G‘ulom Karim. Xalil Sulton tahsini (2007)

X—X asrlarda Samarqand Qoraxoniylar davlatining markaziy shaharlaridan biri edi. Qoraxoniy hukmdorlar, Sharqiy Turkistonda bo‘lgani kabi, Movarounnahrda ham ilm-fan va madaniyatning rivojlanishiga homiylik qildilar. Masalan, Tamg‘ochxon Ibrohim tomonidan Samarqandda qurdirilgan yirik madrasadan ko‘plab olimlar yetishib chiqqan.
Qoraxoniylar davrida Samarqandda ilmu fan bilan birga badiiy adabiyot ham gullab-yashnadi. Qoraxoniylar davlatining Sharqiy hududida joylashgan Koshg‘ar va Bolosog‘un kabi yirik shaharlarda badiiy adabiyot asosan turkiy tilda yaratildi; Yusuf Xos Hojib kabi buyuk shoir va Mahmud Koshg‘ariydek ulkan tilshunos olimlar yetishib chiqdi. Samarqandda esa adabiyot, somoniylar davrida shakllangan an’anaga ko‘ra, ko‘proq fors tilida yaratildi.
Qoraxoniylar davri shoirlaridan biri Ali Shatranjiy Samarqandiy ijodidan saqlanib qolgan namunalar uning yetuk ijodkor bo‘lganini ko‘rsatadi. Shaxmat o‘yini ustasi bo‘lgani uchun u o‘ziga Shatranjiy taxallusini tanlagan.
Ali Shatranjiyning qoraxoniylar vaziri buyurtmasiga ko‘ra yozilgan “Laylak” qasidasidan parcha:

Bashorat orad az navro‘z
moro har zamon laklak,
Kunad g‘amgin dili mo zon
bashorat shodmon laklak,
Dabirestonast go‘yo
oshyon va kudakon gunjishk,
Nishasta gui yaki pir
muallim dar miyon laklak.

(Har zamon laylak bizga navro‘zdan bashorat keltirmoqda, Ushbu bashorat bilan dilimizni shodmon etmoqda. Uning uyasi xuddi maktab kabi va chumchuqlar — o‘quvchilar, Laylak go‘yo qari muallim kabi o‘rtada o‘tiribdi.)

Saqlanib qolgan mazkur parcha ham bahorning jonli manzarasini chizadi, ham o‘sha davrdagi Samarqand hayoti haqida muayyan tasavvur uyg‘otadi.
Shamsiddin Muhammad ibn Ali Suzaniy Samarqandiy Shatranjiyning shogirdidir. Tazkiralarda uning nomi Hakim Suzaniy Samarqandiy tarzida yozilishi o‘z davrining yetuk olimi ham bo‘lganidan dalolat beradi. Suzaniyning 12 ming misra she’rdan iborat devoni saqlanib qolgan bo‘lsa-da, qo‘lyozmalari noyobdir. Shoir she’rlarida Samarqandda hukmronlik qilgan o‘ziga zamondosh qoraxoniy xonlar nomi tilga olinadi:

Ba sa’di axtari maymun
muzaffar gasht bar a’do,
Qilich Tamg‘achxon Mas’ud Rukn
ad-din va-d-dunyo.

(Din va dunyo tayanchi Qilich Tamg‘ochxon Mas’ud Saodatli yulduz mujdasi bilan dushman ustidan zafar qozondi.)
Suzaniy merosining diqqatga sazovor jihatlaridan biri uning she’rlarida turkiy so‘zlarning ko‘plab uchrashidir:

Ey turki mohchehra,
che boshad gar shabi
Oyi ba hujrai man va gui
“Qo‘naq kerak?”.
Gulro‘yi turki va man
agar turk nistam,
Donam badin qadrki,
turkist gul — chechak.

