Kamina (1770-1840)

Turkman mumtoz adabiyoti vakillaridan biri Muhammadvali “Kamina” (Kemine) taxallusli shoirning tug‘ilgan yili aniq ma’lum emas. U taxminan 1770 yillar atrofida Turkmanistonning hozirgi Saraqt tumanida kambag‘al oilasida dunyoga kelgan. Muhammadvali boshlang‘ich ma’lumotni o‘z qishloq maktabida olib, so‘ng Buxoro va Xiva madrasalarida tahsilini davom ettirgan. U turkman mumtoz adabiyotida asosan o‘tkir satirik shoir sifatida nom chiqarish bilan birga, o‘ynoqi, lirik she’rlar muallifi, ma’rifatparvar shoir hamdir.

G‘ARIBLIK

Kunda ming qayg‘u va yuz alam bilan,
Bori dardimdan ham badtar g‘ariblik.
Sarg‘ayib ming so‘ldim qayg‘u-g‘am bilan,
Kelar qiynab, qator-qator g‘ariblik.

Bu foniyning bezagi bor, xarji bor,
Yuragimda modda, jonda oji bor.
Va’dasiz o‘limga ne iloji bor?
Yildan-yilga jondan o‘tar g‘ariblik.

Emasam, ichmasam, kunim ham o‘tmas,
Yostanib yotmoqqa madorim yetmas,
Har kun ming haydasam, boy tomon ketmas,
Qo‘sh bosib, kulbamda yotar g‘ariblik.

Qaratibdir menga paykon-o‘qini,
Belin mahkam bog‘lab, qilar do‘qini,
Qo‘lga olib sopi bilan so‘qini*,
Charchash bilmay, boshdan urar g‘ariblik.

G‘am-g‘ussa yil-yildan jismimni yoqar,
Axir g‘ariblarga kim kulib boqar?
Yugursam, yetdirmas, kurashsam – yiqar,
Bahslashsam, bir zumda yutar g‘ariblik.

Sayr etmadim sahrolarda, cho‘llarda,
Kezolmadim yayrab go‘zal ellarda,
Bulbulman-u sayrolmadim gullarda,
Boshimga ming g‘azab qotar g‘ariblik.

Kamina der, kelar bir kun shum o‘lim,
Kimlarga – to‘y, kimlar uchun bu – zulm.
Dosh ber azoblarga, sabr ayla, ko‘nglim,
Kelibdir, lek bir kun o‘tar g‘ariblik.
_________________
*Sopi -so‘qi-(sheva), o‘g‘irdasta-keli.

Turkmanchadan Qurbon Muhammadrizo tarjimasi

ZULFING

Ajdarhodek yastanib, ganji nahona zulfing,
Mashhuri olam o‘lmish foniy jahona zulfing.
Ko‘rsatmadi gul yuzing, bog‘ Isfaxona zulfing,
Olamga anbar sochar, tekkanda shona, zulfing.
Naylayki, o‘t solibdir men notavona zulfing.

Hay-hay, sening yurishing arslonga, sherga o‘xshar,
Charos kabi ko‘zlaring jonim olarga o‘xshar.
Halqa-halqa zulflaring kamonga –dorga o‘xshar,
O‘rim-o‘rim sochlaring go‘yoki morga o‘xshar,
Har tori boshqa-boshqa, o‘t soldi jona zulfing.

Xo‘p ochilmish gullaring, gullardan o‘zga bo‘lsin,
So‘zla, shirin tillaring, tillardan o‘zga bo‘lsin.
Quchay nozik bellaring, bellardan o‘zga bo‘lsin,
Biz boshlagan ishimiz ellardan o‘zga bo‘lsin,
Oqizib ashki-qonim obi ravona zulfing.

Kel ketaylik, Kamina, sayli chaman istasang,
Lola rayhon ochilgan bir anjuman istasang,
La’li, gavharlar taqib, durri Yaman istasang,
Zulfing har toriga yuz ming tuman istasang,
Naqd berayin pulingni, bir-birdan sana zulfing.

SO‘ZIM BOR SANGA

Qora ko‘zli, qalam qoshli parizod,
Aytabilmam, bitta so‘zim bor sanga.
Ishqingda kuyib men ayladim faryod,
Ikki chashmim bir ko‘rmoqqa zor sanga!

Dilxastaman, zulflaringga bog‘lama,
Xanjar urib, yurak-bag‘rim dog‘lama.
Mehmoningman, eshigingdan quvlama,
Kerakmasmi nomus ila or sanga?

Dol gardandan tillo bezak taqmasang,
Ko‘zing suzib kamon qoshing qoqmasang,
Yuzming so‘zlar aytsam, beri boqmasang,
Nelar qilsam yoqar ekan yor sanga?

Kamina der, sendan istarman vafo,
Vafo istab kelsam, sen qilding jafo,
Ishqingda xastaman, aylagin shifo,
Shifo istab keldim, men bemor sanga.

Turkman tilidan Olim To‘rayev tarjimasi