Dilorom Salohiy. Navoiyning Rum diyoriga tuhfasi (2006)

Nizomiddin Amir Alisher Navoiyning durdona asarlari shoir o‘zi hayotligi davridayoq Sharq mamlakatlari va Yevropaga tarqalgan edi. U vaziri a’zam sifatida

Ne mulk ichraki bir farmon yibordim,
Aning zabtig‘a bir devon yibordim,
Bu devon tutti ul kishvarni andoq,
Ki devon tuzmagan daftarni andoq, —

deb yozganida o‘z asarlarining Xurosondan chetdagi o‘lkalarga ham ma’lum va mashhur ekanligiga ishora qilgandi. Xondamirning ma’lumot berishicha, Hirotga Alisher Navoiy asarlarini yuborishni iltimos qilib tinmay maktublar kelib turgan. Shoir devonlari podshohu sultonlarga, amiru amaldorlarga eng qimmatbaho sovg‘a sifatida taqdim etilgan. Ana shunday qimmatbaho sovg‘alardan biri haqida yaqinda qo‘limizga kelib tushgan bir nodir qo‘lyozma asar nusxasi guvohlik beradi.
Italiyaning Bolonya universiteti Samarqand davlat universiteti bilan manbashunos mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha bir necha yildan buyon hamkorlik olib boradi. Ushbu universitet professori Mauritsio Tozi samarqandlik mutaxassislarga Bolonya universiteti kutubxonasida Alisher Navoiy nomi bilan bog‘liq bir qo‘lyozmaning saqlanayotganligi haqida xabar berdi. Nihoyat, professorlar — M.Tozi va Sh.Safarov sa’y-harakatlari bilan ushbu qo‘lyozmaning foto va elektron nusxalari SamDU o‘zbek adabiyoti tarixi kafedrasiga keltirildi.
Asar Bolonya universiteti kutubxonasida 3370-inventar raqami ostida saqlanadi, uning nomi esa «Risolat at-tavorix» deb qayd etilgan. Asar muallifi sifatida Amir Alisher Navoiy nomi ko‘rsatilgan.
Qo‘lyozma bilan tanishar ekanmiz, bu asar Alisher Navoiy «Tarixi muluki Ajam» asarining usmonli turk tiliga qilingan tarjimasi ekanligi ayon bo‘ldi.
Matn 71 sahifadan iborat, bag‘oyat go‘zal nasta’liq xatida yozilgan. Asar matni elektron nusxada bo‘lganligi sababli uning muqovasi, unvoni, hajmi, rangi va bezaklari haqida ma’lumotga ega bo‘lolmadik. Sahifalarda jadvallar va lavh chizilmagan, ammo ba’zi sarlavhalar, ayrim mazmun jihatidan muhim so‘zlar, «qit’a», «masnaviy», «she’r» kabi kalimalar boshqa xil rangdagi siyoh bilan yozilganligi sezilib turibdi. Asosiy matn atrofida, ya’ni sahifalarning hoshiyalarida hech qanday yozuv ko‘zga tashlanmaydi.
Qo‘lyozmaning dastlabki sahifalarida Mavlono Abdurahmon Jomiy lirik devonlariga yozilgan debocha matni keltirilgan. Matnda imlo xatolari mavjud, ba’zi hollarda ayrim so‘zlar tushirib qoldirilgan. Qo‘lyozmaning 3b — 4a sahifalari yo‘q.
4b-sahifadan «Bismillahir rohmanir rohiym» kalimasi bilan Tangri taologa hamd boshlanadi. Hamd matnidan muallifning tili turkiy tilning Hirot yoki Markaziy Osiyo lahjalaridan birida emasligi ma’lum bo‘ladi. Ya’ni: «Hamdi nomahdud va sanoyi noma’dud ul Soni’i Ofaridgora va ul Xoliqi Parvardigora, ki nav’i insoniyyi ta’limi aspo va takriymi «Karramno…» ila soyir hayvonotdin sarafroz va har sun’ini lug‘oti muxtalifa sababi ila biri birdin mumtoz edub, har fardina bir zavq va hol va har hola muvofiq husni mutaol verdi …».
