Fyodor Tyutchev (1803-1873)

XIX asr rus she’riyatining yorqin vakillaridan biri. 1803 yilda tug‘ilgan. Moskva universitetining tilshunoslik bo‘limida tahsil olgan. Uning “Yoz oqshomi”, “Hissiyot”, “Bedorlik”, “Tushlar” lirik asarlari ma’lum.
Fyodor Ivanovich Tyutchevning ijodi XIX asr rus she’riyatining yorqin sahifasidir. Tyutchev insonning hissiyotlari, tabiat to‘g‘risida, Rossiya haqida yozgan. Uning she’rlarida lirik qahramon kuchli hissiyotlarga qodir, muloyim, samimiy inson sifatida namoyon bo‘ladi.
Fyodor Tyutchev 1873 yilda vafot etgan.

* * *

Kun issig‘i hali ketmagan,
Iyul tuni yaltirab turar.
Jozibasiz yer uzra osmon
Qabog‘ida chaqmoq – nayza bor,
Gumbiridan yer-ko‘k larzavor.

Go‘yo og‘ir kipriklar zo‘rg‘a
Ko‘tarilar balqib yer uzra
Va yugurik chaqmoqlar aro
Kimdir ta’qib etar tobora –
Balki, chorlar u mushtoq ko‘zlar…

OQQUSh

Mayli, burgut bulut ortida,
Parvozini chaqmoq qarshilar.
Sirli, ko‘rkam bulut qatida
Quyosh taftin olar yaxshilab.

Oqqushginam, sendan ko‘nglim to‘q,
Yog‘duli kun kabi hur oting:
Parvozingdan charog‘ondir ko‘k –
Inoyatdir qoqqan qanoting.

Qat-qat, cheksiz tubsizlik aro,
Balki, ajib tushlar ko‘rarsan.
Ardoqlaydi yulduzlar sara,
Qurshovdasan, ko‘kni yorarsan…

* * *

Ko‘k gumbazi bosh uzra sust taranib
Tuslanadi, ko‘z tikadi chaqchayib,
Tosh qotganday, yer jim bo‘lar o‘ranib,
Tabiat ham tin oladi, uxlaydi.

Horg‘in tortar, huv, uzoqda oq qayin,
Moh gulim – tosh gul, butada dang qolgan.
Misli xayol – tuman bosganu qoyim,
Hatto, sukunat dovdiratmas, tin olgan…

* * *

Ishonma, shoirga ishonma, qizcha,
O‘zimniki dema, hech qachon uni –
Olovlangan azob o‘tidan harchand
Qo‘rqqin, kuydiradi sevgisi seni.

Uni yuragingga o‘rgatolmaysan,
U sig‘mas qalbingga, ishq, amalingga.
Lovillagan o‘tni yopa olmassan,
Yoshlikdan o‘ragan shu ro‘moling-la.

Shoirning qudrati misli to‘rt unsur,
O‘zin boshqarmasa, xayol avjida.
Qo‘ng‘iroq sochlar ham etadi ta’sir,
Asli ko‘p xislati kiygan tojidan.

Bekorga maqtamas, boshga ko‘tarmas,
Huda-behudaga uni odamlar.
Yurakka ilonday, aslo, nish urmas,
Asal ari kabi so‘rar har damda.

Ilohiy izmingga u rioya qilar,
Qalbi kabi doim ochiqdir qo‘li.
Hayotda bo‘g‘ilar, goh hayo qilar,
Goh olib uchadi – ko‘k, falak yo‘li…

* * *

Odamlar ko‘z yoshi, taqdir ko‘z yoshi,
Tomchilaydi unsiz, tomchilar goho.
Sizib chiqar sassiz, tomchilar behad,
Yog‘ar yomg‘ir tori, yog‘ar sim-sim dard,
Jimib qolgan kuzga, tunlarga tanho…

* * *

Quyosh charaqlaydi, suv to‘lqinlanar,
Har yuzda tabassum, shirindir hayot.
Daraxtzor shivirlar, uzoq-yaqinlar –
Moviy havolarda cho‘milar bot-bot.

Daraxtlar kuylaydi, mavj urar suvlar,
Muhabbat shavqi-la to‘la to‘rt tomon,
Tabiat bag‘rida zavq surar gullar,
Hayot quchog‘ida to‘lqinlanar jon.

