Qozoqboy Yo‘ldosh. Inson tuyg‘ularining teran talqinlari (2004)

Odam davrni yaratgani kabi davr ham insonni shakllantiradi. Yaratiq yaratganning mevasi bo‘lgani uchun ham unda yaratuvchining nuqsi qoladi. Ya’ni odam o‘z davriga bir qadar o‘xshaydi. Lekin odam ham, davr ham o‘tkinchidir. Ularga xos xususiyatlarni tutib olish mushkul. Muayyan davrda yashab o‘tgan insonlarning qiyofasi, ruhiy dunyosi o‘sha vaqtda dunyoga kelgan asl badiiy asarlarda namoyon bo‘ladi. Asarlarida davrga xos belgilarni tashiydigan qahramonlarni tasvirlash ulkan ijodkorlarning nasibasidir. XX asr 20-yillarining romantikasi, 30-yillar talotumlari, urush suronlari, tiklanish azoblari, turg‘unlik havosizligini boshidan kechirgan, oshkoralikning darg‘alaridan bo‘lgan, mustaqillikka yorug‘ yuz bilan yetib kelgan va hamisha odamlar orasida bo‘lib, el-yurt tashvishi bilan yashayotgan Odil Yoqubov ana shunday adibdir.
O.Yoqubovning romanchiligi zamonaviy o‘zbek nasrining badiiy tasvir imkoniyatini, ko‘rku salobatini ko‘rsatishi bilan xarakterlidir. «Ulug‘bek xazinasi»da yozuvchi asar qahramonlari boshdan kechirgan voqealarni ko‘rsatishga emas, balki ularning ichki dunyosini ochish asnosida Ulug‘bek davrining badiiy manzarasini chizishga e’tibor beradi. Ma’lumki, hayotga faol aralashgan kishilar hamisha ziddiyatlar qurshovida bo‘ladi. Hukmdorlar o‘z mavqelariga ko‘ra jamiyat ishlariga faol munosabatda bo‘lishga majburlar. Har bir inson o‘z hayotidagi burilish davrlarida, kuchli qarshiliklarga duch kelganda turli-tuman o‘ylarni boshidan kechiradi. Romanda bosh qahramon ana shunday o‘ylar og‘ushida ko‘rsatiladi. Asarda Ulug‘bek ham adolat va insof jilovini mahkam ushlashga uringan podshoh, ham tengsiz olim sifatida ko‘rsatiladi. Yozuvchi ulug‘ olim va adolatli shohning hayotini boshdan-oxir tasvirlashni maqsad qilmaydi. Ulug‘bek hayotining og‘ir va fojiali damlarga to‘la so‘nggi pallasini ko‘rsatish mobaynida u muloqot va faoliyatda bo‘lgan ko‘plab kishilarning tabiatini aks ettirgan.
Adib o‘z otasiga qarshi bosh ko‘targan Abdullatifning ruhiy olamini ochishga, tuyg‘ular tizimini ko‘rsatishga e’tibor beradi. Yozuvchi Abdullatif tabiatidagi padarkushlik ildizini uning mutaassib kimsalar ta’sirida tarbiyalangani va Ulug‘bekni islom diniga qarshi, deb yanglish o‘ylaganida ko‘radi. Bu holat Ulug‘bek Abdullatifga: «Menga hech narsa kerak emas. Bu toju taxt, saltanat, shon-shuhrat — bari o‘zingga buyurgay, faqirga yolg‘iz rasadxonani in’om etsang bas! Azmim qolgan umrimni «Ziji Ko‘ragoniy»ni tugatib, mutolaa ila kun kechirmoqdir», deganida, o‘g‘ilning jazavaga tushib: «Tag‘in rasadxona! Tag‘in «Ziji Ko‘ragoniy»! Mudarris dastorini o‘ragan murtadlarni qanotingiz ostiga olib, din peshvolarini oyoq osti qilmishsiz! Bul uchun Haq taoloning qahriga, payg‘ambar alayhissalomning qarg‘ishiga uchrab, taxtu tojdan, saltanatdan ayrilmishsiz. Ammo istig‘for aytmoqni tilamay, tavba-tazarru qilmoqni istamay, tag‘in rasadxonani o‘ylaydirsiz!.. Ey parvardigori olam! Gunohi azimga botgan bu osiy bandangni o‘zing avf etgaysan…» deganida aks etadi.
