Zuhriddin Isomiddinov. Sizmi yo sen? (2006)

Bizning boshqa ko‘p ellardan bir farqimiz shuki, sizlab gaplashamiz. Boshqalar umrida endi ko‘rib turgan, buning ustiga yoshi katta odamga ham sensirab muomala qilsa, biz o‘zimizdan kichiklarga, hatto notanish yosh bolaga ham siz deb gapiramiz. Qonimizga singgan-da. Buning tarixiy sabablaridan biri shuki, o‘zbek elida ulug‘lar bisyor. Avvalo shuning uchun ham biz ularni sizlaymiz. Axir ro‘paradagi shu notanish odam ehtimol said yo to‘radir – kim biladi? Beklarning, xonlar, mir va mirzolarning, sho(h)larning avlodi ham oramizda bisyor. Qay bir bobosi bek o‘tgan, xon o‘tgan, sultonu amir bo‘lib, shoh bo‘lib o‘tgan kishilarning hurmatini joyiga qo‘ygimiz keladi. Ularning ajdodi Allohning yerdagi soyasi sanalgan. Shunday ekan, bu zotlarni hurmatlashni ham farz bilamiz.

Oilada yangi mehmon – farzand dunyoga kelsa, unga kitob ko‘rib ot tanlanadi, ya’ni Qur’onda keltirilgan ismlardan biri qo‘yiladi. Qur’on – Allohning so‘zi. Ismi sharifini Alloh taolo zikr etgan bola nechun aziz bo‘lmasin? Yana Olloqul, Xudoyberdi, Abdulqodir, Muhammadqul, Hojimurod kabi yuzlab ism egalari bor. Ularni hurmatlab,   sizlab murojaat qilmaslik ham shakkoklik tuyiladi. O‘g‘illar ichida Boboqul, Otabek, Tog‘aymurod, Dadamirza…, qizlar orasida esa Onaxon, Momoqiz, Bibinorlar ham kam emas. Ba’zi olimlar bunday ismlarning kelib chiqishini oilaviy shajaraga bog‘lashadi. Chunonchi, birov o‘g‘liga otasi yo bobosining otini (Toshpo‘lat) qayta qo‘ydi, deyaylik. Ammo “hov Toshpo‘lat!”, deb chaqira olmaydi, bunday qilsa, marhum otasining ruhi ozor topadiganday tuyiladi, shuning uchun otasining ismida bo‘lgan o‘g‘liga “Ota!” (Otajon, Otabek) deb murojaat qiladi. Demak, Otabek degan ism zamirida shu odamning otasi nomi bor, “Enaxon” deydi, aslida esa bu farzandi arjumandning ismi shu kishilarning onasi yo buvisi bilan bir xil, qulog‘iga onasi yo buvisi singari Sora yo Halima… deb azon aytilgan. Shuning uchun ularga yumshoq gapiriladi, so‘kib haqoratlanmaydi.

