Ansoriddin Ibrohimov. Yaponiyalik boburshunos (2009)

Markaziy Osiyo tarixida siyosiy aql-idrok bilan ma’naviy jasoratni, diniy dunyoqarash bilan qomusiy bilimdonlikni o‘zida mujassam etgan buyuk arboblar ko‘p bo‘lgan va ular orasida Zahiriddin Muhammad Bobur ham bor .
O‘zbekistonda Bobur va boburiylar davri, adabiy hamda ilmiy merosini o‘rganish, xalqimizga keng targ‘ib qilish bo‘yicha katta ishlar amalga oshirilmoqda. Bu borada Bobur nomidagi xalqaro jamg‘arma faoliyatini alohida ta’kidlash lozim.
Boburshunoslik alohida soha sifatida shakllanib bo‘ldi va Amerika, Yevropa, Osiyoning ko‘plab mamlakatlarida yildan-yilga rivojlanib bormoqda, tadqiqotchilar safi kengaymoqda, ilmiy izlanishlar ko‘lami kengayib, chuqurlashib bormoqda. Amerikalik sharqshunos va boburshunos professor U. Tekston, frantsiyalik professor B. Gremon, turkiyalik doktor B. Yo‘jil, doktor T. Seyhan, hindistonlik professor Q. Rayis va boshqa olimlar ushbu sohaga salmoqli ulush qo‘shmoqdalar. Boburshunoslikdagi eng yangi izlanishlar sifatida doktor Shafiqa Yorqin “Boburnoma”ning “Kobul” qismini dariy tiliga o‘girib, alohida kitob shaklida Afg‘onistonda nashr etgani, doktor Tanju Seyhan xonimning “Mubayyin” asari bo‘yicha ilmiy izlanishlari, doktor Bilol Yo‘jil tayyorlagan Bobur devoni nashri, misrlik olimaning “Boburnoma”ni arab tiliga tarjima qilishi va hokazolarni sanab o‘tishning o‘zi kifoya.
Lekin boburshunoslikda yaponiyalik professor Eyji Manoning hissasi, ayniqsa, salmoqlidir. Bu zahmatkash olim 40 yildan beri Bobur asarlarini astoydil tadqiq etib kelmoqda. U birinchi bo‘lib “Boburnoma”ning ilmiy-tanqidiy matnini yaratdi, asarni yapon tiliga tarjima qildi, “Boburnoma”ga konkordans tuzdi, “Bobur va uning davri” nomli yirik asar yozdi — jami to‘rt kitobdan iborat ilmiy-tadqiqotlar majmuini yaratdi. Uning «Boburnoma»ga tuzgan konkordansi (asardagi jami so‘zlarning necha marta uchrashini alifbo tartibida va aniq o‘rnini ko‘rsatgan holdagi mukammal ro‘yxati) boburshunoslikdagi eng jiddiy ilmiy yutuqlardan biridir. Bobur asarlariga konkordans tuzish Bobur leksikasini o‘rganish, uning qalamiga mansub asarlar tilining mukammal izohli lug‘atini yaratishda juda muhim ahamiyatga ega.
Olimning to‘rt kitobidan dastlabki uchtasi “Boburnoma”ga bag‘ishlangan sof filologik, matnshunoslik sohalariga oid izlanishlar bo‘lsa, “Bobur va uning davri” deb nomlangan to‘rtinchi jildi to‘rt qismdan tashkil topgan — birinchi qismi Bobur va “Boburnoma”ga bag‘ishlangan; ikkinchi qismi boburiylar va “Tarixi Rashidiy” asari haqida; uchinchi qismi Temur va temuriylar tarixi to‘g‘risida va to‘rtinchi qismi qo‘shimchalardan iborat.
Professor E. Mano Kioto universitetida o‘qib yurgan kezlarida “Boburnoma”ning V. Erskin bajargan ingliz tilidagi birinchi to‘liq tarjimasini mutolaa qildi va bu bebaho asar uni butunlay o‘ziga rom etdi, “Boburnoma”ning asl matni bilan tanishish ishtiyoqi paydo bo‘ldi va shu maqsadda arab, fors va turkiy tillarni o‘rgana boshladi.
U bir qator chet mamlakatlarda tahsil ko‘rdi, ilmiy safarlarda bo‘ldi, taniqli olimlardan turkiy va fors tillarini chuqur o‘rgandi. 1983 yilda asarning Farg‘ona qismini, keyinroq esa Kobul qismini yapon tiliga tarjima qilib, chop ettirdi. 1986 yilda Kioto universitetida doktorlik ilmiy darajasini himoya qilib, professor unvoniga sazovor bo‘ldi.