Adib Abdullatifni taxt yo‘lida hech narsadan qaytmaydigan qonxo‘r sifatida ko‘rsatmaydi. Uni o‘qimishli, sinchkov, iste’dodli, ammo o‘zini otasi tomonidan qadrlanmagan o‘g‘il deb biladigan sershubha shaxs tarzida tasvirlaydi. Bu holat uning Ulug‘bekka aytgan: «Balli Sizday padarga! Sizning yaxshiligingizni bilurmiz. Tarnob jangida jonbozlik ko‘rsatgan kim? Men! Ammo muzaffar yorlig‘i kimning nomiga bitildi? …Ixtiyoriddin qal’asidagi bobom Amir Temurdan qolgan tillalarimni tortib olgan kim? Yana siz, valine’mat padarim! Ne chora? Mute farzand indamay bosh egdik va lekin bas! Sohibqiron oltinlarini qayga yashirdingiz, soyaboni marhamat?» so‘zlarida yaqqol ko‘zga tashlanadi. Muallif Abdullatifning xatti-harakatlari sababini anglashga, uning sa’jiyasidagi ko‘zdan yashirin jihatlarni ochishga e’tibor qaratgan.
Yozuvchi Ulug‘bek shaxsiyatini tasvirlashda ham yolg‘iz yorqin ranglardan foydalanavermay, uni ikkilanayotgan, og‘ir o‘ylar girdobida qolgan odam sifatida ko‘rsatadi. Unda goh toj-taxtni topshirib, ilmiy ish bilan shug‘ullanish istagi, gohida dushmanlarini yakson qilib tashlash tuyg‘usi g‘olib chiqayotgani haqqoniy aks ettiriladi. Ali Qushchi bilan suhbatdagi: «Mirzo Ulug‘bekday koinot sirlarini ochmoqni tilagan, fozillikni da’vo etgan mavlono, hayhot, oxir-oqibat… barcha taxt sohiblariday saltanatni deb o‘z pushti kamaridan bo‘lgan farzandi ila taxtu toj talashibdi-da, degan nom qoldirishdan qo‘rqamen», degan so‘zlarida uzoqni o‘ylaydigan mutafakkir siymosi namoyon bo‘ladi. Abdullatif bilan bahsda esa: «…so‘nggi nasihatimni eshit, xohla o‘z padaringni qatl et, xohla Movarounnahr sarhadidan haydab, darbadar qil… Lekin yolg‘iz tilagim: ilm yo‘lida otang qilgan ishlarga, uning shogird va ustozlariga tegmagaysen. Tegsang, …ota qarg‘ishiga uchrab toabad badnom bo‘lursen! Ota rozi — Xudo rozi, yodingda bo‘lsin: al qasosil minalhaq! Hech bir yomonlik intiqomsiz qolmaydur! Senga aytadurg‘on boshqa so‘zim yo‘q! Chaqir yasovulingni!» degan so‘zlarida o‘quvchi ko‘z oldida bir umr hukmfarmolik qilgan qo‘rqmas va yovqur temuriy gavdalanadi. Yozuvchi bir-birlariga begona ota va o‘g‘il, fozil shoh va taxtparast shahzoda o‘rtasidagi shiddatli to‘qnashuvlarni ko‘rsatish asnosida ularning asl tabiatlarini namoyon qiladi. Romanda Ulug‘bek va Abdullatif ham, boshqa timsollar ham ta’rifu tavsif etilmaydi, balki ularning jonli obrazlari tasvirlanadi. Ular hayotdagi tirik odamlarday bo‘lgani uchun ham biri achintirsa, boshqasi nafratlantiradi.
