Vilo Kayava (1909-1998)

Vilo Kayavaning (Viljo Kajava) ijodiy yo‘li murakkab bosqichlardan iborat. Uning dastlabki “Quruvchilar” (1935), “Burilish yillari” (1937), “Xayr, sayyoh qush” (1938) kabi she’riy to‘plamlarini tashkil etgan she’rlar asosan grajdanlik ruhi bilan sug‘orilgan.
V.Kayava ikkinchi jahon urushi yillarida harbiy jurnalist sifatida faoliyat ko‘rsatdi. Urush tugagach, qisqa muddat ichida shved tilida ikkita she’riy to‘plam e’lon qildi. Ulardagi she’rlar muallifning ijodiy inqiroz yillaridagi mashaqqatli izlanishlarini aks ettirgan.
V.Kayava ijodi tobora yangilanib, grajdanlik va gumanizm tuyg‘ulari bilan boyib bordi va u chinakam shoir sifatida to‘la-to‘kis shakllandi.

ILK KUN

Ko‘ryapman dalasiga chiqqan dehqonni,
to‘riq oti bilan haydamoqda qo‘sh,
ko‘ryapman qaldirg‘ochni ko‘kda charx urgan,
ko‘ryapman:
chayqaldi ayiqtovonlar yengil epkindan.
Tuymoqdaman zaminning mehrin,
urib turgan jonbaxsh tomirin uning
hamda saxovatga chanqoq hissini.
Yashashiga uning neki edi zid, yitdi bir yo‘la:
qullar yelkasini qavartgan qamchi,
dengiz uzra o‘lim qurollarining sovuq haybati,
idrokni zaharlovchi va qon tashnasi odamxo‘r urush
hamda zahil yuzli kamqon go‘daklar.

Ko‘ryapman elektrning, ko‘mirning,
sarkash daryolarning g‘olib odimin,
insonni fazolar qadar yuksaltirolgan qudratni
mavjlangan bug‘doyzor dengizi aro jilmayib turgan
mirishkor erni,
ayolni, durrasi sarin yellarda hilpirayotgan
hamda namxush o‘tloq uzra bolalar o‘yinini.
Shunchalar telbalarcha vayronlik kunlaridan so‘ng
sezayapman zaminning teran bardoshin,
naqadar masrurman.
Ilk kun keldi.
Sehrli, turfa xil gullarga chulg‘anib yotar
kurrai zamin.

* * *

Isir edi yemakxona kechqurunlari,
kechki ovqatdan so‘ng yonardi milt-milt pechdagi o‘tin,
tuyardi dimog‘im taom hidini
horg‘inligu mudroq og‘ushida ham.
Onam har kun oqshom o‘ltirar edi
stol chirog‘in nur doirasida –
uyda ishlash uchun
fabrikadan o‘zi ko‘tarib kelgan
konvertlarni yelimlab.
Tekis buklar edi
dag‘al chandiqli barmoqlar
jigarrang qalin qog‘ozni
va meni uyquga eltardi uning shitir-shitiri.

Go‘dak edim, uyqu ko‘p shirin edi,
qo‘shiq kuylashimni so‘radi onam,
kam so‘zni bilsam-da, nimanidir qildim xirgoyi,
shu ko‘yi ming‘irlab mudrabman o‘zim.
Tun yarim uyg‘ondim tomog‘im qaqrab,
onam esa hamon ishlardi bedor,
barmoqlari qog‘oz va yelim-la band.
(Shundoq oshxonaning o‘zida – polda bir mizg‘ib olgach,
dedi jilmayib: “Qattiq yerda yotsang – uyg‘ongung tezroq”)
Men turib bo‘lguncha qaytardi onam fabrikasidan
va bizning pulimiz, nonu qahvamiz uzilmasdi hech,
to‘qligidan xursand g‘o‘ldirar edi mitti qursog‘im:
u chog‘lar kam so‘zni bilar edim men.
Onajon, qorong‘i tusharkan endi
bosmas hech mudroq,
endi bisotimda so‘zlar ham bisyor,
Vatan hadya qilgan ularni menga.
Ona, nasib etgay senga farog‘at
va qalbim muhr etgan siymongdan osha,
qanot bog‘lab, ulug‘ maqsadlar sari
uchgay shul so‘zlar.

