Mulla Panoh Voqif (1717-1797)

Voqif (taxallusi; asl ismi Panoh Mehdi o‘g‘li; ملاپناه واقف, Molla Pənah Vaqif) (1717-1797) — ozarbayjon shoiri, davlat arbobi.
Arab va fors tillarini yaxshi bilgan. Voqif Qoraboqqa kelib (1759), Shusha shahrida maktabdorlik, so‘ngra Qorabog‘ hukmdori Ibrohimxon saroyida 27 yil vazirlik qiladi. Mamadbek Javonshir hokimiyatni egallagach (1797), Voqif va uning o‘g‘li Alibekni qatl etadi.
Voqifning ilk she’rlar to‘plami 1856 yilda nashr etilgan. M. F. Oxundov Voqif she’rlarini to‘plagan va bularni nemis olimi Adolf Berje Leyptsigda nashr etgan (1867). Nisbatan to‘liq hisoblangan saylanmasi 1945 yilda tayyorlangan.
«Binafsha», «Men haqiqatni qidirdim», «Kuylaydirman ikki go‘zalni» singari she’rlari xalq o‘rtasida mashhur bo‘lgan.
Voqif ozarbayjon yozma adabiyotiga oshiq (baxshi)larning «qo‘shma» janrini olib kirdi, g‘azal va muxammaslarning go‘zal namunalarini yaratdi, badiiy ijodni xalq ommasiga yaqinlashtirdi. Uning ijodi chuqur liriklik, falsafiy mushohada, yurtparvarlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan.
Voqif asarlari oqin va xonandalar repertuaridan keng o‘rin olgan. «Tanlangan she’rlar»i o‘zbek tilida nashr etilgan (1969). Samad Vurg‘un Voqif hayotining so‘nggi davrini aks ettiruvchi «Voqif» dramasini yozdi (1937).

* * *

Har yetuk go‘zalni go‘zal demasman,
Go‘zalda bir g‘ayri alomat bo‘lar.
Sochlari bir yonda, beli bir yonda,
O‘zi bilmas, o‘zida bir odat bo‘lar.

Raqsga tushsa parvoz etar nimtana,
Sochi qalqib, uchi uchar har yona,
Peshanabog‘ manglay qisib hayrona,
Serkillagan to‘shi qiyomat bo‘lar.

Mujgon o‘qin otar, labi dur to‘kar,
Yuragim chokini birma-bir so‘kar.
So‘zi tuzli bo‘lar, dudog‘i shakar,
Har suhbati ajib hikoyat bo‘lar.

Bo‘yni uzra sadaf marjon tizilar,
Qiyo boqsa jon tanimdan uzilar,
Surma tortgan qora ko‘zlar suzilar,
O‘tirib turmog‘i qiyomat bo‘lar.

Asli go‘zal shunday xiromon kezar,
Niqob tutib, zulfi parishon kezar,
Sahar sayrga chiqsa, guliston kezar,
Sevgisida o‘tli harorat bo‘lar.

Voqif qurbon bo‘lsin qo‘sha tog‘iga,
Taqimga chirmashgan soch so‘rog‘iga,
Qoshlari o‘xshaydi oy o‘rog‘iga,
Tomosha aylagan betoqat bo‘lar.

* * *

U go‘zal jononlar haydar kokili
Yana menda dinu imon qo‘ymadi.
Mastona ko‘zlari, xumor boqishi
Aqlimni oldi-yu, omon qo‘ymadi.

Mubtalo bo‘lmasam yonoqda xolga,
Albatta yetardim aqlu kamolga,
Qaddimni bukmasdi o‘xshatib dolga,
Naylayin, bir qoshi kamon qo‘ymadi.

Yo‘lim tushdi, evoh, bir ag‘yor bilan,
Kecha-kunduz yondim ohu zor bilan,
Kunlarim o‘tardi sevgan yor bilan,
Tushdi oramizga yomon, qo‘ymadi.

Voqif unga boshdan yorimsan, dedi,
Yorimsan dedi-yu, oxir pand yedi,
Bugun jonon bizga kelmoqchi edi,
Uni yana raqib, gumon qo‘ymadi.

* * *

Ko‘zlaring jalloddir, boqishing xanjar,
Qonli g‘amzang kabi bo‘lmas balo, qiz!
Nozli-nozli so‘zlar qotib kulganda,
O‘xsharsan shakarga, qandga, halvo qiz!