Sevgilim, g‘am chekma, kerakmas ortiq,
Seni xalos etar barcha dardingdan –
Birgina tabassum aylagil tortiq
Iztirob-la to‘lib-toshgan qalbingdan…

* * *

Boqurman – borursan bo‘g‘iq muhitda,
Tuyaman odiming, sezgi, so‘zlaring.
Visoldan quvonmas, balki ko‘zlaring –
Sevgilim, jonginam, meni ayb etma.

Qaragin, kun qanday oq-harir tuman,
Biroz yorishmoqda oy ham, ajabo!
Top-toza oynaday cho‘kadi tun ham,
Taratib rohatbaxsh xushbo‘y, qahrabo…

ASRIMIZ

Ro‘yolik yo‘q, kunlarni ruh qurshagan,
Inson umid qilar, tilar tarahhum.
Yog‘du izlar, o‘qdek titib tunlarni,
Hasrat kabi kezinar nur ham mahkum.

Oy, kun o‘tar jaholat changalida,
Chidab bo‘lmas g‘amga odam chidaydi.
Inqirozin sezar u shu holida,
E’tiqodsiz kunlar bir kun tugaydi.

So‘nggi tavba-tazarru bo‘lar dushvor,
Tinglarmi berk eshik, desang, so‘ng damda:
“Tangrim, qo‘yib yubor, to‘g‘ri, aybim bor,
Asrab qolgin, qutqar, axir, men – banda!”

* * *

Shu yumshoq va uzun o‘rin-hol,
Istaganim bo‘lsin qabrimda,
Almashmasa-da asr galma-gal
Yotardim jim mangu sabrim-la…

O‘Y VA TO‘LQIN

O‘y o‘yni yetaklar, to‘lqin to‘lqinni –
Borliqda ikki hol mutlaq farqlidir:
Yurak tordir… Dengiz tinmas qalqinib,
Yurak mahkum… Dengiz rostlar qaddini –
Toshmoq, qaytmoq ular azaliy haqqi.
Quruq sharpa – ojiz, buzmas ko‘k toqin…

* * *

Ayriliq ham bo‘lar purma’no,
Sevavergin har kun, manguga.
Sevgi – uyqu, o‘tar bir onda,
Sergaklik ham kerak insonga,
Yashasin u tushmas o‘ngida…

Rus tilidan Rauf Subhon tarjimasi

OQShOM

Olislardan qo‘ng‘iroq sasi,
Vodiy uzra yoyilar sokin.
Turnalarning qureyi kabi,
Olar barglar shovqinida tin.

Xuddi dengiz toshqinlaridek
Yorishsa-da, kun chayqalar na.
Churq etmayin, lom-mim demay, lek
Vodiy uzra yotar ko‘lanka.

* * *

Vodiy uzra yarqirar qorlar,
Eruvchanlik kunlarida,o.
Barra o‘tlar barq urib, chorlab,,
G‘oyib bo‘lar yalanglik aro.

Qorli tog‘ning cho‘qqisidami?,
Qor yorishdi uzoq on biroq.
Titilarkan shafaq o‘rami,
Atirgullar tutadi –quvnoq.

* * *

Yalanglikdan ko‘tarildi sor,
Parvoz qildi yuksakda nahor.
Qanotlari samoga tegib,
Ketdi ufq ortiga singib.

Ehson etgan unga tabiat,
Ikki qanot, sabot va qudrat.
Er shohiman, yerlikman hargiz,
Bog‘langanman zaminga ipsiz!

* * *

Qanday ajib yovvoyi dara!
Tezob oqar qarshimda buloq –
Soylikdagi manzilga qarab…
Huv cho‘qqiga intilgum bu choq.

Cho‘qqigaku chiqdim amallab,
Yurak quvonch zavqiga oshno.
Vodiy, soylik, buloq barin zab,
Sinab ko‘r-chi, sabrda tanho!

* * *

Soy suviga ma’yus egasan,
Titrayotgan tolning uchini.
Yo qiliga atay tegasan,
Yaproqlarin o‘ynab nega san?
Sinaysanmi girdob kuchini?

Gar qiynalib, gar titrasa-da,
Soy suvida chayqalar har barg,
Oqim qochar shaloplab asta,
Quyosh tutib zarrin guldasta,
Ustingdan jim kulgay urib charx…

* * *

Kunning tafti sovimasidan,
Chodir yoydi iyul kechasi.
Er ko‘rpasi qavilmasidan,
Va chaqmoqning o‘t-shu’lasidan,
Qaldiradi samo nafasi.

