Nizomiy Ganjaviy (1141-1209)

Nizomiy Ganjaviy (taxallusi; asl ism-sharifi Abumuhammad Ilyos ibn Yusuf ibn Zakiy Muayyad – Nizami Gəncəvi) (1141 — Ganja shahri, Ozarbayjon — 1209.12.3) — ozarbayjon shoiri va ma’rifatparvari. Ota-bobolari Eronning Qum shahridan bo‘lib, onasi (Ganja atrofidagi qishloqlardagi) kurd sarkardalaridan birining qizi bo‘lgan.
Qur’onni yod olgan. Fiqh, tarix, geografiya, falsafa, mantiq va adabdan ta’lim olib, ularning har birida ustod darajasiga yetishgan. Tabiiy fanlar, xususan, tabobat va ilmi nujum (astronomiya)ni ham yaxshi bilgan. Zamonaviy ilmlardan tashqari, yunon falsafasi va adabiyoti, eroniy xalqlarning islomdan oldingi so‘z san’ati, xalifalik davri ilmiy-adabiy asarlari, yahudiy va nasroniy xalqlari tarixi, Kavkaz xalqlarining o‘tmishidan yetarli ma’lumotga ega bo‘lgan. U yetuk matematik sifatida ham e’tirof etilgan.
12-asrda Xuroson va Movarounnahrning ko‘plab shaharlari, jumladan, Ganjada ham javonmardlik yoki axiylik bilan mashhur harakat keng yoyilgan. Harakat a’zolari, asosan, kosib va hunarmandlardan iborat bo‘lib, ular zolim hukmdor va amaldorlarga qarshi kurashgan, keng xalq ommasining manfaatlarini himoya qilgan. Ezgulik, adolat, insof, muruvvat, lutfu karamni shior qilib olgan bu toifa ilmu ma’rifatga katta ahamiyat bergan. Nizomiy Ganjaviy bu harakat kridalarini hurmat qilgan va ularga moyil bo‘lgan. Nizomiy Ganjaviy shaxsiyati, dunyoqarashi va ijtimoiy aqidalari shu tashkilot g‘oyalari, kosib va hunarmandlar ta’sirida kamol topgan. Nizomiy Ganjaviy o‘z asarlarini o‘sha zamondagi shoh va shahzodalarga bag‘ishlagan, lekin saroy shoiri bo‘lishni istamagan, bu hakdagi taklifni rad etgan.
Nizomiy Ganjaviyning 20 ming baytdan iborat she’riy devoni bo‘lgan. Shoirning lirik she’rlari turli bayoz va to‘plamlardan tarkib topib, jamlangan. Lekin undan ayrim parchalar: 16 qasida, 192 g‘azal, 5 qit’a, 68 ruboiy va 17 bayt saqlanib qolgan, xolos.
Asosiy asari «Xamsa»: 1. «Mahzan ul-asror» («Sirlar xazinasi», 1173 yoki 1180)da muqaddima va xotimadan tashqari 20 maqola bo‘lib, har maqolaga oid 20 hikoya mavjud. Asarda shoir yashagan davrning muhim ijtimoiy-siyosiy va axloqiy-ta’limiy masalalari aks etgan. Keyinchalik bu asarga javoban forsiy va turkiy adabiyotlarda 40 dan ortiq dostonlar (Navoiy, «Hayrat ul-abror») yaratilgan. 2. «Xusrav va Shirin» (1181) sevgi va sadoqat mavzuida; 3. «Layli va Majnun» dostoni (1188) arab rivoyatlari asosida yaratilgan; 4. «Haft paykar» dostoni (1196) Bahrom Go‘r va uning nomi bilan bog‘liq voqealarga asoslangan. Asar hikoya ichida hikoya tarzida yozilgan bo‘lib, ularda inson tarbiyasi, xulq-atvori bilan bog‘liq g‘oyalar ilgari surilgan. Hikoyalarida xalq ertaklari ta’siri sezilib turadi; 5. «Iskandarnoma» dostoni (1190—1200) da Nizomiy Ganjaviy o‘zining odil va ma’rifatli shoh, komil inson, ideal jamiyat haqidagi orzularini Iskandar obrazi va xayoliy tasvirlar orqali ifodalagan. «Xamsa» Sharq xalqlari adabiyotlari rivojiga katta ta’sir etgan. 13-asrdan boshlab bir qancha shoirlar (Amir Xusrav Dexdaviy, Navoiy, Jomiy va b.) «Xamsa» yozganlar.
Navoiydan tortib barcha o‘zbek shoirlari Nizomiy Ganjaviyni o‘zlariga ustoz deb bilishgan. Navoiy «Nasoyim ul-muhabbat»da uni shayxlar qatorida zikr etgan. 14-asr o‘rtalarida Qutb Xorazmiy «Xusrav va Shirin» dostonini turkiy tilga tarjima qilgan. Haydar Xorazmiy shoirning «Maxzan ul-asror» asariga javoban «Gulshan ul-asror» dostonini bitgan. Ogahiy «Haft paykar»ni nasriy tarjima qilgan.
«Nizomiy she’riyatidan» to‘plami Shoislom Shomuhamedov tarjimasida chop etilgan (1983). Unda shoir kasidalari, g‘azallari, qit’alari, ruboiylari va hikmatlaridan namunalar, shuningdek, «Maxzan ul-asror» va «Haft paykar» dostonlaridan parchalar mavjud. Toshkent pedagogika institutiga Nizomiy nomi berilgan (1947). Asarlari asosida kinofilm va baletlar, tasviriy polotnolar yaratilgan.
Ergash Ochilov.

