Sarvinoz Musatdinova (1989)

Sarvinoz Musatdinova 1989 yili Shumanay tumanida tug‘ilgan. Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida tahsil olgan. Yosh ijodkorlarning “Iste’dod maktabi” respublika seminari ishtirokchisi. “Karvon yo‘llari” she’rlar to‘plami muallifi.

MEHMONDO‘ST QORAQALPOQ

Yaratgan qadriyat, durdonalarni,
Oq ko‘ngil, mehmondo‘st qoraqalpog‘im.
Onamdan qadimgi afsonalarni
Tinglab ulg‘ayganman bolalik chog‘im.

Elimda otadek ulug‘dir mehmon,
O‘chmagan bobolar yoqqan ilk o‘choq.
To‘yda qo‘sha-qo‘sha osilar qozon,
Jon deb mehmon kutar ovul, changaroq.

Derlar ocharchilik yili bir pari
Mehmon bo‘lib elni sinagan ekan.
Odamga aylanib nochor va qari,
Oqshom bir o‘tovda tunagan ekan.

Bir kaftgina guruch qolgan, qo‘noqqa
Serfarzand mezbonning boru yo‘g‘i shul.
Shavla qilib suzganda bir tovoqqa,
Dasturxonga cho‘ziladi necha qo‘l.

Uy egasi uyalganidan shoshib,
Qorong‘ida turtib yuborgan shamni.
Bolalarin qo‘lin tovoqdan to‘sib,
– Oling, – degan, – oling, mehmon, taomni.

Mezbonning haqiga aylabdi duo,
To‘yib olib issiq shavlaga mehmon.
Qoraqalpoqlardan bo‘libdi rizo,
Mehmondo‘stligiga qolibdi hayron.

Xalqim, mardligingga sira shubha yo‘q,
Boysan, qo‘li ochiq, saxiyliging rost.
Qoraqalpoq – mehmondo‘st, degan dovruq
O‘sha musofirdan qolgan bir meros.

Qoraqalpoq tilidan Rustam Musurmon tarjimasi