Jo‘ra Sa’dullayev. Bir xonadon fojiasi (2004)

Har bir xonadon bamisoli bir qal’a. Bekorga o‘tmishda «ichkari» degan ibora keng tarqalmagan. Uning siru sinoatlari to‘rt devor ichida qolib ketavergan.
Basharti, xonadon tinch bo‘lib, oilaning barcha a’zolari xushhol davru davron surishsa, olam — guliston. Bundan mahalla-ko‘y, qo‘ni-qo‘shni, qarindosh-urug‘ xursand. Bunday xonadonni hamma alqaydi, unga yaqinlashgisi, u bilan bordi-keldi qilgisi keladi. Ittifoqo, shu xonadondan baxt yuz o‘girib, uning a’zolari boshiga biror kulfat tushsa, kecha demay, kunduz demay, issiq-sovuq demay, urug‘-aymoq, tanish-bilish yugurgilab keladi, hamdard bo‘ladi, yordam qo‘lini cho‘zadi.
Bordi-yu, buning aksi bo‘lsa-chi? Xonadon sohiblari yarqirab ko‘ringan har bir narsani oltin bilib, unga yopishaversa, davr-davronni boylik orttirishda deb bilsa, o‘z xonadonining nufuzini qo‘sha-qo‘sha mashinalar, dabdabayu as-asali to‘ylar bilan o‘lchasa-chi? Xonadon sohiblari guldek-guldek farzandlari hayotidan huzur-halovatni darig‘ tutib, ular avji o‘ynab-kulib, yurtda yorug‘ yuz bilan yashaydigan pallalarini zahar-zaqqumga aylantirsa-chi?
Bunday xonadon, shubhasiz, nazardan qoladi, odamlar uni chetlab o‘tishadi, oldi-berdi, kirdi-chiqdi qilmay qo‘yishadi. Bunday xonadon o‘g‘il uylantirmoqchi bo‘lsa, sovchilari bir tuman narida kalish yirtadi…
O‘rtachirchiq tumanining «O‘zbekiston» shirkat xo‘jaligida shunday bir xonadon bor. Uning sohibi shu xo‘jalikda o‘n yillab traktor haydadi. Turmushda ko‘p aziyatlar chekdi. Birinchi ayoli bilan ajrashganidan keyin go‘dak bir o‘g‘il bilan qoldi. Uni tarbiyalaydi, ona o‘rniga ona bo‘ladi, degan maqsadda paxta ichida katta bo‘lgan Tursunoyga (ma’lum sabablarga ko‘ra ism o‘zgartirib berilmoqda) uylandi. U ham ketma-ket yetti o‘g‘il-qiz tug‘ib berdi. O‘g‘illar birin-ketin o‘qib voyaga yetishgach, xonadon sohiblarining yelkasiga «oftob» tegdi. Birin-ketin o‘g‘il uylab, qiz chiqarib, ayni davri-davron suradigan kezlar keldi.
— Afsuski, o‘g‘illar voyaga yetib, ular topgan mol-dunyo bu xonadon farog‘atiga xizmat qilmadi, — deyishadi qishloqdoshlar. — To‘g‘ri, ularni boy-badavlat deb ham bo‘lmaydi, lekin farzandlarini mehnat bilan oyoqqa turg‘izgan Tursunoy omad qushi yelkalariga qo‘nganida o‘tgan kunlarini unutdi. Bu xonadon boshiga tushayotgan jamiki kulfatlar uning manmansirab, havolanib ketishidan…
— Bolalarining hammasi toparmon-tutarmon, iqtidorli, lekin Tursunoy bosar-tusarini bilmay qoldi, — deydi mahalla faollaridan biri. — O‘z bilganidan qolmaydi. Uncha-munchani mensimaydi. Maslahat ko‘rsatsak, «O‘zingni bil!», — deydi.
Tabiiyki, bunday xislatlar bilan odam bolasi o‘zi orzu qilgan farog‘atga erisha olmaydi. Shu xonadon qismati bu fikrning dalilidir. Uning tarixini bilgan kishi borki, bu xonadonga tushgan kelin baxti qaro bo‘ladi, deydi. Buning sabablari yetarli. Chunonchi, katta o‘g‘il ikki bor uylandi. Birinchi kelin Umidaxon yomonotliq qilinib, olti oyli homilasi bilan xonadondan haydalgach, Tursunoy o‘g‘lini Diloromga uylantirdi. Ammo qaynona bugun shu kelinning xizmatidan ham bahramand emas. Tinchlik bo‘lmagach, o‘g‘il oilasini olib yotoqxonaga ko‘chib ketdi. Tursunoy ikkinchi o‘g‘lini ham ikki bor uylantirdi. Uning ikkinchi xotini qismatiga alohida to‘xtalamiz. Birinchi kelin Nargiza go‘dak o‘g‘li bilan bu xonadondan quvilgach, Tursunoy yelib-yugurib Pskentdan yangi kelin topdi. Lekin yoshgina, guldekkina kelin ovloqdagi bu xonadon sinoatlariga chiday olmasdan o‘zini osib qo‘ydi.