«XUSRAV VA ShIRIN»DAN

XUSRAV FARHOD BIRLA MUNOZARA QILIB,
FARHOD TOG‘ QAZMOQLIKI SO‘ZI

Burun so‘rdi: ne yerliksan tiyu san?
Ayittikim, oshiqlar shahridin man.

Ayitti: anda ne san(o)at qilurlar?
Ayitti: jon sotib, qazg‘u olurlar.

Ayitti: jonni sotmoqliq xato ul,
Ayitti: ishq yo‘linda ham ravo ul.

Ayitti: kertimu oshiq erursan?
Ayitti: bor ko‘zung oxir ko‘rursan.

Ayitti: ne qadar sevdung san oni?
Ayitti: so‘zga sig‘maz hech bayoni.

Ayitti: ko‘rdungmi (ul) kuntek jamolin?
Ayittikim: bali, ko‘rdum xayolin.

Ayitti: mihridin bo‘lg‘aymusan pok?
Ayittikim: magar bo‘lsam o‘lub xok.

Ayitti: gar yo‘luqsang ko‘rsa seni?
Ayitti: ko‘zga surgim tuproqini.

Ayitti: gar ko‘zungni xasta qilsa?
Ayitti: roziman tek ko‘zga ilsa.

Ayitti: gar azin er sunsa ilkin?
Ayitti: tilgaman tosh birla boshin.

Ayitti: toptung ul yo‘l ul humoyqa?
Ayittikim: yiroqdin boqg‘u oyqa.

Ayitti: gar tilasankin yaroyin,
Ayitti: haqdin izlarman tiloyin.

Ayitti: gar o‘qisa, qilsa xushnud?
Ayitti: bo‘lg‘ay erdim barcha maqsud.

Ayitti: kes ko‘ngul, ul do‘stni qo‘yg‘il!
Ayitti: do‘stlik kelmaz bu (ish), bilgil.

Ayitti: bu tama’ni tutma, xom ul,
Ayitti: onsizin tinchliq harom ul.

Ayitti: kel bu ishdin yuv alingni,
Ayitti: so‘zlama ko‘p, tiz tilingni.