(Ey, oy chehrali turk qizi, qaniydi Tunda mening hujramga kelib “Qo‘noq kerakmi?” deb so‘rasang. Gul yuzli turk qizi, men turk bo‘lmasam-da Gulning turkiychasi “chechak” ekanligini bilaman.)
Shu tariqa ma’lum bo‘ladiki, Hofizning sherozlik turk qiziga bag‘ishlangan mashhur g‘azalidan ikki asr ilgari Suzaniy samarqandlik turk qiziga bag‘ishlab go‘zal she’r bitgan.
Suzaniy she’rlarida turkiy so‘zlar uchrashi shoirning o‘quvchilari — Samarqand xalqi har ikki tilni yaxshi bilganidan dalolat beradi. Bu haqda ulkan sharqshunos olim, akademik Ye.E.Bertels shunday deb yozgandi: “Harbiy aristokratiyadan ancha uzoq bo‘lgan Suzaniy kabi odam turkiy tilni qaysidir darajada bilgani X asrda Samarqandda turkiy til keng tarqalganidan dalolat beradi”.
Qoraxoniylar davlati bir qancha o‘lkalarni birlashtirgan ulkan saltanat bo‘lgani, tabiiyki, davlatchilik va siyosatga oid ilmlarning ham rivojlanishini taqozo etardi. Muhammad Zahiriy Samarqandiy qoraxoniy hukmdor Qilich Tamg‘och xoqon ibn Qilich Qoraxon(1163 — 1178) davrida yashagan va shu xon saroyida devoni insho sohibi (yozishmalar devonining boshlig‘i) lavozimida ishlagan. Zahiriyning ilk asari “Ag‘raz as-siyosa fi araz ar-riyosa”(“Hukmronlikni boshqarishda siyosatning vazifalari”) bo‘lib, unda asrlar davomida hukm surgan bir qancha tojdorlarning davlatni boshqarish yuzasidan aytgan hikmatli so‘zlari jamlangan.
Zahiriyning yana bir asari “Sindbodnoma” butun Sharqda juda mashhur bo‘ldi. “Sindbodnoma” badiiy asar bo‘lsa-da, o‘sha davr davlatchiligiga oid fikrlar — davlat ishlarida ehtiyotkorlik, biror hukmni chiqarishda shoshilmaslik va o‘ylab ish ko‘rish, atrofdagi donishmand maslahatchilarning so‘ziga quloq solish haqidagi mulohazalar ham unda o‘z aksini topgan.
1220 yili Samarqand mo‘g‘ullar tomonidan istilo etilgach, shahardagi madaniy hayot zavolga yuz tutdi. Olimu shoirlarning bir qismi halok bo‘ldi, mo‘g‘ullar yetib kelguncha shaharni tark qilishga ulgurganlari boshqa diyorlarga ko‘chib borib, Hindiston, Arabiston kabi olis o‘lkalarda o‘z ilmiy-ijodiy faoliyatlarini davom ettirdilar.
Bir yarim asrlik tanazzuldan so‘ng Samarqandning poytaxt va yirik madaniy markaz sifatida qayta qad rostlashi sohibqiron Amir Temurning bunyodkorlik faoliyati bilan bog‘liqdir. Sohibqiron ilmu fanning mamlakat ravnaqidagi ahamiyatini yaxshi anglagani va olimlarga hamisha g‘amxo‘rlik ko‘rsatgani zamondosh muarrixlar asarlarida yozib qoldirilgan. Jumladan, tarixchi Muiniddin Natanziy shunday yozadi: “Amir Temurning dohiyona va hikmatli tadbirlaridan yana biri shu ediki, fuqaro va ilm toliblarining vaqflar va madrasalarga bo‘lgan huquqlarini har kimning haqiga loyiq, vaqf qiluvchining shartlariga muvofiq tayin qilar, qat’iyan va aslo vaqf moliga daxl etmasdi. Vaqflar molidan uning xazinasi uchun hech narsa olmaslik haqida vazirlarga farmon bergan edi. Ilmu hikmat ahli va fan arboblariga g‘oyatda e’tiborli edi. Ularni e’zozu ikrom qilishda mubolag‘alar ko‘rsatardi. Imomlar, islom ulamolari, qozilar va ulug‘ shayxlarga bo‘lgan hurmat-e’tiborini shu darajaga yetkazdiki, ilmu fan behad ravnaq topib, talabalarning nafaqasi lozim bo‘lgan miqdordan ham ko‘proq qilib belgilandi. Buning natijasida bir necha ming nafar turli ilmlarni egallagan sohibkamollar, sanoqqa sig‘maydigan darajada ko‘p qalbi daryo iste’dod egalari uning ulug‘vor xonadoni saxovati hadyalari nuridan zamona chehrasida zohir bo‘ldilar”.
Amir Temur davrida Xoja Ismatulloh Buxoriy va Mavlono Bisotiy Samarqandiy kabi shoirlar Samarqandda hayot kechirib, ularning ijodiy faoliyati Sohibqiron zamonida boshlangan.
Shu tariqa, sohibqiron Amir Temurning bunyodkorlik va homiylik faoliyati natijasida Samarqandning mo‘g‘ullar istilosidan oldingi madaniy va ilmiy markaz sifatidagi mavqei tiklanibgina qolmay, oldingidan ham chand barobar oshib ketdi. Ulug‘bek davrida Samarqandda fan va madaniyatning misli ko‘rilmagan taraqqiyoti uchun zamin, shubhasiz, Amir Temur davrida yaratilgan edi.
Amir Temur vafotidan so‘ng 1405 — 1409 yillari Samarqandda uning nevarasi Xalil Sulton hukmronlik qildi. U ham o‘z bobosi kabi ma’rifatparvar hukmdor bo‘lib, turkiy tilda she’rlar yozgan va, hatto, ularni to‘plab, devon ham tuzgan. Alisher Navoiy “Majolis un-nafois” asarida ushbu temuriy hukmdor haqida shunday yozadi: “Xalil Sulton — Hazrat sulton us-salotinning voqeasidan so‘ngra Samarqand taxtida saltanat qildi. Zurafo va shuaro majlisida jam’ bo‘lurlar erdi. Mashhurdurkim, o‘zi she’r aytur erdi. Andoqkim, devoni ta’rifida Xoja Ismatulloh qasida aytibdur, ammo tilab topilmadi, ushbu matlaidan o‘zgakim:

Ey turki pari paykarimiz,
tarki jafo qil,
Komi dilimiz,
la’li ravonbaxsh ravo qil”.

