Iqboloy Adizova. Sharafli umr (2007)

“Boburnoma”da bosh qahramon Boburning o‘zi. U voqea-hodisalarni bayon etar ekan, xolislikka amal qiladi. Shuning uchun ham, muallif timsoli ideallashtirilmagan. Tasavvurimizda u hayotning butun achchiq-chuchugini, past-balandini ko‘rgan real inson sifatida namoyon bo‘ladi. Asarda uning fe’l-atvori butun murakkabligi bilan o‘z ifodasini topgan. Tabiatiga xos ezgu fazilatlar, ko‘nglidagi takrorlanmas, sohir tuyg‘ular, his-hayajonlar bilan birga, hukmdor sifatidagi qattiqqo‘llik va talabchanlik ham oshkora tasvirlangan.
Kobul yo‘lidagi mashaqqatli kunlarda, ayniqsa, Bobur fe’lidagi oliyhimmatlik, adolat va kamtarlik fazilatlari yuzaga chiqadi. U navkarlar bilan barobar qor tepib yo‘l ochadi. Ular bilan birga kechani qor ostida o‘tkazadi. Uni issiqroq g‘or ichiga taklif qilishganda rad etadi. El chekkan mashaqqatni birga chekishni afzal biladi…
“Vaqoyi’”ning kitobi Boburga baho berib, uning sakkiz fazilatini sanab o‘tadi: “…Sekkiz sifati asil aning zotig‘a muttasil erdi: birisi bukim, najhati baland erdi; ikkimchisi, himmati arjumand erdi; uchumchisi, viloyat olmog‘; to‘rtumchisi, viloyat saxlamog‘; beshimchisi, ma’murlig‘; oltimchisi, rafohiyat niyati Tengri taolo bandalarig‘a; yettimchisi, cherikni ko‘ngli(ni) qo‘lg‘a olmoq; sekkizimchisi, adolat qilmoq”.
Bobur o‘z hayoti davomida adolatsizlik va zulmni ta’qiqlashga harakat qilgan. “Boburnoma”da bir navkar zabt etilgan yurtda birovning bir ko‘za yog‘ini zo‘ravonlik bilan tortib olgani uchun, ibrat bo‘lsin deb, kaltaklashganini so‘zlaydi. Bobur munofiqlik, ko‘zbo‘yamachilik va xiyonatni sezganda, uni keskin yo‘qotish tadbirini ko‘rgan. Jumladan, G‘aznada makr bilan qabrni tebratib, xalqni laqillatayotgan aldamchilarni sinchkovlik bilan fosh etadi. Ular faoliyatini ta’qiqlaydi.
Bobur “yaxshilig‘” radifli g‘azalida o‘zining yashash printsipini bayon etgan. Uning hayot yo‘li, eng murakkab vaziyatlarda ham shu printsipga sodiqligini ko‘rsatadi. U hayot mazmuni haqida mulohaza yuritar ekan, hikmatomuz xulosalarni bayon etadi. Donishmandlar kabi u ham “shuhrat bilan yondashishni ikkinchi umr”, deb hisoblaydi:
“G‘arazkim, bu dunyoda kishidin ushmundog‘ nimalar qolur, har kim aqldin bahravar bo‘lsa, nega andog‘ harakatga iqdom qilg‘aykim, andin so‘ng yomon degaylar va har kishiga hushdin asar bo‘lsa, nega andog‘ amrga ehtimom qilmag‘aykim, qilg‘ondin so‘ng muhtahsan degaylar. “Zikri nomero, hakimon umri soniy guftaand”.
Bobur ko‘p xiyonatlar ko‘rdi. Fitnalardan ko‘ngliga ko‘p ozorlar yetdi. Ammo bular uning tabiatidagi ezgu fazilatlarni yo‘qotolmadi. Aksincha, o‘zining ta’kidlashicha, ota-bobolarning an’analariga amal qildi. Xalqning: “Yaxshilik qil suvga sol, baliq bilar, baliq bilmasa holiq bilar”, degan dono so‘zini umr yo‘lida dasturilamal deb bildi. Hayotiy tajribalardan kelib chiqib, o‘zi ham shunga yaqin donishmandona xulosalarga keldi: “Har kimdin yaxshi qoida qolg‘on bo‘lsa, aning bila amal qilmoq kerak. Agar ota yamon ish qilg‘on bo‘lsa, yaxshi ish bila badal qilmoq kerak”.
Bobur umri jangu jadallar ichida kechdi. Uning maqsadi ulug‘ edi. U tanazzul topayotgan temuriylar mavqeini qayta tiklashga intilardi. Bu yo‘lda ko‘p ranju alamlarga sabru toqat qilardi. U, ayniqsa, Hindistonda ekanida o‘z yurtini, Kobulda yashayotgan farzandlarini, yaqinlarini qo‘msardi. Bunday kechinmalar, borasida “Boburnoma”da ko‘p so‘zlaydi. Ayniqsa, 1528 yili Kobulga Xoja Kalonga yozgan maktubida o‘zining shunday holatini juda ta’sirli ifodalaydi: “Ul viloyatlarning latofatlarini kishi nechuk unutqay. Alalxusus, mundoq toyib va torik bo‘lg‘onda qovun va uzumdek mashru’ hazni kishi ne tavr xotirdin chiqarg‘ay. Bu fursatta bir qovun kelturub edilar, kesib yegach, g‘arib ta’sir qildi. Tamom yig‘lab edim”.
