Fridrix Logau (1604-1655)

Fridrix fon Logau (Friedrich von Logau; iyun 1604 yoki yanvar 1605, Brokut, Nimptsh, Sileziya — 24 iyul 1655, Legnitsa) — nemis shoiri, epigrammalar muallifi.

JASORAT

Bu davrda kim u – jasoratli inson –
Qorani – qora deb, desa oqni – oq?!
Qotillarga madh aytmasa yaltiroq,
Rostin aytolmasa, aytmasa yolg‘on.

ORZULAR RO‘YoBI

Uyni orzu qilsam, makon istasam,
Bariga yetkazdi O‘lim – oqil so‘z:
Men urushda o‘ldim, qabrga kirdim,
Bu uyda o‘lim ham, g‘am ham daxlsiz.

HOKIMIYaT

Elni boshqarmoqqa chog‘la yuzingni,
Toki boshqarolsang agar o‘zingni.

PULLAR

Mudom pul istaydi keksa ham, yosh ham:
Biri – jamlasam der, biri – sarflasam.

O‘ZINGNI YeNGMOQ

Ha, o‘zing-la kurash — eng murakkab jang.
Asli g‘olibdursan — nafsingni yengsang.

Karim Bahriyev tarjimasi