Ali Qushchining sadoqati, Mavlono Muhiddinning sotqinligi, shayx Nizomiddin Xomushning insofsizligi, tuzukkina shoir Abdullatifning taxt ilinjida shayx qo‘lida qo‘g‘irchoq bo‘lgani ishonarli tasvir etilgan. Yozuvchi har bir qahramon xarakter xususiyatlari, tabiatidagi o‘zgarishlarni badiiy dalillashga erishadi. Ali Qushchi shohga shogird bo‘lgani uchungina emas, balki ilm-fanning xalq hayotidagi ahamiyatini tushungani, ilm durdonalari mutaassiblar qo‘lida qolsa, millat rivoji orqaga surilishini bilgani sababli ham Ulug‘bek yo‘lidan yurishi asosli ko‘rsatilgan.
«Ulug‘bek xazinasi»da sadoqat va sotqinlik, shogirdlarning ustoz oldidagi burchi Ali Qushchi va Mavlono Muhiddin obrazlari misolida me’yoriga yetkazib ifodalangan. Mavlono Muhiddin Ulug‘bekning mehru muruvvatidan ko‘p bahramand bo‘lgan. Ammo shoh taxtdan ketgach, undan yuz buradi. Adib katta olim bo‘lsa-da, yirik shaxs bo‘lmagan Mavlono Muhiddin fe’lidagi bu sifatni mantiqiy va badiiy jihatdan dalillay olgan. Zaif shaxs hamisha o‘zgalar ta’siriga tushishga moyil bo‘ladi. Qaltis vaziyatda Mavlono ham otasi Salohiddin Zargar ta’siriga berilgani sabab ustozidan yuz o‘giradi. Ali Qushchining shaxsligi olimligiga muvofiq. U bu o‘tkinchi dunyoda o‘limni ham yengadigan sobit qadriyatlar borligini teran anglaydi. Ali Qushchi va Mavlono Muhiddinning qamoqxonadagi bahslarida ularning boshqa-boshqa odamlar ekanligi ko‘rinadi. Ali Qushchi timsolida imonli kishi har qanday muhitda ham sadoqatini namoyon eta olishi, jaholat va zulmdan ustun tura bilishi ko‘rsatilgan.
Adib asar qahramonlari qismati misolida sirtdan shafqatsiz va adolatsizday ko‘ringan hayotning, aslida, g‘oyat adolatli hamda mehribon ekanligini yaqqol ko‘rsatadi. Ulug‘bekning xazinasi faqat u yozgan va yiqqan ilmiy kitoblargina emas, u, avvalo, odamlar orasidagi adolat, imon, e’tiqod, olijanoblik, halollik singari qadriyatlardan iboratligi, odamlar ko‘nglidagi bu boylik hech qachon yitmasligi ishonarli aks ettiriladi.
O.Yoqubovning olam hodisalari va odamning mohiyati haqidagi zalvorli o‘ylari, salmoqli mulohazalari «Ko‘hna dunyo» romanida o‘zgacha bir yo‘sinda aks etgan. Roman adib ijodidagi tamomila o‘zgacha yo‘nalishdagi asardir. Muallif bu asarida inson, uning hayotdagi o‘rni, o‘z taqdirini belgilashdagi ishtiroki, adolat, haqiqat va ularning tantanasi to‘g‘risidagi qarashlarini turlicha tabiatli shaxslar qismati misolida ifoda etadi. Yozuvchi bu asarida inson hayoti ma’nisini anglamoqchi bo‘lgan faylasuf sifatida ko‘rinadi.
Yozuvchini bu ko‘hna dunyoning chigalligi, tushunarsizligi hayratga soladi. Unda asl qolib, ko‘pincha, soxta narsa e’tibor topadi. Yaxshi emas, yomon ezgu va olijanob degan nom chiqaradi. Inson zotiki bor, qilgan ishni ezgulik deb o‘ylaydi. Aslida kuchli qudratlimi yoki ojiz qudratlimi ekanini bilib bo‘lmaydi.