Bobur Afg‘oniston yoki Hindiston haqida yozar ekan, har bir giyohda, hayvonot olamida, daraxtu mevalarda o‘z vatani sog‘inchini his qiladi. Ularni qiyoslab ko‘radi: “Hindistondakim, oqar suv hargiz bo‘lmas, chashma xud ne tilar. Ahyonan chashma hamkim bor, yerdin zax suyidek sizib chiqar. Ul yerning chashmalaridek qaynab chiqmas”.
Bobur tabiat qo‘ynida bo‘lishni, undagi go‘zal manzaralarni tomosha qilishni xush ko‘rgan. Undagi g‘ayrioddiy ko‘rinishlar va hodisalarni nozik fahmlagan. Ularni ehtiros va g‘ayrat bilan kuzatgan. U, ayniqsa, kuz faslini yoqtirgan. Xazonrezgi bog‘larni sayr qilish unga zavq va ilhom baxsh etgan. Bu fikrimizning isbotini “Boburnoma”da ko‘p uchratamiz. Asarda kuz tasvirini muallif nazarida qayta-qayta kuzatamiz. Quyidagi parchada tabiat go‘zalliklariga uning shoirona munosabatini yaqqol ko‘ramiz: “Istarg‘achning oyog‘idagi podshohiy bog‘ini sayr qilildi. Bir olma niholi yaxshi xazon bo‘lub edi. Har qaysi shoxida besh-olti barg siyoq bila qolib edi, andoqkim, agar naqqoshlar takalluf bila tortsalar, ancha torta olmag‘ay edilar”.
“Boburnoma”da Boburning ota sifatidagi fe’l-atvori ham o‘z ifodasini topadi. U oilasiga yaqin yoki uzoq yashaganda ham yumushlari haddan ko‘p bo‘lganda ham farzandlari tarbiyasini e’tibordan chetda qoldirmagan. Farzandlari onalaridan va maxsus murabbiylardan hayot sirlarini o‘rganishgan. Ammo Boburning o‘zi ham bu masalaga jiddiy qaragan. Suhbatlarda, yiroqdaligida esa maktublar orqali ularni barkamol inson etib tarbiyalashga harakat qilgan. U “Boburnoma”ning bir necha o‘rnida Komron, Humoyunga yozgan maktublari haqida ma’lumot beradi. Komron kadxudo etib tayinlanganda, Askariy devonbegi etib tayinlanganda o‘z xursandchiligini yashirmaydi. Humoyunning sipohigarlikda va janggohlarda ko‘rsatgan jasoratu matonatini ko‘rganda faxr tuyg‘usini oshkor bayon etadi. Ayniqsa, to‘ng‘ich farzand va valiahd Humoyunning har tomonlama to‘kis inson bo‘lib yetishganidan mamnunlik izhor qiladi.
“Boburnoma”da 1528 yil Humoyunga yozgan bir maktubini to‘liq keltiradi. Unda biz Boburni donishmand va talabchan tarbiyachi qiyofasida ko‘ramiz. U Humoyunda adolatli, jasoratli, jahongir podshoh fe’l-atvorini mukammal shakllantirishga harakat qiladi. Uni har bir narsaga e’tiborli bo‘lishga da’vat etadi. Ushbu maktubda podshohlikning o‘ziga xos mashaqqatlari, talablari haqida so‘z boradi. Bo‘shlik va sokinlik podshohlikka yot, tezkorlik va g‘ayratlilik unga xos xususiyat bo‘lmog‘i ta’kidlanadi: “Garanjonliq bila, kohilliq podshohliq bila rost kelmas…”.
Bobur “Boburnoma”da mahoratli sarkarda sifatida ham gavdalanadi. U yoshligida tajribasizligi tufayli yo‘l qo‘ygan xatolarini ko‘p eslaydi. Ulardan muhim saboqlar chiqaradi. Lashkarni boshqarishda tadbirli, salohiyatli, noyob iqtidorli sipohigarga aylanadi. Bu sohada turli kashfiyotlar qiladi. Yangiliklar kiritadi. Jangda ustod Aliquli yaratgan to‘p — zambaraklardan foydalanishni yo‘lga qo‘yadi. Cherikni 6 bo‘lakka bo‘lib, har bir polkning kechqurunlari qorovullik qilishini tashkil etadi. Lashkarni sodiq va ahillikda saqlash maqsadida Qur’onni ushlab qasamyod qilishni joriy etadi. Hindiston muhorabasida jang oldi cho‘chib, hayiqib turgan lashkar oldida Boburning murojaatini o‘qib, uning naqadar ta’sirli nutq so‘zlovchi notiqligining ham guvohi bo‘lamiz.
“Boburnoma”da uning yosh, tajribasiz sarkardadan janggoh pastu balandini shaxmat taxtasidek aniq ko‘ruvchi, lashkarni uning donalaridek bexato joylashtiruvchi, bobosi Amir Temur kabi salohiyatli, tadbirkor sipohigarga aylangungacha bo‘lgan umr daftarining ifodasini ko‘ramiz.
Bobur “Boburnoma”da o‘zining yaxshi amallari bilan birga ba’zi xatoliklari haqida ham oshkora yozadi. Adolatni barqarorlashtirish maqsadida ba’zan qattiq chora-tadbirlar ko‘rganligini yashirmaydi. U yashagan davr, vaziyat, ijtimoiy muhit shuni taqozo etganini to‘g‘ri anglamog‘imiz darkor.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2007 yil 7-sonidan olindi.