Boybo‘ta Do‘stqorayev. Siynani sanaga almashtirib bo‘lmaydi (2004)

Keyingi 15-16 yil ichida Abdulhamid Sulaymon o‘g‘li Cho‘lpon hayoti va ijodini o‘rganish izchil tus oldi. Adabiyotshunoslarimizdan Naim Karimov, Ozod Sharafiddinov, Ibrohim Haqqulov, Sherali Turdiyev, Salohiddin Mamajonov, Ninel Vladimirova, Sirojiddin Ahmedov va boshqalar Cho‘lpon to‘g‘risida maqolalar, adabiy portretlar, monografiyalar yaratdilar, adib asarlarini qayta nashr qilishga munosib hissa qo‘shdilar. Bu orada Dilmurod Quronov, Zamira Eshonova, Ulug‘bek Sultonov, Bahrom Ro‘zimuhammad singari bir guruh yosh tadqiqotchilar Cho‘lpon hayoti va ijodini o‘rganish, asarlarini to‘plash va nashr etish ishiga kelib qo‘shildilar. Shunday harakatlar samarasi sifatida «Bahorni sog‘indim», «Yana oldim sozimni», «Adabiyot nadir», ikki jilddan iborat «Asarlar» (aslida uch jildga mo‘ljallangandi), «Go‘zal Turkiston» kabi majmualar, to‘plamlar, kitoblar paydo bo‘ldi. Cho‘lpon ijodi bo‘yicha doktorlik va nomzodlik dissertatsiyalari yoqlandi va yoqlanmoqda. Bular barchasi adabiyotshunosligimizda «Cho‘lponshunoslik» degan soha shakllanganini ko‘rsatadi. Bora-bora, u jahon miqyosiga chiqdi. Turkiya, Germaniya, Yaponiya kabi mamlakatlarda Cho‘lpon hayoti hamda ijodini o‘rganish yuzasidan ilmiy-tadqiqotlar va matnchilik ishlarining amalga oshirilishi buning isbotidir. Bular, shubhasiz, quvonarli hol. Lekin hayot bir joyda to‘xtab qolmaganidek, cho‘lponshunoslik ham tobora taraqqiy etib borayotir, unga yangi-yangi tadqiqotchilar, xususan, yosh izlanuvchilar kirib kelayotir. Yosh tadqiqotchilarning aksari ilmiy izlanishlar olib borishda manba sifatida adibning XX asr 90-yillarida nashr qilingan asarlariga murojaat etadilar. Modomiki ish shunday ekan, mazkur nashrlarning matniy qusurlardan xoli bo‘lishi katta ahamiyatga ega.
Ta’kidlash joizki, adib asarlarini qayta nashrga tayyorlash ishlari nihoyatda qisqa fursatlarda amalga oshirilgandi. Buning ustiga, Cho‘lpon asarlarining nashri, asosan, matnshunoslik va matnchilikdan tajribasi bo‘lmagan kishilar tomonidan amalga oshirildi. O‘rni kelganda aytish kerakki, yosh tadqiqotchilar zimmasiga olgan mas’uliyatli vazifani asosan halol uddaladilar. Buning uchun ularni har qancha taqdirlasak arziydi. Ayni paytda, zudlik bilan amalga oshiriladigan ishlarda istaymizmi-yo‘qmi, muayyan xato va nuqsonlar o‘tib ketadi. Xususan, Cho‘lpon asarlarining ko‘p qismi arab yozuvida bo‘lgani, ustiga-ustak, ular bosilgan gazeta va jurnallar vaqt o‘tishi bilan sarg‘ayib, titilib ketgani, o‘z davrida nashr qilinayotgan paytda turli sabablar bilan imloviy va boshqa xatoliklarga yo‘l qo‘yilgani oqibatida hozir qayta nashrga tayyorlanar ekan, to‘g‘ri o‘qish qiyinchiligi tug‘ilishi tabiiy. Shunga qaramay, Cho‘lpon asarlarining xatolardan xoli nashrini tayyorlash adabiyotshunoslarning muhim vazifasi bo‘lib turibdi. Aks holda, ijodi favqulodda murakkab davrda kechgan Cho‘lpondek adib asarlari bo‘yicha tayyorlanadigan ilmiy-tadqiqot ishlari mazmunga, maslakka doir xatolarga yo‘l qo‘yilgan qayta nashr matni asosida olib borilsa, chalkash, qo‘pol va mutlaqo noto‘g‘ri xulosalar chiqarilishiga ham olib kelishi mumkin. Fikrimizning dalili sifatida uning bir she’rini (Cho‘lpon. Asarlar, 1-jild, 59-bet) olaylik:

SOZIM

Nafrat o‘lkasidan hijrat qilganman,
Ulfat diyoriga maskan qurganman,
Yuzimni o‘t emas, gulga burganman;
Samoviy zavqlarga to‘lib turganman
Bulbullar sevgini maqtagan damda!

Chechaklar o‘sgusi ko‘z yoshlarimdan,
Bo‘g‘inlar ungusi o‘ylashlarimdan,
Qalblar yumshagusi sayrashlarimdan;
Sevgi chamanida yayrashlarimdan
Jannatlar yaratgay tashlangan janda!

Tilingan tillarga qon yugurgusi,
Bo‘shalgan inlarga jonlar kirgusi,
Tikanli bog‘chalar chechak ko‘rgusi,
Haq yo‘li, albatta, bir o‘tilgusi
Jandalar jonimga tekkan kunlarda!..

Bu she’r muayyan voqealardan so‘ng Cho‘lponda paydo bo‘lgan og‘ir his-tuyg‘ular, aytish mumkinki, iztiroblar ta’sirida tug‘ilgan.
Shu jihatdan mazkur she’rni shoirning yurak qoni bilan yozilgan, deyish mumkin. Unda Cho‘lponning o‘y-fikrlari, kechinmalari, qarashlarida yuz bergan o‘zgarishlar aks etgan va buni u do‘stlariga, muhiblariga, muxlislariga, hatto muxoliflariga ham bildirib qo‘ymoqchi bo‘ladi. Bu she’r shunchaki oddiy she’r emas, balki adabiyotshunoslar iborasi bilan aytganda, uning g‘oyaviy-estetik kredosini anglatuvchi asardir. Taassufki, matnda bir so‘zning noto‘g‘ri yozilishi bilan bu she’rdagi asosiy g‘oya tamomila teskarisiga aylanib ketgan, shoirning anglatmoqni istagan fikri yo‘qqa chiqarilgan. She’rning yozilishi sabablari bilan biroz bo‘lsa-da, tanish tadqiqotchi buni, albatta, sezadi.
Daf’atan she’rni o‘qigan kishini o‘ylatib qo‘yadigan jihat shuki, Cho‘lpon 20-yillarning oxirida sho‘ro mafkurachilari tomonidan boshiga tushgan ma’naviy-ruhiy ezishlar ta’sirida 1934 yili «Soz» to‘plamini tayyorlar ekan, ijodidagi g‘oyaviy o‘zgarishlardan muxoliflarini xabardor qilish uchun «Yana oldim sozimni» degan she’r bitadi. Bu tushunarli hol edi. Nega u 20-yillarning o‘rtalarida, aniqrog‘i, 1924 yilning 14 avgustida bunday she’r yozdi ekan? Axir, bu paytda Cho‘lpon «suyukli shoir», «adabiyotimizning ko‘rimli chechagi» kabi sifatlashlar bilan ulug‘lanayotgan edi-ku! Yo‘q, aynan shu paytlari uning qalbida o‘zligini ostin-ustun qilgan ruhiy kechinmalar mavj urgandi, xuddi shu paytlari uning she’rlarida sezila boshlagan mahzunlik ohangidan do‘stlari tashvishga tushgan bo‘lsa, muxoliflari buning uchun shoirga dashnom berishga uringandilar. Bu holning qanday sodir bo‘lganini, «Sozim» she’rining qanday vaziyatda yaratilganini anglash uchun o‘sha voqealar silsilasiga bir qur nazar solishga urinib ko‘raylik.
