki, aslida ”Iztirob”, deb olinishi kerak edi. ”Azob” deganda ko‘proq jismoniy azob chekish tushuniladi, agar ruhiy azob haqida gap ketsa, albatta, ”ruhiy azob” tarzida olinishi taqazo etiladi. ”Iztirob” esa, o‘z-o‘zidan ruhiy qiynalishlarni anglatadi. ”Kunda ustiga kunda” jumlasining ”kishan o‘yini” deb berilgani hech qanday qolipga tushmaydi.

Endi bir band tarjimasiga e’tibor qilaylik:

Oylarcha, kezindim vayronu-hayron,
Menligim yashirin, menim qidirar.
Devona qishloqdan bir qadam u yon,
Ichimda har fikr har yon yugurar.

(”Zamonaviy turk she’riyati”, ”Istiqlol”, 2006, 19-bet).

Ushbu bandning so‘zma-so‘z tarjimasi quyidagicha bo‘ladi:

Oylarcha kezindim,
yiqiq va shoshqin,
Menligim bir qozon va
aqlim cho‘mich.
Telbalar ko‘yidan bir
manzil oshdim,
Har fikr ichimda
bir juft kishandir.

O‘rxon Valining ”Kitobi sangi mozor” she’ridagi ”chirkin” so‘zi o‘zbekchada ham ”chirkin”, deb berilgan. Holbuki, turkchadagi ”chirkin” so‘zi o‘zbekchaga faqat ”xunuk”, deb o‘girilishi kerak. Chunki o‘zbekchada ”chirkin” so‘zi chirk bosgan yoki razil, chirik, o‘lib borayotgan, degan ma’noni bildiradi.

Tarjimonimiz ”nasir” so‘zini ”nosir” deb olavergan, aslida bu so‘z ”qadoq” deganidir. ”Esvab” so‘zini esa ”savob” deb o‘girgan, vaholanki, bu ”kiyim-kechak”, degani.

Keling, O‘.Valining shu she’ri tarjimasidan bir bandni to‘la o‘qiylik:

Hech bir narsadan azob
ko‘rmadi dunyoda,
Nosirdan ko‘rgani qadar.
Hatto xor, chirkin
yaratilganidan ham
Bu qadar qayg‘uli emasdi.
Tuflisi oyog‘in qismaganda,
Eslamasdi ammo Allohni.
O‘zini gunohkor hisoblamasdi,
Yoziq bo‘ldi Sulaymon afandiga…

(”Zamonaviy turk she’riyati”, 50-bet).

Ilgari bu she’r asliga mos tarzda shunday o‘girilgandi:

Hech bir narsa oyog‘ining qadog‘ichalik
Qiynamadi uni bu dunyoda.
Hatto xunuk tug‘ilganidan ham
U qadar xafa emasdi.
Botinkasi urmagan zamonlarda
Eslamasdi ammo Ollohning otini.
Gunohkor ham sanalmasdi.
Esizgina Sulaymon Afandi-ya!

(”Hozirgi zamon turk she’riyati”, G‘afur G‘ulom nomidagi adabiyot va san’at nashryoti, 1980, 15-bet).

Xullas, bu kabi misollarni boshqa tarjima kitoblardan ham ko‘plab keltirish mumkin. Bunday noto‘g‘ri tarjimalar adabiyotlarni bir-biriga yaqinlashtirishga xizmat qilish o‘rniga, aksincha, qardosh adabiyotlar haqida o‘quvchilarda noto‘g‘ri tasavvur uyg‘otishi mumkin.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2009 yil 18-sonidan olindi.