Ismoil Bekjon. Muhrga naqshlangan hadis (2007)

Kamina hazrat Alisher Navoiy tavalludining 550 yillik tantanalari arafasida ulug‘ mutafakkir muhriga o‘yib yozilgan arabcha so‘zlarni o‘qishga muvaffaq bo‘lgandi. Muhr yozuvlari bizgacha “Navodir un-nihoya” devoni qo‘lyozmasi Tehron nusxasida yetib kelgan bo‘lib, unda hadis aks etgan: “Kun fi-ad-dunyo kainnaka g‘aribu au obiru sabil, Alisher-ul-faqir”. Biz bu hadisni, ey inson, bu dunyoda vaqtinchaliging uchun o‘zingni o‘zga yurtga kelgan g‘arib — musofir va yana qaytishing kerakligini anglab, ketishga shay yo‘lovchidek tayyor tur, degan mazmunda: “Bu dunyoda g‘aribdek bo‘l yoki yo‘lovchidek shay tur” deya tarjima qilgandik. Aslida, bizning xizmatimiz bu o‘rinda tarjima emas, balki, ko‘p yillardan buyon o‘qiy olmay kelinayotgan muhr so‘zlarini o‘qib, bu jumboqni yechishda edi. Shuning uchun hadis mag‘zini chaqishni ham o‘quvchilarning o‘ziga havola qilgandik (“Sirli olam”, 1991, 10-son).
Marhum adabiyotshunos olim Abduqodir Hayitmetov bu to‘g‘rida shunday yozgandilar: “…muhrda esa arabcha bir necha so‘zlar yozilgan bo‘lib, ularni sharqshunos I.Bekjonov to‘la va to‘g‘ri o‘qishga ancha harakat qilgan. Bizningcha esa, bundagi so‘zlar quyidagicha o‘qilsa, yanada to‘g‘ri bo‘lur edi: “Kun fi-d-dunyo kainnaka g‘aribun av obiru sabilin. Alisher-ul-faqir”. O‘zbek tiliga esa bu matnni “Bu dunyoda xuddi g‘aribdek yoki yo‘ldagi yo‘lovchidek bo‘l. Faqir Alisher”, — deb tarjima qilinishi ma’qul” (“O‘zAS”, 1993, fevral).
Navoiy muhridagi biz o‘qigan hadis aslida quyidagichadir: “Abdulloh ibn Umar rivoyat qiladilar: “Rasululloh sallallohu alayhi va sallam yelkamdan ushlab turib: “Sen dunyoda bir g‘aribdek yokim bir yo‘lovchidek bo‘l!(ya’ni, sen bu dunyoda o‘zingni hech kimi yo‘q bir kimsadek yokim bir yo‘lovchidek his qil!)” — dedilar” (“Xalq so‘zi”, 1998, mart).
Hazrat Alisher Navoiyning o‘zi esa muhriga o‘yib yozdirgan hadis so‘zlarini “Ey labing…” xitobi bilan boshlanuvchi “yanglig‘” radifli g‘azalining bir baytida aqd san’ati vositasi orqali mana shunday muhrlagan ekanlar:

Qo‘yma bu manzilu maskanga
ko‘ngulkim zinhor,
Angla yo‘l o‘tkuchidek
o‘zniyu mehmon yanglig‘.

Mazmuni: Ey inson, bu manzil-bekatni abadiy yurt deb o‘ylama, bu maskan — uyni rosa o‘rnashib o‘tiradigan joy ekan dema, bular hammasi — o‘tkinchi. Shuning uchun o‘zingni yot elga kelgan g‘arib(begona), musofirdek tut. Bu o‘zga maskanda o‘zingni mehmon singari bil. Ya’ni, bu o‘tkinchi dunyo unga ko‘ngil — hirs qo‘yib, nafs balosiga mubtalo bo‘lish va shuning orqasida o‘zingni har ko‘yga solishga arzimaydi. Bu yolg‘onchi olam ayvoni bemalol cho‘zilib yotishingga imkon bermasligi sabab, unda nafasingni rostlagach, mehmonlik izzating ko‘p o‘tmay tugashini ham anglab yet. Musofir sifatida yana asl yurtingga qaytib ketish g‘ami va yo‘l anjomlari tadoriki tashvishida ham bo‘l. Din va tasavvuf ta’lim berganidek, bu yo‘l ozuqasi va safar anjomlari esa sening bu dunyoda qilgan xayrli ishlaring, har sohada yaxshilik bilan chiqargan noming hamda seni o‘tga-suvga urguvchi ammora nafsingni tiyishing kabilar bo‘ladi.
Xullas, muborak bu hadis va uning mutafakkir shoir hazrat Alisher Navoiy tomonidan amalga oshgan mo‘jazgina nazmiy tafsiri yuqoridagi kabi yana talay hikmatu ma’nolarni o‘zida mujassam qilgan bo‘lib, ularni fikrda davom ettirib, mag‘zini chaqish bugungi zukko o‘quvchilarimiz uchun u qadar mushkul emas.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2007 yil 6-sonidan olindi.