Naim Karimov. Cho‘lponning tiniq olami (adabiyotshunos Bahodir Karimga javob) (2009)

Salom, Bahodirjon!
Sizning 10 aprel kuni sevimli gazetamiz orqali yo‘llagan xatingizga kechikib javob yozayotganim uchun uzr. Rostini aytsam, javob yozmoqchi emasdim. Negaki, xatingizda ko‘tarilgan masala bugungi cho‘lponshunoslik uchun dolzarb ahamiyatga ega bo‘lmaganidek, Sizning o‘z fikringizda qolganingiz ham “tiniqlashayotgan cho‘lponshunoslik” bilan uyg‘un hodisa bo‘lmasa kerak.
Mustabid tuzumning doimiy tazyiqi ostida yashagan, manglayiga “xalq dushmani”, degan mudhish tamg‘a yopishtirilgan, bosma va qo‘lyozma asarlari parokanda etilgan Cho‘lpon singari ulug‘ adiblarimizning adabiy merosini mumkin qadar to‘la to‘plash va nashr etish Siz bilan bizdek adabiyotshunoslarning muqaddas vazifasi. Shu xayrli ishga Siz ham, boshqa kasbdosh birodarlarimiz singari, munosib hissa qo‘shib kelmoqdasiz.
Bahs bevosita Cho‘lpon merosini to‘plash ustida borar ekan, adabiyotshunoslar oldida, avvalo, shoirning vaqtli matbuotda, shu jumladan, “Sho‘ro”, “Yangi Sharq”, “Yangi Turkiston” singari yaxshi o‘rganilmagan nashrlarda e’lon qilingan, turli shaxsiy va davlat arxivlarida yashirnib yotgan asarlarini, shu jumladan, tarjimalarini axtarib topish vazifasi turganini aytmay ilojim yo‘q. Milliy universitetning Siz singari domlalari shunday katta imkoniyatga egasizki, bunday imkoniyatdan foydalangan holda nafaqat magistrlar, balki quyi kurs talabalarini ham o‘tgan asrning 10–30-yillarida mamlakatimizda va xorijda nashr etilgan gazeta va jurnallarni o‘rganishga jalb etish mumkin edi. Agar shu yo‘l bilan sistemali ish olib borilganida Cho‘lpon va Fitratning qanchadan-qancha asarlari yorug‘ dunyoni ko‘rgan bo‘lur edi. Shubhasiz, bu ulug‘larning adabiy meroslarini to‘plashda boshqa yo‘l ham bor. Bu, Cho‘lpon zamondoshlari arxivi va xotirasida saqlanib qolgan asarlarni to‘plash. Afsuski, biz bu ishga anchagina kechikib kirishdik.
Cho‘lpon yulduzi qora bulutlar qurshovidan chiqa boshlashi bilan uni yaqindan bilgan G‘ulomqodir Norxo‘jayev, Yunus Maqsudiy singari zamondoshlarimiz shoir haqidagi xotiralari bilan birga yodlarida qolgan ayrim she’rlarini ham xalqqa yetkazishga harakat qildilar. Rahmatli Foiqa ayaning muhofazasida saqlanib qolgan ba’zi bir she’rlar ham xalq mulkiga aylandi. Cho‘lpon bilan yaqin munosabatda bo‘lgan boshqa zamondoshlarning xotiralari yoki arxivlarida ham shoir qalamiga mansub asarlar bo‘lishi ehtimoldan xoli emas. Ammo tajriba shuni ko‘rsatdiki, Cho‘lpon xalq xotirasidan sitib chiqarilgan yillardagi siyosiy-mafkuraviy muhit uni yaxshi bilgan kishilar xotirasiga ham ta’sir etmay qolmagan. Shu va boshqa sabablar tufayli hatto shoir singlisi og‘zidan yozib olingan she’rlarning ham Cho‘lponga mansubligi masalasida hushyor bo‘lish lozim. Masalan, Foiqa aya tilidan yozib olingan va shoir “Asarlar”i (1993)-ning ikkinchi jildida bosilgan:

Sabo, Leninni uyg‘ot,
O‘zbekistondan xabar olsun.
Tushunmay qo‘l ko‘targan
Ishchi-dehqondan xabar olsun —

