Ismoil Bekjon. Yusuf Qorabog‘iy qachon tavallud topgan? (2004)

Asli ozarboyjonlik, ammo umrining ko‘p qismini Buxoro va Samarqandda o‘tkazgan, XVI asr ikkinchi yarmi — XVII asr birinchi yarmidagi O‘rta Osiyo ijtimoiy-falsafiy va ilmiy tafakkuri rivojiga munosib hissa qo‘shgan Yusuf al-Qorabog‘iyning hayot yo‘li, falsafiy asarlari zamondosh olimlarimiz tomonidan ozmi-ko‘p tadqiq qilinib, bu haqda maqola, kitoblar chop etilgan.
Yusuf Qorabog‘iyning tarjimai holiga oid tadqiqotlarda Ozarboyjonning Qorabog‘ o‘lkasida tug‘ilib-o‘sgan olim o‘spirinlik yoshida Sherozga borib, mashhur faylasuf Habibullo Mirzojon Sheroziyga shogird tushgani, XVI asr ikkinchi yarmida ustozi bilan Buxoroga kelib vatan tutgani aytiladi. Bu asarlarda olimning 1563 yili tug‘ilib, 1647 yili Buxoro yaqinidagi Safidmun mavzeida dunyodan o‘tgani, 1690 yili esa uning xoki “Badaxshonda dafn etilgan ustozi Xalilulloh Badaxshiy mozori yoniga ko‘chirilgan”i yozma manbalar asosida zikr qilinadi.
Biroq, keyingi paytlari qo‘lga kiritilgan boshqa yozma manbalar ma’lumotlari bu qarashlarning ayrimlarini rad etmoqda, ba’zilariga qo‘shimchalar kiritmoqda. Yusuf Qorabog‘iyning saboqdosh (aytib kelinganidek shogirdi emas) va yoshlikdagi do‘sti Mutribiy Samarqandiy o‘zining “Tazkirat ush-shuaro” (1605) asaridan tashqari “Nusxayi zeboiy Jahongir” tazkirasida (1625 — 1628) ham mazkur olim va shoir haqida birmuncha to‘laroq ma’lumotlar yozib qoldirgan ekan.
Mutribiyning “Tazkirat ush-shuaro”da Yusuf Qorabog‘iy tarjimai holiga oid bergan ma’lumotlari mazmuni quyidagicha:
“Mavlono Yusuf Qorabog‘iy Iroqiy she’rda o‘z ismini taxallus qiladilar, olimlar ustozi “Mulloyi nav” (“Yangicha qarashdagi olim”) laqabi bilan mashhur bo‘lgan mavlono Mirzojon Sheroziyning shogirdidirlar. Ushbu 1013 hijriyda (1604-1605) Samarqandda o‘qitish ishlari bilan mashg‘uldirlar. Ilmi hikmat va hay’at, riyoziyot fanlaridan davomli darslar berib, ko‘plab shogirdlar yetishtirmoqdalar. Kubraviya tariqatida darvishlik yo‘lini bosib o‘tmoqdalar va ko‘ngil xushligi uchun she’r ham yozib turadilar. Mullo Saburiy ul zotning manavi g‘azalini menga keltirib berdi…”.
Mutribiyning birinchi tazkirasidagi Yusuf Qorabog‘iyga tegishli ma’lumotlar ana shulardan iborat. “Nusxayi zeboiy Jahongir”da esa Mutribiy Yusuf Qorabog‘iydan tashqari uning ustozi Mirzojon Sheroziy, Xalilulloh Badaxshoniy to‘g‘risida ham maxsus ma’lumotlar havola etadi:
“Mirzojon Sheroziy zikri. Kamina Buxoroda mavlono Mirzojon Sheroziyning ommaviy darslarida qatnashganman. U kishi oliymaqom mavlonolardan bo‘lib, ko‘p fanlar bo‘yicha kitob, risolalari bor, ayniqsa, ilohiya va kalomiya sohasidagi yaxshi asarlari o‘quvchilar uchun foydalar koni bo‘lgan qo‘llanma, qayta-qayta murojaat etiladigan manbadir. 989 hijriy (1580) yili Buxoroga keldilar va fanlardan darslar berishga kirishdilar. Ulug‘ olim va hukmdorlar u kishining hurmatini bekamu ko‘st joyiga qo‘yardilar. Ammo shu mashhurligi asnosida Buxorodagi Safidmun mavzeida o‘z xonaqohi va ko‘plab muridlari bo‘lgan taniqli shayx Xalilulloh Maydoniy Badaxshoniy Mirzojon Sheroziyni biroz takabburligi uchun yoqtirmay, undan ko‘ngillari ozor topdi. Mirzojon Sheroziy shu zotning duoi badi orqasida qattiq kasallanib, olamdan o‘tdi va Buxorodagi Turki Jandiy qabristoniga dafn etildi”.
Mutribiy Mirzojon Sheroziyning vafoti yilini aniq ko‘rsatmaydi. Muhammad Maleho Bade’ Samarqandiyning “Muzakkir ul-ashob” tazkirasida Mirzojon Sheroziyning 996 hijriyda (1587) vafot etgani aytiladi. Bu sana ayrim manbalarda va olimlarimiz tadqiqotlarida 994 hijriy (1585) yil shaklida ham berilgan.
