Kamol Nasrullo (1950)

Tojikiston Xalq shoiri Kamol Nasrullo 1950 yilning 25 dekabr kuni Panjakent tumanida tug‘ilgan. 1971 yilda o‘rta maktabni tugatgach,  Dushanbe davlat pedagogika institutining Filologiya fakultetida tahsil olgan. Mehnat faoliyatini Tojik radiosida boshlagan, so‘ngra “Mash’al”, “Salom Sharq”, “Chashma” jurnallarida davom ettirgan. Bir muddat Tojikiston Yozuvchilar Uyushmasi raisi o‘rinbosari vazifasida xizmat qilgan.
“Shahtdlar nidosi”, “Ko‘ngil xiyoboni”, “Quyoshga xat” kabi she’riy to‘plamlar muallifi.
Tojikiston Lenin komsomoli va Ro‘dakiy nomidagi davlat mukofoti sohibi.

MILLAT G‘AZALI

Qattiq boshning sadosi bormu yo yo‘q?
Bu zaminning xudosi bormu yo yo‘q?

Dunyoda ne ki mavjud bor poyoni,
G‘amingning intihosi bormu yo yo‘q?

Hamma Beku Amiru Shohu Sulton
Bu yurtning gadosi bormu yo yo‘q?

Benavolig‘ jon-jonimizdan o‘tdi,
Dutoringning navosi bormu yo yo‘q?

Otildi sen tomon dunyo toshlari,
Biror toshning sadosi bormu yo yo‘q?

Ulug‘larning da’vosin qilgan elning
Vale biror peshvosi bormu yo yo‘q?

Barcha dardning davosi bor va lekin
Mahalbozlik davosi bormu yo yo‘q?

Har kim o‘zin «tojdor» atar, bir bosh yo‘q,
G‘ururning muttakosi bormu yo yo‘q?

Qayga ketdi yurtim fayzu ehsoning,
Pirlaringning duosi bormu yo yo‘q?

KEChIR ALLOH

Qo‘limda may tutib goho, kechir Alloh, kechir Alloh,
Ayladim sho‘rishu g‘avg‘o, kechir Alloh, kechir Alloh.

Goho achchiq, gohida sho‘r, goho mastman, goho maxmur,
Yurdim men besaru bepo, kechir Alloh, kechir Alloh.

Goho ustun kelib ko‘ngil, goho anglab, goho g‘ofil,
Bo‘ldim oshiq, bo‘ldim shaydo, kechir Alloh, kechir Alloh.

Muxabbat gar gunoh bo‘lsa, gunohim har nigoh bo‘lsa,
Erurman loiqi jazo, kechir Alloh, kechir Alloh.

Goho vijdon azobidan  yor sochidek to‘lg‘onurman,
Topmay bir yo‘l, topmayin joy, kechir Alloh, kechir Alloh.

Qaydam qadam ko‘ydim bejo, necha jonga berib ozor,
Menman asli bir nobino, kechir Alloh, kechir Alloh.

Imonim-la qolsam yolg‘iz, so‘z aytmoqqa tilim ojiz.
Menman sharmandayu rasvo, kechir Alloh, kechir Alloh.

Goh o‘zimga ziyon aylab, ayblarimni nihon aylab
Nobud qildim  dilimni, oh, kechir Alloh, kechir Alloh.

Agar bir bor holim so‘rsang, so‘nggi so‘zga izn bersang,
Javobim shul erur tanho: kechir Alloh, kechir Alloh.

Tojikchadan Hasanboy G‘oyib tarjimasi