Ayitti: qilmag‘il qo‘y, quri g‘avg‘o,
Ayitti: ne (tak) bo‘lur (chun) o‘t tutti qavg‘o.

Ayitti: sabr qil, tiz ko‘nglung ondin.
Ayittikim: netak sabr etku jondin.

Ayitti: sabrsuzluq jahl erur, bil!
Ayitti: sabr qilmoqqa kerak dil.

Ayitti: iymonurmusan kishidin?
Ayittikim: magar hajri kishidin.

Ayitti: hech kerakmu yor, hamdam?
Ayittikim: bo‘lur man bo‘lmasam ham.

Javoblar esh(i)tu Xusrav bo‘ldi ojiz.
Ayitti: osg‘i yo‘q ne so‘zlasabiz.

Ayitti: Xusrav ushbu tong emazmu,
So‘z uk(i)madin javobin aytur oshnu?

Eshitdingiz ne so‘zlar aymishini,
Munungtek ko‘rmadim tillik kishini.

Ish oltun birla bilmaz, ne qilayin?
Muni tosh birla oltundek sinayin.

Tiyu til ochti so‘zga, qildi bunyod,
Kim e ustod chin farzona Farhod.

Bir ulug‘ tosh bor kesmakka dushvor,
Yana kechmakka ayr ot asru emgor.

Kerakkim bizga bir yo‘l qazsang andin,
Kim ul bo‘lsa borib kelguga oson.

Kim ersaning bu ishka ilki ermaz,
Bu ish sendin azinning ishi ermaz.

Bahaqqi hurmati Shirini xush xu,
Kim ont bilmazman ush hech mundin ezgu.

Hojatlig‘man, ravo qil ushbu hojat,
Yana bu hojatimg‘a ayma hujjat.

Javob aydi: kesayinman teb ul tosh,
Bu ishda qilnoyim, borincha bu bosh.

Ushul shart uzrakim man ish bitursam,
Malik farmonin o‘rning‘a ketursam.

Kerakkim emgakimni shoh bilgay,
Shirinning shakkarini tark qilg‘ay.

Uqub Xusrav aningtek o‘fkalandi,
Tiladi chopsa bo‘yning, qayra yondi.

Ayitti (kim) ushbu shartimdin na qazg‘u?
Qatig‘ tosh ul oxir, tuproq emaz bu.

Netak qilgay halok tuproq tut oni,
Qazib tuproq toshiga chiqqay joni.

Ayitti: shart qildim, qaz oni san,
Bu shartimdin qaytsam ayr emasman.

Beling bog‘la, silohingni ol elga,
Bu ishda ardamungni ko‘rguz elga.

Sevundi, so‘rdi ul Farhod be dil,
Kim ul tog‘ qanda teb, e shoh odil?

Solib ul tog‘ni Xusrav aydikim bor,
Kim emdi Bestun teb otayurlor.

Bu hukm uzrakim ul tosh erdi xoro,
Qatig‘liki yuzindin oshkoro.

Turub Xusrav qatindin chiqdi tark ul,
Ravon bo‘ldi tushub ul tog‘toba yo‘l.

Elib yeltek ravon ul tog‘qa yetti,
Belin bog‘ladi iste’dodin etti.

Ush andin teshasin ilka olib tez,
Suratlar yo‘ndi shakli shohu Shabdiz.

Yana bir kursi yo‘ndi qayra toshdin,
O‘shal kursi uza Shirin shaklin.

Qilib ko‘rgazdi ul tosh uzra san’at,
Ta’lim emgandi, qildi ko‘rkli surat.

Axir eshtursan ul suratni qilg‘on,
Oshiqqa ne jafolar qildi davron.

Aning haqqing‘a ul bir shum azrat,
Nelar qildi, qamug‘ ermazmu ibrat?

Qari xotuntek ul bu dunyoyi makkor,
Suchukluk birla avval seni aldor.

