Miraziz A’zam. Mutolaa madaniyati (2009)

Gazetamizning shu yilgi 16-oktyabr sonida Sh.Subhonning «Kitobxon oldidagi mas’uliyat» sarlavhali maqolasi e’lon qilingan edi. Unda «Jahon adabiyoti» jurnalida e’lon qilingan (M.A’zam tarjimasi) turk adibi O‘.Pamuqning «Istanbul: xotiralar va shahar» romani tarjimasi haqida fikr yuritiladi. Quyida ana shu maqolada bildirilgan fikr-mulohazalarga tarjimon M.A’zamning javobini o‘qiysiz.

Men sevimli gazetamizning o‘tgan sonida «Kitobxon oldidagi mas’uliyat» maqolasini o‘qib, quyidagicha xulosaga keldim.
Jurnalxon O‘rxun Pamuqning «Istanbul: xotiralar va shahar» asari tarjimasidagi ba’zi jumlalardan ozorlanadi. Chunonchi: «Istanbul ko‘chalarining ichkarisidagi yerda, biznikiga o‘xshagan boshqa bir uyda qosh-ko‘zidan tortib og‘zi-burnigacha hamma a’zosi bilan mening o‘xshashim, egizim, hatto xuddi o‘zimday bir boshqa O‘rxon yashashiga bolalikdan boshlab uzoq yillar aqlimning bir chekkasida inonib yurdim. Bu fikr ilk bora qayerdan qanday qilib menga kelib qolganini eslayolmayman».
Uning fikricha, bu jumlani bunday deb tahrir qilish kerak ekan: «Istanbul ko‘chalarining birida biznikiga o‘xshash boshqa bir uyda qoshu ko‘zidan tortib og‘zi-burnigacha hamma a’zosi menikiga mengzagan, egizim, hatto xuddi o‘zimday bir boshqa O‘rxon istiqomat qilishiga uzoq yillar inonib yashadim. Bu fikr xayolimga ilk bora qayerdan va qanday kelib qolganini eslay olmayman».
Men kitobxonimga shuni bildirgim keladiki, badiiy adabiyot, avvalo, jumlalarining silliqligi bilan emas, konkret detallari bilan tirikdir. Yuqoridagi jumlaga kelsak, muallif mavhum «Istanbul ko‘chalarining biri»ni emas, «Istanbul ko‘chalarining ichkarisidagi yer»ni nazarda tutgan va bu jumlada manzara bor. Nahotki «ko‘chalarning biri» «ko‘cha ichkarisidagi yer»dan afzal bo‘lsa?! «Bolalikdan boshlab uzoq yillar aqlimning bir chekkasida inonib yurdim» o‘rniga «uzoq yillar inonib yashadim»ni ustun ko‘ruvchi kitobxon menga ajabtovur jo‘n ko‘rinadi. «Bolaligim Istanbuli» bilan «Istanbulda kechgan bolaligim» o‘rtasida ham badiiy jihatdan, ham ma’no jihatdan kattagina farq borligini nahotki fahmlash qiyin bo‘lsa?!
Mentalitet masalasiga kelsak, bizga arab, fors odatlaridan kirib kelgan «sizlash» urflarini juda bizniki, deb aytolmayman: O‘zbekistonning bir talay shahar va qishloqlarida er-xotin bir-birlarini senlab gapirishlarini juda ko‘p uchratganman va bu menga shirinroq, jonga yaqinroq ko‘rinadi. Shaxsan o‘zimning katta xolalarim (onamning va otamning xolalari) erlari bilan senlashib gaplashishardi. Kulishib, hazillashib, erkalanishib… Hatto ona-bola, ota-o‘g‘illar ham shunday gaplashardilar. Qadimgi O‘rxun-Enasoy obidalarida ham shunday: ko‘pchilikka ham «Ey, turk buduni! Sen…», deb murojaat qilinadi. 70-80 millionli turk er-xotinlari bir-birlari bilan senlab gaplasharkan, men buni o‘zbeklarning bir qismidagi odatlarga moslab, ularni «siz»lata ololmayman. Bu mening tarjimonlik tamoyillarimdan biridir.