Xalil Sultonning she’riyatdagi ustozi Xoja Ismatulloh Buxoriy bo‘lgan va bu haqda Davlatshoh Samarqandiy o‘zining “Tazkirat ush-shuaro” asarida ma’lumot beradi: “Sulton Xalil o‘z ayyomi davlatida Xoja Ismatullohni bag‘oyat ehtirom qilar erdi. Shahzoda ilmi she’rni Xojadan ta’lim olur erdi”.
Xalil Sulton Xoja Ismatullohning shogirdi shoir Mavlono Bisotiy Samarqandiyga ham homiylik ko‘rsatgan. Bisotiyning she’rlari qo‘shiq qilib kuylangani va Xalil Sultonga g‘oyat maqbul bo‘lgani haqida Davlatshoh Samarqandiy shunday yozadi: “Ayturlarkim, mug‘anniylar Xalil Sulton majlisida Bisotiy she’rlaridan bir matla’ o‘qudilar. Podshohzodag‘a xush keldi, kishi yubordi va Bisotiyni talab qildi. Anga tahsindin so‘ng ming tanga tilla baxsh qildi”.
XV asrning birinchi yarmida qisqa payt taxt uchun kurashlardan so‘ng, Temuriylar davlati Mirzo Shohrux hukmiga o‘tdi va uning tadbirli siyosati tufayli ravnaq topdi. U mamlakatdagi turli ichki nizolarning oldini olish yoki tezda bartaraf etish bilan umumiy tinchlik-totuvlikni ta’minladi.
Mirzo Ulug‘bek 15 yoshda Movarounnahrga hukmdor etib tayinlandi. Saltanat poytaxti Hirot bilan birga Samarqandning ham yirik siyosiy-madaniy markaz sifatidagi ahamiyati saqlanib qoldi va yanada yuksaldi.
Mirzo Ulug‘bek davrida tabiiy fanlar bilan birga ijtimoiy fanlar ham taraqqiy topgan. Shunisi diqqatga sazovorki, bu davrda turkiy tilning ilmiy va adabiy til sifatidagi mavqei tobora oshib borgan. Adabiyotshunoslikka oid qimmatli asar, hijriy 840(melodiy 1436-1437) yili turkiy tilda yozilgan “Funun al-balog‘a” muallifi Shayx Ahmad ibn Xudoydod Taroziy o‘z kitobini Mirzo Ulug‘bekka bag‘ishlagan. “Funun al-balog‘a” o‘zbek adabiyotshunosligining ilk yirik asarlaridan biridir.
Ulug‘bek davrida Samarqandda turkiy shoir Mavlono Sakkokiy yashab ijod qilgan. Uning ijodi o‘zbek adabiyoti rivojida muhim o‘rin tutadi. Ulug‘bekka bag‘ishlangan qasidasida Sakkokiy o‘zining turkiy tilda ijod qilishidan faxrlanib, quyidagi baytni bitgan:

Falak yillar kerak sayr etsayu,
keltursa ilkiga,
Meningdek shoiri turkiyu,
seningdek shohi dononi.

XV asrning ikkinchi yarmida ham Samarqand adabiy markaz sifatidagi ahamiyatini saqlab qolgan.
Alisher Navoiyning bir necha yil Samarqandda bo‘lishi shahardagi adabiy hayotga jonbaxsh ta’sir ko‘rsatdi. U Samarqandda yashab ijod qilayotgan juda ko‘p shoiru olimlar bilan do‘stlashib, “Majolis un-nafois” tazkirasida ular haqida qimmatli ma’lumotlar yozib qoldirdi. Jumladan:
“Ahmad Hojibek — “Vafoiy” taxallus qilur. Tab’i bag‘oyat xub voqe’ bo‘lubtur va nazmg‘a ko‘p iltifot qilur”;
“Xoja Xo‘rd — Samarqand taxtining yakkalama qozisi va Ulug‘bek Mirzo madrasasining mudarrisidur”;
“Mavlono Javhariy — Samarqandiydur. Aruz bilur erdi”.
Alisher Navoiy Samarqandda yashagan yillari o‘z adabiy faoliyatini qizg‘in davom ettirdi va adabiy majlislarda faol qatnashdi. Bunday majlislarda Navoiy bildirgan fikr-mulohazalar adiblar orasida mashhur bo‘lib ketgan.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2007 yil 27-sonidan olindi.