Anatoy O‘murqonov (1945)

Anatoy O‘murqonov (Anatay Өmүrkanov) 1945 yili Talas viloyatining Manas tumanida tug‘ilgan. 1966 yili Qirg‘iz davlat universitetining filologiya fakultetini tamomlagan. 1971 yildan «Sovettik Kыrgыzstan» gazetasida muxbir, bo‘lim boshlig‘i, 1986 yildan «Kыrgыzstan» nashriyotida bo‘lim boshlig‘i, 1988–2000-yillarda «Adabiyat» nashriyoti bosh muharriri bo‘lgan.

Anatoy O‘murqonovning ilk she’riy to‘plami 1973 yili “Toza tuyg‘u” («Mөltүr sezim») nomi bilan nashr etilgan. 15 dan ortiq kitoblari chop etilgan.

OTAM VASIYaTLARI

“Umr qisqa, yo‘q, uzun,
Zarur buni bilishing;
O‘qish bilan cheklanmay
Men kutganday bo‘lishing.

O‘ra-o‘ra donim yo‘q,
Qo‘ra-qo‘ra molim yo‘q.
Bobolardan qolgan so‘z
Asl meros — bolam, o‘q.

Ota deya siylasang
Ikki qilma so‘zimni.
Peshonada ne — ko‘rib
Yumguningcha ko‘zingni.

Bolalaring o‘rgansin
Qo‘shiq, g‘azal, navoni.
Toza saqla avlodga
Eru osmon, havoni…”

“Bu dala, tog‘u suv
Hammaga teng bo‘lur.
Duoni ko‘p olsang,
Ishlaring o‘ng bo‘lur.

Odamzot naslidir
Jonzotning sarvari.
Qadrlay olmasang
Bekordir bari, bekordir, bari.

“Bu hayot oq, qora,
O‘kinchsiz yashab ko‘r.
Bu yorug‘ jahonga
Kelishing o‘zi zo‘r.

Toledir yaratib,
Umrdan tot olsang.
Undan ham zo‘r baxtdir
Chin inson atalsang!”

“Yovlarga toptatma
Eringni, uyingni.
Depsatib qo‘ymagil
Boshdagi kiyimni…

Chopag‘on qilich bo‘l,
Miltiq bo‘l yurtingda.
O‘lsang o‘l, sog‘ qolsin
El-yurting ortingda…”

“Topilar do‘st, jo‘ra,
Bola ham ko‘pmi-oz.
Topilmas ota-ona,
Og‘a-ini topilmas.

Ularni hurmatla,
O‘tganda yig‘lab qol.
Ularning borida
Umringga quvvat ol…”

“Chin do‘st top va uni
Hurmat qil, ulug‘ bil.
Birgina dunyongmas,
Joningni sadqa qil.

Zarur deb turganda
Sen bo‘lib do‘stu er —
Bolangga topmagan
Narsani topib ber!”

“Yana bir xislat bor-
Umrda eng a’lo”.
Odamzot sevilish,
Sevishga mubtalo!

Sen yoshlik qo‘ridan
Yarat ishq bog‘ini.
Yashagin yoringni
E’zozlab, sog‘inib!”

“Biz bani odammiz —
Ro‘y berar ne-ne hol.
Sen faqat yaxshilik,
Savob ish qila ol!”

“Gar Oyga qo‘l yetgay,
Boyliging maqtanma.
Foydasiz — yostig‘ing
Vujuding yoqqanda…

Bosh ko‘kka yetsa ham,
O‘zgani dema past.
U dunyo va ajal
Mansabing so‘ramas…”

YaXShILAR

Olim A. Oltmishovga

Yomon bilan bol totguncha,
Yaxshi bilan zahar ich.
Yaxshilarning sharofati
Zaharni qilgay bekuch.

Yomon bilan yil o‘tkazmay,
Yaxshi bilan bir dam bo‘l:
U umringga yetadigan
Berar quvvat, fikr, yo‘l.

Yomon bilan bir yurguncha
Yaxshi tomon yuzing bur —
Shu bir nigoh hayotdagi
Yonib ketmas rohatdir!

Yaxshilarning ro‘yi issiq,
Aql, fikr but unda.
Bir umrga yetadigan
Mehrigiyo, qut unda.

Yaxshilarni ko‘rayin deb
Quyosh chiqar, oy yonar.
Ular borki, yaxshi dilga
Yorug‘ jahon joylanar.

O‘, yaxshilar — yaxshi ishga
Har daqiqa sizlar shay.
Ammo ketmang o‘rningizga
Yaxshilarni qoldirmay!

Qirg‘iz tilidan Usmon Temur tarjimalari