… 1917 yil fevral to‘ntarishidan so‘ng xalqimizning milliy istiqlolga erishuviga Cho‘lpondagi qattiq ishonch bolsheviklar hokimiyat tepasiga zo‘rlik bilan kelgan dastlabki paytlari ham so‘nib ulgurmagandi. U har bir tarixiy voqeadan, har qanday harakatdan orzusi amalga oshishi uchun yordam berarmikan, degan ilinjda bo‘ldi, qandaydir mo‘jiza yuz berishini kutib yashadi. Afsuski, mo‘jiza ro‘y bermadi. XX asrning 20-yillariga kelib siyosiy jihatdan mustahkamlanib, kuch ola boshlagan bolsheviklar milliy zulm ostida ezilib kelgan millatlarning erkinlik, mustaqillik yo‘lidagi harakatlarinigina emas, hatto bu to‘g‘ridagi orzularini ham mahv etishga kirishdi. Turkiston, Boshqirdiston, Ukraina, Kavkaz muxtoriyatlarining kuch va tazyiq bilan tugatilganini, milliy istiqlol yo‘lidagi har qanday harakat qonga botirilayotganini ko‘rgan Cho‘lponni nihoyasiz iztiroblar qiynoqqa soladi, umidsizlikka berilgan onlari ko‘p bo‘ladi. Bu tushkin kayfiyat uning ijodiga ham o‘tishi tabiiy edi. Natijada, «Cho‘lpon» qatorida yana bir taxallusi — «Qalandar» paydo bo‘ladi. Bizningcha, bu taxallus zamirida ikki narsaga ishora bor edi. Biri, qalandarlarning dunyoni kezib haq sari yo‘l izlashlari bo‘lsa, ikkinchisi — undagi suvrat va siyratning bir-biriga mutlaqo zid kelish holati. Darvoqe, haqiqiy qalandarning suvrati (jandasi, xirqasi, kafaniysi) ichida, ya’ni siyratida had-hisobsiz ma’naviy javohirlar (ilmu irfon va hokazo ma’rifiy xislatlar) yashirin bo‘ladi. Cho‘lponning «Qalandardek yurub dunyoni kezdim, topmayin yorni, Yana kulbamga qayg‘ular, alamlar birla qaytdim-ku» misralarida mazkur atamaning birinchi ma’nosiga ishora bor. «Qalandar» so‘zining ikkinchi ma’nosiga uning sho‘ro tuzumi davrida fikrini ochiq aytolmay, uni boshqa suvrat ichida, ramzlar vositasida ifodalagan she’rlari misoldir. Bu shoir «men»ining noiloj ikkiga bo‘linishi edi. «Sozim» she’ridagi «janda» so‘zi ishlatilgan misralarda shu ma’no bilan bog‘liq ishoralar mavjud. «Tilingan tillar» iborasi ham shu ma’noni oydinlashtirishga xizmat qilgan. «Tili tilingan» sayroqi bulbulning ikki xil ovozda navo qilishi tayin. Tepasida komfirqa qilichi xavf solib turgan bechora «bulbul»ning sayrashida ham ikki ohang yuzaga kelishi naqadar foje hol! Bu ham yana o‘sha ikkilik: suvrat va siyrat zidligidir.