Yozuvchi talqinidagi dunyo, odamlar bir qatlamli, bir tarkibli emas. Ular g‘oyat murakkab va o‘ta chigal to‘qimalardan iborat. Shuning uchun ham qilichidan qon tomgan yovuz sulton tasviri o‘quvchini achintiradi. Umrida biror kishiga yaxshilik qilmagan yovuz Piri Bukriyga kishining rahmi keladi. Muallif Mahmud G‘aznaviyday dunyoni titratgan hukmdorni goh shafqatsiz jallod, goh ojiz banda, goh ko‘ngli bo‘sh odam sifatida tasvirlaydi va bu tasvirga o‘quvchini ishontiradi. Bu dunyo — ko‘hna, sirli va tushunarsiz. Uni oddiy odamlargina emas, balki Beruniy va Ibn Sinoday daholar ham anglay olmagan. Hayot asli shunday g‘alatiligi, to‘la izohlab bo‘lmasligi bilan qiziqarli.
Asardan olingan quyidagi parcha e’tiborga loyiq: «Sulton, dilida ajib bir nur, qoqsuyak vujudida favqulodda bir kuch, hamon tasir-tusir ot surib borar, u bilan uloqcha o‘rtasi tobora qisqarmoqda edi. Nihoyat uloqchani quvib yetdi-da, lochinday chang solib ko‘tarib oldi. Shu zahotiyoq yiroqlashib qolgan ona kiyik shartta to‘xtadi, bir zum joyida dir-dir titrab turdi-da, asta-sekin orqaga qayta boshladi…
…Sulton hayajon ichida egilib, dir-dir titrayotgan uloqchani yerga qo‘yib yubordi, qo‘yib yuborishi bilan dilida ajib bir chirog‘ «lop» etib yondi-da, vujudida o‘zgacha bir holat, qandaydir sirli, ilohiy bir holat sodir bo‘ldi. Hatto o‘ng biqinidagi og‘riq ham tappa to‘xtab, ko‘ziga qorong‘i ko‘ringan olam birdan yorishib ketdi. …Tog‘lar bilan o‘ralgan bu keng sayxonlik boyagidan ham keng, osmon boyagidan ham tiniq, archalar hidi boyagidan ham xushbo‘y, qorli cho‘qqilar boyagidan ham yuksak, odamlar esa bir-biridan yaxshi, bir-biridan mehribon ko‘rinib ketdi sultonning ko‘ziga». Bu tasvir qancha o‘lkalarni bosib olgan, minglab odamlarni o‘ldirishdan qiynalmagan Mahmud G‘aznaviy holatining ifodasi. Ayni vaziyatda shoh g‘oyat nurli, ko‘ngli ezguliklarga to‘la qilib tasvirlangan. Endi ayni holatning keyingi ruhiyat tasviriga diqqat qarating: «Navkarlar yordamida aravaga chiqqan sulton birdan holsizlanib boshini yostiqqa qo‘ydi, qo‘yarkan, ko‘zi yana osmonga tushdi. Lekin boyagi artilgan shishaday tiniq osmon o‘rniga tubsiz chohday zimiston bo‘shliqni ko‘rdi». Bu tasvirda insonning tasavvuri ham, kayfiyati ham o‘zi singari omonat va o‘tkinchi ekanligi aks etgan. Sultonning bolalik jo‘rasi Malikul sharob esa ayni daqiqalarda: «…Ollo taolo o‘z bandasiga shunday aql-zakovat ato qilibdi. Bandasi esa… nechun hamisha aqlga zid ishlar qiladi? Nechun faqat boshiga musibat tushgan chog‘laridagina yaxshilik va ezgulikni o‘ylaydi? Nechun o‘zi choh yoqasiga borib qolgandagina qilgan gunohlarini, boshqalarga o‘tkazgan jabr-sitamlarini eslaydi? Nechun!» deya xayol surardi. Mana shu tasvirlarda asar mohiyati aks etgan, adibning inson, uning hayoti haqidagi nihoyasiz o‘ylari ifodalangan.