So‘zlarni turkchadan o‘zbekchaga o‘girishda men imkon qadar asliyatni saqlashga intilaman. Turkchada ko‘p ishlatiladigan, ammo bizda ishlatish siyraklashgan so‘zlarni ham imkon qadar saqlab qolishga intilaman. Kitobxonim keltirgan va o‘zbekchada ma’nosi boshqa deb da’vo qilgan fikrlari mutlaqo asossizdir. «Maroq» so‘zi ikkala tilda ham bir xil — qiziqish va zavq — ma’nosiga ega, hozirgi zamon turkchasida «xavotir» degan ma’nosi kamdan-kam hollardagina uchraydi. «Ishiq» degan so‘z haqida birda-yarimda Navoiyni ham varaqlab turgan kitobxon aytishi mumkin: Navoiy bobomiz kamida besh yuz marta ishlatganlar bu so‘zni. Ishonmaganlar «Navoiy asarlarining lug‘ati»ning 290-betini ochib ko‘rsin. «O‘zbek tilining izohli lug‘ati», 258-betni ochib ko‘rgan odam, «yonartog‘» bilan «vulqon» bittaligini ko‘radi. Faqat «vulqon» so‘zi lotincha «vulkan»dan olingan. O‘zimizda «yonartog‘» bo‘laturib, nega «vulqon»ni olishim kerak? «Oydin» so‘zi «ziyoli» , «munavvar» so‘zlarining sinonimi. Jadidlar adabiyotini u qadar o‘qishga arzimaydi, deb bilganlar yo ularni ham tahrir qilish kerak, deb o‘ylaydiganlar faqat «ziyoli»ni ishlating deb turib olishi mumkin. «Ko‘y» so‘zi «qishloq» ma’nosida kam ishlatiladigan bo‘lib qoldi, ammo bu to‘g‘ri emas, «ko‘cha-ko‘y» iborasi bor-ku tilimizda! «Xafif» so‘zi «mayin»dan tashqari «engil» ma’nosida ham keladi: bunga ishonch hosil qilish uchun «Navoiy asarlarining lug‘ati» 652-betiga qaralsa, kifoya. «Siyoh beyaz»ni «qora-oq» deb olinadimi, «oq-qora» deb olinadimi, farqi yo‘q, bu Alixo‘ja-Xo‘jaali deganiday gap. Menimcha, «qora-oq» deb olinganda, mazmunga e’tiborni ko‘proq tortadi.
Men o‘zbekchadagi «gudok» so‘zi o‘rniga «duduk»ni olganman, chunki «duduk»ning «du-dut»lashdan olingani shundoqqina ko‘rinib turibdi. Boshqalarga ham «gudok» o‘rniga «duduk» ishlatishlarini maslahat beraman. Bizning asl turkiy so‘zlarimizda aytilayotgan so‘zning ma’nosi gavdalanib turadi.
Masalan, men deyarli o‘tgan asrning 50-yillaridan beri «siren» so‘zi haqida o‘ylardim. Chunki aksar shoirlarimiz o‘z she’rlarida «sirenlar»ni ko‘p ishlatishardi. Bundan bir-ikki yil burun Turkiston tomonlarga borganimda sirenlar gullagandi. Men bir otaxondan: «Bu gulning oti nima?», deb so‘rasam, «Shuniyam bilmaysanmi, layloq», dedi. «Nega endi layloq? Ba’zilar uni «nastarin» deyishadi-ku?», desam «Ha, endi forschasi «nastarin», Biz Turkistonda uni «layloq» deymiz. Gullariga qarang: bir oyoqda turgan laylakka o‘xshamaydimi?», dedi otaxon. Ha, chindan ham bir oyoqda turgan laylakka o‘xshaydi, dedim ichimda va deyarli ellik yildan beri izlagan so‘zimni ona tilimdan topganimga sevinib ketdim.
Ism va joy nomlarini tanlashda turk tili alifbosining o‘ziga xos xususiyatlariga asoslandim. Masalan, turk alifbosida «ng» tovushi «n» holida olinaveradi. Turkchadagi «a» tovushi bizda goh «o» ga, goh «a»ga, «e» tovushi goh «e»ga, goh «a»ga to‘g‘ri keladi. Kitobxonimiz TANPINAPni TANPINAR deb olish to‘g‘ri deb hisoblaydi, holbuki bu taxallusdagi so‘z «tong» va «pinar» (ya’ni «buloq») so‘zlari qo‘shilishidan «Tong bulog‘i» qilib olingan, bu tongotardagi quyosh chiqishi manzarasini ifodalaydi. Shunday go‘zal bir taxallusni Tanpinar holida olish didsizlik bo‘lar edi.
Kitobxonim bir jumlasida meni «olqishga umidvor» odam sifatiga gapiradi, men hech qachon olqish uchun tarjima qilmayman, xalqimizga xolislik bilan ma’rifat ulashishni istayman, xolos.
Men o‘z tarjimamni zo‘r, deyish fikridan yiroqman, ammo u haqda olimlar, yozuvchilar mamnun bo‘lib gapirishdi. Men ichimda kitobxonim asarni to‘la o‘qib chiqmagan, degan gumonga bordim. Chunki to‘la o‘qib chiqqanda, albatta, uning ma’nolari, mazmunlari, miqyoslari, o‘zbek adabiyotiga qo‘shadigan hissalari haqida ham bir og‘iz bo‘lsa-da to‘xtalgan bo‘lardi.
Mening bir ustozim: sen tanqidchining to‘g‘ri fikrlarini ko‘r, derdi. Adolat yuzasidan aytishim kerakki, «maso» so‘zi chindan ham yunoncha «masa» so‘zidan olingan ekan, men arabchadan olingan, deb o‘ylabman. Yana tarjima matnida «AYASOFYA» ham o‘zbekchada ikki xil berilibdi.
Ushbu tarjimani kitob qilib chiqarishda bularni va keyinchalik o‘zimga ma’lum bo‘lgan ba’zi juz’iy kamchiliklarni inobatga olaman.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2009 yil 44-sonidan olindi.