Yana bir narsani eslash joiz. 1920 yili Buxoro xalq jumhuriyati (BXJ) tashkil topgach, Vatanining erkin, mustaqil bo‘lishini istagan ko‘pgina kurashchilar qatori Cho‘lpon ham Buxoroga bordi. U yerda «Buxoro axbori» va «Jarchi» gazetalariga muharrirlik qildi. Ijtimoiy faoliyati va badiiy ijodi bilan BXJning qog‘ozda emas, amalda mustaqil bo‘lishi uchun bor kuch va bilimini ayamadi. Lekin bolsheviklarning temir panjalari u yerda ham barcha narsaga chang solib ulgurgandi. 1922 yilning yanvarida Cho‘lponni kasalligi bahonasi bilan gazetalar muharrirligidan bo‘shatishadi. Tegishli joylarga «Cho‘lpon mazkur gazetalarni millatchilik yo‘liga burib yubordi» degan ma’lumotnoma jo‘natiladi. Uning nomi «qora ro‘yxat»larga kiritiladi.
Bolsheviklar nazdida «millatchi» atalmish tavqi la’natga giriftor qilingan shoirni qutqazish uchun do‘stlari yordamga keladilar. Sho‘ro idoralarida mas’ul lavozimlarni egallab yurgan do‘sti Abdulhay Toji 1923 yili Cho‘lponga «Sho‘ro hokimiyati oldida o‘zingni biroz oqlab ol», deydi. Unga Farg‘ona vodiysida bosmachilikka qarshi kurash maqsadida tashkil etilayotgan «Darxon» gazetasi tahririyatida birga ishlaylik, degan taklif bilan murojaat qiladi. Hoynahoy, Cho‘lpon bu taklifga noiloj rozi bo‘lgandir. Negaki, bunday taklifga rozi bo‘lish Cho‘lpon uchun o‘z orzularidan butunlay voz kechish, mosuvo bo‘lish bilan barobar edi. Zotan, har qanday harakatdan, hatto bolsheviklar «bosmachilik» deb badnom etgan qurolli kurashdan ham milliy istiqlol yo‘lida nimanidir kutgan Cho‘lpon uchun bu taklifni qabul qilish, shu yo‘lda faoliyat ko‘rsatish naqadar iztirobli bo‘lganini anglash qiyin emas. U yurakni o‘rtaydigan ana shu iztiroblar ta’sirida «Somon parcha» she’rini yozib, alam bilan «Muhit kuchlik ekan, egdim bo‘ynimni» degandi. Buni u do‘stlari oldida yuzi shuvut bo‘lgan kishidek e’tirof etadi.
Birin-ketin orzulariga darz ketayotganini ko‘rgan shoirning she’rlarida beixtiyor alam, iztirob, «ko‘z yoshlari»ning in’ikosi ko‘rina boshladi. Bu hol ayrim hamkasblarini ajablantirdi. Boshqalari esa, shu munosabat bilan shoirga qandaydir maqsadda ta’na toshlari otishga kirishdilar. Bu munosabatlar o‘sha yillar matbuotida chiqqan she’rlarda o‘z izini qoldirgan. Ulardan ba’zilarini keltiraylik.
Rafiq Mo‘miniy degan shoir «Farg‘ona» gazetasining 1923 yil 17 mart sonida «Nozli tikilish» she’rini «Farg‘onali shoirimiz «Cho‘lpon»g‘a» degan bag‘ishlov bilan e’lon qiladi. Unda «Buzilgan o‘lkaga» she’ri uchun Cho‘lponga dashnom berishga urinish bor. Oltoyning «Turkiston» gazetasida (1924 yil, 5 avgust) «Maxtanish uchun» sarlavhali she’ri bosilgan. Unda «Xayolda uchqonlarg‘a kinoya» degan qayd bor. She’rda Cho‘lponga berilmoqchi bo‘lgan tanbeh yaqqol ko‘rinib turibdi:

Sopqonini otolmag‘on erlarga,
Ko‘kragida «kir» saqlag‘on dillarga,
So‘zlarini aytolmag‘on tillarga
Hovliqishlar, ko‘pirishlar kelishmas!

Turmushni, borliqni xayol deb,
Shu turmushdan uzoqlarga qocholmas!
Xayoldagi zavqi bilan yuksak deb,
Kerilishlar, quruq so‘zlar yaramas!

O‘n sakkiz misrali she’r oxirida Oltoy shunday deydi:

Shu turmushning quchog‘idan ketalmas!
Shu muhitning ta’siridan qutulmas!

Rafiq Mo‘miniy «Farg‘ona» gazetasining 1923 yil 24 may sonida «Borliqda bir g‘ash» sarlavhali she’rini e’lon qiladi. Bu she’r ham Cho‘lponga qaratilgandi. U shunday satrlar bilan boshlanadi:

Ko‘k yuzida yulduz o‘ynar parpirashib,
Go‘klam bilan qayg‘ulanib «Cho‘lpon» yig‘lar.

Xullas, 16 misrali bu she’rning radifi «yig‘lar» bo‘lib, uning har bir bayti Cho‘lponni chimdib olishga yo‘naltirilgandi. Bunday ta’nali, ignali she’rlar o‘sha paytda anchagina yozildi. Mana shu ta’nalar, dashnomlar oqimiga daf berish uchun Cho‘lpon «Sozim»ni yozishga majbur bo‘ladi. She’rida nima uchun uni qayg‘ular cho‘lg‘aganini anglatgach, istiqboldan umidvorligini ham ifodalab o‘tadi. Yelkasidan tashlangan janda (qalandar kiyimi) jannatlar yaratishini, bunday jandalarga, kiyimlarga yana qancha jonlar (maslakdoshlar) kirishini bildiradi. Afsuski, kiyim so‘zini anglatuvchi «en» («eng») so‘zi asarning qayta nashrida «in» tarzida bo‘lib ketganki, bu she’rda shoir ifodalamoqchi bo‘lgan fikrni tamomila teskarisiga aylantirib yuborgan. «Bo‘shalgan inlarga jonlar kirgusi», «en», «eng»ning kiyim ma’nosini anglatishini deyarli hamma biladi. Xalqimizda «O‘ziga yeng bo‘lolmagan o‘zgaga eng bo‘larmidi» degan gap bor. (Agar sinchiklab ko‘rilganda, arab yozuvida «i» harfi «alif» va «yo»lar bilan berilishini, «en» so‘zidagi «e» esa, ustiga «hamza» qo‘yilgan «yo» harfi bilan ifodalanishini fahmlash unchalik qiyin emas.)
Ana endi o‘ylab ko‘raylik, Cho‘lpon hayotining, ijodining muhim jihatini anglatuvchi mazkur she’rni tahlil qilmoqchi bo‘lgan tadqiqotchi qanday xulosa chiqarishi mumkin?
O‘rni kelganda shuni aytish lozimki, Cho‘lponning «Sozim» she’ri muayyan darajada o‘z vazifasini bajargan. Nima uchun u mahzun misralar bitayotganini do‘stlariga qisman bo‘lsa-da, tushuntirolgan. Shoirning 1926 yili nashr etilgan «Tong sirlari» she’riy to‘plamiga muxtasar so‘zboshi yozgan Abdulla Qodiriy Cho‘lpon she’rlaridagi «ko‘z yoshi» muammosini qisman anglatgan edi. «Ba’zi-bir o‘rtoqlar, — deb yozadi A.Qodiriy, — Cho‘lponni yig‘loq shoir deb aybsitadilar. Balki haqlari ham bordir. Chunki uning

Chechaklar o‘sgusi ko‘z yoshlarimdan,
Bo‘g‘inlar ungusi o‘ylashlarimdan… —

deb hasratlanishi bizning ko‘z o‘ngimizda «yig‘loq» bir shoirni gavdalantiradir.
Biroq shoir shu to‘kkan ko‘z yoshlaridan chechaklar o‘stirmoqchi bo‘lmasa erdi, biz ham uning mo‘tarizlari qatoriga kirgan bo‘lur erdik.
Anqov ta’nachilar shoirni ranjitishda mudovamot qiladilar, hatto «Sen ko‘k shoiri!» deguchilar ham bo‘lib, chorasiz shoir ularga o‘z holidan ochiq javob berishga majbur qoladir:

Siz deysizkim, men ko‘klarni o‘ylaymen,
Er betiga sira nazar solmaymen.
Yanglishasiz: men ko‘klarga berkingan
Er qizidan xayolimni olmaymen!