Romandagi Beruniy, Ibn Sino, Mahmud G‘aznaviy, Ibn Shahvoniy, Ali G‘arib, Abul Hasanak, Amir Mas’ud, Xatlibegim obrazlarining talqini o‘zbek adabiyotida yangilik bo‘ldi. Asarda turkiy xalqlar tarixida yorqin iz qoldirgan, qudratli imperiya qurgan Mahmud G‘aznaviy hayotining tahlika va gumonlarga to‘la so‘nggi davri aks ettirilgan. Beruniy va Ibn Sinoning zamondoshi, bedavo dardga yo‘liqqan shoh Mahmud G‘aznaviy ham og‘ir kasal bo‘lgan har qanday kishi singari mo‘jiza kutib yashaydi. Odatda, kasal odam yetishish mushkul bo‘lgan narsadan ilinj qidiradi. Shoh uchun Ibn Sino o‘shanday ilinj edi. Chunki Ibn Sino shoh hukmi bilan bir paytlar uning qalamravidan haydalgan. Mag‘rur va o‘jar tabib ham o‘shandan buyon G‘aznaviydan qochib yuradi, uning chorlovlariga kelmaydi.
Mahoratli yozuvchi Ibn Sinoning qanchalik zo‘r tabib ekanligini ko‘rsatish singari odatiy yo‘ldan bormaydi. Chunki uning maqsadi tabibning tengsizligini emas, balki dunyoning o‘yinlari tushunarsizligini tasvirlash edi. Mashhur tabibni topish cho‘zilib ketganidan qo‘rqqan vazirlar: Ali G‘arib va Abu Hasanak olg‘ir va shuhratparast Shahvoniyni shohga Ibn Sino deb ro‘para qilishadi va u G‘aznaviyni «davolay» boshlaydi. Podshohning kasali sababini ham, davolash yo‘llarini ham bilmagan Shahvoniy unga tinmay afyun beradi. Afyun ta’sirida shoh Mahmud ma’lum muddat og‘riqlarni sezmay qo‘yadi. Adib kasal shoh, ayyor ayonlar va muttaham tabib munosabatlarini ko‘rsatish orqali dunyoning azaliy tartibini o‘zgartirib yuboradigan manfaatparastlik, foydaxo‘rlik, yolg‘onchilik, soxtakorlik singari illatlar inson tabiatiga bu qadar chuqur o‘rnashib qolganligi sabablarini tadqiq qilishga urinadi.
Ko‘hna dunyoning ishlari, ko‘pincha, kutilmagan o‘yinlardan iborat. Shuning uchun ham shohning singlisi Xatlibegim boshchiligida chin Ibn Sino topdirib kelinganda, muttaham Shahvoniy ham, yolg‘onchi vazirlar ham, eng dahshatlisi, buyuk tabibdan najot olishi mumkin bo‘lgan sultonning o‘zi tomonidan ham u tan olinmaydi, tovlamachi sifatida saroydan chiqarib yuboriladi. Ko‘rinib turgan haqiqatni tiklash mumkin emasligi, o‘zingning o‘zingligini isbotlashning imkonsizligi, tovlamachi va soxtakorlar haq, rostni so‘zlayotgan odam esa yolg‘onchi bo‘lib qolishi bu eski dunyoning adolatimi yoki adolatsizligi? Biror marta haq joyida qaror topadimi yoki yo‘qmi? Odamzod bunday nohaqlik va adolatsizlikdan qachondir qutula oladimi yoki qutulolmaydimi? Yozuvchi savollar qo‘yar ekan, ularga javob berishni da’vo qilmaydi. Roman o‘quvchilarni ham shular haqda jiddiy o‘ylab ko‘rishga undaydi.
