Odil Mirsayid (1956)

Odil Mirsayid (Adil Mirseyid oğlu Baxışov) 1956 yilda tug‘ilgan. Shoir va rassom, Ozarbayjon modern she’riyatining taniqli namoyandalaridan biri. “Ko‘zgudagi odam”, “Bulut odam”, “Qo‘shiq odam” she’riy kitoblarining muallifidir.

* * *

Bir kecha uyg‘ondim tun, yomg‘ir chak-chak,
Bilmadim qaydaman, kimman, nimaman?
Ehtimol, falakdan quvilgan malak –
Va yoki sarxush bir mayxonachiman.

Qanday ishontiray – baxtim yulduzi –
Nogahon uyg‘otdi kuchli so‘z sehr.
Kechalar tushimga kirardi tangri,
Tangriga sir berib, saqlar edim sir.

Devorga na miltiq osilar, na un,
Yoki o‘z umrimni to‘qidim nogoh.
Nega uyg‘onmadim yuz yilcha oldin,
Nega uyg‘onmadim yuz yil keyinroq.

Ko‘kka uchmoqlikka yetmas nafasim,
Jimdir devordagi soat qo‘rquvdan.
Yuz yil avval yoqqan yomg‘irning sasi,
Bu kecha uyg‘otdi meni uyqudan.

Ozarbayjonchadan Xosiyat Rustamova tarjimasi.