Olim “Boburnoma”ni asliyatda, ya’ni arab yozuvida o‘qish uchun kompyuter imkoniyatlaridan keng foydalandi. U o‘zida mavjud barcha qo‘lyozmalarni kompyuter vositasida qiyoslab o‘rgana boshladi. Dastlab matnni arab yozuvidan lotin alifbosiga o‘girdi, keyin professor Kayoko Xayashinning yordamida matnni yaxlit holda lotin yozuvidan arab yozuviga ko‘chirdi. O‘sha davrda Yaponiyada kompyuter texnologiyasining tez sur’atlar bilan rivojlanayotgani olimga juda qo‘l keldi. Nihoyat, bir necha yillik sermashaqqat mehnatdan so‘ng “Boburnoma”ning arab alifbosidagi tanqidiy matni yaratildi va 1996 yilda nashr etildi. Ushbu nashrni o‘zbek olimlari “yapon olimining jasorati”, deb baholadilar. “Boburnoma”ning ilmiy nashri (Toshkent, “Sharq”, 2002) mana shu tanqidiy matnga asoslanganining o‘ziyoq yapon olimi bajargan ishning naqadar katta ilmiy va amaliy ahamiyatga ega ekanligini ko‘rsatadi.
E. Mano erishgan muvaffaqiyatlar bilan cheklanib qolmadi, tanqidiy matn ustidagi izlanishlarini davom ettirdi. Birinchi nashrni tayyorlashda istifoda etgan to‘rtta turkiy va bitta forsiy qo‘lyozmadan tashqari, dunyoning turli mamlakatlarida saqlanayotgan boshqa nusxalarni ham imkon qadar tadqiq etdi va nihoyat, 2006 yilda o‘n yillik mehnat natijasi sifatida “Boburnoma” tanqidiy matnining yangi nashri chop etildi. Unda oldingi nashrda yo‘l qo‘yilgan matbaa va boshqa xatolarni to‘g‘rilashdan tashqari, bir qator muhim o‘zgarishlar ham kiritildi. E. Manoning yozishicha, “Boburnoma”ning tanqidiy matni Bobur yaratgan asl nusxani tiklashning boshlanishi bo‘lsa-da, dunyo ilmiy jamoatchiligi, jumladan, o‘zbek olimlari ham unga yuqori baho berdilar.
Biz “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasidagi maqolamizda (2009 yil, 13 fevral) mazkur tanqidiy matnga munosabat bildirib, nashrni tayyorlash jarayonida -lar qo‘shimchasi haqidagi E. Manoning bir fikriga to‘xtalgan edik. Chunonchi, mazkur maqolamizni o‘qib chiqqan olim (u kirill yozuvini ham yaxshi biladi va undagi o‘zbekcha matnlarni bemalol mutolaa qila oladi) o‘zining menga yo‘llagan elektron maktubida, maqola, xususan -lar qo‘shimchasi haqidagi fikr ma’qul bo‘lganligini alohida ta’kidlagan va minnatdorchilik bildirgan.
So‘zning “muhabbat” yoki “mehnat”ligini bitta nuqta hal qiladigan arab yozuvidagi matnning tanqidiy variantini yaratish naqadar sermashaqqat yumush ekanligini mutaxassislar yaxshi biladilar. Chunonchi, E. Mano ham mana shunday og‘ir ishni zimmasiga olgan va asosan, uddasidan chiqqan. Uning matnga o‘ta sinchkovlik bilan munosabatda bo‘lganiga bitta misol keltiramiz.
Olim “Boburnoma”dagi bir joy nomiga to‘xtaladi va O‘trormi yo Taroz, degan savol qo‘yadi. Farg‘ona ta’rifini E. Mano quyidagicha keltiradi: “… shimolda (shimolida bo‘lishi kerak — A.I.) agarchi burun shahrlar bor ekandur, misli Olmolig‘, Olmotu va Yangikim, kutubda Atror (O‘tror) bitirlar, mo‘g‘ul va o‘zbek (o‘zbak bo‘lishi kerak — A.I.) jihatidin bu tarixda buzuluptur, aslo ma’mura qolmaydur”.
Mazkur parcha asarning Haydarobod, Edinburg, Tehron nusxalari va Abdurahim Xoni Xononning forscha tarjimasida ham shunday keltirilgan. Tanqidiy matnda esa “Yangi”ning o‘rniga “O‘tror” yozilgan. Lekin shu jumla tanqidiy matn va Rossiyadagi ikkita qo‘lyozmada turlicha bitilgan — Sankt-Peterburgdagi birinchi qo‘lyozmada “Yangikim, kutublarda Trarkant (E. Manoning fikricha, “Trazkant”ning xato yozilgani) bitirlar” va Sankt-Peterburgdagi ikkinchi qo‘lyozmada “Yangikim, kutublarda Trazkand biturlar”. (Arab yozuvida qisqa unlilar, odatda, yozilmaganligi sababli E. Mano zikr etilgan ikkita joy nomidagi “a” unlisini transkriptsiyada ko‘rsatmagan).