Ayrim viloyat odamlari hatto o‘z bolalarini ham sizlaydi: “O‘g‘lim, siz shu ishni peshingacha bitirib qo‘ying” deydi, qizini-ku, qo‘yavering – “Ona qizim”, “Poshsha qizim” deb boshiga ko‘taradi. Negaki, bir xirmon bug‘doyning barakasi bitta donda bo‘ladi, shuning uchun har bir donani uvol qilmaslik kerak degan udumimiz bor. Shu singari, saidu to‘ralar yurti bo‘lgan bu el farzandlarida – aynan mana shu qizimiz yoki bu o‘g‘limizda payg‘ambarimiz ruhi pokining bir qatrasi qayta huvaydo bo‘lgan esa, ne ajab? Ezgu niyat bilan o‘g‘lingizga Qosimjon deb payg‘ambar o‘g‘li ismini, qizingizga Oyshaxon deya Oyisha onamiz otini qo‘ygansiz-ku?” Xullas, shu kabi talay sabablarga ko‘ra ham xalqimiz ko‘proq sen emas, siz deydi. “Sen boshla” deyish o‘rniga “o‘zlaridan bo‘lsin”, “anovi aytdi” emas, “u kishi aytdilar” kabi. Bir-birimizni ulug‘laymiz, izzat qilib boshga ko‘taramiz. Tanishlarga ehtirom-ku, o‘z-o‘zidan, ammo notanish bo‘lsa, hurmat izhori yana ortadi. Bir-birimiz bilan ko‘rishib qolsak, qo‘l ko‘ksimizda, bosh egib, ta’zim bajo etamiz. Qo‘shqo‘llab so‘rashib, kaftimizni yuzga surtamiz – bu, ba’zilar o‘ylaganday, duoi fotiha emas, tavofning erkaklarga xos shakli. Umuman, har bir kishiga inson deb qarash, uning odamligini ulug‘lash o‘zbekka ayricha ravishda xos. Bir qarashda “mayda” bo‘lib tuyilgan ana shunday xususiyatlar majmui o‘zbek xalqining mentalitetini hosil qiladi. Ularning qay biri kamaysa yo buzilsa o‘zbekning fitrati fatorat topa boradi. Shuning uchun ham el o‘z udumlarini, urf-odatlarini avvaylab asraydi, aziz tutadi, irimlar chiqarib bo‘lsa ham, yanglishganlarni to‘g‘ri yo‘lga qaytaradi, maqol-matallar, naqlu ertaklar to‘qiydi, dostonlar aytadi, yumshoqqina qilib (buyam o‘zbekka xos-da), dakki beradi. Eng qadimgi dostonimiz qahramoni Alpomish musofir yurtda birov uning qadriga yetmagan chog‘da “har kim o‘z elida bekmi, to‘rami” degani ham o‘zgalarga dashnom-ku, aslida…

Oddiy bir misol. Metroga tushsangiz, har bir vagon eshigiga “Iltimos, suyanmangiz” degan muloyim kalom bitilganini ko‘rasiz. Ostidagi “Ne prislonyatsya” degan taqiq esa taqillab ko‘zga uriladi. Shuginaning o‘zi ikki xil dunyoqarash, ikki xil mentalitet farqini ayon ko‘rsatib turibdi. Bu daromadi gaplardan muddao nima ekan, dersiz. Alpomish bobomiz aytganiday, loaqal o‘z elimizda bek bo‘laylik, to‘ra bo‘laylik, bir-birimizni “moda” uchun sensirashib yurmaylik, bunisi endi shart emas, demoqchimiz. Boshqa xalq vakillari otasi yo bobosi tengi, buning ustiga notanish odamni ham sensirab, qolmishiga so‘kinib gaplashsa, bu ularning ishi, boringki, milliy xususiyati ham bo‘la qolsin. Ammo nega bizlar – qadim va ulug‘ o‘zbek xalqining vakillari, ko‘p ming yillik madaniyatu ma’naviyat vorislari bo‘laturib, o‘zaro muomalani boshqalardan o‘rganishimiz, ularga taassub qilishimiz kerak ekan? Koshkiydi, bu ibrat biznikidan madaniyroq, chiroyliroq bo‘lsa! …Sochi bo‘yniga chulg‘angan bir qizgina (keyin ma’lum bo‘ldiki, yigit ekan) noz uyquda. Soat qo‘ng‘irog‘i chalinadi. U apil-tapil o‘rnidan turib, yuzini ham yuvmay ko‘chaga otiladi-da, allaqaysi muyilishga borib, soatiga qarab birovni kuta boshlaydi. Bir mahal nima uchundir velosipedini minish o‘rniga orqalab olgan yana birovi shu yerga   kelib qoladi. – Hamma qayerda? – deb so‘raydi chilvirsoch yigit (Na salomu na alik!). – “F1”da! – deydi unisi va allanima esiga tushganday, velosiped hamon yelkasida, chopqillab orqasiga qaytadi. Tavba, u nima dediyu bunisi nima deb javob qaytardi, tushungan kishi bo‘lsa – aytsin.

