Abduzuhur Abduazizov, Najmiddin Komilov. Ustoz Salomovning ilmiy maktabi (2007)

Ustoz olimning madaniyatimiz va fanimiz taraqqiyotiga qo‘shgan katta ulushi, birinchi navbatda, uning o‘zbek tarjimashunosligi maktabini asoslab, bu ilm sohasini ham nazariy jihatdan puxta ishlab chiqqani, ham uni tahsil-ta’lim jarayoniga amaliy tatbiq etganidir. Professor G‘aybulla Salomovning bu boradagi dastlabki tadqiqotlari hali Samarqand universitetida tahsil olayotgan yillari boshlangan edi. Uning “Maqol, matal va idiomlar tarjimasi”, “Badiiy tarjimaning leksik-frazeologik masalalari”, “Rus tilidan o‘zbek tiliga maqol-matallar tarjimasi” risolalari chop etildi, sal o‘tmay “Til va tarjima”(1964) nomli salmoqdor monografiyasi “Fan” nashriyotida bosilib chiqdi. Shu yillari u lug‘atchilik va qomuschilik masalalariga doir yetuk ilmiy ishlar yozdi. Keyin ketma-ket “Tarjimon mahorati”, “Do‘stlik ko‘priklari”(hammualliflikda), “Badiiy tarjima va adabiy tahrir problemalari”, “Tarjima tashvishlari”, “Adabiy an’ana va badiiy tarjima problemalari”, “Tarjima nazariyasiga kirish”, “Tarjima nazariyasi asoslari” nomli monografiya va darsliklari chop etildi. Uning bevosita rahbarligi ostida “Tarjima mahorati” to‘plamining olti kitobi bosilib chiqdi. Bu ishlarda badiiy tarjima nazariyasi, qiyosiy adabiyotshunoslik va tarjima, til, adabiyot va tarjima, tarjimon mahorati va tarjima san’ati, milliy kolorit va tarjima aniqligi, davr ruhi, uslub va tarjima borasida izchil va toza nazariy fikrlar bayon etilgan, bir necha tilda yaratilgan adabiyotlar, tarjimalarni qiyoslab o‘rganish asnosida dolzarb ilmiy muammolar yechilgan.
Shuni qayd etish o‘rinliki, XX asr o‘rtalarida sobiq ittifoq hududida tarjimaga e’tibor katta bo‘lgan edi. Shu bilan bog‘liq tarjimashunoslik va tarjima tanqidi ham rivojlandi. O‘zbek adiblari rus va jahon adabiyotining ko‘plab nodir asarlarini tarjima qildilar. Bu katta ma’naviy-madaniy boylik edi.
O‘sha yillari mamlakat olimlari orasida tarjimashunoslik ilmiga turli qarashlar shakllandi: bir guruh olimlar tarjimani faqat lisoniy (til) hodisasi deb o‘rganar, boshqalari buni inkor etib, badiiy tarjimani adabiy-estetik hodisa sifatida tadqiq qilardilar. Tarjima uslubi, tarjimon mahorati masalalari ham bahsli edi.
Professor G‘aybulla Salomov birinchilardan bo‘lib bu ikki yo‘nalishni qo‘shdi, ya’ni tarjima ham lisoniy, ham badiiy hodisa ekanini ilmiy isbotladi. Tarjima jarayoni asosini uslub tashkil etadi. Uslub esa keng ma’noli, unda ham til hodisalari va ham ijodkorlik, san’at ifoda topadi, tarjima — ijod, ijod bo‘lganda ham til ijodkorligi, tuyg‘u va tafakkur ijodkorligi, bu jarayonda milliy an’analar, tarixiylik, kitobxon idroki o‘z ta’sirini o‘tkazadi deb chiqdi olim. Natijada tarjimashunoslik keng maydonda olib qaraladigan sohaga aylandi, unda milliy adabiyotlar, udum-odatlar, tarixiy-madaniy taraqqiyot hisobga olinadigan bo‘ldi. Shunday qilib, tarjimashunoslik — ikki tildagi matnni chog‘ishtirish yoki bir tildagi ma’noning ikkinchi tilda aks etishini aniqlashgina emas, balki o‘zbek tilining salohiyati, boyligini ko‘rsatish, jahon adabiyotini milliy zaminda qayta yaratish ekani tan olinib, tarjimashunoslik shu jarayonni umumfilologik aspektda tadqiq qiladigan fan ekanligi aniqlandi. Tarjima vatan adabiyotini boyitish, o‘zaro ma’naviy qadriyatlar, fikr-g‘oyalar almashish vositasi, tarjimon esa chinakam ijodkor adib deb qaraladigan bo‘ldi.
