Bahodir Karim. Toza bir muallim edi… (2007)

Professor Begali Qosimov milliy adabiyotimizning haqiqiy bilimdoni edi. 60-yillardan beri jadid adabiyoti, mumtoz adabiyot tarixi, adabiy aloqalar yuzasidan salmoqli ilmiy tadqiqotlar, “Izlay-izlay topganim…”, “Milliy Uyg‘onish” kabi fundamental asarlar yozgan, adabiy merosimiz xazinasidan olib, tabdil qilingan qator kitoblar nashriga bosh-qosh bo‘lgan shu mo‘tabar ustoz bilan bir ilmiy-pedagogik jamoada birga ishlaganimdan, ayniqsa, talabalik yillarimda ma’ruzalar eshitib, saboq olganimdan faxrlanib yuraman. Bugun jadid adabiyoti tarixini ustoz xizmatlarisiz tasavvur etish mumkin emas. B.Qosimov bu davrning yetuk olimi edi. Faqat o‘zbek adabiyoti emas, balki bu jadidchilik davriga daxldor boshqa qardosh xalqlarning adabiyoti tarixi hamda shu davrning adabiy siymolarini juda yaxshi bilar edi. Biror jadid ziyolisi to‘g‘risida gap ketsa — u o‘zbekmi yoki tatar, qozoqmi yoki turk bundan qat’i nazar — darhol dalillar asosida suhbat mavzuiga ilmiy mazmun, jon baxsh etardi. O‘sha davrning juda ko‘p manbalarini sinchiklab o‘rgangan ustozga biror manba xususida gap ochib qolinsa, mazkur adabiy manbaning qanchalik ahamiyatli yoki ahamiyatsiz ekanligini kayfiyatidan, avzoyidan bilib olish qiyin emasdi. Agar manba muhim bo‘lsa, domla darhol jiddiy tortib, uning qadrli jihatlarini aytar, agar ikkinchi darajali hisoblansa, biroz kamgap bo‘lib, tortinib, go‘yo so‘zlash malol kelayotgandek qisqacha fikr bildirardi. Men Vadud Mahmud ijodini o‘rganib yurgan kezlarimda bu adabiyotshunos to‘g‘risida bir necha bor ilhom bilan gapirganiga guvoh bo‘lganman.
Begali Qosimov adabiyotning qay bir sohasi to‘g‘risida yozish yoki gapirish lozim bo‘lsa, biror manbani izlab yurmasdan qo‘yilgan masala yuzasidan bemalol soatlab gaprishi mumkin edi. Domla qalbi daryo inson edi. Ilmga limmo-lim to‘lib turgan bir daryo ediki, undan qanchadan-qancha ilmga chanqoq shogirdlar suv ichgani bilan kamaymaydigan, aslo tugamaydigan bir daryo olim edi. Ustoz aynan shu to‘lib-toshib turgan holida kasallikka chalinib, vafot etgani biz shogirdlarni chuqur qayg‘uga soldi…
80-yillar oxirlarida Begali Qosimov o‘zbek filologiyasi fakulteti talabalariga mumtoz adabiyotimiz tarixidan, xususan, Alisher Navoiy ijodidan mazmundor ma’ruzalar o‘qir, domlaning uzoq muddatlar esda qoladigan imtihonlari bo‘lar edi. Albatta, bu jarayonda talabalarning bilim darajasi, dunyoqarashi turli usullarda xolis tekshirilar, ko‘p hollarda, garchand pastroq baho olsalar-da, talabalar domlaning juda ob’ektiv baho qo‘yganligini ochiq tan olishar edi…
Birinchi voqea: Alisher Navoiy ijodi yuzasidan ma’ruza va amaliy mashg‘ulotlar yakunlangan. B.Qosimovga aynan shu adabiy davr manbalaridan imtihon topshirishimiz kerak. Esimda, men “Hayrat ul-abror”ning kompozitsion qurilishi bilan bog‘liq savolga javob berganman…
Sirdaryolik bir qiz kursdoshimizga Navoiyning hayotiga oid ma’lumotlarni so‘ylash lozim bo‘lgan. Albatta, har kimga ma’lum haqiqat — Alisherning Hirotda tavallud topganligi, ota-onasining kimligi, Husayn Boyqaro bilan birga o‘qigani, bolaligi gapirilgan. Biroq talaba qiz kutilmaganda Hirot tegrasida aylanib qolgan va beixtiyor imtihon oluvchi professorning e’tiborini o‘ziga jalb etgan. Shunda domla aniqlovchi savolni berishni majbur bo‘ladi:
— To‘g‘ri aytasiz, Hirot — Alisher Navoiy tug‘ilgan joy. Xo‘sh, Hirot qayerda joylashgan ekan? (Jimlik.) Toshkent bilan Samarqand orasidami yoki Toshkent bilan Bekobod oralig‘ida?