Lablaring g‘unchadan, guldan a’lodir,
Sayr ayla bog‘chada, guldan a’lodir.
Oq taning kechada guldan a’lodir,
Ey, qomati shamshod kabi raso qiz!

Umringga ko‘p duo-sano deganman,
G‘urbatu dardimni sana deganman,
Shirin jonim qurbon sanga deganman
Boshlaganda el aro mojaro, qiz!

Qomating, bo‘yningu bo‘ying go‘zaldir,
Mushkinu rayhoning, bo‘ying go‘zaldir,
Shaydoying deydiki, kuying go‘zaldir,
Bu dunyoda bo‘lmas bunday shahlo qiz!

Voqifman, yaqin kel, ayilma mendan,
Aqlimni, hushimni ayirma mendan,
Yig‘layapman, emiz meni siynangdan,
Meni siynang beshigiga bela, qiz!

Shuhrat tarjimasi

* * *

O‘zganing jononi kim bir ahli urfon o‘lmag‘ay,
Shohi olam bo‘lsa, unda rohati jon o‘lmag‘ay.

Rasmi ulfat bilmagan chin oshig‘in kofir etar,
Ey, musulmonlar, xush ulkim, yori nodon o‘lmag‘ay.

Bir labi la’li latif andomi gul ruxsor uchun,
Qatrai ashkida bor lutfi agar, qon o‘lmag‘ay.

Ofati bodi fanodin dog‘ ila barbod o‘lar,
Ul binoki, unda bir zulfi parishon o‘lmag‘ay.

Ne safo ul yonog‘dinkim, biza hamdam emas,
Na lazzat ul g‘uncha labdinki xandon o‘lmag‘ay.

Voqifo, bir mahliqoyi mehribona mayl qil,
To kamoli yoshda undan zarra nuqson o‘lmag‘ay.

* * *

Keldi zor kutganlarim, ul g‘amguzorim kelmamish,
Ay, ko‘zim, qon yig‘lakim, chashmi xumorim kelmamish.

Ketmish erdi ixtiyorim ixtiyori yor ila,
Chunki yorim kelmamish ham ixtiyorim kelmamish.

Men bu dard birla agar o‘lsam mozora qo‘ymangiz,
Boshima to bulbuligo‘yo nigorim kelmamish.

Hasratida za’farona do‘nsa ruhim ne ajab,
Kuydirib hijron o‘tida guluzorim kelmamish.

Demasun, Voqif, ajal shum, kelsa mendin jon olar,
Kim anga jonin berar, farmoni yorim kelmamish.

* * *

Ey parisiymo, sening diydorginang mushtoqiman,
Zulfi anbar bo‘yli gul ruxsorginang mushtoqiman.
Siynang uzra saqlagan tummorginang mushtoqiman,
Sho‘xi g‘amzang nargisi xummorginang mushtoqiman,
Shul sanobar qaddi xush raftorginang mushtoqiman.

Qoshiyolaring qo‘yib o‘zga hilola boqmaram,
Orazingdan ko‘z yumib ul guli ola boqmaram,
Hayli hayronam senga, o‘zga jamola boqmaram,
To‘tining tilidagi shakkar maqola boqmaram,
Men sening shirin-shakar guftorginang mushtoqiman.

Yor, meni qon yig‘latib, ag‘yorni xurram aylama,
Uchragan har kimsani lutfingga mahram aylama,
O‘z so‘zida turmagan nofahmni mahram aylama,
Zulm qil, jonimg‘a, mayli, ozoringni kam aylama,
Shodumon aylar meni, ozorginang mushtoqiman.

Bo‘lmasa bir lahza gar qadding nazargohim manim,
Osimonlar gumbazini titratar ohim manim,
Men sening bir chokaring, sensan go‘zal shohim manim,
Ko‘nglimi zulmatga solmish hajring, ey, mohim manim,
Kelki sham’i ro‘yi-pur anvorginang mushtoqiman.

Voqifing o‘ldirdi ul mehrularing parvizasi,
Bag‘rima mujgonining sanchildi tiyra nayzasi,
Dog‘i siynamdan sochilur ustixonim rezasi,
Ey, Qarobog‘ning yangi ochilgan gul pokizasi,
Xastaman, qo‘yningdagi ul norginang mushtoqiman.

