Rasim Garaja (1960)

Rasim Garaja (Rasim Qaraca) 1960 yili tug‘ilgan. Boku Davlat dorilfununining jurnalistika fakultetini tamomlagan. Yangi adabiy harakat namoyandasi. Uning “O‘limga baxshida quyosh” nomli she’riy to‘plami e’lon qilingan.

BUYuMLAR

Bosh chanoq

Yuk mashinasin chiroqlari nurida
Ko‘zga tashlanadi qabr toshlari.
Gulxandan ko‘tariluvchi tutunga
Chulg‘anadi mahzun sasi boyqushning
Tez orada
U yerga ham tushadi shu’la.

Ko‘lmak

Qaragin-a,
Eng kir ko‘lmaklar ham
Aks ettiradi quyoshni.

So‘qmoq

Katta yo‘llar
Qishloqlar, shaharlar
So‘qmoqlar so‘nggi
Cheksizlik.

Gilam

Uchar gilamni dorga osib
Hovli o‘rtasida qoqadi uy bekasi.
Kaltak bilan urar ayamay uni
Ortiq havolanma, hapriqma deya.

Baliq

Tun o‘tar
Uyqu bilmaydi
Akvariumdagi baliq.

To‘zg‘itib yubormaslik uchun
Fikrini
Shu’la qoshida
Tek qotgan.

Dengizga yetaman der,
Ishonar shunga
Tentak bormi undan ortiqroq.

Ruschadan Mirpo‘lat Mirzo tarjimasi.