Saboqdoshimiz Toshkent — Samarqand orasida Guliston, Jizzax shaharlari borligini, Hirot bu atrofda emasligini yaxshi bilgan. Biroq Toshkent — Bekobod tomonlarga yo‘li tushmagan, geografiya fanidan ham savodi o‘ziga yarash ekan, chamasi, domlaning chalg‘itib tekshiruvchi “javob”ining ikkinchi variantini tanlaydi:
— Hirot Toshkent bilan Bekobod orasida joylashgan, domla.
— Ha, shunaqami? — domla uning sinov daftarchasini yopib qo‘liga tutqazadi: — Chiqing, tayyorlanib kelasiz…
Ikkinchi voqea: Bizdan bir kurs keyin o‘qigan Teshabek yozda uylanishi kerak. Ammo ketolmaydi. Yozgi sessiyani yopmagan. B.Qosimov fanidan qarzdor. Nima qilsin? Allaqaysi domlalarga qo‘llagan usulini ishga solmoqchi bo‘ladi. Avval, domlaning uy adresini bilib oladi. So‘ngra kursdoshi Botir bilan bozorga tushadi. Bozorlik qilgan bo‘ladi. Begali Qosimov eshikni ochganda qarzdor talabani, qolaversa, qo‘lida allanimalar ko‘tarib kelganini ko‘rib hayratga tushadi. Mulozamat uchun til uchida: “Kelinglar”, deydi. Domlaning salobati bosgan ikki kursdoshning tili kalimaga kelmaydi. Teshabek nima qilarini bilmay darhol maqsadga ko‘chadi bir amallab: “Qarzdor edim. Imtihon topshirishim kerak edi. Uydagilar kutib turibdi. Uylantirmoqchi edilar…”. Suhbat uzoq cho‘zilmaydi. Domla qisqa gapiradi: “Sizga kim aytdi Begali Qosimov uyida imtihon olarmish deb?”. Bunday savolning javobi og‘ir, albatta. Teshabek tildan oladi. Yordamchi Botir ming‘illaydi. “Endi domla, shu o‘rtog‘imiz…”. Tabiiyki, B.Qosimovning: “Siz o‘rtada dallol bo‘lib keldingizmi?”, degan kinoyali pisandasidan keyin Botir ham tildan qoladi. Begali Qosimov ana shunday toza bir muallim edi. Bu jihatdan ham ko‘pchilikka ibrat edi.
Begali Qosimovning ilmiy risola va maqolalarida ham mavzu-muammoga xolis yondashuvi yaqqol sezilib turadi.
Bir toifa odamlar borki, faqat oddiy gapni emas, balki butun boshli jumlalarni yoshi va ilmiy darajasiga ko‘ra o‘zidan quyiroq kasbdoshlaridan ko‘chirib, o‘z fikri sifatida maqolalariga va hatto kitoblariga kiritib yuboraveradi. Aynan shu toifa olimlar boshqa tillardan tarjima qilingan yoki eski o‘zbek yozuvidan tabdil etilgan manbalardan zarur o‘rinlarda foydalanib, qora mehnatini bajargan kimsalarning ism-sharifini yozib o‘tishni “unutib” qoldiradi.
Meningcha, bu toifadagi yoshu keksa olimlarga B.Qosimov ilmiy faoliyatidagi bag‘rikenglik, birovlar mehnatini qadrlash printsipi saboq bo‘lardi. To‘g‘risi, yuqoridagi fikr-mulohazalar adabiyotshunos ustozimiz tomonidan so‘zboshi va izohlar bilan nashr etilgan Mahmudxo‘ja Behbudiyning “Tanlangan asarlar”ini o‘qish jarayonida xayolimga kelgan edi. B.Qosimov unda Behbudiy ijodiga tegishli maqola yozgan va yoki kichik bir manbani tabdil qilgan talaba-tadqiqotchilar xizmatini ham ta’kidlab o‘tishni lozim ko‘rgan. Aslida, ilmiy etikaning oddiy talabi ham shudir.
B.Qosimov so‘zi amaliga muvofiq keladigan haqiqatgo‘y va to‘g‘riso‘z, chin ma’nodagi millatparvar bir inson edi. Shu bois har qaysi tadbir yoki anjumanlarda o‘zini ko‘rsatib, kuyib-pishib gapiradigan, ammo so‘zi amaliga teskari yuradigan soxta millatparvar kimsalarni yoqtirmasdi. Garchand ochiq gapirmasa ham, gohida jimgina o‘tirgan sabr-bardoshli domlaning iztirobli yuzidan bu holat sezilib turar edi…

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2007 yil 39-sonidan olindi.