O‘zbek tilida birov boshqa odamdan “falonchi qani” yo “boshqalar qayerda” deb so‘rashi mumkin, ammo “hamma qayerda” deyish mumkin emas, o‘zbek bunaqa deb gapirmaydi. So‘zi o‘zbekcha bo‘lsa-da, o‘zi o‘zbekcha emas bu ifodaning. Avvalida “F1” o‘zi nima – shuni tushunolmay hayron qoldik. Keyin ma’lum bo‘ldiki, qimorning “svejiy”si chiqipti. Farqi – bu “ishonchli o‘yin” ekan. Uyida o‘zbekcha gaplashmaydigan madaniylardan biri chiqib, “F1” – ishonchli o‘yin! Sen ham ishtirok et!” deb qistalang qiladi. Hov uka, ehtimolki mening yoshim sening otang qatori bo‘lsa. Nega meni sensirayapsan? Televizor qarshisida katta buvangu katta buving tengilar ham o‘tiribdi… va umuman, odamlarni sensirash qaysi quyushqonga sig‘adi o‘zi? Lotoreya chiqarib – qimor uyushtirib boyimoqchi ekansan, nimayam derdik, hozircha shundoq bo‘lib turibdi, ammo nega endi hammani bepisand sensiraysan, kim senga bunchalik axloqsizlikka izn berib qo‘ydi?.. Yana turib-turib o‘zingga tasalli berasan kishi – ha endi, bir xato o‘tsa-o‘tibdi-da, qo‘yaver, seni qizishtirgan narsalarning qay biri o‘nglanib, qaysi biri tuzalar edi, deysan.

Metroga tushasan, vagonga kirishing bilanoq “Sarkor” provayderining reklamasiga ko‘zing tushadi, bir azamat ko‘rsatkich barmog‘ini naq peshonangga to‘pponchaday o‘qtalib, “Ti – sarkorovets!” deb turibdi. Ajab, masalan men “Sarkorovets” emasman, xo‘sh, nima qilay endi? Bor ana, “Sarkorovets” bo‘lsam ham… nega sensiraysan? Taajjubki, keyingi paytda, kimlarga taqlid qilib bo‘lsa ekan, ommaga sensirab muomala qilish ommaviy tus oldi. Ehtimol, buni o‘zaro yaqinlik uyg‘otib, yotsirashni yo‘qotadigan, yangi zamonning tezkor ruhiga, shu kunda moda bo‘layotgan g‘arbcha demokratiyaga ham mos keladigan yangilik, deyishar. Balkim. Ammo boshqa narsa boy beriladi – o‘zbek tilidagi nutqda bora-bora o‘zbekning ruhi sezilmay qoladi, haligiday reklamalar tufayli esa ona tilimizning joni – milliy o‘ziga xosligi yo‘qoladi. Ori rost, xalqqa sen deb muomala qilish o‘zbeklarda mutlaqo yo‘q emas. H. Olimjonning “Qo‘lingga qurol ol!”, E. Vohidovning “Erkin o‘g‘lingman, qabul et, O‘zbegim, jon o‘zbegim!”, A. Oripovning “Ona xalqim, sen o‘zing buyuk…” kabi misralari bunga misol. Lekin bu holatda butun xalqqa yalpi murojaat bor, uning har bir a’zosini ko‘zda tutib, lotoreyaga chorlash kabi o‘rinlarda esa marhamat qilib, sizlab gapirish lozim. Ko‘rasizmi, til naqadar nozik, naqadar murakkab voqelik! Uni hech bir formula yoki algoritmga sig‘dirib tugatib bo‘lmaydi, tushuntirish ham amri mahol – faqat his qilibgina mohiyatini anglash mumkin. O‘zbekning tafakkur tarzini, ruhini buzishning eng oson yo‘li – o‘zbek tilini, nutqini buzish. Chunki til bilan tafakkur bir narsa-da. “Chanqog‘ingga ishon!” degan chulchutcha bir ifoda matbuotda rosa urilgandi. Endi yangisi chiqipti – “Koskom” uyali aloqa tarmog‘i “Real. O‘zingga ishon!” deb reklama berishga tushdi. Sensirashiyu qora ko‘zoynak taqqan och arvohday bir odamning suratini hisobga olmasak, har holda, durustday – har kim o‘ziga ishonsa, irodali bo‘lsa yaxshi-da. Ammo uning negizida, boshqa hech kimga (hatto ota-onangga ham!)   ishonma, o‘zgalar fikrini inobatga olma, o‘z bilganingdan qolma, degan qabih bir ma’no jo etilmagan, deb o‘ylaysizmi?