Professor G‘.Salomov ilmiy maktabidagi asosiy printsiplar quyidagilardan iborat:
1. Tarjima va xalqaro adabiy aloqa, qiyosiy adabiyotshunoslik birga o‘rganilishi lozim.
2. Bunda qiyosiy tilshunoslik yutuqlariga suyanish, til va adabiyot hodisalari birgalikda olib qaralishi shart.
3. Tarjimashunoslikda uslublar chog‘ishtiriladi, muallif uslubi va tarjimon uslubi to‘qnash keladi, yozuvchi uslubi tarjimon uslubi orqali reallashadi.
4. Tarjima — keng ma’nodagi ijodkorlik, ammo u asarni o‘zgartiradigan ijodkorlik emas. Bu “o‘zgalar orqali o‘zini va o‘zi orqali o‘zgalarni namoyon etish” san’atidir.
5. Badiiy tarjimada ichki sharh — interpretatsiya bo‘lib turadi, biroq bunda me’yorni saqlash lozim.
6. Tarjimashunoslik — umumfilologik ilm, uni bir soha bilan chegaralab qo‘yish noo‘rin.
G‘.Salomovning ko‘pyillik mehnati tufayli qirg‘in-qatag‘on qilingan A.Qodiriy, S.Siddiq, Cho‘lpon, M.Ismoiliy, Mirtemir, Shayxzoda, G‘.G‘ulomning tarjima merosi o‘rganildi va bu adiblarning tarixiy xizmati munosib taqdirlandi.
G‘aybulla Salomov 1970 yildan umrining oxirigacha ToshDUda (hozirgi O‘zMU) tashkil etilgan tarjima nazariyasi va amaliyoti kafedrasida mudirlik qildi. Kafedra oldin jurnalistika fakultetida ish boshlagan bo‘lsa, keyin filologiya, rus filologiyasi fakultetlarida, so‘ngra xorijiy filologiya fakultetida faoliyat olib bordi. Kafedra hozir ham shu fakultetda faoliyat ko‘rsatmoqda.
Bu sobiq ittifoqda shu nomdagi yagona kafedra edi, shu bois kafedra atrofida har xil gap-so‘zlar ko‘paydi, hatto uni yopish harakatida yurganlar ham chiqib qoldi. Ammo G‘.Salomovning tinimsiz ishlashi, dasturlar, o‘quv qo‘llanmalari va darsliklar yaratilishi, bundan tashqari, universitet rahbariyatining qo‘llab-quvvatlashi kafedraning saqlab qolinishiga sabab bo‘ldi.
“Tarjima tarixi”, “Tarjima uslubiyati”, “Tarjima nazariyasi asoslari” degan kurslarni ishlab chiqib, dasturlar tuzdi va ikkita darslik yozib nashr ettirdi. Bu darsliklardan hozir ham respublika oliy o‘quv yurtlarida foydalanib kelinmoqda.
G‘.Salomov — haqiqiy ustoz edi. Uning darslari talabalarni ohanraboday o‘ziga tortar, o‘zi shavqu zavqqa to‘lib-toshib dars berardi. Tabiatan ijodkor bo‘lgan, ona tilining butun go‘zalligini his qilgan domla so‘zning turfa ma’nolarini, ifodaviy imkoniyatlarini ochib ko‘rsatar, yoshlarning o‘z adabiyoti, ona tiliga muhabbatini oshirardi.
Hozirgi paytda targ‘ib etilayotgan “interaktiv” usul deyiladigan ta’lim turi professor Salomov kafedrasida o‘sha paytlariyoq joriy qilingan edi. Chunki darslar faqat jonli suhbatlar, ijodiy bahs ruhida o‘tardi.
