Oltinbek Ismoilov (1982)

Oltinbek Ismoilov (Altыnbek Ismailov) 1982 yil 1 yanvarda Qirg‘izistonning O‘zgan tumani Ko‘lduk ovulida tug‘ilgan. Bishkekdagi Qirg‘iz-Turk Manas universitetining turkologiya fakultetini bitirgan (2005). Qirg‘iziston yozuvchilar uyushmasi a’zosi (2006). Yevrosiyo yozuvchilar uyushmasining Qirg‘izistondagi vakili (2007). Joldoshbay Abdыkalыkov nomidagi Qirg‘iziston adabiy mukofotining laureati (2008).

Ilk she’riy to‘plami “Tosh ko‘zgu” nomi bilan 2008 yili chop etilgan. She’rlari rus va turk tillariga tarjima qilingan. Jaloliddin Rumiy va Yunus Emro she’rlarini qirg‘izchaga tarjima qilgan.

UYG‘ONINGLAR!

Qiyqirib
Bugun yana,
Uxlagan
Qirg‘izimga.
Qiyqirdim
Yangi sasim,
Uqmagan
Qirg‘izimga:

Turinglar,
Uyg‘oninglar!
Abjag‘i
Chiqib yotgan
Turmushni
Tuzatishni
O‘ylanglar,
O‘ylanglar!

Etar, bas
Shuncha yillar,
Quchoqlab
Xom xayolni
Yotgan payting.
Etar, bas
Shuncha yillar,
O‘zingni
O‘ksiz qilib
Boqqan payting.
Etar, bas
Shuncha yillar,
Suyaging
O‘tga qalab
Yoqqan payting!

Bayonlab
Boshdan oyoq
Aytib turgan,
Qancha yil
Qattiq azob
Chekkaningni!
Oldingi
Kuch-quvvating
Qaytib turgan
Ech irg‘it
Ustingdagi
Choponingni!
Ont ichib
Oylab-yillab
Kutganing
Ozodlikka
Etmadingmi!

Qaragin,
Qalpog‘ing ham
G‘alvirday
Teshilganin.
Qaragin
Soqoling ham
Olishga
Vaqting bo‘lmay
Eshilganin.
Qaragin
Qanday aytay,
Qashshoqlikdan
Quvvating
Kesilganin?!

Tur endi
Foydasi yo‘q,
Qo‘riqlab
Xurraklarni
Xush tortmagin!
Tur endi
Hiylasi yo‘q,
O‘zgaga
O‘z yukingni
Hech ortmagin!

Olamiz
Eringni
Bo‘lib-yorib
Talagandan,
Elingni
Jarga taqab
Qamagandan,
Shuginamas,
Aqcha uchun
“Orqangni”
Yalagandan
Ayamay
Tashlab butun!
Orsizlar
“Ayrib solgan”
Vijdoningni
Oz-ozdan
Orqasi yo‘q
“Yamab” butun!

Unutding
QIRG‘IZ degan
Avvalgi
Otingni sen!
Unutding
QIRG‘IZ degan
Hozirgi
Zotingni sen!
Ishlat-chi
Aylanayin
Bahaybat
Boshingdagi
Aqlingni sen!

Yalqovlik
Yanchsa yana
Qora boshing,
To‘xtalmay
Torqilaysan
Qorong‘i
Savodsizlik
Aravasin!
Ammoki
Qiziq savol
O‘lkangni
Ko‘targanga
O‘zingning o‘zakdagi
Bug‘doying
Qanday qilib
Yaramasin!

Qulog‘in
Ochib yurib
Uqmaganlar,
Kunduzi
Bosib yurib
Uxlaganlar,
Qiyqirib,
Yana-yana
Uyg‘oninglar,
Ko‘zlaring
Ochib yurib
Uxlaganlar.

Turinglar,
Uyg‘oninglar!
Abjag‘i
Chiqib yotgan
Turmushni
Tuzatishni
O‘ylanglar,
Uyg‘oninglar!
Uyg‘oninglar!!

2003

TOSh KO‘ZGU

Qanoti
Singan qushday
Hovliqib,
Qayg‘uning
qayig‘ida
Chaypalaman.
Ko‘zgudan
Qarab olib
Kir yuzimga,
Ishonmay
Yana-yana
Chayqalaman!

Qaragin,
Tosh ko‘zguni,
Qiynalgan
Qirg‘iz yurar.
Hov o‘sha
Qirg‘izlarni
Mazax qilib
“Yiltillab”
Yulduz yurar!
Bir so‘zni
O‘n so‘z qilib
Tug‘dirishgan,
Yomonlab
Yaxshilarni
Yoziqsiz
Qochirishgan,
G‘iybatchi
Kampir, chollar
Mushtumzo‘r
Sayoq bollar
Yana ham
“Iljaygancha”
Bir qiz yurar!

Et emas,
Non olguday
Oyligi yo‘q.
Ikki kun
Jon boqquday
Moy, uni yo‘q
Bozorda
Paypoq sotgan
Xotinlarday,
Ikki bayt
She’rdan boshqa
Boyligi yo‘q
Yozuvchi,
Oqinlardan
Mingta bo‘lsa
Bardam turgan
Engiltaklar
Yana yurar!
Qo‘y so‘yib
Hashamatga
Belangan,
Basavlat
Xo‘jayinning
Ko‘zin qarab
Parvona
Kapalakday
Aylanishib
Munofiqlar
Yana yurar!

Onasin –
Tilin sotgan,
Egasin
Dilin sotgan,
Azaldan
Kelib yotgan
Tillaga
Dinin sotgan
Iymonsiz
Yoshlar yurar!
Berilib
Chet o‘lkaga
Ongi zang
Bosib qolgan
Berilib
Butilkaga
Aroqxo‘r,
Bangi bo‘lgan
Yaramas
Mastlar yurar!

Kanaday
Tosh ko‘zgudan
Ko‘rinar
Ko‘z oldimda,
Qisqasi
Bari yurar,
Bari yurar…

Tozalab
Tosh ko‘zguni,
Tekislab
Surtib turay.
Ko‘pirgan
Sovun bilan
Oynalarin
Ko‘kargan
Ko‘kragiga
Surtib turay.
Ammoki,
O‘zgarish yo‘q!
Tupurib
Turmushimga,
Ayamay
Turtib turay!..

Qanoti
Singan qushday
Hovliqib,
Qayg‘uning
qayig‘ida
Chaypalaman.
Ko‘zgudan
Qarab olib
Kir yuzimga,
Ishonmay
Yana-yana
Chayqalaman!

2002

Qirg‘izchadan Davronbek Tojialiyev tarjimasi