Uchinchi o‘g‘il ham qisqa muddat ichida ikki bor uylanib ulgurdi. O‘zi ko‘rib-bilib, muhabbat qo‘yib olgan Nodirani bir bolasi bilan tashlab, Ohangaron shahridan qarindoshining qiziga uylandi. U ham ikki-uch oy yashab ulgurmay, xonadonga yomonotliq bo‘ldi va uyiga qaytib ketishga majbur bo‘ldi.
Savol tug‘iladi: «Bu xonadonga nega kelin chidamaydi?». Bunga javobni Tursunoyning mahalla chekkasi — ovloqdagi o‘sha xonadonida bo‘lganimizda topganday bo‘ldik. Mayda-chuyda gap, ishonchsizlik, kelin deganni odam o‘rnida ko‘rmaslik, haqorat, g‘iybat kabi illatlar bu yerda urchib yotibdi.
Biz borganimizda o‘g‘illardan biri — Xoldorali uyda ekan. Suhbatga tortib, bu dunyoda yashash nima, insoniylik, ra’y-andisha, ota bo‘lish mas’uliyati — shular haqida gapirganimiz sari uning boshi quyi egila bordi.
— Gulbahor kelinoying qanday edi? — deb so‘radik pirovardida.
— Tilla kelin edi, — javob berdi Xoldorali boshini ko‘tarmay. —O‘xshashi yo‘q edi…
Gulbahor 1999 yilning aprelida ne-ne orzu-umidlar bilan, ne-ne entikishlar bilan kelinlik libosida bu xonadon ostonasidan hatlab o‘tgan edi. Ammo yoshgina yuragini gup-gup urdirgan orzulari sarob bo‘lib chiqdi. Eng yaxshi niyatlari ovloqdagi shu xonadon darvozasi oldidan oqib o‘tuvchi ariq suvlari bilan oqib ketdi.
— Qizginam bekorga uvol ketdi, — deydi Gulbahorning mo‘ysafid otasi ko‘zlariga yosh olib. — O‘sha xonadon asoratlarini ko‘tara olmay, yoshgina joniga qasd qilib qo‘ydi…
— Erkak quda yaxshi edi, — deydi Bodilash opa. — Lekin xotin oldida ip esha olmas ekan. Qizim kelin bo‘lib tushibdiki, kun ko‘rmadi. Yuvvoshgina edi, betgachopar emasdi.
Gulbahor o‘zini osib o‘ldirgani haqidagi shum xabardan Chimqo‘rg‘onda keksayu yosh bir qalqib tushdi.
Shundan keyin boshlandi g‘avg‘o. Ovloqdagi o‘sha xonadondan: «Kelinimiz ruhiy kasal edi. Kechalari hovliga chiqib ketar edi, xayolparast bo‘lib qolgandi», — degan gaplar chiqdi. Gulbahor umid bilan bir yostiqqa bosh qo‘ygan kuyovimiz ham shu gaplarga yopishib oldi. Uch oylik homilasi bo‘lgani holda hayotdan ko‘z yumgan rafiqasi xotirasini oyoqosti qildi. Murda To‘ytepaga olib kelinib, ekspertiza qilinayotganida ham qorasini ko‘rsatmadi.
— Qizim soppa-sog‘ o‘sgandi, o‘qib-ishlardi. Qudalar aytgan holatlar g‘irt tuhmat. Ollohga soldim, — deydi bechora ota.
Yana bir kelin — Nodira O‘rtachirchiqning Yangi to‘lqin qishlog‘idan, ovloqdagi o‘sha xonadonga kelin bo‘lib tushdi. Otasi oliy o‘quv yurtida uzoq yillar talabalarga saboq bergan, onasi ham «oq-qorani» tanigan bir ayol. Opalari turmush qurib, bola-chaqali bo‘lib, tinib-tinchib ketishgan. Nodira tibbiyot bilim yurtini bitirgan, tuman markaziy shifoxonasida akusherka bo‘lib ishlardi. 2001 yilning 8 avgustida Xoldorali bilan turmush qurdi.
Nodira Ergashevaning respublika xotin-qizlar qo‘mitasiga yozgan xatidan: «Uch kunlik kelinligimdanoq qaynonam hunarlarini ko‘rsata boshladi. Har narsadan janjal chiqarardilar. Keyinroq bildimki, bu xonadonda kelin yashamas ekan. Uch o‘g‘il ikki martadan uylangan, men bu hovliga yettinchi kelin bo‘lib tushgan ekanman…»
Bo‘lar bo‘lmas gap-so‘zlar, urush-janjallar Nodirani ham holdan toydirdi. U dardga chalinib qoldi. Lekin oraga sovuqchilik tushmasin deb, ota-onasiga bildirmadi. Xolasining uyiga borib, besh kungina davolanib keldi. Ammo ro‘shnolik o‘rniga jabr, osuda turmush o‘rniga janjal-to‘polon davom etaverdi. Oxir-oqibat u yana og‘ir dardga chalindi. Qaynona arzimagan bahona bilan janjal ko‘tarib, o‘g‘liga kasalmand kelinni urdirdi. Endi buni ota-onadan yashirib bo‘lmasdi. 13 dekabr kuni ular qizlarini og‘ir ahvolda O‘rtachirchiq tuman markaziy kasalxonasining shoshilinch tez tibbiy yordam markaziga yotqizdilar.