* * *

Oldi jonim noz ila ko‘zlari shahlo pari,
Lablari pista, yonog‘i lolayi hamro pari,
Jismi gul, boshdin-oyog‘i qomati ra’no pari,
Sarvdan-da sarvroq, sanobardin a’lo pari,
Shahdi lochin ko‘zli, durkun siynali so‘no pari.

Ko‘zlar maston, qomat raso, sof chekilmish gardani,
Qaro zulfi mushki anbar oqbadan gul xirmani,
Sochlari rayhon atrli, qo‘yni jannat gulshani,
Lablari kavsar makoni, og‘zi shakkar ma’dani,
So‘zi shirin, o‘zi go‘yo xisravi a’lo, pari.

Egnida alvon lachak, o‘rtab guliraxshon chiqar,
Bo‘ylakim, burji falakdin bir mohi tobon chiqar,
Sayrida olam sarosar har taraf, har yon chiqar,
Aql uchar boshdin, yurak o‘ynar, jasaddan jon chiqar,
Ko‘z uchida har kima aylab nihon imo nari.

Ey, mening mohim, senga ne shahar, ne ellar fido,
Bosganing har bir qadamda lolalar gullar fido,
Sochining har tolasiga yuz sochi sunbullar fido,
Lahjai guftoringa gulshanda bulbullar fido,
Qoshining bir toqina qurbon ikki dunyo, pari.

Voqifam, har dam senga jonim fidolar aylaram,
Oh chekib, hajringda bulbuldek navolar aylaram,
Og‘ushing, deb chin yurakdan iltijolar aylaram,
Kecha-kunduz haqqinga xayru duolar aylaram,
Saqlasin dahri balosidan sani Olloh, pari!

* * *

Ey sabo, yora de kim, ovvora ko‘rdim Voqifing,
G‘am elindan bekasu bechora ko‘rdim Voqifing,
Bag‘ri yora sarbasar, sadpora ko‘rdim Voqifing,
Oqibat solgay o‘zin o‘tlora, ko‘rdim Voqifing,
Kecha-kunduz muntazir diydora ko‘rdim Voqifing.

Bir yonar otash solib parvonadek a’zosina,
Aylanibdir dahri dun oshiqlari rasvosina,
Nola aylar kecha-kunduz, yolvorur mavlosina,
Bosh qo‘shib xolo sening zar zulflaring savdosina,
Bir qadam bosmas agar bozora, ko‘rdim Voqifing.

Qomati – mavzun ila bir sarvi gulshansan, go‘zal,
Ikki dunyoning safovu zavqina tansan, go‘zal,
Yitmaye, ko‘zdin, ko‘ngildan ayri bir jonsan, go‘zal!
Fikri, zikri, demishi donishlig‘i sensan, go‘zal,
Moil o‘lmas na shirin guftora, ko‘rdim Voqifing.

Qoshlaringdan ayru bir mehrobni ko‘rmas ko‘zlari,
Aylamas shamsg‘a nazar, mohtobni ko‘rmas ko‘zlari,
Orazing istar, guli sir obni ko‘rmas ko‘zlari,
Ohlar aylab necha kunki xobni ko‘rmas ko‘zlari,
Yondiribdir jonini o‘tlora, ko‘rdim Voqifing.

Sen bu hol-behol uchun bir lutf qil, ey, guluzor!
Sollanib sarvi-ravondek yonig‘a ayla guzar,
Kecha-kunduz dardu g‘am etmish meni jondin bezor,
Talpinib diydorina, yig‘layurman zor-intizor,
Ko‘zlarin tikmish bahor yo‘llora, ko‘rdim Voqifing.

Ozarboyjon tilidan Abdunabi Boyqo‘ziyev tarjimasi

KO‘RMADIM

Man jahon mulkida, mutloq, to‘g‘ri holat ko‘rmadim,
Har ne ko‘rdim, egri ko‘rdim, o‘zga bobat ko‘rmadim,
Oshinolar ixtilotida sadoqat ko‘rmadim,
Biatu iqroru iymonu diyonat ko‘rmadim,
Bevafodan lojajaram tahsili-hojat ko‘rmadim.

Xoh sulton, xoh darveshu gado bilittifoq,
O‘zlarin qilmish giriftori-g‘ami dardu firoq,
Bul baqo dunyogadur har ehtiyoju ishtiyoq,
Muncha kim, etdim tamosho, so‘zlarga osdim quloq,
Tuhmat-bo‘htondan hech holi bir hikoyat ko‘rmadim.