Yozuvchi biror obrazni tasvirlaganda, uni har jihatdan ko‘rsatishga harakat qiladi. Shuning uchun ham Mahmud G‘aznaviy goh shafqatsiz hukmdor, goh odamlarga yaxshilik qilishga intilgan ojiz bemor sifatida tasvirlanadi. Asarda yaxshilik bilan yomonlikning orasi qilcha ham kelmasligi G‘aznaviy xatti-harakatlari orqali ko‘rsatiladi. Malikul sharob huzuriga o‘zi borib kechirim so‘ragan Mahmud G‘aznaviy uni achchiq va ochiq gaplari uchun zindonga tashlatadi.
«Ko‘hna dunyo» romanida butun insoniyatning ulug‘ farzandlari hisoblangan Beruniy va Ibn Sino obrazlari ham katta mahorat bilan tasvirlangan. Yozuvchi Beruniy siymosini yoritishda bevosita tasvir yo‘lidan borsa, Ibn Sino obrazini yaratishda mistifikatsiya usulini qo‘llab, Ubayd Juzjoniy xotiralaridan foydalanadi. Eng muhimi, adib bu ikki dahoni ham o‘ylanadigan, izlanadigan, xatolar qiladigan, qiynaladigan jonli odamlar sifatida tasvirlay olgan. Shuning uchun ham bu timsollar kitobxonda donishmandlik, ezgulik ramzi emas, balki birinchi navbatda, tirik shaxslar sifatida taassurot qoldiradi. Ularning o‘ylari, iztirobu quvonchlari o‘quvchilarga ham yuqadi.
«Ko‘hna dunyo» adib ijodidagi alohida bosqich bo‘ldi. G‘aznaviyni birda qonxo‘r va shafqatsiz shoh, birda mehribon inson, tadbirli siyosatchi sifatida ko‘rsatar ekan, yozuvchi uning ruhiy olamini teran ochishga erishadi. Ruhiy holatlar o‘ta shiddat bilan o‘zgarib turadigan bu asarda sirlilik, jumboq, tushunarsizlik ko‘p. Aslida, inson hayotining o‘zi boshdan-oxir jumboqdan iborat. Shuning uchun ham roman so‘ngida Ibn Sino tilidan aytilgan: «Ibn Shahvoniy taqdiri azalning ajab jumbog‘i. Bu jumboqni donolar ham yechishga ojizlik qilur!» degan xulosa romanning bosh pafosini ifodalaydi, deyish mumkin.
Yozuvchi romanida asar g‘oyasini yorqin aks ettiruvchi rivoyat va hikoyatlardan ustalik bilan foydalangan. Asardagi zolim shoh haqidagi rivoyat yoki yetti kunlik yomg‘ir suvidan ichib tentak bo‘lgan qavmini boshqarish uchun o‘zi ham jinnilik suvidan ichib, aqldan ozishga majbur bo‘lgan podsho to‘g‘risidagi rivoyatlar asar mohiyatini ochish uchun ham, undagi voqealar rivojini ta’minlash uchun ham muhim ahamiyat kasb etgan. Bunda yozuvchi, birinchidan, o‘z davrida ochiq aytish mumkin bo‘lmagan, ikkinchidan, ochiq aytilsa, unchalik badiiy effekt bermaydigan haqiqatlarni ifoda etadi. Ya’ni asardagi bu rivoyatlar orqali har bir xalq o‘z hukmdoriga loyiq yoki har bir hukmdor o‘z xalqiga yarashadir, degan xulosa bildirilgan. Uchirilgan qush boshiga qo‘ngani uchungina mutlaqo begona yurtdan kelib, podsho bo‘lgan yigitning odamlarga zulm qilishi va bunday qilmaslikni o‘tingan o‘rtog‘iga: «Bir ahmoq qushga ishonib o‘zini podsho qilib ko‘targan xalqqa shunday muomala qilish kerak»ligini aytishi tasvirida ulkan dard va achchiq haqiqat yotadi.
