Yulyus Yanonis (1896-1917)

Litva adabiyoti tarixida o‘ziga xos iz qoldirgan shoirlardan Yulyus Yanonis (Julius Janonis) juda qisqa – 1896 yildan 1917 yilgacha, – atigi yigirma bir yil umr ko‘rgan edi. Mashakkatli, yupun, notinch kechgan shu umrining yetti yilini u she’r yozishga bag‘ishladi. Shoirning she’rlari xalqonaligi, jo‘shqin ohangdorligi bilan ajralib turadi.

YuLDUZ

Kechalar oltindek sochilgan, yulduz,
Bunchalar yorqinsan va buncha yiroq!
Sening Yerga tushmas nuring yarqiroq!
Kechalar oltindek sochilgan, yulduz,
Qo‘lga qo‘nsang edi! Go‘yo shamchiroq.

Shusiz ham nurga boy cheksiz bu falak,
Sening yog‘dularing ne kerak unga?
Men doim yashadim zulmatda halak.
Shusiz ham nurga boy cheksiz bu falak.
Birgina yulduz ham tegmagan menga.

Qancha o‘tinmayin, yorishmas tongim,
Taqdir boshdan buni ko‘rmagan ravo.
Mana, mendan ketdi yulduzim hatto,
Qancha o‘tinmayin, yangragan bongim –
Borib yetmagandek osmonga aslo.

KO‘NGILGA

Marhamatga zor ko‘ngil,
G‘ussadan abgor ko‘ngil,
Birov qaramas senga.
Qo‘y, har kimga berma til –
Parvosi yo‘q, beko‘ngil
Tushunmaydi dardingga.

Kapalakdek havoyi,
Uchib yurma savdoyi –
Er qolib, koinotda.
Qulaysan, inon. Zinhor –
Xayolmas, shiddat darkor
Zil bu mahzun hayotda.

Ko‘ngil, sen ham bir shoir,
Bilmaysan, menga og‘ir,
Birga cheksang-da qayg‘u.
Kel, o‘rningdan qo‘zg‘al, shosh,
Idrok senga bo‘lsin bosh –
Etaklasin yo‘lga u.

KIM DUNYoDA MENGA MEHRIBON?

Kim dunyoda men uchun onamdan-da mehribon,
Menga eng yaqin kishi, kuyunchak va qadrdon?
Unday yo‘qdir! Avvaldan erkalab-ardoqlagan,
Beshigingni tebratib, g‘urbatdan yiroqlagan.
Bolam odam bo‘lsin, deb qimirlagan uzzu-kun,
O‘zi ochmi yoki to‘q, onam bechora, yupun.
Qanday bo‘lmasin, meni qushdek asragan, boqqan,
Pana-panada goho ko‘zdan yoshlari oqqan.
Shunday holatda yurib, bilmaganman men sodda,
Shuncha og‘ir bu hayot, shuncha g‘am bor dunyoda!
Yurtdan ketgandan keyin, bildim men buni ilk bor, –
Shafqatsiz kimsalarga bo‘lganimda xizmatkor.
Ular meni xo‘rlashdi. Zulm bir dam tinmadi.
Oddiy quyosh nuridek, hech shafqat ko‘rinmadi.
Bir og‘iz shirin so‘zni eshitmadim g‘urbatda,
Endi onam yo‘q edi! Otam ham yo‘q, albatta.
Boshingni silash qayda, qiynashni qo‘yishmadi,
Bu ham odam, deb meni biron payt suyishmadi!

YuMUShSIZ

Korxona devori yaxlab-oqargan.
Birov ostonada kutar sahardan.
Uning usti xarob. U yalang oyoq.

Kimdir eshik ochib, imlashini u
Kutar. Uning bu kun bor umidi shu.
Uni lekin yo‘qlamas hech zog‘.

Uyga jo‘nar. Uymas, bir xarobada
Bolalari termulishar: “Bo‘ldimi, dada”?
Barchaning xonada cho‘kkan nafasi.

Dag‘al qo‘llari-la ota silar bosh,
Ey xudo! Gap, axir, bo‘lolmas non-osh,
Ularning yo‘q sariq chaqasi.

TUTQUNLIKDA

Kunmi yo tun? Kunmi yo tun? –
Tor xona. Mahkumlikda
Goho qisqa, goho uzun
She’r yozaman. Jimlikda.

Bir yon eshik. Bir yon tokcha.
Bir yon soqchi – sergak jon.
Xiyobonu talay bog‘cha
Bir yon – devordan u yon.

Ko‘plar ko‘cha aylanadir,
Kechib loy-ko‘prik bu kun.
Baxt izlarmi? Ajraladir
Yoki boridan, butun.

Men tuynukdan yulduz tomon
Ko‘z tikaman, Go‘yo o‘q.
Chap kelaman. Yomon. Yomon! –
Biron nigoh tekkan yo‘q.

Men istayman, qushdek baland
Tiniq ko‘kka uchmoqni.
Berib biron yulduzga pand,
Yulduz bo‘lib o‘chmoqni.

Yulduz qayda? Tentaklik bu –
Orzu joyimi bu yer?
Tutqun holi – bandilik-ku,
Qarang, uchmoq kerak, der.

O‘KSINMA, QIZ

Sen nega qolding o‘ksib,
Guldek so‘lding bu choqda? –
Ko‘rkam gumchambar yasab,
Yo‘qotdingmi o‘tloqda?

Seni erka-sho‘x yigit
Unutib ketdimi yo?
Kelmadi har kungidek,
Yo‘lni yo‘qotdimi yo?

Injima undan. Yigit
Uchrashmoqqa intizor –
O‘ynab yiqitma-yiqit,
Oti bo‘ldi yarador.

Shoshgan bilan, iloj yo‘q,
Otni u “davolaydi”.
So‘ng, yurak to‘la qo‘shiq,
Osmonga havolaydi.

DUBISA

Chayqaladi qayiqcha,
Dubisa toshgan sayin.
Shodumon bir qo‘shiqni –
Etimcha kuylar mayin.

Shodumon bu qo‘shiqdan –
Gul unutar uyquni!
Sevar u Yonulisni,
Yonulis sevar uni.

Chayqaladi qayiqcha,
Dubisa oqqan sayin.
Qo‘shiq tindi. Yetimcha
G‘amda qolgani tayin.

G‘amda qoldi yetimcha,
Sokin u. Dardi tugun –
Yonulis sevmas uni,
Sevar o‘zgani bu kun.

Chayqaladi qayiqcha,
Dubisa toshgan sayin.
Nega kuychi-etimcha
Qoldi bu, ko‘rinmayin?

Hoy, sen, kuychi-etimcha,
Ketib qoldingmi? Qayon?
…Girdob yasab, aylanib –
Dubisa solar suron.

ESDALIK

Mayli, ko‘k yuzin tutsa,
Og‘ir bulut – karvonlar.
Guldirak guldirasa,
Bo‘ralasa bo‘ronlar –

Taqdir qilsa ham yiroq
Yoronlardan beomon –
Biz uchun yo‘qdir firoq,
O‘lim ham yo‘q bu zamon…

Ruschadan Omon Muxtor tarjimalari