Hamddan so‘ng xotam-ul-anbiyo Rasululloh (s.a.v) sha’niga na’t keltirilgan. Shundan so‘ng tarjima muallifi risola ta’lifining sababini bayon etadi. Ma’lum bo‘lishicha, muallif Alisher Navoiyning «Tarixi muluki Ajam» asarini bir kuni bir sohibi davlatning majlisiga tuhfa sifatida keltiradi. Bu kishini muallif «sohibi davlat», «oliyshon», «aziz» deb ta’riflashiga ko‘ra, uni yo podshoh, yo shahzoda yoxud biror hokim mansabidagi shaxs deb tushunish mumkin. Kamoli odobidan muallif uning nomini ochiq tilga olmaydi. Hadyani qabul qilgach, u oliy martabali zot mazkur «dilpazir» va «benazir» kitobga hamdu tahsin so‘zlarini aytib, uni hadya etuvchiga ehsonlar keltirishni buyuradi. Majlisda hozir bo‘lgan e’tiborli kishilardan ba’zilari bir taklifni o‘rtaga tashlaydilar, ya’ni: «Ul majlisda hozir o‘lan a’izzai ashobdin va ajillai ahbobdin ba’zi iltimos ayladilarkim, bu risolai chig‘atoy dilindin chiqorub rumiy libos-la ziynat vermak murod edindilarki, to har kishi fahvosini fahm edub, mahfumi qissadin ogoh va xabardor o‘la». Bundan ma’lum bo‘ladiki, mazkur voqea Turkiya shaharlaridan birida yuz bergan va majlis ahli Markaziy Osiyo turkiy tilini yaxshi tushunmaydigan Kichik Osiyo turklari bo‘lgan. Muallifning «rumiy libos-la ziynat vermak…» deyishiga qaraganda, voqea qadimgi Rum diyori, ya’ni Istanbulda kechgan bo‘lishi mumkin.
Majlis ahlining taklifiga ko‘ra, «sohibi davlat» kitobni «rumiy» turkiysiga tarjima etishni sovg‘a keltirganning o‘zidan iltimos qiladi: «Ul hazrat dahi bu azizlari iltimosini qabul edub va ul xidmati yana bu haqira havola etdiklari ajalidin bu xidmata iltizom va bu gustohlig‘a jur’at va iqdom etildi». Muallif o‘zi ado etmoqchi bo‘lgan xizmatni ulug‘ insonlar iltifoti qarshisida juda oz va ko‘rimsiz mehnat deb kamtarona baholaydi. Debocha nihoyasida muallifning quyidagi e’tirofi keltirilgan: «Fuzalotning qissalari ehsonidin mas’ul va ma’murdurki, «Al-ma’mul ma’dad val-uzr maqbul inda kiroman-nos»,(«Ulug‘ insonlar nazdida ozgina urinishlar hisob va uzrlar qabuldir». — D.S.) ma’nosi uzra bu haqirning gustohlig‘ini mahzur va avrobi bir aybini zeri doman islohda po‘shida va mastur buyursunlar».
Shundan so‘ng «Hazrati Mir Alisher ravshanzamir alayhirahmatra «var-rizvonu minal-aliyyil-kabiyra» («Bog‘ buyuklar va ulug‘lardan iboratdir». — D.S.) «Tavorixi muluk»inda shuyla tahrir va taqdir ederki, …» degan so‘zlar bilan asarning asosiy matni boshlanadi. Asar matni 65 sahifadan iborat.
Qo‘lyozmaning oxirgi sahifalarida tarjimonning xotima sifatida yozgan so‘zlari bor. Asar tarjimasini tugatgach, u xotam ul-anbiyo Muhammad(s.a.v)ga durud va salomlar yo‘llaydi. «Al-vahhobu husn tavfiqa» so‘zlaridan so‘ng «na’t» so‘zi yozilgan. Ammo na’t matni keltirilmagan. Shundan keyin asar yozib tugatilgan sana va muallifning ism-sharifi bayon etilgan. Ya’ni, asar 989 hijriy yilning jumodil avval oyida yozib tugatilgan. Uning muallifi Sadriddin bin Qozi Shukrulloh ar-Razzoquli G‘afurulloh nomli shaxs bo‘lgan ekan.
Muallif barcha iymon keltirganlar va musulmonlar haqiga duo qilgach, quyidagi ruboiyni yozib qoldirgan:

Har ki xonad duo tama’ doram,
Z-onki man bandai gunahkoram.
G‘ariqi rahmati yazdon kase bod,
Ki kotibro ba «Al-hamdi» kunad yod.

Qo‘lyozma o‘qilishi qulay, chiroyli dastxat bilan yozilganligiga qaramay, unda tushunish qiyin bo‘lgan so‘z va jumlalar ham uchrab turadi. Matnda ba’zi so‘zlarda imloviy xatolarga yo‘l qo‘yilgani holda, ba’zan gap orasidan ayrim so‘zlarning tushirib qoldirilishi hodisalari ham uchraydi. Masalan, 1b-betdayoq muqaddas kitoblardan keltirilgan iqtibosda mazmun mukammal chiqishi uchun bir fe’l yetishmaydi: «Kuntu nabiyyan va Adama baynal moi vat-tiyni». So‘zlarning lug‘aviy ma’nolari: kuntu — bo‘ldim, nabiyyan — payg‘ambarlik jihatidan, Adama — (Odamni) yoki xushbo‘y ziravor, bayna — orasi(o‘rtasi), moi — suv, vat-tiyni — anjir yoki tuproq. Ma’lum bo‘layotganidek, gapdan ma’no chiqarish mashkulot tug‘diradi.
Ayrim sahifalardagi matnning ko‘p joylari o‘chib ketgan.
Alisher Navoiyning «Tarixi muluki Ajam» asari o‘rta asrlar Sharq tarjimachilik an’analariga mos tarzda biroz erkinroq tarjima etilgan. Matnning asosiy qismi aynan, so‘zma-so‘z tarjima qilingan. Ammo ba’zi o‘rinlarda muallif matnni qisqartirib, asosiy mazmunni bayon etish bilan cheklangan. Shuni aytish kerakki, Navoiy asarida keltirilgan biror tarixiy shaxs tarjimada tushirib qoldirilmagan. Bu jihatdan asar to‘liq, biroq unda bayon etilgan ayrim voqea-hodisalar tafsilotlari qisqaroq berilgan.
Tarjima muallifining shaxsiyati, tug‘ilgan va hayot kechirgan yillari, kasbi, voqeaning qayerda sodir bo‘lgani haqida biror fikr bildirish mushkul. Ammo, shu narsa ma’lumki, muallif shoir yoki adib bo‘lganmi, mohir tarjimon bo‘lganmi yoxud adabiyot ishtiyoqmandi bo‘lganmi, tarjimaga juda jiddiy yondashgan. Qayd etganimizdek, asardagi ba’zi voqealar tafsilotlarini muxtasar hikoya qilgani holda, matnga biror yangilik yoki qo‘shimcha kiritishga jur’at etmagan. Albatta, qo‘lyozmaning asl nusxa yoki ko‘chirilgan ekanligi, muallif dastxatimi yoki ko‘paytirilgan nusxaligi ham noma’lum. Ammo 1640/41 melodiy yilga mansub qo‘lyozma tadqiqotchilar e’tiborida bo‘lishi va maxsus ilmiy izlanishlarni talab etishi tabiiy holdir.
Ushbu tarjima asar muallif foydalangan qo‘lyozmaning topilishiga ham imkon yaratishi mumkin. Har holda, bu ajoyib hodisa — XVII asr o‘rtalarida Hazrat Alisher Navoiy asarining qimmatbaho tuhfa tariqasida Rum diyorida mavjud bo‘lishi — shoir umumbashariy ijodining barcha ellar uchun foydali, umrboqiyligiga misol bo‘la oladi.

Dilorom Salohiy
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2006 yil 5-sonidan olindi.