Qurbonboy Qoldiboyev (1938-1984)

Qurbonboy Qoldiboyev (Kurbanbay Kaldыbayev) 1938 yil 20 martda Qirg‘izistonning O‘zgan tumanida tug‘ilgan. Qirg‘iz milliy universitetining filologiya fakultetini tamomlagan (1967). O‘sh pedagogika institutida o‘qituvchi, O‘sh viloyati teleradio qo‘mitasida muharrir bo‘lib ishlagan.

“Tuugan jerim-tuu kazыgыm” (1973), “Kol tabы” (1982), “Sapar tүyshүgү” (2005) kitoblari chop etilgan.

KO‘PKARI

Uloq avjda, yosh yigit ham davrada,
Onajoni tomoshada – yig‘inda.
Tulporiga qamchi urib, qichaydi,
Otni ortga qaytarmoqlik qiyin-da.

Talato‘pdan ko‘zin uzmas onasi.
Talpinadi uning kuluk, qashqasi.
Ko‘kka o‘rlar ko‘pkarining qiy-chuvi,
Ko‘rinmaydi bir o‘g‘lidan boshqasi.

Uloq oshmay qoldi attang o‘g‘longa,
Taomilni – shartni hech kim buzolmas.
Kampir esa olazarak, andarmon,
Olishuvdan nigohini uzolmas.

Bir yig‘inda darhol hukum chiqarish,
To‘g‘ri bo‘lmas, Sizga aytsam ro‘yi-rost.
El bilmagan, to‘g‘atmagan yigitdan,
Erta-indin chiqar mashhur chavandoz.

* * *

Cho‘ng bozorda menga loyiq buyum yo‘q,
Bosh sababi, cho‘ntagimda tiyin yo‘q,
Tushga qadar o‘tiraman she’r yozib,
Tushdan keyin, mendan o‘tgan qiyin* yo‘q.

O‘sh shahrida og‘alar bor, inim bor,
Ular bari mening uchun barobar.
Men ularga she’rlar o‘qib beraman,
Ular to‘lab turishadi gonorar.

Yon daftarim, yozuvlarim dilimda,
Nima bo‘pti she’r, o‘qisam elimga.
Ular meni olib borar yetaklab,
Uylaymiz deb «Vermut»* degan kelinga.

Vermut axir o‘n sakkizga chiqmagan,
Yomon so‘zlab, oyog‘imdan yiqmagan.
Etak-barim biroz tegib ketsa ham,
Zulfiyamday loyga meni tiqmagan.
___________
* Qiyin – dono.
* Vermut – sharobning bir turi.

* * *

Hayotingga asos bo‘lgan,
Mehnat degan bashat* bor.
Niyatni xolis qilib,
Emin-erkin yashab qol.

Mansab emas kun sayin,
Maqsadingga yetkirgan,
Qo‘lda bo‘lsa, berib tur,
Qarz olmagin hech kimdan.

Quvnoq yasha hamisha,
Sababi, sen erkin qush.
Diling bo‘lsa pokiza,
Ko‘rmagaysan yomon tush.

Halol mehnat qilganlar,
Toliqtirgan ish demas.
Demak, do‘stim hech kimsa,
Mushugingni «pisht» demas.

To‘qson to‘qqiz qayg‘uga,
Dosh berasan tog‘dayin,
Huzuringda xotinlar,
Erib ketar yog‘dayin…
_________
* Bashat – buloq.

Qirg‘iz tilidan Tursunboy Adashboyev tarjimalari