Podsho ta’qiqlashiga qaramay qavmning yomg‘ir suvidan ichib aqldan ozishi va hukmdorning ularni boshqarolmay qiynalishi, nihoyat, o‘zi ham yomg‘ir suvidan ichib telba-teskari buyruqlar bera boshlagach, uning farmonlari fuqaroga ma’qul kelgani to‘g‘risidagi romanda keltirilgan rivoyat muallifning xalq va uning hukmdori munosabati borasida qarashlarini aks ettiradi. Sho‘rolarning qudrati avj nuqtada bo‘lgan bir zamonlarda xalqni faollikka undash, uning o‘ziga yarasha hukmdorga ega bo‘lajagini tasvirlash ilhomiy bashoratdan tashqari, insoniy jasorat ham edi.
O‘ttiz yillik tanaffusdan so‘ng, 90-yillarga kelib, O.Yoqubov Amir Temurning intim hayoti haqida «Fotihi muzaffar yoki bir parivash asiri» nomli sahna asarini yaratdi. Unda jahongirni mutlaqo kutilmagan rakursda aks ettirdi. Dunyoning taqdiriga xo‘jalik qila oladigan sohibqiron, vaqti kelsa, shaxsiy hayotiga xo‘jayin bo‘lolmaganligi, o‘z baxtini ta’minlay olmaganligi yetuk badiiylik bilan aks ettirildi. 2000 yilda yozilgan «Bir koshona sirlari» asari yilning eng yaxshi dramasi sifatida «Ofarin» mukofoti bilan taqdirlandi.
Bu dramada inson taqdirining yechib bo‘lmas darajada chigal va tushunarsiz ekanligi jonli timsollar asosida ko‘rsatilgan. Dramadagi ziddiyat millionerlar xonadonida, tashqaridan qaraganda, to‘kis va muammosiz hashamatli koshonada kechadi. Maxsus soqchilar qo‘riqlaydigan bu koshona egalari betashvish va baxtiyor yashashayotganga o‘xshaydi. Asar voqealari asnosida aslida bunday emasligi ma’lum bo‘ladi. Dramada yaqindagina oddiy do‘kondor bo‘lgan ko‘rkam va shaddod Dilora bilan kechagina yukchi bo‘lib ishlab yurgan, bugunga kelib hadsiz boyliklar egasiga aylangan eri Sarvar o‘rtasidagi chigal munosabatlar, ularning tushunarsiz dardu armonlari tasvirlangan. Koshonada xotirjamlik bilan baxtdan boshqa hamma narsa bor. Asardagi asosiy konflikt moddiy boylik bilan ma’naviyat, o‘tkinchi mayllar bilan asl tuyg‘ular, boqiy qadriyatlar orasidagi ziddiyatlardir. Ushbu dramada qalb koshonasini daxlsiz saqlash zarurligi, inson qalbining mantiqqa bo‘y beravermaydigan junbushlari ta’sirli ko‘rsatilgan.
Dramaturg inson baxti uchun hisobsiz moddiy boylik yetarli bo‘lmaganiday, iste’dodu halollikning o‘zi ham kifoya qilmasligini ko‘rsatadi. Asar voqealari muhtasham koshona a’zolari va ularga yon qo‘shni bo‘lmish oddiy ziyoli oilasida parallel kechganligidan dastlab ikki oila bir-biriga qarama-qarshi qo‘yilayotganday tuyuladi. Biroq dramaturg tasvirning bunday jo‘n yo‘lidan bormaydi. Ziyoli eru xotinning koshonadagilarga munosabati ikki xil: er ular turmushidan hazar qiladi, xotin esa qo‘shnilarini ham el qatori odamlar deb biladi. Asarda ziyolilar oilasining ichki ziddiyatlari ham ayon ko‘rsatiladi. Turmush o‘rtog‘i Gulnozani telbalarcha sevadigan jarroh Darveshali unga to‘kis baxt hadya etolmaydi. Ular — tirnoqqa zor. Shifokor Gulnoza ham Darveshalini er va ustoz sifatida har qancha hurmat qilmasin, o‘zida qandaydir ruhiy begonalik his etadi. Dramada bular haqida oshkora aytilmaydi, ammo bu nozik ruhiy holat asar voqealari rivoji davomida ilg‘ab olinadi.