Xuddi og‘ir kipriklarsimon,
Ko‘tarildi zamindan har ne.
Olis shu’la ortidan bu on,
Goh-goh chaqnab termildi giryon,
Kimningdir dag‘-dag‘ali ko‘zi.

* * *

Qara, mag‘rib qanday cho‘g‘langan,
Kechki shafaq nurlaridan – ol.
Mashriq zulmat ichra chulg‘angan,
Qat-qat sovuq ko‘kargan, alhol!

O‘rtasida bormi yo nizo?
Yo quyoshga ular teng emas.
Muqim muhit havosining yo,
Tuzog‘ida qolganmi, abas?

* * *

Turibman boz Neva ustida,
Xuddi o‘tmish yillaridek xo‘b.
Go‘yo jonli, zavq tuygum juda,
Mudrayotgan suvlarga boqib.

Hech uchqun yo‘q ko‘k qarog‘ida,
Ne bor– tingan va xira tortar.
Neva bo‘ylab xayol dog‘ida,
Oyning nuri sharillab oqar.

Tushga kirdi buning barchasi,
O‘ngimda ham ko‘ryapman ayo.
Anov oyda nima bor asli,
Sen-la o‘tkir nazar soldik yo?

* * *

Nurafshon kun qizig‘ida, o,
Yashiringan osmonda bulut.
Uchqun sochib oqadi daryo,
Po‘lat zirhli ko‘zgudek jimit.

Lahza sayin qo‘rlanar kun-da,
Soya o‘zin urar o‘rmonga
Oqaringan dala-la birga,
Asal bo‘yin sochib har yonga.

Ajoyib kun! O‘tadi asr –
Mangu tartib – nur chizig‘ida.
Daryo oqar, hamda tovlanur,
Nafas olib kun qizig‘ida.

TOG‘LARDA TONG

Ko‘m-ko‘k osmon tabassum qilar,
Tungi jala yuvgan xush ko‘rkam
Shudring tushgan tog‘ o‘rtasida,
Vodiy uzra nur taram- taram.

Faqat tog‘lar cho‘ng yonbag‘rin tik
Tuman qoplab olgan –ko‘kimtir.
Xuddi havo xarobasidek,
Afsun bilan yaralgan qasr.

ChOShGOH

Nafas olar choshgoh erinchoqlik-la,
Erinchoqlik ila oqar daryo ham.
Yolqinli, musaffo ko‘k gumbazida,
Bulut yashirinar erinib shul dam.

Va bor tabiatni, xuddi tumandek
Mudroq bosgan javzo bag‘riga quchar.
O‘zim esa endi buyuk Pan*man, lek
Nifma** g‘orlarida osuda mudrar.
______________
Pan* – qadimgi grek mifologiyasida ma’bud Hermesning o‘g‘li
Nimfa** – yunon mifologiyasida tabiat kuchlarining ayol obrazidagi ilohasi.

* * *

Sochiluvchan qum tizza bo‘yi…
Borayapmiz kechikib, shoshib.
Qarag‘aylar, yo‘l bo‘ylab suyib,
Soyalar-la ketgan birlashib.

Qarag‘ayzor bag‘ri qorayar,
O, naqadar qayg‘uli diyor!
Badqovoq tun maxluqdek boqar,
Har bir buta tupidan hushyor!

BAHOR SUVLARI

Dalalarda hali erir qor,
Shovqin solar bahor-la suvlar.
Qirg‘oqlarni aylab-da bedor,
Yuguraru porlar, guvillar.

Chor tarafga xabar bergay tez,
“Bahor kelayapti, sho‘x, quvnoq!
Yosh bahorning choparlarimiz,
Jo‘natishdi bizni oldinroq!”

Bahor kelayapti, sho‘x bahor!
Sokin, qaynoq may kunlari shod.
To‘planishib, kuylashib alyor,
Ham raqs tushar biz bilan ozod.

BAHORGI TASKIN

Evoh, meni qo‘ymangiz,
Rutubatli tufroqqa.
O‘rab-da bekiting tez,
Quyuq-qalin o‘tloqqa!

Harir sabo nafasi,
O‘tlarni har yon to‘zar.
Olisda nayning sasi,
Ham oq bulut galasi,
Boshim uzra hur suzar!.

* * *

Suv ustiga egyapsan nechun,
Shoxlaringni uchini-da, tol.
Barglaring ham titraydi betin,
Yuho og‘zing bilan ul qochqin
Suv oqimin tutasanmi yo?

Titrasa ham, azoblansa ham,
Suv ustida barglaring o‘ynar
Oqim qochar shaloplab xurram,
Erkalanib quyoshda biram,
Boshing uzra tabassum qilar.