“Nusxayi zeboiy Jahongir”ning Yusuf Qorabog‘iy haqidagi ma’lumotlari mazmuni esa quyidagicha:
“Furu’ va usul ilmlarini to‘la o‘zlashtirgan, ma’qul va manqul sohasini yuksak darajada egallagan mavlono Yusuf Qorabog‘iyning chiroyli zikri. Olimlar olimi bo‘lgan bu oxund mavlono Mirzojon Sheroziyning shogirdlaridandir. Ushbu kunlarda Buxoro shahrida ilm toliblariga darslar bermoqdalar. Hikmat ilmi va falsafa sohasida tengsiz hisoblanadilar. Mavlono Jaloliddin Davvoniyning “Sharhi aqoid” asariga yaxshi sharh bitganlar. Gohida she’r yozish bilan ham mashg‘ul bo‘ladilar. Turon hukmdori Imomqulixonning u kishiga zo‘r e’tiqodi bor. Ushbu 1034 hijriy (1625) yili Safidmun mahallasida xonaqoh qurdirganlar, yoz paytlari o‘sha yerda o‘zini qiyinchiliklar girdobiga tashlab, darvishona hayot kechirish bilan birga dars o‘qitish ishlari bilan ham shug‘ullanadilar. Kubraviya sulukida muridlik nisbati esa shayx Husayn Xorazmiyga (vafoti 1551 yil) ulanadi. Kamina Hindiston sari safarga otlanganimda (1626 yil. — I.B.) bir paytlari “Talvih” darsini birgalikda o‘zlashtirganimiz haqqi-hurmati uchun huzurlariga kirib o‘tdim. Eski do‘stlik ayyomlarimizni eslab, ko‘p gapirdilar va gap orasida hozir she’r yozishni tashlaganini uqtirib o‘tdilar. Oxunddan yoshlari nechadaligini so‘raganimda “Etmish oltiga kirdim”, dedilar. Hindistondan qaytgach, yana oxund Qorabog‘iy ziyoratiga bordim va o‘tirishda o‘z yoshlariga ishora qilingan ushbu bir baytni o‘qib berdilar, unda 77 yoshga kirganlari aytilgan edi”.
Bilamizki, Mutribiy Hindistondan 1627 yil yozida Buxoroga qaytgan. Demak, o‘sha yili 77 yoshda bo‘lgan faylasuf olim Ozarboyjonning Qorabog‘ida 1550 yili dunyoga kelgan. Mutribiyning yuqorida Mirzojon Sheroziy haqidagi ma’lumotida aks etganiga ko‘ra, Yusuf Qorabog‘iy mazkur ustozi bilan Buxoroda 1580 yildan vatan tutgan.
Endi Yusuf Qorabog‘iyning mangu oromgohi xususidagi fikrlarga kelsak, avvalambor, bu o‘rinda shayx Xalilulloh Badaxshoniy tarjimai holiga qaytish lozim bo‘ladi. Hasanxoja Nisoriy (1512 — 1596) shayx Xalilulloh haqida “Muzakkiri ahbob”da shunday ma’lumot beradi:
“Badaxshon viloyatidan, kubraviya silsilasi shayxi Husayn Xorazmiy xizmatida shogird va murid bo‘lgan. Badaxshon hokimi temuriy Shohrux Mirzo bin Ibrohim Mirzo bin Sulaymonshoh (vafoti 1588 yil) uning muridi bo‘lgan”.
Nisoriy Badaxshoniy bilan xat orqali mushoara qilganini aytsa-da, bu shayxning o‘sha 1565-yillari qayerda yashayotganini aniq ko‘rsatmaydi, ammo shayx nomini Buxoro shahridan tashqari yerlarda yashab, ijod qilayotgan shoirlar bobida keltiradi. “Nusxayi zeboiy Jahongir”dagi ma’lumotlar esa tubandagicha:
“Shayx Xalilulloh Badaxshon viloyatining Maydon degan joyidan, shuning uchun shayx Xalilulloh Maydoniy nisbasi bilan tanilgan. Buxoroning Safidmun mahallasida xonaqohi bor edi… Hazrat shayx Xalilulloh 1002 hijriy (1593-94) yili vafot etdilar va Safidmunda dafn qilinganlar”.
O‘zbek olimi M.Nuriddinov arab tilidagi “Ashhar ul-lug‘ot” asariga asoslanib, Yusuf Qorabog‘iy xoki 1102 hijriy (1690) yili Badaxshonga ko‘chirilib, ustozi Xalilulloh Badaxshoniyning o‘sha yerdagi mozori yoniga ko‘milgan, deydi. Biroq, mazkur yozma manba ma’lumoti bu ko‘rinishda shubhali tuyuladi. Chunki, yuqorida ko‘rganimizdek, Mutribiy yozishicha, shayx Xalilulloh Badaxshoniyning Safidmundagi qabri 1628-yillari, ya’ni vafotidan 35 yil so‘ng ham o‘z joyida bo‘lgan. “Ashhar ul-lug‘ot” ma’lumotining shubhali joyi shundaki, ushbu yerda, birinchidan, “shayx Xalilullohning xoki qachon Badaxshonga ko‘chirilgan” va, qolaversa, “nega endi asli ozarboyjonlik Yusuf Qorabog‘iy xokini ham vafotidan 43 yildan so‘ng aynan Badaxshonga ko‘chirish kerak bo‘lgan” mazmunidagi savol paydo bo‘ladi. Nazarimizda, bu yerda yozma manba muallifi qandaydir xatoga yo‘l qo‘ygan va modomiki “Ashhar ul-lug‘ot”da Yusuf Qorabog‘iy shayx Xalilulloh Badaxshoniy yoniga dafn etilgan, deyilar ekan, bizningcha, faylasuf olim ustozi yonida 1647 yili shu Safidmunda tuproqqa topshirilgan. Binobarin, ustoz ila shogirdga tabarruk Buxoro zamini mangu oromgoh bo‘lib qolmoqda.

Ismoil Bekjon,
filologiya fanlari nomzodi
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2004 yil 3-sonidan olindi.