O‘ktabr o‘zgarishi qora tunimizning tongini ottirdi esa-da, bu mudhish kechaning badnom ko‘lagalari hamon shoirning yuragini titratadirlar va u chor-nochor yig‘laydir… Shu yig‘i orqasida barq urib ko‘ringan erk quyoshi bu ko‘z yoshlardan «chechaklar ungusi»ni so‘zlaydir.
Menimcha, «Tong sirlari»da ko‘ringan ko‘z yoshlarining siri shudir».
Cho‘lponning muayyan she’rlari, maqolalarida o‘ktabr to‘ntarishi, sho‘ro hokimiyati, qizil bayroq, birinchi may, 7 noyabr kabi sho‘ro tuzumining belgi va ramzlari haqida fikrlar bildirilgan. Ma’lumki, Cho‘lponning bu belgi va ramzlarga munosabati ijodi, ijtimoiy-ijodiy pozitsiyasi jihatidan printsipial ahamiyatga ega. Shuning uchun bunday asarlarini qayta nashrga tayyorlashda alohida e’tibor berish talab qilinadi. Ulardagi shoir munosabatini anglatuvchi hatto bir so‘z o‘zgarsa, Cho‘lpon maslagiga, printsiplariga daxl etilgan bo‘ladi. Olaylik, adibning «O‘ktabr qizi» degan hikoyasini. (Cho‘lpon o‘zi bu asarini «doston» deb atagan.) U «Turkiston» gazetasining 1922 yil 23-sonida e’lon qilingan. Asl nusxada «Vannaycha o‘ktabr to‘foni davrida qullikdan qutulg‘onlig‘i uchun o‘ktabr qizi edi» degan gap keltirilgan. Qayta nashr qilinganda bu gap «Vannaycha» — o‘ktabr tufayli qullikdan qutulg‘onlig‘i uchun o‘ktabr qizi edi», deb berilgan. Agar diqqat qilinsa, asl matn bilan qayta nashr matnidagi gaplarda o‘ktabr to‘ntarishiga bo‘lgan munosabat bir xil emasligi seziladi. «Tufayli» so‘zida «sharofati bilan» degandek — zikr etilayotgan narsaga, voqeaga nisbatan xayrixohlik ma’nosi aks etgan. Holbuki, hikoyaning asl matnida bunday xayrixohlik sezilmaydi, birmuncha betaraflik ohangi mavjud.
Shoirning Nizomiddin Xo‘jayevga bag‘ishlangan «Qizil bayroq» she’rini baholaganda ham, tarixiylik printsipidan kelib chiqish maqsadga muvofiq, deb o‘ylaymiz. Negaki, qizil bayroq 1917 yil fevral inqilobidan so‘ng hurriyatchilarning bayrog‘i bo‘lgan. To‘ntarishdan so‘ng o‘tkazilgan namoyishlarda hurriyatchilar qizil bayroq ko‘tarib olganlari haqida o‘sha davr gazetalarida yozilgan. Sho‘ro davlatining birinchi «prezidenti» Ya.Sverdlovning (vafoti 1919 yil) tashabbusi bilan qizil bayroq rasmiy tarzda yangi davlatning ramziga aylantirilgan. Cho‘lpon kimlarning qizil bayrog‘i to‘g‘risida yozganini teranroq tahlil asosida anglash kerak.
Zikr etilganlardan Cho‘lponning maslagi, nuqtai nazari aks etgan asarlarini nashrga tayyorlaganda e’tiborli bo‘lib, lirik asarlarini beparvolik bilan tayyorlasa ham bo‘laverar ekan, qabilidagi fikr paydo bo‘lmasligi kerak. Cho‘lponning muhabbat mavzuida shunday she’rlari borki, ularda so‘z tugul, bitta harf o‘zgarsa, butun mazmunga, fikrga katta ta’sir qilishi mumkin. Fikrimiz isboti uchun bir misol keltirish o‘rinli bo‘ladi. Shoirning «Raqamlik sevgi» degan she’ri bor. Unda ham boshqa lirik she’rlaridagi kabi o‘ziga xos tasvir, obrazlilik mavjud. Taassufki, mazkur she’r qayta nashr etilganda, bir harf o‘zgarishga uchragani tufayli unda ifodalangan fikr butunlay boshqa tus olgan. Ushbu she’r quyidagicha boshlanadi:

Bir va ikki, uch va to‘rt, besh, olti, yetti, sakkiz, o‘n —
Siynalarni yo‘llaringda yastab o‘tsang sen butun.