* * *

Sevgi otash ichra poklanmas butkul,
alanga o‘zidan qoldiradi kul,
sevgi sinaladi achchiq kulfatda,
rutubatli kunlar, zaqqum mehnatda.

Sha’niga g‘azallar bitilgan nigor
uzugin o‘ynaydi ma’yus, beqaror,
siqadi zerikish uning yosh ko‘nglin, –
biz shunday sevgini olajakmiz tan,
er o‘z xotinining jafokash qo‘lin
silasa har kech nim chiroq nurida
uyqu oldidan.

BANDARGOH MANZARASI

Sas-sadosiz, jimjit tunlarda,
zulmat xobga cho‘mganda shahar
yo‘rgaklaydi ko‘rfazni dengiz
oppoq tumanga,
Toliqqan ayollar, xayol suring
pardasiz darchalar yonida,
holdan toygan erlar, bo‘g‘iq ovoz-la
kuylangiz qorong‘u mayxonalarda,
zero dengiz o‘z tumanin chaysa ilk nurga,
chig‘irlarning sim arqoni g‘ichirlay boshlar
singan tish kabi.
Kuylang, xayol suring tun og‘ushida!

BAHOR

Ko‘ryapman: dunyo bahorga payvast,
shimol bahoriga,
ochildi navro‘zgul boychechak bilan
moviy qirlar uzra, oq tun qo‘ynida,
yomg‘ir sharros quyar va men tinglayman
uchib o‘tayotgan qushlar sasini,
buzar o‘zanlarin shoshqin irmoqlar,
loyni, moviylikni, o‘rmon shovqinin
o‘zi bilan olib ketar yiroqqa,
Ko‘ryapman: dunyo bahorga payvast,
shimol bahoriga,
kulrang uy oldida yam-yashil archa
gul tugar qizg‘ish.

* * *

Sarkash soy daralardan
oshiqar dengiz sari
tun ichida ko‘pirib:
daryoning oppoq, sovuq ko‘pigiga
do‘l kabi,
yog‘ar moviy yulduzlar
va yuvadi sho‘r mavjlar
daryoyu yulduzlarni
tungi iliq dengizda.
Botiraman kaftimni suvga
son-sanoqsiz mayda orollar aro
kengayib, goh torayib ular yaltiray boshlar
tungi iliq dengizda
yiroq yulduzlar kabi.

* * *

Sevgisiga qasam ichgan, hey,
qurbon etgin yuragingni sen
barmoqlari haqqi Segovinning.
Sevgisiga qasam ichgan, hey,
ayamagin sog‘lig‘ingni sen
Jeyms Kejning siymosi haqqi,
sevgisiga qasam ichgan, hey,
qalbingning bir bo‘lagin uzat
Pablo Nerudaning ikki satriga.
San’at uchun sevgisiga qasam ichgan, hey,
hozircha to‘lading unga oz narsa –
kirish chiptasining bahosin, xolos.

