Bahodir Ahmedov (1967)

Bahodir Ahmedov – 1967 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Moskva Davlat universitetining fizika fakultetini tamomlagan, fizika fanlari nomzodi. Shoirning rus tilida “Shar sukunati” kitobi nashrdan chiqqan. She’rlari “Mo‘jaz ipak yo‘li”, “ARK 3”, “Malыy щyolkovыy put”, (Tashkent, 2007), “Anor – Granat” (Moskva, 2008), “Annotirovannыy Katalog” (Erevan, 2009) jamoa to‘plamlarida chop etilgan. Bir necha yil Buyuk Britaniyada yashab ijod etgan. A.S.Pushkin nomidagi Xalqaro mukofot sovrindori.

HAYoT QOIDALARIDAN

Kimsasizlikni asrang,
Vaqt ortidan yurmang ergashib.
Abadiyat-la diydorlashsin siz kechgan hayot.
O‘tmish qa’ridan kelayotib,
qoldira ko‘rmang qaqir-ququringizni.
Kitoblaringizni iztirob qopiga joylang.
Nazokatni avaylang – asqotadi keksaygan mahal.
Unutmang faqat,
istalgan kuni
safar qilishingiz mumkin
o‘zga makonga.

* * *

Tilsizligim – daraxtlar gungligi, kuygan chaqmoqlar…
Borligim rang-barang, shishadagi suvratlar kabi…
Toliqdi mendagi dunyo, yo‘lin yo‘qotgan ziyoratchiday…
Jon berar so‘zlarim dunyoga kelmay…
Shamolga so‘z qotdim – qo‘llarimning bo‘shang imosi,
Odamlarga qolar meni tinglamaslik imkoni…

* * *

Yomg‘irlar-la do‘stlashdi fevral
O‘rganyapman tomchilar tilin.
Ezgin shahar to‘ldirib borar
Qarorgohi yo‘q odamlarning.
Ma’nolarning uzuq iplari.
Yashasaydim to ko‘klamgacha!
Tushlar xarid qilish haqdagi
E’lonlarni yuvadi jala.
Artar uvoq so‘zlar bo‘yog‘in
Ochiladi kulrang ohanglar.
Unda mitti haqiqat mo‘l-ko‘l,
Yo‘qdir faqat bizlarning ranglar.
Qo‘llarini uzatar fevral,
Bir mehr axtargan gadoday.
Hayot yana o‘z chizig‘ida,
Qololmasman uning chetida.

* * *

To‘qib oldim mungli quvonchni
Sukunatga do‘nar kunlarim.
Engashadi oynada umid,
Kuzatgancha xazonlar raqsin.

O‘zimga men hayot to‘qidim,
Ochiq yakun qolmadi unda.
Tomoshaga chog‘lanib yomg‘ir,
Muz oynani chertadi tunda.

Balki yig‘lar, jilmayar balki…
Bo‘shliq tomon uchadi birday.
Samolarga qo‘l silkir shoir
Jon beryotgan yozgi yomg‘irday.

* * *

Hayot – mazmun bazmi,
Chopayotgan niqoblar bir-biri bilan
Quvlab ketayotgan bo‘shliqni
hamda vaqtning burama simi.
Bu oqshom
sovuq hamda yot niqoblardan
har kim izlar o‘z qiyofasin.
Hayqishar, bayram oxirlashidan
musiqaning uzilishidan,
bo‘g‘iq sukunat qa’riga
yo‘l olgan
Ko‘z yumayotgan qayiq
misoli…

* * *

Olam qorli. Cheti, oxiri
ko‘rinmaydi, yalt-yult oqliklar.
Ochiq kitobida dunyoning
Brayl harfi kabi turibdi uylar.

* * *

“Nazokat”li shamol rom etar.
“Qayg‘u” degan osmon qo‘limda.
Nafis quyosh qirg‘og‘in o‘pib,
Charaqlaydi kunlar yo‘limda.
Uchsam, hadsiz-hududsiz parvoz…
Sukutimning tushmas qa’riga.
Jisming qanday sochishini nur
Ko‘rsam, tuni oyna oldida.

Isming xushdir, shirin chayqalgan
Tillolarning uyumi kabi.
Tabassumli so‘zlaringdan so‘ng,
Kirib kelgan sukuting mayin.

Sening uchun bo‘lgim keladi,
Hovuchingda samo dil silkir.
Uni qachon yuzimga bossam,
Kun tubiga ko‘z yoshlar qular.

* * *

Tunda tashrif buyur, bilasan,
Gul jimligi sochgan chiroyni.
Changli yo‘llar kesishuvida
Bo‘m-bo‘sh g‘urur, chayqalgan – oyni.
Kelgin, anglay olarsan balki,
Yo‘lim tushmas qorli izlarga.
Jimjitliklar yana jamlanar,
Tilim bog‘liq, yetmas so‘zlarga.
Tashrifing-la quvontir, tunda,
Sukutingdan taralgan sasday.
Yillar o‘tgan sari tiniqqan
Olisdagi ovozlaringday.

* * *

Mening she’riyatim – sukunat
Ozodligim – xomaki yozuv.
Derzamni chertar iztirob
Bo‘g‘izimda qichqiriq – suluv.
Ortimdadir aldamchi hislar
So‘zlar kirmas ma’no tiliga.
Yorug‘lik va soya suvratin
Chizayapman Somon yo‘liga.

* * *

Qumlarni bezardi suvrat bilan u,
Ellarga baxsh etib shaffof bir olam.
Tilga kirgan sog‘inch odimlarida
Sirli baliq yodi taralar mudom.

Asrlarga o‘tish yo‘lin ilg‘ardi,
Samo bo‘lishmasdi tong va oqshomni.
Elkasiga olib mag‘rib shamolin,
Bulutlarga safar qildi bir kuni.
Suvratlar porlaydi qum dengizida,
Kattayu kichikni sim-sim chaqirib.
Sabolar ertagi uzundan-uzun
Sirli dunyolarning ko‘nglin to‘ldirib.

O‘sha musavvira so‘qir va g‘arib…
Dengiz shivirlarin tinglab yodida.
Oqqushlar axtarar nigohi yonib,
G‘amning izlari bor qanotlarida.

* * *

Tongda yetishmasdi havo rangli tosh.
Namozshomda taqchil ko‘k-moviy tuslar.
Nastarin rangini kunduz topmadim.
Tunda to‘lib-toshar qirmizi-olov.
Faqat o‘xshashi yo‘q daqiqalarda
har bir rang
yurakka yarasha edi.
Shunda
uvalangan muvozanatga
oppoq sukunatning lahzalari
deya nom qo‘ydik.
Yon-verida turar edi Baxt
hadisini oldi yurakka
oyoq uchida kirib borishning…

Rus tilidan Go‘zal Begim tarjimasi