* * *

Bumi qashshoq qishloqlar – tilka,
Bu kamhosil yupun tabiat –
Uzoq bardosh berar bu o‘lka,
Rus xalqining yurtisan faqat!

Ushlay olmas va ko‘ra olmas,
Yot kishining mag‘rur nigohi.
Yashirin nur sochar har nafas,
Muztarliging, qulliging gohi.

Ha boshingda aylanib chiqar,
Borlig‘ingcha xush ko‘rib o‘lkam.
Oq fotiha berib muqarrar,
Yupun quldek samo Shohi ham.

* * *

Sharq oqardi. Sirg‘andi qayiq,
Elkan quvnoq sadolandi tez.
Ag‘darilgan samodek yoyiq
Ostimizda titradi dengiz.

Sharq qizardi. Peshonasidan
Yopinchig‘in ko‘tarib – shohi.
Toatda tin olishi bilan
Charaqladi osmon nigohi.

Sharq qizishdi. So‘ng egildi jim,
Qoyilmaqom eshildi bo‘yni.
Bolakayning yuziday tilsim,
Lov-lov yondi ufqning qo‘yni.

OQQUSh

Mayli, burgut bulutlar uzra
Parvoz qilib chaqmoqqa insin.
Va tosh qotgan ko‘zlari ila
Singdirolsin quyoshning nurin.

Taqdiri yo‘q havas qilgulik,
O oqqush, sen soflikda tanho!
Pokizasan, savqi tabiiylik
Ma’budlikni in’om etgan yo.

Ikki jarlik orasida, ha,
Ziyrak uyqung ardoqlanar – shan.
Sharaf topding yulduzlar ichra,
Chulg‘ab olgan seni har yoqdan.

HISSIYoT

Allamahal chog‘ tunda tingach olam nafasi,
Mo‘jizalar ro‘y berar lahzalar ichra keskin.
Fazoning jonli ikki g‘ildirakli aravasi,
Huv samo dargohida g‘ildirab yurar erkin.

Tun quyuqlashar shunda suvlardagi xaos*dek,
Behushlik quruqlikni Atlas**dek olar bosib.
Bokira qalbga hokim Muza***lar faqat, valek
Dohiyoona bezovta qilar uyqu xudosi!
____________
Xaos* – 1.yunon mifologiyasida tuman va qorong‘ulik bilan to‘lgan tagi yo‘q ochiqlik. 2. Tartibsizlik, chalkashlik.
Atlas** – yunon mifologiyasida kuch-qudrat ilohasi.
Muza*** – yunon mifologiyasida adabiyot, san’at va fan ilohasi.

* * *

Xuddi yechilmagan jumboqdek so‘zsiz,
Unda namoyondir jo‘shqin joziba.
Ko‘zidagi yuvosh qarashiga biz
Hayajon-la nazar soldik ba’zida.

Undagi dilbarlik yernikimikin,
Samoviy xudoning marhamati yo?
Haddan sevganidan qalb oshiqar chin,
Ko‘ngil sog‘inishni ko‘radi avlo…

DENGIZ TULPORI

O shiddatkor dengiz tulpori,
Och yashilrang yolli arg‘umoq.
Goh beozor, gohi erka-yu,
G‘azabi ham biram sho‘x, quvnoq.

Xudoning keng maydonida, ha,
Asov oqim bilan o‘sgansan.
Irg‘imoqqa o‘rgatgan rosa,
Erku xohish ila yuzgansan.

Mag‘rurlikning kuchidan yelday
Uchishingni suyaman har dam.
Quyuq yoling hurpaytirib-da,
Terlab-pishib hansirashing ham.

Yo‘l olgancha shiddatda tengsiz,
Quvnoq kishnab yelday yelyapsan.
Va sohilda qoldirgancha iz,
Har zarrada uchmoqdasan – shan!..

* * *

Qara, qanday yashil daraxtzor,
Nur yog‘dirar lovullab oftob.
Har novdadan samoviy ifor
Va ufirar farog‘at shu tob.

Chashma suvin ichgan daraxtlar,
Erga chuqur otgandir ildiz.
Yaproqlari changlarni yelpar,
Shivirlab-da zulmatda tilsiz.

Daraxtlarning uchlari choshgoh
Otashidan tovlanadi shan.
Faqat burgut qichqirig‘i goh,
Bizga yetib kelar samodan.

Rus tilidan O‘roz Haydar tarjimasi