* * *

Kimdir tushuntira olganda edi hayot neligin,
o‘lim haqida-ku, so‘z ham ochmaymiz…
(Shoirlar urinarlar hayot ma’nosin talqin etmoqqa,
ruhoniylar sharh etarlar ko‘hna kitoblarga ko‘ra o‘limni.)
Kimdir tushuntira olganda edi hayot neligin.
naqqosh, misga naqsh o‘ya turib, u chog‘
yiqilardi iskana izlari aro pishgan mevadek;
sahnadagi aktyor qotardi, toki
voqea teatr-la bir yo‘la nurab ketmagunicha;
dor ustida dorboz karaxt, bemantiq chayqalardi, to
jami tomoshabin olamdan o‘tib,
aylanguni qadar xokiturobga.
Kimdir tushuntira olganda edi hayot neligin,
harakatda bo‘lgan jamiki narsa tinardi shu zum:
qonimizda so‘nardi shirin tush toti,
manglay suyagimiz ichra fikrlar
aylanib qolardi kul chiziqlarga,
do‘nar edi ranggin orzularimiz
ohori to‘kilgan, to‘zgan matoga.
Qanday yaxshi, hech kim tushuntira olmas
hayotni tugal,
qanday yaxshi, hamma narsa qilar harakat,
goh qaynab, gupirib, goho sovib,
goh shamshir misoli muzlab, asabiy.
Qanday yaxshi – teleskoplar dalili yoxud
ne-ne mumtoz faylasuflar sharhidan ko‘ra,
teranroqdir ibtidosi jami narsaning.
Qanday yaxshi, tushuntira olmagay hech kim
bizlarga hayot nimaligini,
yo‘qsa, taralmasdi uylarimizdan
pishirilgan xushbo‘y kartoshka hidi,
ketmas edi xotin – ikkinchi farzand bilan qaytmoq-chun
va ishimda mening bo‘lmasdi unum,
sizib ketardi u kaftlarim aro
xuddi suv kabi.

* * *

Bu mo‘jaz oyoqlar haroratini
kaftlarimga joylay olganimdaydi,
hidlay olganimda edi bu quyuq
tillarang sochlarning xush, tansiq bo‘yin,
nigohlaring taftin bir lahza
seza olganimda edim o‘zimda,
men baxtga muyassar bo‘lardim, shaksiz,
baxtli bo‘lolgani kabi odamlar.

* * *

Barcha jarohatu g‘amlarimizni,
zaifligimizni, vasvasamizni,
subutsizlik hamda mo‘rtligimizni
yashirmoq bo‘lamiz
shlyapa ostiga, qora libosga,
soxta g‘urur va tund qiyofa bilan.
Biroq bizdan neki
teran va ezgu
tortar diqqatimiz ahyon-ahyon, —
vaznsiz oq bulut,
yugurik shu’la,
go‘dak kaftidagi qushcha sayrog‘i
etgan kabi jalb.

* * *

Bilmaymiz, ne tuyar qushlar yuragi,
qanotlari holdan toysa bemavrid,
pastda kutgan mahal ummon lahadi.

Shuningdek, juda oz bilamiz bizlar
munis, kuyunchak singillarimizni;
jasur, shavkatli inilarimizni,
ularning sazasi singan pallada.
Inson hayoti va qushlar parvozi
murakkabdir bir xil,
o‘limga mahkum va
arzir sharafga.

* * *

Hayotingda aqalli bir bor
ikkilanmay burgin kemangni
biz kulfatda uchragan yoqqa,
jafoning muz sohili sari.
Ko‘zimiz to‘rt najot yo‘liga,
sovqotganmiz bizlar naqadar.

Yomg‘irpo‘shi bordir kimningdir,
kimdir patli shlyapa kiygan
bo‘kmish sharros yomg‘ir ostida,
kimningdir cho‘p barmoqlarida
sigaraning o‘chgan qoldig‘i.
Oh, najotga ilhaqmiz biram.

Hayotingda aqalli bir bor
kemasi g‘arq bo‘lganlar uchun shoshil madadga,
jafoning muz sohili sari.

* * *

Ol durracha sening kiftingda
qizg‘aldoqning bargiga o‘xshar
va u xuddi qizg‘aldoq kabi
hilpiraydi tonggi yellarda.

* * *

Nahotki yashashning qolmas ma’nosi
shuncha ranju alam, nadomatdan so‘ng,
shuncha yalpi ofat, kulfatdan keyin, —
pochani qayirib tushmoq ham mumkin
jarlikdan ayqirgan sohilga tomon
va suvga o‘zingni tashlashdan avval
qayrilmog‘ing hamda ko‘rmog‘ing mumkin
javzo oftobida pastak saroyning
jilmayib turganin sokin, faromush,
lablarida tishlab yashil ko‘katni.