satrlarining, aslida, M.So‘fizodaga mansubligi, uning “xabar olsun” radifli muxammasi yoki musaddasining bir bayti ekan. Xuddi shuningdek, “Onam, seni qutqarmoq uchun jonmi kerakdur, Nomusmi vijdon ila imonmi kerakdur?..” satrli she’r ham, Foiqa aya aytganidek, Cho‘lpon emas, balki Fitrat qalamiga mansub. Cho‘lpon mumtoz va zamonaviy shoirlarning ko‘plab she’rlarini, shuningdek, xalq qo‘shiqlarini yod bilgan va shu she’rlarni ba’zan o‘zicha, ba’zan do‘st-yorlari oldida o‘qib yurgan. Foiqa aya bundan bexabarligi tufayli akasidan eshitgan barcha she’rlarni uning asarlari, deb o‘ylagan.
Modomiki, Cho‘lponni yaqindan bilgan kishilarning xotiralari va ular muhofazasida muhrlanib qolgan she’rlarga tanqidiy yondashish zarur ekan, nega shoir bilan bevosita aloqada bo‘lmagan kishilarning xotiralariga ishonishimiz lozim? Siz “Mani o‘lsin degan o‘lsin, Baloga mubtalo bo‘lsin…” baytli xalq ashulasining 1972 yili “Oq olma, qizil olma” to‘plamida e’lon qilinganiga parvo qilmay, go‘yo Cho‘lpon qalamiga mansub bu satrlar xalq ashulasiga aylanib ketgan bo‘lishi mumkin, degan fikrni aytmoqchi bo‘lasiz. Va bu fikrni quyidagi so‘zlar bilan asoslashga urinasiz: “…Muqimiy, Furqat, Xaziniy parchalaridan shundaylari borki, agar allaqaysi qarong‘u tokchalardan, churub qorayib ketgan bayozlardan ko‘rub, egalarini bilgan bo‘lmasak, ularni el adabiyotidan hech vaqt ajrata olmas edik”. Bu so‘zlaringizda jindek mubolag‘a yo‘q emas. Birinchidan, bu shoirlar o‘z g‘azal va muxammaslarini “Muqimiy”, “Furqat”, “Xaziniy” taxalluslari bilan muhrlaganlar. Ikkinchidan, agar bu mumtoz shoirlarning asarlari aruz vaznida yaratilgan bo‘lsa, “el ashulalari” asosan “barmoq”da yozilgan.
Masalaning yana bir muhim tomoni borki, Cho‘lpon o‘zigacha bo‘lgan mumtoz o‘zbek shoirlarini bir xillikda ayblab, o‘zbek she’riyatini yangilashga, ya’ni Muqimiyning she’rlariga ham, boshqa shoirlarning she’rlariga ham o‘xshamagan she’riy asarlar yozishga intilgan. O‘z oldiga shunday katta ijodiy maqsadni qo‘ygan shoirning “Mani o‘lsin degan o‘lsin, Baloga mubtalo bo‘lsin…” yoki “Yoridan ayrilgan yigitning Yori men bo‘lsammikan?..” xalq ashulasi ohangidagi “Men bukun ko‘ksimdagi Dardim bayon etsammikin?..”, deb boshlangan “ayollar she’ri”ni yozganiga, nahotki, ishonsangiz?
To‘g‘ri, Cho‘lpon ijodida o‘zbek qizlarining dardu alamlari tasvirlangan she’rlar oz emas. Chunonchi, shoir “Men va boshqalar (O‘zbek qizi og‘zidan)”, deb nomlangan she’rida munisa o‘zbek ayollari qalbida tug‘yon urgan his va tuyg‘ularni bunday tasvirlagan:

Kulgan boshqalardir, yig‘lagan menman,
O‘ynagan boshqalar, big‘lagan* menman.
Erk ertaklarini eshitgan boshqa,
Qullik qo‘shig‘ini tinglagan menman…

Rahmatli Mirbilol Jamilov Cho‘lponning bunday ilohiy ilhom bilan yozilgan she’rlarini yod bilganmi yo yo‘qmi, menga ma’lum emas. Agar bilgan bo‘lsa, balki shunday she’rlar yozgan shoirning “Mani o‘lsin degan o‘lsin…” she’rini ham yozganiga bir oz shubha qilgan bo‘larmidi.
Cho‘lpon faqat o‘zining emas, boshqa shoirlarning she’rlarini, shuningdek, o‘zbek, tatar, turk xalqlarining ashulalarini ham yod bilgan va o‘zining turli holatdagi kayfiyatiga qarab shu she’r va ashulalar yoki ularning ayrim parchalarini aytib, xirgoyi qilib yurgan. Xuddi So‘fizodaning “Ey sabo…” satrli she’rining bir-ikki baytini aytgandek.
Siz o‘z fikringizni tasdiqlash uchun “Hujum” spektakli uchun yozilgan “Chimmat qo‘shig‘i”dan parcha keltirasiz, Zinaida Gippiusning erkakcha taxallus bilan she’rlar, Abdulla Qodiriyning “Dumbulnisa” imzosi bilan hajviyalar yozganini, “Ey go‘zal Farg‘ona”ning esa xalq qo‘shig‘iga aylanib ketganini aytasiz. Shunday misollarni keltirish bilan Vadud Mahmudning “Har bir doston, maqol, topishmoq, ashula asosan bir kishi tomonidan chiqariladur. Va so‘ngra umumiylashib ketadur”, degan so‘zlarini asoslamoqchi bo‘lasiz. Vadud Mahmudning bu so‘zlarini rad etish qiyin. Ammo shunisi ham borki, ayol ruhiyati ifodalangan qo‘shiq va ashulalarni ayol kishining yoki ayollarning yozgani shaxsan menda shubha uyg‘otmaydi.
Inim Bahodir, aslida bu gaplar matbuot sahifalariga olib chiqishga arzimaydi. Zero, qanchalik qaysarlik qilmang, Siz keltirgan she’riy parchalardan na Cho‘lpon ruhini, na uning oltin qalami izlarini topish qiyin.
Mening “Cho‘lpon” kitobimdagi “Qurolga!” she’riga kelganda, siz mutlaqo haqsiz. Bu she’r “O‘zbek yosh shoirlari” (1922) to‘plamida Elbek she’rlari qatorida e’lon qilingan. Men mazkur kitobni yozishga chog‘lanib yurgan kezlarimda Cho‘lponni yaxshi bilan kishilardan biri rahmatli Laziz Azizzoda bizga shoir haqidagi xotiralarini so‘zlab, “Qurol, oh!..” so‘zlari bilan boshlangan she’rning Cho‘lpon qalamiga mansubligini va uning bu she’rni turli yig‘ilishlarda yod o‘qiganini aytgan. Bizning iltimosimiz bilan yozgan va shaxsan menga imzolab bergan “Cho‘lpon kim edi?” degan xotirasida bunday so‘zlar yozilgan:
“Bu paytdagi (20-yillardagi – N.K.) Cho‘lponning turli mavzularda yozgan she’rlaridan biri o‘zbek yigitlariga bag‘ishlab “Qurolga!” unvonli she’rning tashviqiy ahamiyati zo‘r bo‘lgan edi:

Qurolga!
Qurol, oh!.. Qandayin go‘zal bir so‘z!
Ol shuni qo‘lga, turma, tezdan ol!
Ol qo‘lingga, sen ani, ey boyqish!!!
Shundadir baxt, shundadir iqbol!

Cho‘lpon bu she’rida yosh sovet yigitlarining mamlakatni mudofaa qilish uchun qo‘llariga qurol olib, sovet davlatini mustahkamlaganlaridagina chinlab baxt-saodatli bo‘lishlarini o‘ziga xos hayajon bilan bildirgan”.
(Laziz Azizzoda o‘sha yillarda bu she’rning o‘zbek yigitlarini sovet hokimiyatiga qarshi erk va hurriyat uchun kurashga chaqiruvchi she’r ekanini ayta olmas edi. Shuning uchun ham u mazkur she’r zaminida yotgan g‘oya tig‘ini boshqa tomonga yo‘naltirmoqchi bo‘lgan.)
Men, bir tomoni, L.Azizzodaning shu so‘zlariga ishonib, ikkinchi tomoni, bu she’rning bizga tanish bo‘lgan Elbek she’rlariga o‘xshamaganligi tufayli uni Cho‘lpon she’ri sifatida talqin etgan edim.
Mazkur to‘plam o‘zbek bilim hay’ati tomonidan nashrga tayyorlangan bo‘lib, unga ilova qilingan “Bir-ikki so‘z” bunday so‘zlar bilan boshlangan:
“Adabiyot. Bir elning yuksalishin ko‘rsataturgan bir quroldir. Dunyoda yashagan bir elning yuksalganin va yuksalmaganin shu adabiyot bilan o‘lchab bilsa bo‘lur…”.
Bu so‘zlarni o‘qigan kishi yodiga Cho‘lponning “Adabiyot yashasa — millat yashar…”, degan maqolasi kelsa ajab emas. “Bir-ikki so‘z” bilan mazkur maqolaning bir kishi tomonidan yozilganligi shubha uyg‘otmaydi. Ularning har ikkisi ham o‘sha yillarda o‘zbek bilim hay’atiga raislik qilgan Cho‘lpon qalamiga mansub, desak xato bo‘lmas. Yuqoridagi “Adabiyot… quroldir” jumlasini o‘qiganimizda esa “Qurol, oh! Qandayin go‘zal bir so‘z…” satrlari yodga keladi. Balki Elbekning bu she’riga Cho‘lpon… qalam urgandir.
Ammo qanday bo‘lmasin, bu she’r Elbekniki. Garchand yetti yilga kechikib aytilgan bo‘lsa ham, Sizning bu tanbehingizni qabul qilaman.
Hurmatli Bahodir! Cho‘lponshunoslik, boshqa ilm sohalari singari, nafaqat mehr va pok niyat bilan yondashishni, izlanishlardan tolmaslikni, balki yangi topilmalarni shoshmasdan, yetti o‘lchab bir kesish maqoliga amal qilgan holda ishlashni va kimdir jindek yutuqqa erishsa, undan bir og‘iz bo‘lsa ham shirin so‘zni ayamaslikni taqozo etadi. Negaki, ilmda shoshma-shosharlik emas, igna bilan quduq qazuvchilar ko‘proq qadrlanadi.
Sizga hurmat bilan:
Naim KARIMOV
__________
* Cho‘lpon she’rlarining zamonaviy nashrlarida bu so‘z, Yu.Maqsudiyning aytishicha, “ingragan” deb buzib berilgan.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2009 yil 26-sonidan olindi.