Uzoq davom etgan chigal ruhiy zo‘riqish portlashga olib keladi. Sarvar uchun eng og‘ir damlarda ham qo‘shni, ham shifokor sifatida uning yonida turgan Gulnoza bu boyvachcha yigitning samimiy insonligini tuyadi, ko‘nglida unga xayrixohlik uyg‘onadi. Sarvar va u bilan haj safariga ketmoqchi bo‘lgan Gulnozani rashk olovida jizg‘anak bo‘lgan Darveshalining haqoratlashi asar yechimini o‘zgartirib yuboradi. Sarvarning xaloskor jarroh tomonidan o‘lim changalidan olib qolingan yuragi ayni Darveshalining haqoratiga chiday olmaydi. Odamlarning bir-birini tushunmasligi, bunga urinmasligi o‘limga sabab bo‘ladi. Bu hol Gulnozaning qalb koshonasini ham vayron etadi.
O.Yoqubovning mahorati shundaki, asarda biror timsol jo‘n tasvirlanmaydi. Jumladan, Sarvar va Diloraning chigal munosabatlari oq yoki qora tarzida talqin etilmaydi. Sarvarning o‘z xotinini taloq qilib, Gulnozaga mayl ko‘rsatishi uning boyvachchaligi oqibati emas. Balki, o‘zini tushunishlarini istagan toza ko‘ngilning istagidir. Sarvar — boylikka xirs qo‘ymagan, insoniyligini yo‘qotmagan, haromdan jirkanadigan shaxs. Yigit andishasizlikni ko‘tarolmaydi. Shu bois erkatoy va shaddod Diloraning o‘rinsiz sho‘xliklari, yarashiqsiz tantiqliklariga chidamay, undan ajraladi. Lekin taloq qo‘yilsa-da, undan ko‘ngil uzolmagan xotini, begunoh farzandlari borligi bu o‘ychil yigitni qiynaydi. Shu tariqa, hadsiz boyligi bor, uzatgan joyiga qo‘li yetadigan Sarvar baxtsizligicha o‘lib ketadi.
Asarda tantiq Dilora timsoli ham puxta ishlangan. U eriga xiyonat qilishni xayoliga ham keltirmaydi. Uning Sarvarga: «Erkalik qilsam qilgandirman, yengillik qilgan bo‘lsam qilgandirman. Lekin, tepamda Xudo, biror it tekkani yo‘q jismimga. Jismim pok, vijdonim ham», degan so‘zlari kishini ishontiradi. U alam, achchiq ustida erini, farishta ayol Gulnozani haqorat qilgan bo‘lsa-da, ularning begunohligini biladi. U Sarvarsiz yashashni tasavvur ham qilolmaydi; dunyoga kelib ko‘rgan eng totli, eng go‘zal, eng baxtiyor damlari u bilan o‘tganini anglaydi, ham boylik, ham chiroy, ham aql va ham g‘ayrati bor bu ayolning birgina baxtga ega emasligi kishida xayrixohlik uyg‘otadi.
Dramadagi barcha yetakchi personajlar, aslida, ma’naviy go‘zal, baxtga, ehtiromga loyiq odamlar. Lekin inson taqdirining chigal va tushunarsizligi sabab ularning hammasi ham baxtsiz. Asar qahramonlari ochiqligi samimiyligi bilan o‘quvchi ehtiromini uyg‘otadi. Drama insonning o‘ta murakkab yaratiqligini, uni anglab yetish mushkul ekanini aks ettirishi bilan qimmatlidir.
O.Yoqubovning tilga olingan asarlari insonga buyuk muhabbatning samarasi bo‘lganligi uchun ham ularda odam teran anglangan, inson g‘oyat chigal hayotiy vaziyatlarda ham chin ma’naviy sifatlarini saqlab qola bilishga qodir ijtimoiy-ruhoniy kuch ekanligi juda ishonarli va ta’sirli ko‘rsatib berilgan.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2004 yil 15-sonidan olindi.