* * *

Gavjum erur hanuz o‘rmonlar,
hanuz esar o‘sha shamollar,
nurin sochar manglayimizga
yulduzlar mangu.

Karpatlar, Pireneylar, Kordileralar
yo‘qolmaydi, yo‘qolib ketmas,
sarhadlarga nechun urarlar to‘siq,
xaritalar uzra ayon-ku bari.
Maxfiy qog‘ozlarni saqlarlar nechun
maxfiy sandiqlarda,
nechun ardoqlaymiz maxfiy gaplarni?

Nahot kamlik qilar biz-chun o‘rmonlar,
nahot kamlik qilar ko‘k toqi qadar
yuksalgan tog‘lar?
Nahot kamlik qilar
ming yillar davomida elatlar aro
o‘zlarimiz solgan yo‘llar biz uchun?

Gavjum erur hanuz o‘rmonlar,
o‘zgarmagan baxt haqida o‘y.
Nechun?..
Ayni vaqti emasmi?..

* * *

Qizgina, eshikni och,
mayli, g‘ijirlasin qurigan og‘och,
senga qorovullik qiluvchi kimsa eshitmas, g‘ofil.
Qizgina, eshikni och,
qisirlasin mayli, zinalar,
o‘ylama: ertaga surishtirmaslar
oydinga chiq
va turgin kutib.
Yurakdan qo‘lni ol, shivirla unga:
kerak emas, qattiq dukillama, de,
oydinga chiq.
Erta — uzoq, tergov — ertaga,
visol, intizorlik pallasi hozir,
Ana — eshik. Bilasan bolalikdan har bir
tirqishin
ohista yop uni.
Yuragingga ayt, dukillamasin.

MAJRUHLAR

Chilangarlik otashida qorayib ketgan
va temir to‘zoni barmoqlariga o‘tirib qolgan,
manglayiga tushgan ajinlar esa qurumga to‘lgan
bu erkaklar,
kirxonalar ichra bug‘dan bo‘g‘riqqan,
bo‘yin terilari osilgan xunuk,
ko‘zlari kosasidan otilib chiqqan
bu ayollar
bilarmikanlar favvoralar shildirashini
yoxud kontsert zali devorlari jilvalanishini?
Bo‘lgan ularda na vaqt, na-da pul
zavq tuymoqlikka,
tabiatdan bahra olmoq va yo san’atdan
hatto turfa go‘zallikka qo‘ymoqqa havas.
Ularning vujudlarin mahv etuvchi,
hayotlarin va qalblarin kemirib yuborguvchi
mehnatdan o‘zga
hech bir narsaga o‘rgatmaganlar hech qachon.
Faqat mehnatni deb tug‘ilgan ular va ulg‘ayarlar
hamda ko‘z yumarlar bir kun dunyodan mehnat
tufayli.

ILTIJO

Bahor, hadya ayla menga bardamlik,
qizdir boldirlarim o‘tkir nur bilan,
toki men qiyqiray go‘dak misoli,
zarhal bulut qadar yuksaltir meni,
tobla vujudimni.
Meni qoqigulning ukparlaridek
soch olam uzra,
elt g‘arib kulbalarning tund darchasiga,
oqshom halqoblarin yupqa muziga
aylantir meni, tong chog‘i go‘daklar poyi ostida
sinayin chil-chil.
Shunday qilki, bahor,
qiyqirayin men
qizg‘in, tuyqusdan,
ibtidoiy hayajon bilan.

HOVLIMIZ QIZALOQLARI

Dudoqlari bu qizaloqning —
gul isli va naq gulning o‘zi.
Kim majburlar bir kun ularni
titramoqlikka?
Qovjirashga majburlagay kim?

Bizniki u — hozircha faqat,
xayrlashmoq og‘irdir lekin,
dudoqlari gul kabi toza
bu yoqimtoy qizaloq bilan.

Ruschadan Mirpo‘lat Mirzo tarjimalari