Nizom Qosim (1958)

Nizom Qosim – 1958 yilda tug‘ilgan. Tojikiston davlat universitetining filologiya fakultetini bitirgan. Shoirning “She’r boshog‘i”, “Yulduz qoni”, “Beshikdagi oybola”, “Sado tog‘i” kabi she’riy kitoblari nashr etilgan. Tojikiston Yozuvchilar uyushmasi raisi.

ARMON

Men umrimni fido qildim, diyorim to javon bo‘lgay,
Kechibman nechalar jondan, ki joni to omon bo‘lgay.

Qachon, qaydin Vatan sori agar bodi xazon essa,
Bahorimni sipar qildim, Vatan to bexazon bo‘lgay.

Zaminimdan qurol – tiyru kamonni men uzoq qildim,
Samosida jilolangan mudom Tiyru kamon bo‘lgay.

Qasam ichdim suting haqqi onamga, ona xalqimga,
Saodatli yashash unga hamisha, har zamon bo‘lgay.

Ochiq dil ham ochiq chehramni olamga kushod ettim,
Ki, mulki mo‘jazim olam ko‘ziga polvon bo‘lgay.

Jahon minbarlari uzra tilimni sarbaland ettim,
Ki, xalqi xushzabonim ham jahonga hamzabon bo‘lgay.

Baso, xorlik chekib, ummid gulimni parvarish qildim,
Ki, xorlik ko‘rmayin gulgun diyorim gulfishon bo‘lgay.

Manga har bog‘ dilni gul qilurdan bir xabar aytur.
Manga har mazrai ko‘klam yashillikdan nishon bo‘lgay.

Vatan nonining urpog‘i ko‘zimga to‘tiyo bo‘lsin,
Dilim hamrozi bu yo‘lda manga piru javon bo‘lgay.

Etay toji sari dunyo diloro Tojikistonni,
Bu dunyo taxtu tojidan manga bu armon bo‘lgay.

VATAN QO‘ShIG‘I

Etishdi davri vahdating, ayo Vatan, ayo Vatan,
Muborak bu saodating, ayo Vatan, ayo Vatan!

Ne davlati yoshu qari, ne sodalik bu benazir,
Ziyoda bo‘lsin davlating, ayo Vatan, ayo Vatan!

Sharoraday sharr o‘tdiyu, boshingdan ofat o‘tdiyu,
Qoldi bu kun sharofating, ayo Vatan, ayo Vatan!

Vafosi yo‘q uzoqlashur, vafosi bor o‘rtoqlashur,
Jafokashim shu millatim, ayo Vatan, ayo Vatan!

Fidosidir bu boshimiz, jahoni baxt panohimiz,
Bu suvrating, bu siyrating, ayo Vatan, ayo Vatan!

Xitoblaring ham biz uchun, kitoblaring ham biz uchun,
Hakimimizdur hikmating, ayo Vatan, ayo Vatan!

Chu bexato bo‘lur sanga, zo‘r rahnamo bo‘lur sanga,
Nizomu, rasmu odating, ayo Vatan, ayo Vatan!

Guling bizu sen bog‘imiz, hamisha chog‘ dimog‘imiz,
Bog‘u chamanda nakhating, ayo Vatan, ayo Vatan!

Havolaring olsam nafas, davoyu narxi arzimas,
Tabobatu tabiating, ayo Vatan, ayo Vatan!

Eltar sani maqsad sari, bizning vafo yo‘l singari,
Vahdatdan toki qudrating, ayo Vatan, ayo Vatan!

Tojik tilidan Orif Hoji tarjimasi

MUQADDAS O‘LKAM

Benishon zamonlardan yetib kelgan nishonim,
Zulmatli zamonlardan o‘tib kelgan davronim.
Zamona achchig‘ini tortgan totli zabonim,
Jahon ichra erursan o‘zing tanho jahonim!

Ey saodatli yurtim, ey sen muqaddas o‘lkam,
Suving dilim safosi, tuprog‘ing jonga malham!

Davlatimiz lochini, yuksakda parvozing bor,
Qismatimiz bir erur, dilingda azming bisyor,
Tog‘ing ganjlar konidir, ruhing pand-hikmatga yor,
Buguning dilorodir, ertang dilimga mador!

Ey saodatli yurtim, ey sen muqaddas o‘lkam,
Suving dilim safosi, tuprog‘ing jonga malham!

Zamona ozodasi, ozodliging muborak,
Jonu dilim shodligi, dilshodliging muborak,
Taloshlaring shirindir, farhodliging muborak,
Kelajak bunyodkori, obodliging muborak!

Ey saodatli yurtim, ey sen muqaddas o‘lkam,
Suving dilim safosi, tuprog‘ing jonga malham!

GADO

…Tonggi noni oftobdir,
Shomgi noni mohtobdir.
Non qissasi esa yuzta kitob bo‘lajak.

TIRIKLIK

Yuzlab lug‘at kitobini varaqlab
Uning asl ma’nisin anglolmadim.
Yo rab, nedur tiriklik –
Rohmi?
Yo yo‘lma – yo‘l hasratu ohmi?

* * *

She’r aytaman, –
Ishqqa sig‘inib.

She’rim – ishqdir,
Ishqim – she’r.
Tongim – she’rdir,
Shomim – ishq.
Mehrim – ishq,
Mohim –ishq.
Tirikligim – She’ru Ishq.

Yaxshi bilaman:
Ishqim Ishq yodida qolajak!
Ammo She’rim – She’r yodida qoladimi?
Buni Xudo biladi…

TO‘RTLIK

Men har och kimsadan bir non qarzdorman,
Har bitta qushchadan  bir don qarzdorman.
Barchadan ozmi ko‘p qarzim bor, ammo,
Gulim, bilsang sendan bir jon qarzdorman!

* * *

Bir umr
Sendan avval
Qalaming yurardi.
Endi esa vaqt o‘tib
Tanho asong
Qalaming kabi
Sendan avval ravona bo‘lar.

JANGALDA

Tiriklik go‘zal jangal edi,
Biz undan tez o‘tib ketdik.
O‘tib ketdigu so‘ngra pushaymon bo‘ldik:
Koshki, daraxtlar singari
Umrbod ildiz otsaydik.

YaKUNIY QISSA

Men boshidan tushunib oldim:
Sodda ekan yakuniy qissa –
Etolmasman shomdan to sahar,
Yo sahardan shomga yetmasman.

Tojikchadan Hasanboy G‘oyib tarjimasi