Har sadoyu saski, dunyoga bo‘lmish oshkor mahal,
Jumla makru olu fannu fitnadir, jangu jadal,
Dirhamu dinor uchundir har nega yopishsa al,
Muqtodillarga itoat, muqtadolarda amal,
Bandalarda siymu beylarda adolat ko‘rmadim.

Xalqi-olam bir ajab asbobin tutmish har zamon,
Qaysi g‘amgin dilni kim, etar bo‘lsang shodumon,
U senga, albattaki, badgo‘ylik aylar, begumon,
Har kimga har kimki etsa yaxshiliq bo‘lur yomon,
Topmadim bir do‘stki, undan bir adovat ko‘rmadim.

Olimu johil, muridu murshidi, shogirdi pir,
Nafsil-ammora qo‘linda sarbasar bo‘lmish asir,
Haqni botil aylamishlar, jurmi-kabir,
Shayhlar sayyod, obidlar obusan g‘amtarir,
Hech kimda haqqa loyiq bir ibodat ko‘rmadim.

Har kishi har neki sevdi, uni behtar istadi,
Kimki taxtni, kimki tojni, kimki afsar istadi,
Podishohlar dambadam tasxiri-kishvar istadi,
Ishqqa ham ko‘p kimsa tushdi vasli — dilbar istadi,
Hech birida oqibat, bir zavqu rohat ko‘rmadim.

Men o‘zim ko‘p kuzakorni kimyogar ayladim,
Afsunladim ul g‘ubori-tiyrani zar ayladim,
Qora toshni bir onda yoquti-ahmar ayladim,
Donayi harmo‘hrani durga barobar ayladim,
Qadru qiymat istadim, g‘ayr-az xasorat ko‘rmadim.

Aylagan vayrona Jamshidi-Jomin ayvonini,
Yo‘lga solmish, bilki, bazmi-ishoratin jandonini,
Kim qolibdirki, uning g‘am to‘kmagandir qonini,
Qayta-qayta imtihon etdim falak davronini,
Unda ham barakslikdan o‘zga odat ko‘rmadim.

Kun kabi bir shaxsga har kun hayar bersang sad hazor,
Zarracha etmas adoyi-shukri-ne’mat oshikor,
Qolmagandir g‘ayrati sharmu hayo, nomusu or,
Dedilarki, e’tiboru e’tiqod olamda bor,
Undan avval men-da ko‘p kezdim, nihoyat, ko‘rmadim.

Muxtasar kim, bunday dunyodan kerak etmoq hazar,
Undan avval kim emasdir o‘z yerida xeyru shar,
Oliylar xoki-mazallatda, doniylar mo‘tabar,
Sohibi-zarda karam yo‘qtur, karam ahlida zar,
Aylangan ishlarda ehkomu layoqat ko‘rmadim.

Davlati iqbolu molin oxirin ko‘rdim tamom,
Hashmatu johu jalolin oxirin ko‘rdim tamom,
Zulfi ro‘yi xattu xolin oxirin ko‘rdim tamom,
Hamdami-sohibjamolin oxirin ko‘rdim tamom,
Boshadek bir husni-surat, qaddi qomat ko‘rmadim.

Yo imom-al-insu valjinnu shahanshohi-umur,
Ketdi din qo‘ldan, bugundan shunday sen ayla zuhur,
Qo‘yma kim, shaytoni-ma’lun aylayib iymonga zur,
Shu’layi-husningla bahsh et tozadan dunyoga nur,
Kim, shariat mash’alinda istiqomat ko‘rmadim.

Bosh oqardi, ruzigorim bo‘ldi kun-kundan siyoh,
Etmadim, sad hayf kim, bir mohi ruxsorga nikoh,
Qadrbilmas hamdam ila ayladim umrim taboh,
Voqifga, Yo Rabbono, o‘z lutfini ayla panoh,
Sendan o‘zga kimsada lutfu inoyat ko‘rmadim.

OShIQMAN

Bir andomi nasrin, dudog‘i g‘uncha,
Bir qomati gulgun yora oshiqman.
Bo‘lsa yuz yuzi gul, kirmas qalbimga,
Man faqat bir gulizora oshiqman.