O‘zini bechorahol qilib ko‘rsatuvchi ovloqdagi o‘sha xonadonda esa Xoldoralini ikkinchi marotaba noqonuniy uylantirish tadorigi boshlandi. Nodira to‘yga borishga, Xoldoraliga yetti oylik o‘g‘lini bir ko‘rsatib qo‘yishga jazm qildi.
— Bir holat mening nafsoniyatimga qattiq tegdi, — deydi Nodira. — Homiladorlik pallam kasal holimda tashlab qo‘ygan, o‘g‘li tug‘ilganidan keyin uni biron marotaba esiga olmagan, 2002 yilning noyabr, dekabr, 2003 yilning yanvar oylari uchun aliment to‘lashga «qurbi yetmagan» bir yigit hali men bilan qonuniy ajralishmasdan turib, Ohangaron tumanidagi «Javohir» qahvaxonasida kazo-kazo san’atkorlarni chorlab, to‘yni qanday o‘tkazayotganligini bir ko‘ray dedim…
Nodira bolasini ko‘tarib, to‘y bo‘layotgan joyga bordi. Yangi kuyov Nodirani ko‘rib jahl otiga mindi. Ur-yiqit, to‘s-to‘polon bo‘ldi. Bu endi, alohida mavzu.
Lekin bitta savol har qanday kishini o‘yga toldiradi. Nega O‘rtachirchiqning Sharif Umrzoqov mahallasidagi bu xonadonga kelin chidamaydi? Uquvli, bilimli, toparmon-tutarmon farzandlar nega o‘z tengqurlari qatori yayrab-yashnab, baxtli-saodatli yashay olmayapti? Qayta-qayta uylantirilgan o‘g‘illar hayoti nima uchun rohat-farog‘atda emas?
Gap shundaki, bu xonadonning turmush tarzi o‘ziga xos tamoyilda shakllandi. Uning sohiblari — navqironlik yillari obdon mehnat qilishdi. Mustaqillik sharofati bilan yuzlariga oftob tegdi. Taglarida qo‘sha-qo‘sha mashinalar paydo bo‘ldi, qo‘llariga pul tushdi. Va… kechagi kunlarini unutishdi. Kibru havo kuchaydi. Boylik ularni ma’naviy qashshoqlashtirdi. Na tanish-bilish, na mahalla-ko‘y fikri, na o‘zbekona turmush tamoyillariyu qonunlarimiz bilan hisoblashmay qo‘yishdi. «Mening aytganim bo‘ladi»ga o‘tishdi. Jaraq-jaraq pulning o‘zi o‘g‘il-qizlarni baxtli qila olmasligini xayollariga ham keltirishmadi. Davlatmandlik oldida urf-odatlarimiz, qadriyatlarimiz, qonunlarimiz ham hech nima bo‘lmay qoldi.
Qishloq chetidagi xonadon fojiasining bosh sababi shunda!
Matbuotda uzoq yillar ishlagan bir jurnalist sifatida aytish mumkinki, oilaviy mojarolar faqat O‘rtachirchiqqa xos emas. Oila bor ekan, past-baland gap hamma joyda ham bo‘lib turadi. Shu bois ushbu maqolaga oid ba’zi fakt va raqamlarni, dalil-isbotlarni, mojarolar, ular bilan bog‘liq inson sha’niga to‘g‘ri kelmaydigan ko‘pgina holatlarni qog‘ozga tushirishdan o‘zimni tiydim. Men anglagan haqiqat shu bo‘ldiki, favqulodda omad, favqulodda baxt, boylik, toparmon-tutarmonlik insonga hamisha ham baxt-saodat olib kelmas ekan, aksincha, bu narsalarga mahliyo bo‘lib, inson o‘zini, kechagi kunini, oxiratini unutsa, ayni shu omadning, shu baxt, shu boylikning quliga aylanib qolishi, hayoti izdan chiqib, ma’naviy tanazzulga yuz tutishi hech gap emas ekan.
Lekin o‘sha qishloq chetida joylashgan xonadon, yana shunday xonadonlar qayerda bo‘lishidan qat’iy nazar, ularning sohiblari, farzandlari, kelinlar, nabiralar bizga, sizga begona emas. Ular ham bizning bir bo‘lagimiz, xotirjamligimiz, beparvoligimiz, hayotning murakkab chorrahalarida faqat o‘zimizga urg‘u berib, yon-atroflarimizda nimalar bo‘layotgani, qanday kurtaklar barg yozayotganidan bexabarligimiz hosilasidir. Nima, O‘rtachirchiqda mahalla, jamoatchilik, ko‘pni ko‘rgan, ko‘pni bilgan nuroniylar yo‘qmi?
Mana shular haqida o‘ylashimiz, kerak, deb o‘ylayman.

Jo‘ra Sa’dullayev
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2004 yil 30-sonidan olindi.