O‘zbekning bolasi ba’zi birovlarning o‘g‘il-qizlari singari, o‘n besh-o‘n olti yoshida uydan chiqib ketib, o‘z bilganicha, ya’ni faqat o‘ziga ishonib, amalda esa axloqan buzuq hayot kechiradiganlardan emas. Biz qurayotgan yangi jamiyat ham, inshoolloh, bunaqa jamiyat bo‘lmaydi. Bir yoqdan – asl o‘zlikka qaytmoqchimiz, buning bir shakli sifatida mahallaning rolini kuchaytirishga urinyapmiz, “bir bolaga yetti qo‘shni ota-ona” degan maqoldagi yetti qo‘shnini yetti mahalla qilib o‘zgartirishga ham rozi bo‘lyapmiz, boshqa tomondan – mahallamizdan ko‘p olisdagilar turli tili rasvo reklamalar, FM radiokanallari, bosh-keti yo‘q seriallar, diskoteka, internet hamda buzuq g‘oyali videofilmlar orqali har bir bolaga o‘zbekka yot dunyoqarashni tiqishtirishga urinib yotibdi. Yashirib nima qilamiz, ko‘zlagan niyatiga hiyla ham yetib qoldi. Shu o‘rinda aksar ommaviy axborot vositalarida urf bo‘lgan bema’ni bir taomilga munosabat bildirib o‘tsak. Istagan gazeta yo jurnalni olib qarang: oxirgi sahifada biron e’lon yo reklama bosiladigan bo‘lsa, muharrirning imzosi undan avvalroq qo‘yiladi – buyog‘iga men javobgar emasman, degani bu. Haqiqatan ham, keyingi matn tamoman boshqa: o‘qishga til kelishmaydi, jumlalar g‘irt ajnabiycha. Televideniyeda esa ahvol bundan ham battar. U eng ommaviy, qudratli axborot vositasi bo‘lish bilan birga, eng ommaviy, ko‘p qudratli tilbuzar qurolga aylanayapti. Jumladan, o‘zbek tilida sensirab muomala qilish aynan o‘zbek televideniyesida berilayotgan hisobsiz seriallaru reklamalar kasriga kuchayib boryapti. Bizningcha, gazeta-jurnal bo‘ladimi, yo radio-televideniyemi, bundan qat’i nazar, OAV orqali berilayotgan har bir narsa loaqal til nuqtai nazaridan benuqson chiqishi shart va bunga uning muharriri albatta mas’ul bo‘lishi lozim. Shu kunlarda “shahar bedarvoza emas” degan matalni qo‘llashga xo‘p ruju qo‘yganmiz, har gal unga turli ko‘chma ma’nolar ham beramiz. Ammo ajabki, o‘zbek tilining darvozasi yo‘qday – xohlagan odam xohlaganicha betuturuq jumla tuzib, matbuotga opchiqadigan bo‘lib qoldi. Hali rus tiliga xos, hali inglizcha tarzda tuzilgan jumlalar, iboralar…