Yuqorida tilga olingan ikkita qo‘lyozma asosida E. Mano “Yangikim, kutubda Trazkand(yoki Tarazkant)” bo‘lishi mumkin, deydi. Lekin tanqidiy matndagi O‘tror to‘g‘rimi yoki Rossiya qo‘lyozmalaridagi Tarozkand (Tarozkant)mi, degan savolga javob berish uchun olim “Tarixi Rashidiy”, “Haft iqlim” singari manbalar asosida “Taroz” nomi “Yangi” deb, XV asrdagi Xitoy manbalarida ham “O‘tror” emas, balki “Taroz” deb atalganini aniqlaydi. Bobur yanglishganmi yo tanqidiy matnda xatoga yo‘l qo‘yilganmi, degan savol qo‘yadi E. Mano.
U mazkur savolga javob axtarib, Mirza Poyanda Hasan G‘aznaviy va Muhammadquli Mo‘g‘ulshoh bajargan forscha tarjimaga murojaat qiladi. Ushbu tarjima «Boburnoma”ning eng qadimgi qo‘lyozmasidan o‘girilganligi uchun ham ishonchli hisoblanadi. Unda “Taroz” bitilganini aniqlaydi. Bu narsa Boburning qo‘lyozmasida “Taroz” bo‘lganligini bildiradi. Arab alifbosida yozilgan “Atror”(“O‘tror”)dagi ikkinchi “re” xato (“ze”dagi nuqta tushib qolib, “re”ga aylangan), so‘zning boshidagi “A” (“alif”) esa keyinchalik qo‘shilgan. Manbalarda, odatda, “Tarozkand” yoki “Tarozkant” emas, “Taroz” shakli ko‘proq uchragan.
Yuqorida keltirilgan dalillar asosida E. Mano tanqidiy matndagi “O‘tror”ni “Taroz” deb to‘g‘rilagan. Binobarin, Bobur xato qilmagan, balki tanqidiy matn va ko‘pchilik qo‘lyozmalarda noto‘g‘ri yozilgan ekan.
Biron asarning tanqidiy matni yaratilganidan keyin, bu borada ish nihoyasiga yetdi, deb bo‘lmaydi. Yangi manba va ma’lumotlar topilishi, ularning ilmiy iste’molga kiritilishi natijasida matn ham takomillashib boraveradi. “Boburnoma” tanqidiy matnining yangi nashri ham buni ko‘rsatib turibdi.
Eyji Mano uchun ilmiy izlanishlarda mayda-chuyda narsa yo‘q — matndagi har bir harf, har bir nuqtaga jiddiy e’tibor va mas’uliyat bilan qaraydi. Andijondagi konferentsiya kunlarida bo‘lib o‘tgan suhbat chog‘ida men u kishidan ism-sharifingiz o‘zbek tilida qanday yozilgani ma’qul, ism-sharifingiz yapon tilida qanday talaffuz qilinadi, deb so‘radim. Hozir bizda u kishining familiyasi asosan Mano shaklida yozilayotgani hamda “o” harfi hozirgi yozuv (kirill)da ikki xil tovushni anglatishi — ham olma so‘zidagi “o” ni, ham(rus tilining ta’sirida) organdagi “o”ni bildirishini hamda mana shu ikkinchi “o” tovushi o‘rmon so‘zidagi “o‘” bilan deyarli bir xil ekanini aytdim. Yuqorida eslatganimdek, professor janoblari o‘zbek tilida qo‘llanadigan kirill yozuvining xususiyatlarini juda yaxshi biladilar, shuning uchun mening familiyam o‘zbek tilida Mano‘ shaklida yozilishi to‘g‘ri bo‘larkan, dedilar.
O‘zbek boburshunoslari hali ulug‘ Bobur oldida qarzdorlar — Bobur asarlarining mukammal ilmiy nashri, Bobur qomusi, Bobur asarlarining to‘liq izohli lug‘atini yaratish kabi bir qancha ulkan vazifalar turibdi. Mana shu ishlarni amalga oshirishda yapon olimi yaratgan tadqiqotlar juda asqotadi.
Bobur xalqaro mukofotining sovrindori Eyji Mano‘ hali kuch-quvvatga to‘la, katta rejalari bor. Jumladan, u “Mubayyin” asarining tanqidiy matni va Xo‘ja Ahror qalamiga mansub “Volidiya” risolasi hamda uning Bobur nazm bilan bajargan turkiy tarjimasidagi o‘ziga xos xususiyatlarni o‘rganish ustida ishlamoqda, keyinchalik ushbu asarning ham tanqidiy matnini yaratish niyati bor.
Eyji Mano‘ O‘zbekistonga bir necha bor tashrif buyurgan, Bobur bosgan izlardan yurgan, yurtimizdagi qadamjolarni ziyorat qilgan, olam-olam taassurotlar olgan. U o‘zbekistonlik hamkasblari bilan yaqin ilmiy-ijodiy muloqotda, ularning ilmiy ishlaridan yaxshi xabardor hamda ularga hurmat bilan qaraydi. Olis Yaponiya o‘lkasidagi olim buyuk yurtdoshimiz Zahiriddin Muhammad Boburning dovrug‘ini dunyoga taratishda, asarlarini targ‘ibu tashviq qilishda mislsiz jonbozlik ko‘rsatmoqda. Buning uchun u har qanday tahsinga loyiq.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2009 yil 17-sonidan olindi.