Ulla Xaan (1946)

Ulla Xaan (Ulla Hahn) – nemis shoirasi va yozuvchisi. Bir qancha adabiyo mukofotlar laureati: Leon [1981], Fridrix Gyolderlin [1985], Rosvit [ 1986], Gerta Kyonig [2006] Ida Demel [2010]. «Uydagi erkak» [Ein Mann im Haus, 1991], «Ko‘ngildagi so‘z» [Das verborgene Wort], romanlari, «Epikurning bog‘i» [Epikurs Garten, 1995], «Galiley i va ikki ayol» [Galileo und zwei Frauen, 1997], «Olma kabi qizil» [Suessapfel rot, 2003], «Hayot shunday ochiq…» [So offen die Welt, 2004] hikoyalar kitobi muallifi.

OKTYaBR IBTIDOSI

Sen menga atirgul sovg‘a qilasan, butasi – o‘zingga.
Bog‘ingdagi o‘zi uzilib tushgan olmalarni tuhfa qilasan,
ammo… daraxtlarni emas, uyni emas, farzand emas.
Va sening so‘zlaring qushning chug‘uriday yengil.

Men senga yolvoraman: men bilan uzoqroq qol,
keyin yo‘qol.
Mana, qushlar ham shu –
maymunjonning pishgan mevalarini cho‘qilab,
qaygadir olib ketarlar…
senga o‘xshab.

ADAShUV

Yigit aytardi:
muhabbat – bu yengilgina qor,
hammaning boshiga qo‘nar baravar,
va tezda erib ketar.

Mahbubasi unga derdi:
Yo‘q, ishq – gulxan,
hamma uni toptaydi,
yong‘in kattalashib ketmasin deya.

Ular jim qolishdi.
Bir-biriga otildi
va uzoq ko‘kka boqib, yerda yotishdi.

Yigit qorday eridi, qiz hissiyotning gulxanida yondi.
Va, albatta, ikkalasi ham
qabrgacha cho‘ziladigan abadiy muhabbatga ishonmasdilar.

Karim Bahriyev tarjimalari