Ul andin so‘ngra achchig‘ zahrin ichrur,
Tiriklik totig‘indin seni kechrur.

Jafosi ko‘p, yo‘q ul bir zarra mihri,
Tegarmu lutfinga oxir bu qahri.

Bo‘g‘oz tutmazdin oshnuroq qo‘y oxir,
Bo‘ri izinga borma, e qo‘y, oxir.

Qutb tarjimasi

«MAHZAN-UL-ASROR»DAN PARChALAR

SO‘Z TA’RIFIDA

Oqil agar so‘z bila so‘zni topar,
Orif o‘shal so‘zda o‘zuni topar.

Ulki bilur so‘z guhari qiymatin,
So‘zda topar so‘zlaguvchining otin.

Ahli nazar shevasini so‘z bilur,
Nuri basar mevasini ko‘z bilur.

So‘z ko‘zidur ulki ko‘rar holni,
O‘z so‘zidur ulki so‘rar qolni.

So‘zda ko‘z-u, so‘zlaguvchida nazar,
Yo‘q esa so‘z kezlaguvchida xabar.

Zohiru botin xabari so‘zdadur,
Har naki bor o‘zgada yo‘q, o‘zgadur.

Ul kishikim, topmadi so‘z ganjini,
Qildi habou xadar o‘z ranjini.

Kimki nazar manzaridin yumdi ko‘z,
Qo‘ymadi meros o‘zidin g‘ayri so‘z.

Umri garonmoya chu bo‘lg‘ay talaf,
So‘zdur-u so‘z daynida qolg‘ay xalaf.

Haydar Xorazmiy tarjimasi

«LAYLI VA MAJNUN»DAN PARChALAR

LAYLI BILAN MAJNUN IShQINING
XALQ ORASIDA ShUHRAT TOPGANI

Har kecha o‘tubki, tong otardi,
Sharq Yusufi chehrasin ochardi.

Aylarki falak turunjpaykar,
Rayhonligining turunji chun zar.

Layli qiliboi turunjbozlik,
Aylardi yuzin turunjsozlik.

Ko‘rganlarida qo‘lida limun,
Ishqdan yorilardilar anor chun.

Ul toza turunjni kim ko‘rardi,
Limun deya qo‘llarin kesardi.

Qays jilvalarig‘a tashlasa ko‘z,
G‘amdan bo‘lar erdi aflisun yuz.

Eltardi yoron dumog‘idan ranj,
Xushbo‘yligi ul turunju noranj.

Utgach shu yo‘sinda ko‘p zamonlar,
Tortdi ikki nozanin fig‘onlar.

Ishq keldi qilib ul uyni xoli,
Ilgida chu tiyg‘i louboli.

Dil oldi-yu, g‘am alarga soldi,
Toqat bila tob ulardan oldi.

Dil berganidan biri-biriga,
Tushdi elu xalq og‘izlariga.

Yirtildi bu parda har tomondan,
Ul sir eshitildi har qayondan.

Bu qissaki, mahkam oya erdi,
El og‘zida zo‘r hikoya erdi.

Aylar edilar basi madoro,
Bo‘lmaslik uchun sir oshkoro.

Nofa boshi bog‘li garchi xushkdur,
Xushbo‘yi aning guvohi mushkdur.

Ishqdan bir asar shamolda berdi,
Ishqning yuzidan niqob ko‘tardi.

Sabr ayladilar qilishga pinhon —
Ul ishqki, yalang‘och erdi chandon.

Sabr ishq ichida qilurmi foyda?
Kunni bekitib bo‘lurmi loyda?

Ming g‘amza bilan ko‘z o‘lsa g‘ammoz,
Qanday qoladur bu pardada roz.

Ming halqa bilan sochiki zanjir,
Dil telba bo‘lur, yo‘q o‘zga tadbir.

Uylab kelajakni aql birlon,
Bir-birlariga boqardi pinhon.

N. Oxundiy va Xislat tarjimasi