Qayta nashrga tayyorlanganda, ikkinchi misradagi «siynalarni» so‘zi «sanalarni» bo‘lib ketgan. Oqibatda, she’rning mazmuni butunlay o‘zgargan. Shoir yo‘llaringda son-sanoqsiz siynalar — oshiqlar tursa, sen ularni beparvo yastab (ezib) o‘tib ketaversang, shunga qaramay, yana yangi-yangi siynalar yastab o‘tishing uchun yo‘llaringga kelib qator tizilishib tursa, ularni ham ezib o‘taversang, shundan so‘ng ko‘nglingda ularga nisbatan bir qizg‘anish — rahm qilish tuyg‘usi uyg‘onarmikan, deb mahbubaning behad oshiqlari ko‘pligini, shundan bo‘lsa kerak, oshiqlariga «berahm»ligini, «shafqatsiz»ligini tasvirlaydi. Shunday mazmunga ega she’rdagi bittagina «siyna» so‘zi «sana» bo‘lib ketgani uchun she’rning mazmuni tamoman boshqa tusga kirgan. Undan shunday ma’no chiqadi: bir, ikki, uch… yillar tinimsiz birin-ketin o‘taveradi, sen ularni beparvo yanchib o‘tib ketaverasan, ularga rahming kelmaydimi?! Bizningcha, she’rni nashrga tayyorlashda, uning mazmuni qandayligiga e’tibor berilganda, bu kabi fikriy mantiqsizlikni tushunib olish qiyin bo‘lmas edi. Ko‘ramizki, bir harf o‘zgarishi bilan «qalb», «ko‘krak» ramziy «oshiq» ma’nosini anglatuvchi «siyna» so‘zi «sana»ga aylanib, mazmuniy mushkulliklarni keltirib chiqargan. Bu oddiy beparvolik oqibatidir.
Adib publitsistikasida «Adabiyot nadir» maqolasi alohida o‘rin tutadi. Unda muqaddas dargoh — adabiyot qasriga endigina qadam qo‘yayotgan yosh ijodkorning estetik saviyasi, badiiy asar haqidagi tushunchasi ifoda topgan. Cho‘lpon ijodini tadqiq etuvchi har bir ilm muhibi uning bu asariga murojaat qilmay, uni takror va takror o‘qib ko‘rmay iloji yo‘q. Shu bois, bunday asar matniy qusurlardan mutlaqo xoli bo‘lmog‘i darkor. Afsuski, e’tiborsizlik oqibatimi, ushbu maqolaning qayta nashrida shunday bir gap uchraydi: «Shunga o‘xshash o‘zining shavkat va g‘ayrati ila zamonasida butun dunyoni havor va dahshatga solg‘on jahongirlarning o‘tkazgan kunlarin va davrlarin tarixlarda ko‘rsa va eshitsa, har kishi yuragida bir botirliq va bir fidokorlik his etar va qahramonona umidlarda bo‘linar». Ushbu gapni o‘qiganda, «havor» so‘zining matnga mos kelmay turganini ko‘rib, uning men bilmagan ma’nolari ham bordir, deb lug‘at kitoblarini qarab ko‘rdim. Ma’nolari o‘sha-o‘sha! Shunda asl matnga qarab ko‘ray, degan fikr miyamga urildi. Asliyatda esa, bu so‘z «xavf» ekan. Oddiy bir beparvolik kishini qanchalik chalg‘itadi!
Biz bu maqolada Cho‘lponning ayrim asarlarigagina to‘xtaldik. Uning nasriy va dramatik asarlari haqida deyarli so‘z bo‘lmadi. Keltirilgan misollarning o‘ziyoq Cho‘lpon asarlarining matniy xatolardan xoli bo‘lmog‘i qanchalik muhim ekanligini ko‘rsatib turibdi. Demak, cho‘lponshunoslik oldida muhim bir masala turibdi, u ham bo‘lsa — adibning to‘la asarlari jildlarini mukammal holda nashr qilishdir. Ehtimol, bu akademik nashr bo‘lar, ehtimol boshqa… har holda, atoqli adib asarlarini o‘qiganda, chalkashliklar kelib chiqmasin, ularni tadqiq qilganda, noto‘g‘ri xulosalarga kelmaylik.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2004 yil 31-sonidan olindi.