Albatta, o‘zga ellar bilan aloqa qilamiz va bu jarayon tobora kengayib boraveradi. Zero taraqqiyot muloqot orqali yuz beradi. Endigi gap – ana shu aloqani o‘zimizga muvofiq bir shaklga solishda, o‘zbekcha tarzga keltirishda, duch kelgan narsani o‘shanday holicha ola bermasdan, mundoq mulohaza qilib ham ko‘rishda. Onangni otangga bepardoz ko‘rsatma, deydilar. Axir, o‘zingiz o‘ylang: yuzingda ko‘zing bormi demasdan sensirab, “NATS” Miyangga oziq ber!” deb topshiriq yuklasa! Yoki odamdan katta harflar bilan “Chyorniy TWIX. Tanaffus qil!” deb buyurishlariga nima deysiz? Bor-yo‘g‘i to‘rtta so‘zni uchta tilda yozib, o‘zbek ma’rifatini ostin-ustin qilganlardan o‘rgilib qo‘ydim. Nima, reklama o‘tsa, hisobmi? Reklamada avvalo madaniyat bo‘lishi kerak. Busiz ta’siri susayadi. Chet ellarda buyruq-topshiriq shaklidagi undov reklama allaqachon oyoqdan qolgan, saviyasi past narsa hisoblanadi. Ularda iste’molchi – sotuvchining podshohi, sotuvchi – iste’molchining mulozimi. Xaridorga po‘pisa bilan, sensirab buyruq qilinmaydi, balki ta’zimu tavoze bilan taklif aytiladi. “Qorning ochdimi? “Sabo”dan bahra ol!” singari “g‘amxo‘rlik”ka, “Kamolot – sening harakating!” yoki “O‘zLiDep – sening partiyang” kabi ko‘rsatmalarga ko‘nikib qolgandaymiz. Shunaqa o‘dag‘aylash o‘rniga biroz muloyimroq, sal odamshavandaroq qilib “siz” shaklini qo‘llasak, masalan, “Azizlar, o‘zingizni, o‘z uyingizni o‘zingiz asrang!” desak, kimning asakasi ketadi? Bil’aks, ta’siri yaxshiroq ham bo‘ladi.

Bayt:  Sen aziz etgan kishini   hech kishi xor aylamas, Sen agar xor aylasang, har qayda borsa – xordur…

O‘zimizni o‘zimiz xor qilmaylik. Bir-biriga sensirab murojaat qilgani bilan bilan hech kim ilg‘or bo‘lib qolmaydi. Dunyo borgan sari yangilanib, yil sayin tezroq globallashib boryapti. Bu ulkan jarayondan chetga turishning iloji yo‘q, unaqa qilgan yutqizadi. Ammo bir masala bor – ming yillik milliy tarixga, betimsol ma’naviy madaniyatga ega o‘zbekning qay xislatiyu fazilati ommalashib, nimasi umumjahon mulkiga aylanadi? Bu – birgina biz emas, ayni shu kunlarda barcha millat kishilari ongu shuurini band qilib turgan ulkan bir masala. O‘zbek xalqining dunyodagi barcha ellar ibrat olsa arziydigan urfu udumlari bisyor. Takabburlikka berilmagan holda dangal aytadigan bo‘lsak, muomala madaniyatida o‘zbekning oldiga tushadigan xalq yo‘q.

Tanishu notanish kishilarning bir-biriga ehtirom bilan sizlab muomala qilishi ham ana shunday ajoyib taomillarimizdan biri. Biz uni boshqalarga ham ulgi qilibgina izzat topamiz, undan voz kechib, sensirashib emas. Mavzuimizga qaytaylik. Yaxshi gap bilan ilon inidan chiqadi, yomon gap bilan qilich qinidan, degan maqolimiz bor. Yana aytadilarki, siz ham bir og‘izdan chiqadi, sen ham. Bu – otalar so‘zi. Ular o‘zbek xalqining tiynati qandayligini ko‘rsatadi. O‘zbekning ruhiyatini teran bilgan G‘afur G‘ulom ham shuni ko‘zda tutib, o‘z she’rida “Bir og‘iz shirin so‘z – nondek arzanda” deb yozgan edi. Shunday ekan, mayli, bug‘doy noningiz o‘zingizga siylov, ammo bug‘doy so‘zingizni darig‘ tutmang, reklamaga ruju qo‘ygan boybachchalar!

Zuhriddin ISOMIDDINOV

“Hurriyat” gazetasidan olindi.