Professor G‘.Salomov respublikada eng ko‘p fan nomzodi tarbiyalagan zahmatkash olimlardan. Birgina “Boburnoma” tarjimalari bo‘yicha 6 kishi nomzodlik va bitta doktorlik dissertatsiyasi yozib, yoqladi. Umuman, domlaning ilmiy rahbarligi ostida 57 kishi fan nomzodi, 5 kishi fan doktori bo‘ldi. Ular orasida mamlakatimizning ko‘zga ko‘ringan fan va madaniyat xodimlari, jamoat arboblari bor.
G‘aybulla as-Salom munaqqid, publitsist va shoir ham edi. Yurtimizda sodir bo‘layotgan voqealar, adabiy hayotda kechayotgan jarayonlar, ma’naviyat masalalari uni befarq qoldirmasdi. U O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi badiiy tarjima kengashining rahbari bo‘lib ish olib bordi, ko‘plab badiiy tarjimalar muhokamasi orqali yosh ijodkorlarning o‘sishiga yordam berdi. Maqolalarida esa aksar o‘zbek tili, so‘z qudrati, milliy ma’naviyat muammolari qalamga olingan. Shu asosda domlaning “Ey, umri aziz”, “Armon”, “Vahiydan kelar bir sado”, “Tolibnoma”, “Ezgulikka chog‘lan, odamzod”, “Halollik bozorda sotilmaydi” kabi millat dardi bilan yozilgan kitoblari chop etildi. Bu kitoblarda O‘zbekistonda ilm-fan, madaniyatni rivojlantirishda ulkan hissa qo‘shgan ustozlar, ma’naviyati yuksak oddiy odamlar xislatlari, domlaning o‘z boshidan o‘tkazgan ibratomuz voqealar hikoya qilinadi.
Professor G‘.Salomov faqat o‘zbek tarjimashunoslik fanini asoslagan yirik olim sifatida emas, balki jahon tanigan va tan olgan tadqiqotchi sifatida mashhur edi. Uni Moskvada, Sankt-Peterburgda, Kiyevda, Dushanba, Olmaota, Boku va Yerevanda tanirdilar. Bu shaharlarda ko‘p do‘stlari, hamkasblari bor edi. Bu shaharlarda ketma-ket o‘tkaziladigan ilmiy anjumanlarda ishtirok etardi, ma’ruza qilardi. Maqolalari bir qancha xorijiy to‘plam va jurnallarda bosilgan. U sobiq SSSR Yozuvchilar uyushmasi badiiy tarjima sektsiyasi a’zosi edi. Tilak Jo‘ra, N.Komilov, K.Jo‘rayev kabi shogirdlarini ham olib borardi, shu anjumanlarda “pishsin”, der edi domla. Bundan tashqari, domla G‘.Salomovning ilmiy ishlari Slovakiya, Frantsiya, Bulg‘oriya, Turkiya, Yugoslaviyada ma’lum edi. U o‘tgan asrning saksoninchi yillari Chexoslovakiya, Bulg‘oriya, Yugoslaviya, Ukrainaga borib ilmiy ma’ruzalar qildi. Slovakiyalik olim — qiyosiy adabiyotshunoslik fani bo‘yicha yirik mutaxassis Dioniz Dyurishin G‘.Salomov taklifiga asosan 80-yillarining o‘rtalarida Toshkentga kelib ma’ruzalar o‘qidi.
O‘zMU tarjima nazariyasi kafedrasida qiyosiy adabiyotshunoslik va tarjima bo‘yicha bir qancha mavzular belgilangan edi. Chunonchi, “Qur’on va jahon adabiyoti”, “Boburnoma”ning dunyo tillariga tarjimasini qiyosiy o‘rganish” shunday mavzulardan edi. Professor L.Barxudarov, professorlar — S.Ivanov, M.Levin(Sankt-Peterburg), professor M.I.Osmanov(Moskva), professor G‘.Aliyev, T.Toirbekov(Boku) G‘aybulla Salomovning doimiy aloqada bo‘lgan hamkasblari, do‘stlari edi. G‘.Salomov rus, tojik, ozarboyjon tillarida yoza olar, shu tillarda maqolalari chop etilgan edi.
U ko‘zga ko‘ringan yirik olim, ilm-fan rivojiga kamarbasta, yoshlarning mehribon va talabchan ustozi, fidoyi inson edi.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2007 yil 41-sonidan olindi.