Kechalar tonggacha aylaram nola,
Hargiz tushmas ko‘nglim o‘zga xayola,
Bir gardani mino, og‘zi piyola,
Bir lahjasi shirinkora oshiqman.

Bir buqog‘i turunj, siynasi maydon,
Bir so‘zi javohir, mirvari dandon,
Bir marol boqishli, kiprigi paykon,
Bir qoshlari zulfiqora oshiqman.

Bir kulganda lablaridan bol oqqan,
Bir bezanib tengsiz tovusdek chiqqan,
Bir niqob ostidan pihonm boqqan,
Bir ajoyib xushgo‘ftorga oshiqman.

Voqifman, badandan jonim ayrilgan,
Majnun kabi xonumondan ayrilgan,
Ko‘rmaganda din-iymondan ayrilgan,
Kecha-kunduz man dildora oshiqman.

SUYuKLIM, LABLARING YoQUTGA O‘XShAR

Suyuklim, lablaring yoqutga o‘xshar,
Sarosar tishlaring durdonadandir.
Sadaf dahoningdan chiqqan so‘zlaring,
Har biri bir g‘aybi-xazonadandir.

Nedandir so‘zimga javob bermaslik,
Ham jamoling gizlab, yuz ko‘rsatmaslik?
Kechalar ko‘zlarim xobni ko‘rmaslik,
Ul siyoh nargizi-mastonadandir.

Menman seni nuri-ilohingda tongan,
Visolingning shu’lasinda to‘lg‘ongan,
Otashingda mardu-maydona yongan,
Bu xosiyat menga parvonadandir.

Bir noma yozmisham jon uza-uza,
Bodi-sabo, eltgil san u gulyuza,
So‘rasalar yorki, bu kimdan biza,
So‘ylagilki: Sizning devonadandir.

Xumor-xumor boqmoq ko‘z amalidir,
Loladek qizarmoq yuz amalidir,
Parishonlik zulfning o‘z amalidir,
Na bodi-sabodan, na shonadandir?

Mushtoqdir ko‘zingga ko‘zi Voqifning,
Yo‘lingda poyondoz yuzi Voqifning,
Sansan zikri, fikri, so‘zi Voqifning,
O‘zga so‘z yoningda afsonadandir.

Ozarboyjonchadan Rahmat Bobojon tarjimasi

O‘YNASIN

Boshingga qo‘yganim to‘y odamlari,
Siz ham ayting, to‘yga kelgan o‘ynasin.
Otini aytmadim, el ayb qilar,
Falonchining qizi, falon o‘ynasin.

Qancha vaqtlar unga quvongan bizdik,
Hasratin chekmakdan jonimiz uzik,
Har qo‘liga olib bir dona uzuk,
Uzukni qo‘liga olgan o‘ynasin.

Bir baland bo‘ylidir, bo‘yi novrasta,
Hasratin chekmakdan bo‘ldim men hasta,
Ishorat aylayin anglagan do‘stga,
Do‘stini qadrini bilgan o‘ynasin.

Man Mo‘lla Vaqifman, aylayman afg‘on,
Ko‘zlarim ham yosh o‘rniga to‘kar qon,
Uzun bo‘yli, yana yetmas navjuvon,
Mani bu dardlarga solgan o‘ynasin!

* * *

Bir sanamning siynasiga mushtoqman,
Ko‘p chekaman uning zorin, shamimga!
Man ham qoldim hasrat, qo‘llarim yetmas,
San ket, ko‘r jononning barin, shamimga!

Matlabidir bir navrasta- ko‘nglimning,
Bo‘lmadi darmoni xasta ko‘nglimning,
Uning uchun bu shikasta ko‘nglimning,
Na sabri bor, na qarori, shamimga!

Yoqa yirtib toki, siyna ko‘rsatding,
Sarosar bag‘rimni qonga to‘latding,
Manim dardimdandir saning ham darding,
Ranggingdir na yovuz sari shamimga!

Maning yorib bir ajoyib dilbardir,
Yuzi toza guldir, zulfi anbardir.
Sanasang ki, ikki qandi shakardir,
Qo‘ynidagi toza nori, shamimga!

Qurbonman Voqifning bu xomasiga,
Ki, yozar dardiri do‘st nomasiga.
Eta olmas yorin oy jamoliga,
Bo‘lsa bu dunyoning bari shamimga!

Ozarboyjonchadan Dilbar Haydarova tarjimasi